Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar:
O`quvchilarni texnologiya darslariga qiziqtirishda siz qanday usullardan foydalanardingiz?
Xalq merosida mehnat an`analarining o`rni haqida gapirib bering.
Mehnat an`analarining vazifasi nimadan iborat?
Texnologiya darslarida mehnat an`analaridan qanday shakllaridan foydalaniladi?
Ta’limning asosini tashkil etuvchi tamoyillar qaysilar?
MAVZU. MUTAFAKKIRLAR MEROSIDA MEHNAT TARBIYASI
Reja:
1.Mutafakkirlar merosida mehnat tarbiyasining targ‘ib etilishi. 2.Mutafakkirlarning kasb-hunarga oid fikrlari.
3.Kasb-hunarga yo‘naltirishga oid o‘yin va tadbir turlari.
Mavzuga oid tayanch tushunchalar: Mutafakkirlar merosida mehnat tarbiyasi, kasb-hunarga oid fikrlari kasb-hunarga yo’naltirishga oid o’yin va tadbir turlari.
O’tmishda yashab, ijod etgan mashhur mutafakkirlar, xalq maorifi arboblari va ma’rifatparvar shoirlar mehnatning o’ziga xos xususiyatlari, uning inson uchun qadr-qimmati, kasb-hunar egallashning mazmun-mohiyati, mehnatning tarbiyaviy imkoniyatlari to’g’risida qimmatli fikrlar bildirib o’zlaridan juda katta ilmiy meros qoldirgan. Shu ilmiy merosning biz uchun ahamiyatli tomoni shundan iboratki, ulardan yosh avlodni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda, kasb-hunarga qiziqtirishning vositasi sifatida foydalanish mumkin. O’tmish tarixida qayd etilib o’tilganidek, o’zbek xalqining qadimiy madaniyatida mehnat bilan shug’ullanish shon-sharaf hisoblangan, kasb-korining asosiy mazmunini esa dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikni tashkil etgan. Zamonlar o’tib milliy madaniyat rivojlanib borgan, insonlar ongi o’sib borishi natijasida esa ularning turmush tarzi, yashash sharoitlari ham ijobiy tomonlarga o’zgarib kelgan. Asrlar osha shakllanib borgan kasb-hunar davr o’tib borishi bilan ularning har biri o’z ichida o’nlab tarmoqlarni hosil qilgan. Xalq ichidan har bir sohani yaxshi tushunadigan, o’z ishini a’lo darajada bajaradigan ustalar, bilimli kishilar, mutafakkir allomalar kamol topgan. O’rta Osiyoda tug’ilib kamol topgan mutafakkirlar mehnatning, turli kasb-korlar mazmun-mohiyatini yaxshi tushunib o’zlarining oltinga teng ilmiy merosini qoldirgan. Ularning kasb- hunar, mehnatsevarlik haqidagi fikrlari biz uchun milliy merosdir. Mutafakkirlar ta’limotida o’g’il va qizlarga ta’lim va tarbiya berish, ularga kasb-hunar o’rgatish g’oyasi muhim o’rin egallaydi. Qadimiy
an’analarimizga binoan hunarmand va kosib, me’mor va naqqosh, dehqon va chorvodor, to’quvchi va nonvoy uztoz-shogird munosabatlarini amalga oshirib kelmoqdolar. Xalqimizning buyuk farzandi, o’zining ilmiy qarashlari bilan ulug’ mutafakkirga aylanganlardan biri - Abu Abdullo Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850)dir. Uning insoniylik va mehnatsevarlik haqidagi dono fikrlari hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Mutafakkirning fikricha, har bir kishi qilgan ishlari bilan hech ham mag’rurlanmasligi va takabburlik qilmasligi lozim.
U matematik g’oyalar asosida odamlarning hayotiy zarurati yotishini, ilmiy kashfiyotlar odamlarning amaliy talablari asosida paydo bo’lishini asosladi. Masalan, yer ishlari, binolar qurish, kanallar ochish shunday paydo bo’lgan, deydi.
