Quyida har qaysi metodni alohida ko’rib chiqamiz.
Bajarilgan tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo’lishicha, neftli qatlamlarning suvga to’yinishi jinslarning o’tkazuvchanligi ortishi bilan kamayar ekan. Bunday holat 7.16 va 7.17-rasmlarda aniq tasvirlangan.
Ammo, M.Masket, P.Jons va S.Zaks egri chiziqlarini taqqoslash natijasida shunday xulosa kelib chiqadiki, har bir qatlamning, suvga to’yinishining o’tkazuvchanlikka bog’liqligi o’ziga xos xususiyatga ega ekan. SHu sababli, P.Jons tomonidan tavsiya etilgan mayda, o’rta va yirik zarrali qumtoshlarni hamda ohaktoshlarni suvga to’yinganligini ifodalovchi o’rtacha egri chiziqlardan turli qatlamlarni tavsiflashda foydalanib bo’lmaydi. Binobarin, neft va gaz zaxiralarini hisoblashda ushbu egri chiziqlardan foydalanib qatlamni neftga to’yinganlik koeffisientining qiymatlarini aniqlash mumkin.
O’rganilayotgan aniq qatlam uchun olingan daliliy ma’lumotlar asosida tuzilgan egri chiziqlardan foydalanib qatlamning o’tkazuvchanligi va suvga to’yinganligi oralig’idagi bog’liqlik to’g’risida fikrlash mumkin.
Kapillyar bosim metodining mohiyati quyidagicha. Eritib quritilgan tog’ jinsi namunasi vakuum ostida kerosin yoki suvga to’yintiriladi, so’ngra yarim o’tkazuvchan membranali tsilindrga joylashtiriladi. Agarda namuna suvga to’yingan bo’lsa, tsilindrga havo yoki kerosin haydaladi va bosim asta-sekin oshirib boriladi.
Kapillyar bosim tsilindrdagi bosimdan kam bo’lganda g’ovaklardan suyuqlik chiqib ketishi bois bosim doimo bir me’yorda ushlab turiladi.
Tajriba o’tkazish jarayonida har qaysi bosimda namunadan siqib chiqarilgan suvning miqdori tarozida tortib aniqlanadi. Olingan natijalar asosida kapillyar bosim va bog’langan suvga to’yinganlik orasidagi bog’liqlikni aks ettiruvchi egri chiziq chiziladi. Tajribadan aniqlangan suvga to’yinganlikning eng kam qiymati mazkur tog’ jinsi namunasi tarkibidagi bog’langan suvning miqdorini bildiradi. Kapillyar bosim metodining kamchiligi shuki, bunda tajriba uzoqqa cho’zilib, goho bir hafta davom etadi.