Tayanch so‘z va iboralar: uzoq formalar, seleksiya, duragay, meyoz,
bekross chatishtirish, amfidiploidiya, allopoliploidiya, amfidiploidiya, kongruent
chatishtirish, inkongruent chatishtirish,
13.1. Uzoq formalarni duragaylash xillari va ahamiyati
Har xil tur va turkumlarga (avlodlarga) mansub o‘simliklarni
chatishtirish
uzoq formalarni duragaylash deb ataladi. Ulardan qaysi qo‘llanilishiga qarab
turlararo va avlodlararo duragaylash bo‘lishi mumkin. Masalan, yumshoq bug‘doy
bilan qattiq bug‘doyni, o‘rta tolali g‘o‘za bilan ingichka tolali g‘o‘zani,
kungaboqar bilan topinamburni, madaniy kartoshka
bilan yovvoyi turlarini
chatishtirish turlararo, bug‘doy bilan javdarni,
kartoshka bilan pomidorni, olma
bilan nokni, o‘rik bilan olxo‘rini chatishtirish va turkumlararo (avlodlararo)
duragaylash deyiladi.
Uzoq formalarni duragaylashning ilmiy asoschisi bo‘lib I.Kelreyter
hisoblanadi. U 1760 yilda nos tamaki (maxorka) bilan tamakini chatishtirib
birinchi duragayni olgan.
Uzoq formalarni duragaylash katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
Ko‘pgina madaniy o‘simliklarning turkum va turlarini evolyusiyasida buning
ahamiyati katta. Bundan tashqari seleksiyada yangi
navlarda har xil tur va
turkumga mansub o‘simliklarning belgi - xususiyatlarini mujassamlashtirish
imkoniyati tug‘iladi. Chunki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tur ichida
duragaylashda seleksiyada ko‘pgina masalalarni
hal etishda imkoniyati
chegaralangan.
Hozirgi davrda yer yuzida yopiq urug‘li o‘simliklarning 200 mingdan ortiq
turi bo‘lib, shundan 250 turi yoki 0,12% madaniy holda kishilar tomonidan
foydalanib kelinadi. Yovvoyi turlarda madaniy turlarda bo‘lmagan ko‘pgina
xususiyatlari mavjud. Masalan, bug‘doyni bug‘doyiq
bilan chatishtirish katta
qiziqish uyg‘otadi. Chunki bug‘doyiqda ko‘pgina xususiyatlar mavjud. Unda
qishga chidamlilik (-40, -45 haroratda ham yaxshi qishlaydi), zamburug‘
kasalliklariga chidamlilik, donda oqsilning ko‘pligi (20-22 %), mahsuldor
poyalarning ko‘pligi, boshoqda donning hosil qilishi (bir o‘simlikda 5 mingtagacha
don) kabilardir. Bug‘doyning bu yovvoyi «qarindoshi»
yer sharida keng
tarqalganligi uning ko‘pgina sharoitlar uchun moslashganligini bildiradi.
Ko‘pgina kartoshka navlari kasalliklar (fitoftora, virus kasalliklari, rak) va
zararkunandalari (nematodalar) bilan kuchli zararlanishi natijasida xosildorlik
keskin pasayib ketgan edi. Tur ichida duragaylash bilan chidamli navlarni yaratish
qiyin edi. Shuning uchun chidamli formalarni madaniy
navlar bilan chatishtirish
asosida ko‘pgina chidamli navlar yaratilgan.