X asrdagi sharq ijtimoiy tarbiyashunoslik bo’yicha fikrlarning eng yirik vakillaridan yana biri Abu Nasr Al-Farobiy (870-950) hisoblanadi. Al-Farobiyning o’z davri uchun juda katta xizmatlar qilgan. Uning buyuk xizmatlaridan biri - insonlarni ilm-ma’rifatli bo’lishga, mehnat qilishga va kasb-hunar egallashga da’vat qilishi bo’lgan.Farobiy kasb-hunar to’g’risida ilk fikrlarni bildirib, qimmatli maslahatlar bergan, chunonchi, ta’lim–so’z va ko’nikmalar majmuyi, tarbiya esa amaliy malakalardan iborat ish-harakat ekanligi, muayyan kasb-hunarga berilgan, u bilan qiziqqan kishilar shu kasb-hunarning chinakam shaydosi bo’lishini aytrgan. Bu mulohazalardan anglanib turibdiki, kasb-hunar insoniyat uchun azaldan zarur hayotiy vosita bo’lib kelgan.
Al-Farobiy kasb-hunar va xalqoniy fazilatlar muayyan harakatlarni takrorlash, mashq qilish yo’li bilan paydo bo’lishini uqtiradi. U insonning kasb-hunar egallashi bilan bir qatorda ma’naviy madaniyatli bo’lishini e’tirof etadi. Mutafakkir bu borada, har bir kishi o’zi yoqtirgan kasbni egallaganidan so’ng, o’ziga topshirilgan ishga nisbatan yuksak ma’suliyatni his etishi va o’z “kasb-hunarini mukammal bilmog’i, yaxshi tarbiya olmog’i va yaxshi xulq- atvor fazilatlariga ega bo’lmog’i kerak” deb ta’kidlaydi. Xalqimizning yana bir mutafakkiri - Abu Rayon Beruniy (978-1048) dir. Beruniy mamlakatning obodonchiligi, kishilarning baxt-saodati va kamoloti, uning halol mehnat qilishida va kasb-hunar o’rganishida deb biladi. U kasb-hunarga, turli asboblarni yasashga bag’ishlab 9 ta asar
yozgan. Asarlarida o’zi yashab turgan davrdagi ishlab chiqarishning rivoji va kasb-hunarga oid qimmatli m’alumotlar berilgan.
Beruniy mehnatni ulug’aydi. Ayniqsa, olimlar mehnati tufayli ilmiy yodgorliklar bunyod etilishini tasavvur qilgan mutafakkir sifatida alohida ko’zga tashlanadi. U “har bir kishining qadr- qimmati o’z ishini qoyil qilib bajarishida” deb biladi.
Eng muhimi, mutafakkir inson kamolotida, mehnat va mehnat tarbiyasi haqida muhim fikrlarni bayon etadi. U har bir hunar egasining mehnatiga qarab turlarga bo’ladi. Og’ir mehnat sifatida binokor, ko’mir qazuvchi, hunarmand, fan sohiblari mehnatini keltiradi. Ayniqsa ilm ahli – olimlar mehnatiga alohida e’tibor berish, xayrixoh bo’lishga chaqiradi, ularni ma’rifat tarqatuvchilar, jamiyat ravnaqiga hissa qo’shuvchilar deb, biladi: shu bilan birga, og’ir mehnat qiluvchi konchilar, yer ostida gavhar izlovchilar, dehqonlar haqida gapirib, ularning mehnatini rag’batlantirib turish kerak, deydi. Ayniqsa, podshohlar bunday mehnat ahliga g’amxo’r bo’lishi kerakligini alohida eslatadi. Chunki, ana shu mehnat ahli ular hukmronligining tayanchi, deb ta’kidlaydi.
