|
KONNI ISHLATISH MOBAYNIDA YER QA’RINI MUHOFAZA QILISH
|
bet | 205/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 16.3. KONNI ISHLATISH MOBAYNIDA YER QA’RINI MUHOFAZA QILISH
Neft, gaz yoki gazkondensat konlarini va uning ayrim ob’ektlarini to’liq ishlatish tasdiqlangan texnologik sxemaga yoki loyihaga binoan amalga oshiriladi. Neft konlarini ishlatishda neft bilan birga qazib olinayotgan gaz va suvdan foydalanish uchun tadbirlar belgilanadi.
Neft hoshiyasi bo’lgan gaz uyumining gazli qismida burg’ilash ishlari, qoida bo’yicha, hoshiyadan neft to’liq olib bo’lingandan so’ng amalga oshiriladi, bunda uyumning gazli qismi bilan neftning aralashib ketishining oldini olish zarur. Neft hoshiyasi bo’lgan uyumning neft va gaz qismlarini bir paytda ishlatish loyihada asoslanishi kerak.
Gazkondensat konini ishlatishda kondensatni to’liq chiqarib olish imkonini beradigan, uning qatlamda yo’qolishiga yo’l qo’ymaydigan sharoitni ta’minlash lozim.
Konni ishlatish jarayonida uyum tomon suvning harakatlanishi (suv-neft, gazneft yoki gaz-suv tutash yuzalarning harakatlanishi) va bosimning taqsimlanishi nazorat qilinishi zarur. Qatlamga ta’sir ko’rsatish (suv bostirish, gaz haydash) uchun qatlam suvi (gazi)dan foydalanishga e’tibor berish kerak. Neft va gazning yo’qolishiga va kon hududining ifloslanishiga qarshi kurashish uchun neft, suv va gazning isrof qilmasdan yig’ilishini ta’minlash juda muhim.
Ishlatish va haydash quduqlarining ish rejimini belgilashda har bir quduqdan olinadigan neft, gaz va suv debitining (suv, gaz qabul qilaolishligining), quduq og’zidagi bosimning qatlamga beriladigan depressiya va b.ning eng maqbul miqdorini o’rnatish kerak. Quduqdan chiqarib olinadigan suyuqlik va gaz miqdori hamda qatlamga beriladigan depressiya shunday tanlanishi kerakki, toki ular ta’sirida qatlam skeletining tabiiy tuzilishi buzilmasin, suvlanish tili va suvlanish konusi quduq tubi tomon tortilmasin.
Foydalanish va haydash quduqlari og’zidan neft otilishi yoki ochiq favvoralanishining (haydalayotgan suvning yo’qolishining) oldini olish maqsadida ularni tegishli uskunalar bilan jihozlash lozim.
Nuqsonli quduqlardan foydalanishga (ishlatish quvurlari birikmasining, flanetsli tutashmalarning, mustahkamlash quvurlari birikmasi ortidagi sement halqaning germetikligi buzilganda) yo’l qo’yilmaydi va bundan faqat yer qa’rini muhofaza qilish qoidalari buzilmagan ayrim hollargina mustasnodir. Nuqsonli quduqlarni ishlatishga ruxsat berilganda ularning Davlat kon-texnika nazorati hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan maxsus ish rejimi tasdiqlanadi. Boshqa barcha nuqsonli quduqlarda quvurlar birikmasining nima uchun germetik emasligi sabablarini hamda suvlanish manbalarini aniqlash uchun tadqiqotlar o’tkazish va ta’mirlash-izolyatsiya ishlarini amalga oshirish zarur.
Gaz quduqlaridan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan murakkabliklarni aniqlashga alohida e’tibor berish lozim.
Gaz quduqlaridan foydalanish jarayonida gaz bir qatlamdan ikkinchisiga jadal sur’atda oqib yoki sizib o’tsa, u holda quduqqa suv yoki gilli eritma haydaladi va lozim bo’lgan izolyatsiya ishlari amalga oshiriladi. Bu nuqsonlarni bartaraf etish mumkin bo’lmagan hollarda quduqni tugatish, gazli ob’ektlarni esa izolyatsiyalash kerak. Agar gaz yoki gazkondensat konlarini ishlatish jarayonida yuqorida joylashgan qatlamlarda pastdagi qatlamdan gazning sizib yoki oqib o’tishi sodir bo’lib, ikkilamchi gaz to’plami yuzaga kelsa, u holda gaz chiqib kelayotgan manbani aniqlab, gazning yo’qolishiga chek qo’yish zarur.
