|
KORXONALARDA BAJARILADIGAN GEOLOGIK XIZMAT
|
bet | 208/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 16.6. KORXONALARDA BAJARILADIGAN GEOLOGIK XIZMAT
Neft-gaz qazib oluvchi korxonalar va burg’ilash tashkilotlari quyidagi asosiy vazifalarni bajaradilar:
Yangi quduqlarni burg’ilash uchun yangi joylar (nuqtalar) tayyorlanishini ta’minlaydilar. Buning uchun razvedka va ishlatish quduqlarining burg’ilash rejalari tuziladi; tegishli geologik hujjatlar (geologik, struktura va boshqa xaritalar, kesmalar, quduqni burg’ilash to’g’risidagi dalolatnoma, geologik hisobotlar va b.) tayyorlanadi; quduqni qurish uchun joy ajratilishi ta’minlanadi (kelishiladi).
Topografik-geodezik va marksheyderlik ishlari (geologik, geofizik va boshqa tadqiqotlar bajariladigan uchastkalarning plan-balandlik holati hamda konlarning marksheyderlik rejalari va tog’ hamda yer shahobchalari rejalarini tuzish bo’yicha ishlar) amalga oshiriladi; quduq tanasi tasvirga tushiriladi; quduqni qurish ma’lumotlari tahlil qilinadi, ishlatilayotgan uyumlarning yuqori qismi yer yuzasining va quduq atrofining cho’kishi, kon inshootlari qurilgan zonada yer ko’chish hodisalari ustidan geodezik kuzatuv olib boriladi.
Quduqlarni burg’ilash va o’zlashtirish ustidan geologik nazorat ta’minlanadi. Konni burg’ilash jarayonida quyidagi geologik xizmat ishlari bajariladi:
tasdiqlangan loyiha asosida konni burg’ilashni va geologik-texnik naryadga muvofiq ravishda quduq qurilishini nazorat qilish; keyinchalik burg’ilanadigan razvedka quduqlari joyini aniqlash va ishlatish loyihasiga tuzatishlar kiritish maqsadida razvedka va ishlatish quduqlarini burg’ilash natijalarini muntazam tahlil qilib borish va h.k. Har bir quduqning to’laqonli ma’lumotlar berishiga erishish lozim.
Shu munosabat bilan geologiya xizmati xodimlari barcha quduqlar uchun shart bo’lgan kon-geofizik tadqiqotlar majmuining amalga oshirilishini, kernning talabga to’la javob beradigan hajmda chiqarilishini va shlam namunasi olinishini va uni darhol kuzatuvdan o’tkazib, saqlanishi va tahlil qilinishini, quduqlarning sifatli burg’ilanishini, burg’ilash jarayonida neft, gaz va suv namunalari olinishini, quduqlarni sinab ko’rish va tajriba tariqasida ishlatilishini, konning gidrogeologik sharoitlarini o’rganishni, quduqda suv oqimi chiqayotgan joyni belgilashni ta’minlashlari lozim. Bundan tashqari mahsuldor qatlamni ochishga va quduq tubini jihozlashga katta e’tibor berish kerak.
Razvedka quduqlarini sinash, o’zlashtirish va tajriba tariqasida ishlatib ko’rishda geologiya xizmatining asosiy vazifasi quydagilardan iboratdir: kon kesimida aniqlangan barcha neftli va gazli qatlamlarning to’laqonli sinalishini ta’minlash; bir paytning o’zida qatlam va quduq tubi bosimini o’lchagan holda turli rejimlarda quduqlarning mahsuldorligi tavsifini aniqlash; neft va gazning tarkibini o’rganish maqsadida katta chuqurlikdan va yer yuzasidan namunalar olish; quduqlarda amalga oshiriladigan izolyatsiya ishlarining zarurligini asoslash; quduqlarni tajriba ishlatish jarayonida qatlam bosimi dinamikasini va gaz omilini hamda neftlilik va gazlilik chegaralari holatini o’rganish; qatlamning ish rejimini aniqlash.
Konning ishlatilishini kuzatadi: neftli qatlamlardan va ayrim quduqlardan neft va gaz namunalari olish hamda ishchi omilni haydash me’yorini asoslashda ishtirok etadi; qatlam bosimi o’zgarishini, quduqlarni boshqa qatlamlarga qaytarishni, harakatlanayotgan suv va gaz chegaralari o’zgarishini tartibga solishni, quduqlarni kapital ta’mirlashni diqqat bilan nazorat qiladi; qatlamning gazga to’yinganligi va suvga to’yinganligi o’zgarishini, chiqarib olinayotgan suyuqlik va gazning fizik va kimyoviy xususiyatlarini nazorat qiladi; neft qazib olishni ko’paytirish bo’yicha tadbirlar o’tkazilishini geologik jihatdan asoslab beradi. Gaz quduqlariga gaz qazib olish bo’yicha operatorlar xizmat qiladi.
Gaz quduqlari ishining texnologik rejimini aniqlash maqsadida ularni tadqiq
qilish qoida bo’yicha konning geologik xizmati tomonidan har uch yoki olti oyda quduqqa xizmat qiladigan operatorlar ishtirokida amalga oshiriladi.
Ishlatish loyihalarini tuzishda ishtirok etadi va konni ishlatish jarayoni ustidan nazorat olib boradi; uning samaradorligini tahlil qiladi; konni ishlatish paytida neft va gaz zaxiralari o’zgarishini nazorat qiladi.
Neft va gaz qazib olishni rejalashtirish uchun geologiya-kon ma’lumotlarini tayyorlaydi va rejalashtirishda ishtirok etadi.
yer qobig’i va atrof muhitni mohofaza qilish uchun tadbirlarni amalga oshiradi. Har bir neft va gaz konida quyidagilar bo’lishi lozim:
yer qa’rini va konning yer yuzasidagi inshootlarini tavsiflovchi, u haqdagi asosiy ma’lumotlar yozilgan pasport; geologik ma’lumotlar (qatlamlar tavsifi, quduqlar fondi, neft, suv va yo’lakay gaz qazib olish haqidagi ma’lumotlar); mavjud ishlab chiqarish va maishiy binolar, moddiy-texnik jihozlanish to’g’risidagi ma’lumotlar;
kon va uning chegaralari ifodalangan plan, kondagi bino va inshootlarning va ularning ichidagi kommunikatsiyalar ko’rsatilgan plan (neft, gaz va suv quvuruzatgichlari, magistral va kichik yo’llar, kuchlanish va yoritgich elektr uskunalari, telefon aloqasi va b.);
geologik xaritalar va har bir ishlatilayotgan qatlam bo’yicha qazilgan quduqlarning joylashuvi ko’rsatilgan konni ishlatish xaritalari hamda quduqning hamma zaruriy xujjatlari (kesimlar, jurnallar, karotaj diagrammalari va b.).
|
| |