Olim bolalarni mehnatga o’rgatish metodlari, yo’llari haqida ham fikr yuritadi. Masalan, bolalarni eng kichik yoshidan mehnatga o’rgatish kerak deydi. Mehnat tarbiyasida o’sha davr tarbiya an’anasiga binoan vorislikka katta ahamiyat beradi. Beruniyning
«Mineralogiya» asarida faqat qimmatbaho metallar, toshlar haqida emas, hunarmandchilikka oid, shogird tayyorlash jarayoni, ustalarning hunar o’rgatish metodlari haqida ham qimmatli fikrlar bayon etilgan. Bunda hozirgi pedagogika fani tili bilan aytganda, shaxsiy namuna metodidan foydalangani, ish jarayoni bevosita ham nazariy, ham amaliy jihatdan ustaxonaning o’zida bajarilgani shogirdlarning malakali usta bo’lib yetishishida katta ahamiyatga ega bo’lgan. Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi, qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino (980-1037)ning ilmiy faoliyatida ham mehnatga bo’lgan ilmiy qarashlarni ko’rishimiz mumkin. Mehnatni va kasb-hunarni sharaflash, mehnat xalqning qadr-qiymati ekanligini, uning manfaati uchun esa astoydil kurashish kerakligini Ibn Sino asarlarida uchratamiz. Mutafakkirning ilmiy qarashlaridan birini - “Odam ijtimoiy jondir” degan fikridan anglash mumkin. Bu fikrning ilgari surilishi shundan dalolat beradiki, Ibn Sino odamning yaxshi yashashi,
sog’lom turmush tarziga erishishi uchun eng zarur narsa foydali mehnat ekanligini muhim deb biladi.
Olimning mehnatsevarlik tarbiyasi borasidagi fikrlari diqqatga sazovordir. Jumladan, u har bir bolani biror hunarga o’rgatmoq shart, deydi. Yosh yigit biror hunarni o’rgansa, unu hayotga tatbiq eta olsa va mustaqil hunar tufayli oilani ta’minlaydigan bo’lsagina, otasi uni uylantirib qo’ymog’i lozim, deb hisoblaydi.
Olim ota-onalarning oilada mehnatsevarligi bilan farzandlarini ham kasb va hunarga o’rgatishi borasida muhim fikrlar bayon etadi. Insonning xulqi va ruhiga mehnatning ijobiy ta’sirini ta’kidlash bilan bir qatorda turli kasb egalari: hunarmand, dehqonlar mehnatini ulug’laydi va qimorboz, sudxo’r kabilarni qoralaydi. U mehnatsiz hayot kechirish insonga ham jismoniy ham ruhiy tomondan salbiy ta’sir etishini to’g’ri talqin etadi.O’tmishda O’rta Osiyoda juda ko’plab shoirlar ijod qilib o’tgan. Ular o’z asarlarida mehnat tariyasini, ijtimoiy foydali mehnatning inson hayotidagi o’rni va ahamiyatini ko’p bora qayd etganlar. Masalan, O’rta Osiyodagi juda ko’plab shoirlar ustozi bo’lgan Abulqosim Firdavsiy (934-1020) o’zining “Shohnoma” asarida mehnatni ulug’lab o’tgan. Asarda o’z xalqiga mehr-muhabbat bilan yog’dirilgan va kasb-hunarni egallash malakasiga bag’ishlangan misralarni ko’plab uchratish mumkin:
Hunar bilan aqling birikkan hamon Har ish bu jahonda yurishgay ravon Mehnat tagidadir, ey oqil, har ganj
Ganj topmas hech kimsa, tortmas ersa ranj Firdavsiyga yaqin davrda yashagan shoirlardan biri Nosir Xisrav
(1004-1088), dunyodagi eng oliyjanob va oliyhimmat odamlar mehnatkashlar ekanligi, bunday insonlar sirasiga jamiyat uchun foydali narsalar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar, kosiblar, binokorlar ekanligini o’z asarlarida juda ajoyib misralar bilan bitgan:
Kasbdan shod-u xurram yo’q jahonda, Hunardin yaxshidur ham yo’q jahonda. Butun kun rizqining bog’boni bo’lg’ay, Kishin o’z uyining mehmoni bo’lg’ay. Arzir uning bo’lsa boshi osmonda,
Usiz yashay olmas shoh ham jahonda.
