ISHLATISH SISTEMASINI LOYIHALASHNING GEOLOGIK ASOSLARI




Download 11,69 Mb.
bet177/252
Sana04.12.2023
Hajmi11,69 Mb.
#110957
1   ...   173   174   175   176   177   178   179   180   ...   252
Bog'liq
NEFT VA GAZ konlari geologiyasi

11.2. ISHLATISH SISTEMASINI LOYIHALASHNING GEOLOGIK ASOSLARI


Neft uyumlarini ishlatishni loyihalash uchun quduqlardan boshlang’ich ma’lumotlarni (9-bob 3-bandga qarang) sistemaga solish, tahlil etish va shu asosda umumiy xulosa chiqarish zarur.
Konni ishlatishning oqilona sistemasini loyihalash imkoniyati avvalo neftli qatlamning geologik tuzilishining to’liq o’rganilganligiga bog’liq. Ammo uyumni ishlatishning boshlang’ich davrida birlamchi ma’lumotlarni to’liq olish mumkin bo’lmaydi. Neftli qatlamning to’liq tavsifini uni ma’lum davr mobaynida ishlatish orqaligina bilish mumkin. SHuning uchun ham amaliyotda yirik neft uyumini ishlatish loyihasi ikki bosqichda tayyorlanadi. Birinchi bosqichda mahsuldor gorizontning geologik tuzilishi va uning unumdorligi to’g’risidagi ma’lumotlar razvedka quduqlarini sinash orqali olinadi. Ularga asoslanib uyumni ishlatishning dastlabki loyihasi (texnologik sxemasi) tuziladi. Dastlabki loyihada birinchi navbatda burg’ilanadigan ishlatish quduqlarining joylashuv sxemasi va haydash quduqlarining joylashuv sistemasi belgilanadi. Loyihalashning ikkinchi bosqichida qayd etilgan quduqlar qazilib bo’lingandan keyin konni ishlatishning boshlang’ich loyihasiga ko’ra kollektorlar va ularni to’yintirib turuvchi neft, gaz va suvlarning xususiyatlari to’g’risida olingan qo’shimcha ma’lumotlar asosida neft uyumini ishlatish va ishlatilishning bosh loyihasi tuziladi.
Kichik o’lchamli neft uyumlarining ishlatish loyihasini ikki bosqichda tuzishga ehtiyoj sezilmaydi. Ammo loyihalashda amalga oshirilayotgan ishlatish sistemasiga keyinchalik o’zgartirishlar kiritishni ham nazarda tutmoq zarur. Uyumni ishlatish loyihasini tuzishdan avval bajarilgan razvedka ishlari qanchalik to’liq bo’lsa, loyihaga keyinchalik kiritiladigan o’zgartirishlar ham shuncha kam bo’ladi. SHu munosabat bilan uyumni ishlatish boshlanganda bajariladigan tadqiqot ishlari rejasi tuziladi va uyumning markaziy qismida kuzatuv va baholash quduqlari burg’ilanadi. Keyinroq bu quduqlardan belgilangan ishlatish sistemasining aniqligini oydinlashtirishda va uni amalda qo’llanishini nazorat qilishda foydalaniladi. SHuningdek, uyumning tashqarisida (haydash quduqlari halqasi ortida) pezometrik quduqlar burg’ilab, chegara ortiga suv bostirish jarayonini nazorat qilish juda muhimdir. Bunda chegara orti zonasiga suvning kirib kelishini o’z vaqtida payqash mumkin bo’ladi. Neftli qatlamni ishlatishni loyihalashda quyidagilarga amal qilish zarur:

  1. qatlamning kon geologiyasi nuqtai nazaridan tavsiflash va qatlamning geologik xususiyatlariga ko’ra neft beraolishini aniqlash hamda uyumni ishlatish tadbirlarini belgilash;

  2. qatlamni ishlatish bo’yicha qabul qilingan texnik-iqtisodiy sharoitlar va ishlatish muddati;

  3. qatlamning turli variantlarda ishlatishda sarf qilinadigan xarajatlar.

Ishlatish sistemasini loyihalashda quyidagi qoidalarga rioya qilish zarur:

  1. Ishlatish sistemasi neft uyumining hamma qismini qamrab olishi va qatlamga ta’sir etish orqali bosimni bir xil ushlab turishni ta’minlashi zarur. Bunda uyumning har qanday uchastkasini ishlatishni qo’shni uchastkadagi ishlarni to’xtatmagan holda davom ettirish mumkin bo’lsin.