Ishlatilayotgan konlarda to’plangan ikkilamchi gazlar maxsus burg’ilangan nazorat-drenaj gazsizlantirish quduqlari vositasida yer yuzasiga chiqarib yuboriladi.
Bunda chiqarib yuborilayotgan gazdan omilkorlik bilan foydalanish bo’yicha tadbirlar belgilanadi. Gazning yer ostidan sizishini va qatlamlararo oqib o’tishini o’z vaqtida aniqlash uchun yuqori qatlam bosimiga ega bo’lgan yirik gaz va gazkondensat konlarini ishlatish boshlanishi bilan bir vaqtda maxsus quduqlarda muntazam kuzatishni yo’lga qo’yish lozim. Bundan tashqari gaz ajralishini aniqlash uchun konning butun maydoni bo’ylab muntazam kuzatish ishlari yo’lga quyiladi.
Gaz ajralishi aniqlansa, gazning yer ostidan sizishini va qatlamlararo oqib o’tishini bartaraf etish choralari ko’riladi.
Ishlatilayotgan gaz quduqlarining mustahkamlash quvurlari birikmasi ortida gaz oqimi vujudga kelsa va nosoz gaz quduqlarida gaz namoyonlanishi kuzatilsa, ularning shiddatini pasaytirish uchun yaqin masofada yangi quduqlar qaziladi va katta miqdorda gaz chiqarib olinadi. Qatlamlararo gaz oqimi shiddati pasaygandan so’ng yangi qazilgan quduqlar jadallashtirilgan rejimdan maqbul rejimga o’tkaziladi yoki vaqtincha to’xtatib qo’yiladi.
Quduqning suvlanishi yoki ishdan chiqish darajasiga qarab, shuningdek, texnik va geologik sabablarga binoan quduqni boshqa ob’ektlarga o’tkazish zaruriyati tug’iladi.
Quduqlarni boshqa ob’ektlarga o’tkazish ulardan ushbu ob’ektda haydash, pezometrik, nazorat qilish, kuzatish quduqlari sifatida foydalanish mumkin bo’lganda (yoki texnik jihatdan yaroqsiz bo’lganda) amalga oshiriladi.
Mahsulotning yuqori darajada suvlanganligi va quduqning unumdorligini pastligi uni boshqa ob’ektga o’tkazishni taqazo etadigan asosiy texnologik sabablar hisoblanadi. Agar mahsulot loyihada ko’rsatilgan eng yuqori darajada suvlangan bo’lsa yoki neft debiti loyihadagi eng kam rentabellik darajasigacha pasaygan bo’lsa, ishlatilayotgan quduq ushbu ob’ekt uchun o’zining loyihadagi vazifasini bajargan hisoblanadi. Qatlamga haydalayotgan suv geologik-texnik sabablarga ko’ra unga ta’sir ko’rsatolmasa, u holda haydash qudug’i boshqa ob’ektga ko’chiriladi. Gaz omili ushbu ob’ekt uchun belgilangan me’yordan yuqori bo’lganda ham quduqlar boshqa gorizontlarga ko’chiriladi.
Quyidagi hollarda quduqlar texnik sabablarga binoan boshqa ob’ektlarga ko’chiriladi: 1) quduqlarga «begona» suvlarning oqib kirishini to’xtatish maqsadida izolyatsiya ishlarini amalga oshirish imkoniyati bo’lmaganda; 2) mustahkamlash quvurlari birikmasining shikastlanganligi (ularni tuzatish uchun texnik imkoniyatlar yo’qligi) sababli quduqni ishlatish mumkin bo’lmay qolganda; 3) quduqda murakkab, bartaraf etib bo’lmaydigan (nasos-kompressor quvurlarining sinishi, qisilib qolishi va b.) texnik falokatlar yuz berganda.
Quduq Davlat kon-texnika nazoratining mutassadi tashkilotlari bilan kelishilganidan so’ng boshqa ob’ektga ko’chiriladi. Quduqni yuqorida joylashgan ob’ektga ko’chirishda, pastdagi shu paytgacha ishlatilgan ob’ekt sement stakan (tiqin) qo’yish yo’li bilan izolyatsiya qilinadi.
|
| |