Yuqorida tilga olingan ulug’ mutafakkirlarning mehnat tarbiyasi va kasb-hunar tarbiyasi borasida shunday xulosa chiqarishimiz mumkinki, inson dunyoga kelar ekan, o’z hayoti mobaynida insoniy qadr-qiymatga ega bo’lishi kerak, buning uchun esa mehnatga oshna bo’lmog’i darkor, shundagina mehnat hayot chirog’iga yog’ quyib turadi. Mutafakkir Unsurul Maoliy Kaykovus «Qobusnoma» asarida jamiyat taraqqiyotida ilm bilan birga kasb-hunarning ham zarurligini ta’kidlaydi: «Agar kishi har qancha oliy nasab va asl bo’lsa-yu, ammo hunari bo’lmasa, u xaloyiqning izzat va hurmatidan noumid bo’lur. Kasb-hunar o’rganishni bilim olish bilan qo’shib olib borishni tavsiya etadi. Fanni amaliyot bilan uzviy aloqada deb qaraydi. Dehqonchilik ilmini egallash, mazkur ishda erni tarbiya qilish, tezkor va g’ayratli bo’lishni ta’kidlaydi. Kaykovus yoshlarda mehnatsevarlikni, mehnatkash insonga hurmat tuyg’usini tarbiyalaydi, jismoniy mehnat bilan ham aqliy mehnat kabi shug’ullanish lozimligini bayon etadi. Muslihiddin Sa’diy ham bilim olishning afzalliklarini yoritib berish bilan birga ma’lum hunar sirlarini egallashning inson hayotidagi ahamiyatini ko’rsatib berishga urinadi. Allomaning qayd etishicha, muayyan hunarning egasi bo’lgan inson eng mashaqqatli damlarda ham o’zgalarning yordami va madadiga muhtoj bo’lmaydi, balki o’z hunarining sharofati bilan muammolarni hal eta oladi.
Mutafakkir ta’kidlab o’tganidek, “Hunar qaynar buloq, tuganmas davlat. Agar hunarmand molidan mahrum bo’lsa, qayg’usi yo’qdir, chunki hunarning o’zi davlatdir. Hunarmand qayerga borsa, qadrlanadi va uyning to’ridan joy oladi. Hunarsiz odam esa, hamisha mashaqqat chekadi, tilanchilik qiladi”:
Istar esang otangdan meros, Bog’la otang ilmiga ixlos . Ne nafi bor otang boyligin,
Bir kun tugatursan necha oyligin.
Mehnat, kasb-hunar haqida mutafakkir Mirzo Ulug’bekning ham o’ziga xos qarashlari bor. U bolalarni tarbiyalashda uy sharoiti va ota-onalarning faoliyatiga yuqori baho beradi, ularni hayotda chidamli, mehnatsevar qilib tarbiyalash juda zarur deydi. Buning dalili sifatida “Zij” ustida ishlash paytidagi qiyinchiliklar haqida shunday deydi: “Yulduzlar jadvalini tuzish maqsadida biz kecha-yu kunduz ishladik, o’z mo’ljallagan maqsadimizga yetguncha, biz o’zimizga
qadar yaratilgan jadvallarni taqqosladik, qayta tuzdik va shu tariqa yuz qaytalab tuzatishlar kiritgach, o’n sakkiz yildan so’nggina o’z ko’zlagan niyatimizga yetdik”
Mirzo Ulug’bek kabi davlat arbobi bo’lgan Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy faoliyatida ham mehnat tarbiyasi haqida qarashlari beqiyos. Bobur mehnat haqida o’z farzandlari va yaqin birodarlariga ko’p marotaba gapirgan. U o’zining dunyoga mashhur “Boburnoma” asarida chin ma’noda mehnatni va mehnat qilgan jamoani qadrlash muhimligi to’g’risida yozadi. Mutafakkir alloma Abdurahmon Jomiy esa hunarni e’zozlagan rahbarning o’z xalqi hurmat-e’tiboriga sazovor bo’lishi hamda rahbar qachonki, elning ehtiromiga muyassar bo’lar ekan, ana shundagina mamlakat gullab- yashnashi mumkinligini ta’kidlaydi. U hunar sirlarini o’zlashtirish foydadan holi bo’lmasligini uqtiradi. Ayni o’rinda insonning qadr- qiymati uning mol-u mulki bilan emas, aksincha, u tomonidan egallangan hunarning kishilar maishiy hayotini farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati bilan belgilanishiga urg’u berib o’tadi.
