429
1) oltin qazib olish texnologiyasi takomillashib, yangi texnikalarni qo’llagan
holda mehnat
unumdorligining oshishi va, binobarin, oltin qiymatining pasayishi
natijasida. Agar boshqa tovarlar qiymati o’zgarmagan holda oltin qiymati ikki barobar
pasaygan, deb faraz qilsak, u holda tovarlar odatdagi hajmlarining muomalasi uchun
ikki barobar ko’proq oltin pul kerak bo’ladi. Demak, bu holatda tovarlar narxi oshib,
oltin pulning qadrsizlanishi ro’y beradi;
2) ba’zi iqtisodchilar metall pullarning qadrsizlanishini qadimdan ma’lum
bo’lgan metall pullarni soxtalashtirish jarayoni bilan ham bog’laydilar. Qadimgi
Gretsiya, Rim imperiyasida eramizga qadar va keyinchalik
boshqa davlatlarda ham
oltin va kumush tangalar tarkibini nisbatan arzon metallar aralashtirish yoki ularning
og’irligini o’zgartirish orqali soxtalashtirish holatlari uchrab turgan. Bu esa metall
pullarning o’z qadrini yo’qotishini keltirib chiqargan.
Boshqa holatlarda oltin yoki kumush pullar muomalada bo’lgan chog’da ularning
qadrsizlanishi, ya’ni inflyatsiya jarayoni ro’y bermaydi. Iqtisodiyotdagi tovar va
xizmatlar hajmidan ortiqcha bo’lgan pul massasi – oltin va kumush tangalar xazinaga
aylanadi. Aksincha, iqtisodiyotda tovarlar ko’payib,
muomala vositasini bajarish
uchun pul yetishmagan taqdirda ularni osonlik bilan jamg’arma tarkibidan chiqarib,
muomalaga kiritilgan. Bu esa boshqa sharoitlar o’zgarmagan holda oltin va kumush
pullar inflyatsiyaga uchramasligini anglatadi.
Real qiymatga ega bo’lmagan qog’oz pullarning muomalaga kirib kelishi esa
inflyatsiyaning kelib chiqishi uchun asosiy manba hisoblanadi. Chunki qog’oz pullarni
jamg’arma sifatida muomaladan chiqarish kam samarali va ishonchsiz vosita bo’lib,
ular pullarning ortiqchaligi sharoitida ham muomalada qoladilar. Natijada muomalada
ortiqcha qog’oz pullarning ko’payishi mavjud yalpi
talabni yanada kuchaytirib,
narxlarning o’sishini tezlashtiradi.
Inflyatsiya bozor xo’jaligining har xil sohalarida takror ishlab chiqarish
nomutanosibliklari tug’diradigan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy hodisadir. Biroq, shuni
ham nazarda tutish kerakki, alohida tovar bozorlaridagi talab va taklif nisbatining har
qanday buzilishi ham inflyatsiyani keltirib chiqaravermaydi. Shuningdek,
iqtisodiyotdagi davriy o’zgarishlar, masalan, talabning mavsum bilan bog’liq
holda
oshishi yoki tabiiy ofatlar natijasida tovarlarga talabning kuchayishi keltirib chiqargan
narxlarning o’sishi inflyatsiyani anglatmaydi. Bu narxlar ma’lum muddat o’tgach,
bozordagi talab va taklif nisbati muvozanatga kelgach, yana pasayishi mumkin.
Yuqoridagilardan xulosa qilib inflyatsiyaga quyidagicha ta’rif berishimiz
mumkin: