|
-bob KONNI ISHLATISH JARAYONINI TARTIBGA SOLISH ASOSLARI VA GEOLOGIK NAZORAT
|
bet | 181/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 12-bob KONNI ISHLATISH JARAYONINI TARTIBGA SOLISH ASOSLARI VA GEOLOGIK NAZORAT
Uyumni ishlatish jarayonini samarali nazorat qilish va tartibga solishdan avval neft uyumidan foydalanish holati mukammal o’rganib chiqiladi. Buning uchun neft uyumining ishlatish holati o’rganilgan sanada quduqlarning ahvoli, ularning asosiy geologik-texnik ko’rsatkichlari, uyumning suvlanganlik darajasi va izobara xaritasida qatlam bosimining taqsimlanish xarakteri tahlil qilinadi.
Uyumni ishlatish holatining asosiy ko’rsatkichlarini o’rganish qatlamning ayrim uchastkalaridagi neft zaxirasining to’liq chiqarib olinganligini, qo’llanilayotgan ishlatish sistemasidan samarali foydalanilayotganligini baholash hamda uyumning neft beraolishlik koeffitsientini oshirish va neft chiqarib olishni kuchaytirish maqsadida uyumni ishlatishni tartibga solish bo’yicha tadbirlar belgilash imkonini beradi.
12.1. KONNING ISHLATISH JARAYONINI TARTIBGA SOLISHDAN ASOSIY MAQSAD
Neft va gaz uyumlarini ishlatishni tartibga solish deganda turli texnologik va texnik tadbirlar majmuasi yordamida uglevodorodlarni qazib olish jarayonining boshqarish tushuniladi. Tartibga solish sistemasi qatlam flyuidlarining yo’nalishini va filtratsiya tezligini maqsadga muvofiq ravishda o’zgartirish va zaxiralarni drenajlash uchun qulay sharoitlarni yaratishdan iborat. Bunday tadbir uyumning oxirgi ishlatish davrigacha amalga oshiriladi.
Neft va gazni qazib olish jarayoni doimo tartibga solib turiladi. Bunday tadbirning zarurligi quyidagi sharoitlarga qarab aniqlanadi.
Odatda uyumning tuzilishi to’liq o’rganilmagan bo’lsa, ishlatish tizimini asoslash razvedka sistemalarining siyrak to’ri ma’lumotlari bo’yicha bajariladi. SHuning uchun ham ishlatish sistemasi uyumning o’rtacha parametrlari asosida loyihalanadi va uning haqiqiy holatiga yaqinlashtirilgan geologik modeli bo’yicha tuziladi. Shu tufayli qabul qilingan ishlatish sistemasi ishlatish ob’ektining tuzilishini hamma detallariga to’liq javob beraolmaydi. SHuning uchun ham uyumni o’zlashtirish davrida loyihada ko’rilgan masalalarni qo’shimcha tadbirlar bilan to’ldirish kerak. Bunday tadbirlar uyumning tuzilishini puxtalik bilan o’rganish va uni ishlatishni tartibga solish uchun zarurdir.
Keyinchalik ishlatilayotgan neft uyumini vaqt o’tishi mobaynida o’zgarib turadigan murakkab dinamik sistema deb qaraladi. Kondagi neft zaxirasi olinaboshlangan sari ularni chiqarib olish sharoiti alohida uchastkalar va umuman uyum bo’yicha doimo o’zgarib, murakkablashib boradi. Natijada qatlamning faqat neft-gazli qismining qalinligi qisqaradi, quduqlar fondi kamayib, ularning holati o’zgaradi. Bunday sharoit avval qabul qilingan texnologik tadbirlarning doimiy rivojlanib borishini, uyumning ayrim uchastkalaridan va quduqlar oralig’idan ham neft qazib olishni taqazo etadi. SHuningdek, qazib olingan mahsulotni quduqlararo va uchastkalararo masofaga haydash zarur bo’ladi. Bulardan tashqari zonalar ta’siridan tashqarida joylashgan uchastkalarni va tegilmagan neft qoldiqlarini ishlatishga jalb etish choralarini belgilash, ya’ni zaxiralarni ishlatish vaqtida sharoit doimiy o’zgarib turishini inobatga olgan holda, katta hajmdagi uyumni ishlatishni tartibga solish bo’yicha bir qancha tadbirlarni qo’llash zarur bo’ladi.