Odamning qiymati emas sim-u zar, Odamning qiymati bilim ham hunar. Nazar sol, dunyoda hunar tufayli, Xojasidan qadri ortiq ko’p qullar.
Qanchalab xojalar hunarsiz uchun, Qullari oldida beo’q, besipar.
Mutafakkir bilim hamda hunarsiz kishini o’tindan boshqa narsaga yaramaydigan mevasiz daraxtga o’xshatadi. U har bir yoshni ilm-u hunar sirlarini o’rganishga, bu yo’lda sabrli, matonatli bo’lishga undaydi. Insonga baxtli turmush baxsh etuvchi vosita - mehnat, har bir inson o’z halol mehnati bilan yashamog’i lozimligini ta’kidlaydi.
Mehnating bo’lsin doim yo’ldoshing O’zga minnatidan og’ritma boshing.
Ulug’ alloma, o’zbek she’riyatining sultoni, mir Alisher Navoiy asarlarida mehnatning ulug’vorligi, egallangan kasb-hunarni avaylab- asrab faoliyat yuritish kerakligini guvohi bo’lamiz:
Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tuproqqamu ketgumdur oxir.
Mutafakkirlardan biri Muhammad Sodiq Qoshg’ariydir. U ixlos bilan qilingan mehnatning zoye emasligi, kishilarni birlashib mehnat
qilishga chorlaydi. Qoshg’ariy har bir ishda boshqalar maslahati, kengash bilan ish yuritish, olim va tajribali insonlar fikriga tayanish yaxshi fazilat ekanligini ta’kidlaydi.
Buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan og'zaki va yozma ijodiyot avloddan avlodga o’tib kelayotgan iymon-e'tiqod sirlarining nazariy va amaliy jihatlari haqidagi bilimlar bilan yoshlarni qurollantirish lozim. Zero, inson halol mehnati bilan ulug’ savoblar vaqtida qilingan darajalarga erishish mumkin.
Atoqli shoir Nizomiy Ganjaviyning: “O’qib-o’rganilgan har bitta hunar hunarmandga bir kun foyda keltirar”, - deb yozgani o’ziga xos ilmiy asosga ega. Biror kasb-hunari bor kishi, albatta, hayotda o’z o’rnini topadi. “Har kimning zari bo’lmasa-da, ammo hunari bo’lsa, dunyoda hech bir xavf-xatari bo’lmaydi. Shuning uchun kishi hunar ziynati bilan bezanmog’i kerak”, degan hikmatli so’zni Ganjaviy o’z o’rnida juda to’g’ri ifodalagan.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yashab o’tgan taniqli olim va ma’rifatparvar Aliy Nazimoning Markaziy Osiyoda katta shuhrat qozongan va maktab-madrasalarda darslik sifatida o’qitilgan “Ta’limi banot” (“Qizlar tarbiyasi”) kitobida: “Yosh qizlarga ta’lim-tarbiya berishda ular uchun nihoyatda kerakli, o’rganmaslikning aslo iloji bo’lmagan fandir” degan jumlalarni o’qiymiz. Zero, mehnat qilgan, kasb-hunarli inson birovga qaram bo’lmaydi, yaxshi mehnat qilish orqali inson o’zining uch ehtiyojini qondiradi. Birinchisi, moddiy ehtiyoj, ikkinchisi, ma’naviy ehtiyoji, uchinchisi esa mehnat ehtiyojini qondirishdir.
