141
Laboratoriyada ishni tugatgach ish joyini yig’ishtirish qo’lni sovunlab yuvish,
uskunalarga berilayotgan elektr energiyasini o’chirish suv yoki gaz berilayotgan kranlarni yopish
lozim.
Laboratoriyada har doim qumi bor quti, o’t o’chirgich va yong’inga qarshi yopqich
bo’lishi kerak. Yong’in chiqqan holda eng avvalo gaz va elektr isitgich uskunalarni o’chirish,
yaqin atrofdagi yonuvchi moddalarni xavfsiz joyga o’tkazish va shundan keyingina yong’inni
o’chirishga harakat qilish lozim. Yonayotgan suyuqliklarni asbest yopqich bilan yopish, so’ngra
zarur bo’lganda qum sepish kerak. Qolgan hollarda o’t o’chirgichdan foydalaniladi. Alangaga
suv sepmaslik lozim , chunki bu ko’p hollarda yong’inning kuchayishiga olib keladi.
Kiyimi yonayotgan odamga yopqich, kostyum, palto va shunga o’xshashlarni yopish
kerak, uning yugirib ketishiga yo’l ko’ymaslik lozim, chunki bu alanganing kuchayishiga olib
keladi. Bunday holda o’t o’chirgichdan foydalanish yaramaydi.
Agar havo so’ruvchi shkafda yong’in chiqsa darhol shamollatish kanalining shiberini
yopish kerak, aks holda kanal orqali yong’in tarqalib ketadi. Shundan so’ng yong’inni o’chirish
choralarini ko’rish lozim.
Elektr uzatgichlari yongan hollarda liniyadagi tokni o’chirish va qum, asbest yopqich,
o’t o’chirgich bilan yong’inni o’chirish choralarini ko’rish kerak.
Shisha va kimyoviy idishlar bilan ishlaganda shisha bo’lakchalari bilan
jarohatlanishning oldini olish maqsadida ehtiyotkorlik bilan ishlash kerak. Suyuqlik
saqlanayotgan katta kimyoviy idishlarni bir qo’l bilan tagidan ushlab, ikki qo’llab ko’tarish
kerak. Shisha naychaga rezina tiqincha o’rnatayotganda naychani imkoniyati boricha
o’rnatilayotgan joyga yaqinroq ushlash va suv, vazelin, gliserin bilan ho’llab aylantirib-burab
tiqish lozim. Bundan oldin trubkaning uchini qizdirib tekislash kerak.
Texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik baxtsiz hodisalarga olib keladi. Issiqlik
ta’sirida birinchi darajali kuyganda (qizarish,sezilmas pufaklanish) kuygan joyga spirt surish
kerak, ikkinchi va uchinchi darajali kuyganda kuygan joyni sterillangan mato bilan yopib
bog’lab qo’yish kerak. Kuygan joyning yuzasi katta bo’lsa, jaroxatlangan kishiga tibbiy yordam
ko’rsatish lozim.
Kimyoviy kuygan hollarda suv bilan yaxshilab yuvish zarur, so’ngra kislota bilan
kuyganda 5 %-li natriy bikarbonat eritmasi bilan, ishqor bilang kuyganda esa 5%-li sirka kislota
eritmasi bilan yuvish kerak.
Ishqor ko’zga tushgan hollarda 2%-li bor kislotasi eritmasi bilan 10 minut davomida
tinimsiz yuvish, so’ngra albatta vrachga murojaat qilish kerak.
Xlorid, sulfat va nitrat kislotasi bug’lari bilan zaharlanganda toza havo, tinchlik va
vrach yordami zarur bo’ladi.