Neft uyumini ishlatishni tartibga solishning maqsadi oqilona ishlatish sistemalariga quyiladigan talablarga bo’ysunadi. Birinchi navbatda loyihada qayd etilgan ishlatish ob’ekti neftni olish dinamikasini tartibga solish yordamida zarur ma’lumotlar bilan ta’minlanishi kerak.
Uyumni ishlatishning dastlabki bosqichida tartibga solish neft va gaz qazib olish borasida loyihaning eng yuqori darajasiga ko’tarilishga imkon berishi kerak. Bunday darajaga sistemani to’liq ishlatish orqali erishish mumkin. Uyumni ishlatishning II va III bosqichi oxirida ishlatishni tartibga solishning ko’lami judayam ortib ketadi, chunki bu vaqtda neft va gazni uzoq vaqt mobaynida eng ko’p miqdorda olib turishni ta’minlash va keyinchalik neft olish sur’atini kamaytirish masalasi hal etilishi kerak.
Uyumni ishlatishni tartibga solishdan kutilgan boshqa muhim maqsad loyiha koeffitsienti bo’yicha uyumdan neft olishga erishishdan iborat. Buning uchun uyumni ishlatishga topshirishdan boshlab, uni loyiha bo’yicha neft berishiga sharoit yaratilishi kerak. SHu boisdan uyumni ishlatishni tartibga solish chorasini belgilashda asosiy maqsad yer qa’ridan imkon boricha ko’p neft chiqarib olishga qaratilishi lozim.
Uyumni ishlatishni tartibga solishdan kutilgan yana bir maqsad qazilgan quduqlar fondidan eng ko’p foydalanish, neftni siqib chiqaruvchi omilni qatlamga haydash uchun sarf bo’ladigan harajatlarni kamaytirish, neft beraolishlikka zarar keltirmay, yo’lakay suvlarni chiqarib olish va b. orqali iqtisodiy ko’rsatkichlarni har tomonlama yaxshilashdan iborat.
Qatlamga ta’sir etishda uyumni ishlatishni tartibga solish haydash va chiqarish quduqlari orqali amalga oshiriladi. Haydash quduqlari orqali ishlatishni tartibga solishda haydalayotgan omil uyumning butunlay hajmiga to’liq ta’sir etadi. Chiqarish quduqlari orqali ishlatishni tartibga solishda uyumning butun hajmi sizdiriladi. Tabiiy rejimda uyumni ishlatishni tartibga solish uchun faqat chiqarish quduqlaridan foydalaniladi.
Ishlatish jarayonini boshqarishda aniq vazifalarni hal etish uchun tartibga solishning ko’p metod va usullaridan unumli foydalaniladi. Ishlatishni tartibga solishning ikki guruhi ma’lum:
qabul qilingan ishlatish sistemasiga jiddiy o’zgartishlar kiritmay burg’ilangan quduqlar orqali uyumni ishlatishni tartibga solish;
ishlatish sistemasini o’zgartirib yoki uni takomillashtirib (yangi quduqlarni burg’ilash, uyumlarning yangi «kesish» chiziqlarini o’tkazish, haydash bosimini va ishlatish usulini o’zgartirish) tartibga solish.
Uyumni ishlatishni tartibga solishning metod va usullarini asoslash aniq geologik-geofizik sharoitlarga va printsiplarga qo’yilgan vazifalarga ko’ra tanlab olinadi va asoslab beriladi.
|
| |