Moddiy ehtiyoj qondirilishi natijasida ma`naviy va mehnat ehtiyojlari ham qondiriladi. O’quvchini mehnat qilishga o’rgatish, nafaqat mehnatni sevishga, balki u bilan shunday uyg’unlashishiga ko’niktirish kerakki, mehnat uning vujudiga singib ketsin. Ularni kasb-hunarga yo’naltirish orqali biror kasb egasi bo’lishida, mehnatsiz biror – bir narsaga erisha olmasliklarini o’quvchilar tushunib yetsinlar. Andre Maruo aytganidek: “Agar inson biror kasbni mukammal egallasa, mehnat unga huzur bag’ishlaydi, baxt keltiradi”. Shu o’rinda Naqshbandiya ta’limotining ahamiyatli tomonlariga ham e’tibor qaratish lozim. Naqshbandiya halol mehnat qilish orqali kun kechirish g’oyasini targ’ib qiladi. Bahouddin Naqshband tomonidan ilgari surilgan “Dil ba yoru, dast ba kor” (Dil Allohda, qo’l ish (mehnat)da)
shiori fikrimizning yorqin isbotidir. Shuning uchun ham Naqshbandiya ta’limotiga kirgan kishilar mehnat qilish evaziga hayot kechirar edilar. Tun-u kun toat-ibodat bilan shug’ullanib, oila, jamiyat yumushlarini tark etish emas, balki oilani farovon, mamlakatni obod etish yo’lida mehnat qilish talab etilar edi. Ushbu talab hadislar mazmunida olg’a surilgan g’oyalarga to’la mos tushadi. Bahouddin Naqshbandning o’zi ham oddiy, pok inson bo’lib, mehnat qilish evaziga kun kechirgan.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim-tarbiya jarayonida o’tmish merosimiz Sharq allomalarining bebaho asarlaridan to’g’ri foydalana olish, nafaqat milliy qadriyatlarimiz va ma’naviyatimizni yuksaltiradi, balki komil inson shaxsini shakllantirishda ham muhim hissa qo’shadi. Chunki inson hayoti davomida qadrlanib, rivojlantirilib kelayotgan nazariy va amaliy sayqal topgan yaxshilik, adolat, do’stlik, tinchlik, tenglik, erkinlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ota-ona, keksalarga hurmat, iymon, e’tiqod, ustoz va shogird va boshqa umuminsoniy fazilatlar keyinchalik milliy qadriyatlarning asosiy tarkibiy qismlariga aylanib qolgan. Mutafakkirlar ta’limotining sarchashmalarini XIX asrning ikkichi yarmi va XX asr boshlarida Turkiston o’lkasida ta’lim-tarbiyaning rivojlantirishga asos solgan bir qator pedagog-olimlar faoliyatida ko’rish mumkin. Masalan, Abduqodir Shakuriy Samarqand maktablariga birinchi bo’lib mehnat va musiqa darslarini kiritdi. U bolalarni qishloq xo’jalik va bog’dorchilik ishlari bilan tanishtirishdan tashqari, ularga muqovasozlik, duradgorlik va boshqa hunarlarni ham o’rgatgan, bu mashg’ulotlar uchun alohida soatlar ajratgan.
Abdulla Avloniy o’tmish mutafakkirlari kabi yoshlarni foydali kasb-hunar egallashga chaqiradi. Adib boylik ketidan o’quvchilarni, ularning odamgarchilikka to’g’ri kelmaydigan ishlar bilan shug’ullanayotganini ko’rib, ulardan nafratlanadi. Avloniy yoshlarni boylikka ruju qo’ymaslikka undaydi. Boylikni o’tkinchi bulutga o’xshatadi. Abdulla Avloniy mehnatsiz kun kechirishni barcha yomon sifatlarning ibtidosi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u, mehnatni ulug’laydi, mehnat kishining eng go’zal fazilatidir, deydi. Bu jihatdan uning «Aqlli bog’bon» hikoyasi xarakterlidir. Hikoyada aytilishicha:
«bir bog’bonning uch o’g’li bo’lib, ular dangasa va ishyoqmas bo’lganlar. Otada ularga meros qoladigan tangatillo yo’q. Ota umri
tugayotganini sezib, farzandlari taqdiridan tashvishga tushadi. O’ylab- o’ylab shunday yo’l tutadi. Har uchchala o’g’lini yoniga chorlaydi.
