Tahlil – bu o’rganilayotgan bir butunni alohida qismlarga ajratish va ularni izchillik bilan o’rganish. Tadqiqotchi voqea-hodisaning mohiyatini chuqur anglashi, u
haqida to’liq tasavvurga ega bo’lishi uchun uning ichki tarkibiy qismlariga kirib borishi
zarur. Bu esa tadqiqot ob’ektini
alohida tarkibiy qismlarga ajratish va ularni izchillik
bilan o’rganish orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, biz O’zbekistondagi iqtisodiy
o’sish sur’ati 2007 yilda oldingi yilga nisbatan 9,5 foizni tashkil etganini bilamiz.
Bunday o’sish sur’atiga nimalar hisobiga erishilganini aniq tasavvur qilish uchun esa
faqat tahliliy jarayonlar orqali erishamiz. Ya’ni, Yalpi ichki mahsulotning ishlab
chiqarish, daromadlar va xarajatlar, mulkchilik shakllari, tarmoqlar va mintaqalar
bo’yicha tarkibiy qismlarini alohida ajratib olish va ularni o’rganish orqali o’sish
sur’atining manba va omillari to’g’risida to’g’ri xulosa chiqara olamiz.
Sintez – bu o’rganilgan qismlardan olingan xulosa va natijalarni bir butun yaxlit jarayon deb qarab umumiy xulosa chiqarishdir. Murakkab iqtisodiy tizimlar
ana shu yo’l bilan o’rganiladi, iqtisodiy tizim butunicha tasvirlab beriladi.
Iqtisodiy fanlarda ko’pincha sintezdan aniq iqtisodiy ko’rsatkichlarni
umumlashtirish orqali yaxlit xulosa chiqarish jarayonida foydalaniladi. Masalan,
korxonalar iqtisodiy faoliyati natijalarini umumlashtirish orqali tarmoq va sohalar,
tarmoq va sohalar iqtisodiy faoliyati natijalarini umumlashtirish orqali esa – milliy
iqtisodiyotga baho berish, uning umumiy natijalarini aniqlash mumkin. Shu bilan birga,
sintez usuli iqtisodiyot nazariyasi fanida ko’plab iqtisodiy ta’limot va nazariyalarning
26
ilmiy asosga ega bo’lgan, to’g’ri va muhim jihatlarini ajratib olgan holda, ularni
umumlashtirish orqali yangi g’oya va nazariyalarni hosil qilish imkonini berishi bilan
ahamiyatlidir. Jumladan, narxning ilmiy asosini ochib berishda A.Marshallning
qiymatning turli nazariyalarini sintez qilish usulidan foydalanganligi buning yaqqol
dalilidir.