  2. Uyumni ishlatishning dastlabki bosqichida quduqlarni bir tekisda (yirik uyumlar uchun odatda batareya sistemasi bo’yicha) joylashtirishni nazarda tutmoq lozim. Keyinroq uyumni qo’shimcha o’rganish jarayonida uning ayrim uchastkasidagi jinslarning kollektorlik xususiyatlarining yomonlashishi munosabati bilan quduqlar orasidagi masofani kamaytirib, quduqlar zichligini orttirish mumkin. Quduqlarni joylashtirish sxemasida ularni faqat uyumning markaziy qismida zich joylashuvini oldindan nazarda tutmaslik kerak.

  3. Uyumni ishlatishni shunday rejalashtirish kerakki, toki uning har bir uchastkasini ishlatishda faqat shu joyda mavjud quduqlardan foydalanilsin. Uchastkaning chekka qismlaridagi neftni uning markazidagi quduqlar orqali butunlay chiqarib olish mumkin emas. Shu sababli uchastkaning chekka zonasidagi neftni maxsus qazilgan quduqlar orqali chiqarib olishni loyihalash maqsadga muvofiq bo’ladi.

  4. Uyumni ishlatish sistemasini loyihalashda quduqni uzoq vaqt va uzluksiz ishlatilishini ko’zda tutish va u qisman suvlangan sharoitda ham to’xtatilmasligi kerak. Quduq batareyalariga suyuqlik oqib kelishining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, yer qa’ridan neftni butunlay chiqarib olishni ta’minlash uchun quduqlarda o’zgaruvchan ishlatish rejimini joriy etish lozim. Agar uyumni ishlatishning boshidan oxirigacha chiqarilayotgan suyuqlik miqdori o’zgarmasa, bunday holatda oqimning kritik nuqtalari atrofida filtratsiya tezligi nolga tenglashib, natijada tegilmagan neft qoldiqlari hosil bo’ladi. Uyumdan foydalanish sur’atining o’zgarishi suyuqlik oqimlarining filtratsiya shakllarining o’zgarishiga olib keladi, uyumni neft berish koeffitsientini oshiradi.

  5. Uyumni ishlatish sistemasida chekka batareya quduqlaridan neft olish sur’atini tartibga solib turish zarurligi e’tiborga olinishi kerak. Bu ayniqsa neftlilik chegarasi chekka batareya quduqlariga, ular oralig’idagi masofaning yarmiga teng bo’lgan masofagacha yaqinlashganda juda ham muhimdir. Bunday quduqlar debitining kamayishini neftlilik chegarasi keyingi batareya qudug’igacha bo’lgan masofaning yarmidan ko’pidan o’tmaguncha saqlab turish tavsiya etiladi. SHundan so’ng chekka batareya quduqlari debitini ko’paytirish masalasini loyihalashtirish mumkin bo’ladi va quduqdan neft olish asta-sekin jadallashtirib boriladi.

  6. Chekka batareya quduqlari qisman suvlangandan keyin darhol suv bostirish maydonini boshqa joyga ko’chirish maqsadga muvofiq emas, aksincha bu ishni suvlangan zonadan neftni to’liq chiqarib olish uchun uni uzoq muddat ishlangandan va quduq jadallashtirilgan tarzda ishlatilgandan so’ng amalga oshiriladi.

  7. Neft uyumini ishlatishni loyihalashda neftning asosiy zaxirasini kon qisman suvlanganda emas, balki suvlanish uzluksiz ortib borishi mobaynida chiqarib olishni nazarda tutish kerak. Qayd etilganiga binoan, suvlangan quduqlarni to’xtatishni quduqning suvlanishining oxirgi bosqichiga rejalashtirish kerak. Suvlangan quduqni to’xtatishdan oldin undan neft jadal sur’atda olinishi zarur, bunda qatlamni yuqori darajada neft beraolishi ta’minlanadi.

  8. Quduqlarni joylashtirishni loyihalashda quduqlar to’rining eng maqbul zichligini tanlash lozim. CHunki quduqlar to’rining zichligi qatlamning neft beraolishiga katta ta’sir ko’rsatadi, bu ayniqsa qatlamlar har xil tarkibli bo’lganda aniq ko’zga tashlanadi. Quduqlarni joylashtirish to’rining zichligini geologik ma’lumotlarni mukammal o’rganmay, faqat gidrodinamik hisoblashlar asosida amalga oshirish ham mumkin. Quduqlarni joylashtirish variantlarini iqtisodiy jihatdan baholashda yer qa’ridan neftni butunlay chiqarib olish imkoniyati mavjudligini nazarda tutish kerak. Ammo quduqlarni turli variantlarda joylashtirishda, ayniqsa qatlamning kollektorlik xususiyatlari har xil bo’lganda, quduqning neft beraolish koeffitsienti turlicha bo’ladi. Shu boisdan gidrodinamik hisoblashlarda qatlamning kollektorlik xususiyatlarining o’rtacha ko’rsatkichlaridangina foydalanmasdan, balki ularning alohida, har xil tarkibli uchastkalari bo’yicha aniqlangan tafovutli qiymatlarga e’tibor berish kerak.