«Ko’zim ochiq ekan, vasiyatimni sizlarga aytib ketay, mehnat-u mashaqqat ila bir ko’za oltin yiqqanman. Uni mana shu bog’ga, toklarning birini tagiga ko’mganman. U-sizlarniki. Biroq bu ishga ko’p yil bo’ldi. Harchand urinsam ham ko’milgan joyni xotirlay olmadim. Uni o’zlaringiz izlab topinglar va o’zaro bo’lishib olinglar», deydi. Bir ko’za tilla daragini eshitib uch ishyoqmas uni izlashga tushib ketadi. Bog’ning hamma yerini kovlab chiqishadi. Sirli ko’za chiqmaydi. Yana erinmay kovlashga tushadilar. Kutilgan natija esa hamon yo’q. Shu taxlit bog’ ichi bir necha qayta ag’dar-to’ntar qilinadi. Yerlar qazilaverib, tuprog’i upaga aylanib ketadi hamki, oltinli ko’za topilmaydi. Bu orada uzumzordagi toklarning eng chuqur ildizlarigacha ochib ko’riladi. Bog’da o’sha yili chunonam hosil bo’ladiki, undan bir necha ko’zani to’ldirgulik oltin oladilar. Uch dangasa o’g’illar ota gaplarining asl ma’nosini, oltin — mehnatda ekanligini tushunib yetadilar.
Adib o’sha hikoyasi bilan mehnatni ulug’laydi, o’quvchi qalbida mehnatga muhabbat uyg’otadi. Kishi baxt va saodatga faqat mehnat orqaligina yetishishini uqtiradi.
Mehnat tarbiyasi masalasi ma’rifatparvarlar ijodida hamisha faxrli o’rin tutgan. Ular yoshlarni jamiyat manfaati uchun ishlashga chaqirish bilan birga, ustozlar va ota-onalarning mehnat tarbiyasi sohasidagi vazifalari nimalardan iborat ekanligini ham ko’rsatganlar. Xalqimizda ajoyib odat bor: kishilarning bir-biri bilan tanishuvi, hol- ahvol so’rashuvidan, muomala maromidan boshlanib, kasb-hunar, kasb-korini aniqlash istagi bilan tugaydi. Shu boisdan har bir fuqaro bir kun kelib o’z-o'ziga: ”Dunyoda qay ahvolda yashadim, qanday g’aroyib ishlarni amalga oshirdim, o’z taqdirimdan xursandmanmi, oldimda turgan vazifalarni amalga oshira oldimmi, ko’zlagan maqsadimga erisha oldimmi?” kabi savollarni berishi tabiiy hol. Shuning ushun ham har bir inson mutaffakir Jaloliddin Rumiyning ”Sen hamma narsani unutishing mumkin, yolg’iz bir narsani – nechun dunyoga kelgansan, shuni unutmasang bas. O’zingni arzon arzon sotmagaysan, illo bahoying baland”. Ushbu jumlalarda tafakkur qiluvchilar, bolalarga ta’lim-tarbiya beruvchilar uchun yetarli ma’lumot bo'lishi kerak, deb o’ylash mumkin.
Shu o’rinda Nosir Xisravning quyidagi fikrlari ilm o’rganuvchilar uchun ibratlidir.
Ilm qidirishga urdim boshimni,
Bekorga o’tkazmadim umrimni bir dam, Qaydaki eshitsam ilm-u donishni, Eshigin oldida o’ltirdim mahkam.
Hunaringdan bir kun etarsan baxtga, Hunarsiz kim etar toj ila taxtga.
Xullas, boshlang’ich sinf o’quvchilarini mehnat va kasb-hunar bilan tarbiyalashda ulug’ mutafakkirlarimizning asarlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq bo’lar edi. Mutafakkirlarning merosiga chuqur hurmat bilan qarash va ular yaratgan asarlarni ko’z qorachig’iday saqlash kerak.
|