Umuman neft uyumini ishlatish sistemasini loyihalashda uning tipiga va
o’lchamiga, mahsuldor gorizontning geologik tuzilishiga, uyumning ishlatish rejimiga, qatlam flyuidlarining fizik-kimyoviy xossalariga hamda u yoki bu ishlatish sistemasini samarali qo’llashda 10-bobda qayd etilgan sharoitlarga e’tibor berilishi kerak.
Konni ishlatishning boshlang’ich davrida qatlamga ta’sir etish tadbirlarini loyihalash maqsadga muvofiq bo’lib, bunda qatlamga suv haydash samarali hisoblanadi. Agar qatlamning o’tkazuvchanligi 0,03x10-12 m2 dan kichik bo’lsa va qatlamga suv haydash iqtisodiy tomondan o’zini oqlamasa, u vaqtda qatlamga gaz haydash maqsadga muvofiq. SHuningdek, qatlamga gaz haydash (suvni haydashga nisbatan) turli iqtisodiy va geologik omillarga bog’liq bo’lishi mumkin. Masalan, gaz haydash uskunalari narxining qimmatligi, qatlamning kollektorlik xususiyatlarining o’zgaruvchanligi, har xil tarkibli uchastkalarning tartibsiz joylashuvi, suvni qatlamga haydash paytida kutilmaganda neft uyumining suvlanishi va b.
Uyumni ishlatish sistemasini loyihalashda quduqlarni joylashtirish muhimdir. Bu masalani hal etishda birinchi navbatda neftli qatlamning geologik tuzilishiga va uning tarkibining har xilliligiga hamda energetik xususiyatlariga e’tibor berish kerak.
Quduqlarni joylashtirish sxemasi quyidagilarni ta’minlashi lozim: 1) qatlamni yagona ob’ekt sifatida ishlatishda uni tartibga solib turishni; 2) loyihada belgilangan topshiriqqa ko’ra quduqlardan eng ko’p miqdorda neft chiqarib olishni; 3) yer qa’ridan imkon boricha ko’p neft chiqarib olishni.
Chekka suvlar bosim bilan chegaralangan ya’ni neftlilik chegarasi o’z joyidan siljimaydigan erigan gaz rejimli yoki massiv tuzilishli uyumlarni ishlatish sistemasini loyihalashda quduqlar uyum maydoni bo’ylab yaxlit to’r (kvadrat yoki uchburchak) shaklida joylashtiriladi. Quduqlarni bunday joylashtirishda ularning oralig’idagi masofa joyning geologik tuzilishiga va iqtisodiy ko’rsatkichlariga asoslanib belgilanadi. SHuningdek, uyumni ishlatish sistemasini loyihalashda qatlamga gaz yoki suv haydab ta’sir etish zarurligini asoslash muhimdir.
Ishlatish sistemasi nafaqat uyumni ishlatishning boshlang’ich davrida neft chiqarib olishning samaradorligini ta’minlashi, balki ishlatishning oxirgi davrida ham qatlamdan katta miqdordagi suyuqlikni chiqarishga imkoniyat yaratishi lozim.
Uyumni ishlatish sistemalarini loyihalash tobora takomillashib bormoqda.
Hozirgi vaqtda uyumni ishlatish sistemalari yer qa’ridan neftni imkon boricha eng ko’p miqdorda chiqarib olishga mo’ljallangan bo’lishi kerak. Bu sohada uyumni ishlatish sistemalarining yangi, zamonaviy turlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Yer qa’ridan ko’p miqdorda neft qazib olish uchun eng samarali ishlatish sistemalarini loyihalash zarur. Bunday ishlatish sistemalari neftli qatlamning tabiiy resurslaridan oqilona foydalanishni va ilg’or texnikadan va texnologiya metodlaridan foydalangan holda qatlamning uzoq vaqt mobaynida favvorali ishlatilishini ta’minlashi zarur.

Download 11,69 Mb.
1   ...   173   174   175   176   177   178   179   180   ...   252




Download 11,69 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



ISHLATISH SISTEMASINI LOYIHALASHNING GEOLOGIK ASOSLARI

Download 11,69 Mb.