|
-bob NEFT, GAZ VA KONDENSAT ZAXIRALARI TO’G’RISIDA UMUMIY MA’LUMOT
|
bet | 209/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 17-bob NEFT, GAZ VA KONDENSAT ZAXIRALARI TO’G’RISIDA UMUMIY MA’LUMOT
Geologik kesimning o’rganilgan chegarasidagi jinslar − kollektorlardagi neft, gaz, kondensat va tabiiy bitumlar manbalari miqdoriga zaxiralar deb ataladi. SHunga ko’ra, ayrim qat, qatlam, zona, bloklardagi hamda uyum, kon, konlar guruhi, neftli qatlam va sh.k.lar chegarasida qayd qilingan har qanday geologik jismdagi zaxiralar miqdori aniqlanishi lozim. Uglevodorodlar miqdorini aniqlash tadbirlari zaxiralarni hisoblash deb ataladi. Zaxiralari aniqlanayotgan ob’ekt hisoblash ob’ekti deyiladi.
Uyum, kon, rayon va sh.k.lardagi neft, gaz va kondensat zaxiralari xalq
xo’jaligida muhim ahamiyatga ega. Shu sababli burg’ilash ma’lumotlari asosida uglevodorod manbalari mikdorini aniqlash va ular tarkibidagi foydali komponentlarni sanoat miqyosida olishga yaroqliligini baholash maqsadida
O’zbekiston Respublikasida hamda MDH da zaxiralar tasnifi va ularni qo’llash bo’yicha yo’riqnomalar (1983, 1984 y.) ishlab chiqilgan. Zaxiralar tasnifi neft, gaz va kondensatlarning miqdorini, sifatini o’rganilganlik darajasini, zaxiralarni sanoat miqyosida o’zlashtirilganligini davlat miqyosida hisobga olinganligiga asoslanadi. Shuningdek, ularni jami qazib chiqarilgan va ushbu jarayonda isrof bo’lgan miqdori to’g’risidagi ma’lumotlar ham zarur bo’ladi.
Zaxiralarni hisoblash uchun neft va gaz uyumlari bilan bog’liq konlarni har tomonlama geologik o’rganish va ularning yotish sharoitlarini o’ziga xos xususiyatlarini bilish zarur. Neft va gaz uyumlarini mukammal va har tomonlama geologik o’rgangandan so’ng zaxiralarni hisoblash ancha soddalashadi va to’g’ri bajarilgan bo’lishi mumkin.
Neft zaxiralarini hisoblash bo’yicha dastlabki ishlar 1922 yilda geolog S.I. Charnotskiy tomonidan nashr ettirilgan (zaxiralarni hisoblashni o’zi esa 1916-1917 y.y.da bajarilgan). SHu davrga kelib neft zaxirasi Kuban hududi bo’yicha hajmiy metod va Groznen hududi bo’yicha statistik metod bilan hisoblangan edi.
Neft zaxiralarini hisoblash bo’yicha muntazam ishlar MDH ning asosan neftli hududlarida 1924 yildan, ya’ni neft sanoati tiklangandan va texnik rekonstruktsiya qilingandan so’ng boshlandi. 1925 yilda umuman MDH bo’yicha neft zaxiralarini hisoblashda birinchi urinish qilingan edi.
1927 yilda Boku hududidagi neft zaxiralarini hisoblash bo’yicha maxsus guruh tashkil qilindi, 1928 yil boshida esa hukumat qarori bilan Davlat Geologiya qo’mitasining neft sektori qoshida MDH hududlari bo’yicha neft zaxiralarini birinchi marotaba hisoblash uchun maxsus komissiya tuzildi.
Ko’rsatilgan ishlarni bajarish uchun qator neft hududlarida zaxiralarni hisoblash bo’yicha yacheykalar tashkil qilindi.
1928-1932 yillar mobaynida S.I.Mironov rahbarligida ayrim neft hududlaridagi zaxiralarni hisoblash metodlarini takomillashtirish masalalariga bag’ishlab har yili konferentsiyalar o’tkazib turildi.
Natijada zaxiralarni hisoblashning hajmiy metodiga aniqlik kiritilib, uning hajmiy-statistik varianti ishlab chiqildi. V.V. Bilibin neft zaxiralarini hisoblashda matematik statistika asoslaridan foydalanishni taklif etdi.
XVII Xalqaro Geologik kongressda (XGK) (Moskva, 1937 y.) I.M.Gubkin rahabarligida sobiq Ittifoqdagi neft zaxiralarini hisoblash bo’yicha juda katta metodik, ilmiy va amaliy ahamiyatga molik ishlar bajarildi.
Neft zaxiralarini hisoblash metodlari rivojlanishi bilan birga gaz zaxiralarini hisoblash metodikasi ham takomillashtirildi. Ilmiy Akademiyaning Energetika instituti tashabbusi bilan 1937 y.da M.A.Jdanov va S.V. SHumilinlar tomonidan sobiq Ittifoq bo’yicha gaz zaxiralari birinchi marta hisoblab chiqildi. Gaz zaxiralarini hisoblashda hajmiy metoddan tashqari bosim pasayish metodi ham keng qo’llanila boshlandi.
Neft zaxiralarini statistik metod bilan hisoblashda boshlang’ich debitlarni aniqlash muhimdir. Boshlang’ich debitlarni aniqlashda ishlab turgan qo’shni quduqlar ma’lumotlaridan yoki qo’shni o’xshash qatlamlarda burg’ilangan quduqlar bo’yicha to’plangan ma’lumotlardan foydalanish taklif etildi. SHuningdek, quduqning ehtimoliy unumdorlik egri chizig’ini tuzish metodikasiga ham ayrim aniqliklar kiritildi.
Keyinchalik, yangi neft hududlarida zaxiralarni hisoblashning hajmiy metodi kengroq qo’llanila boshlandi. Bu metodni takomillashtirish ishlari asosan hisob-kitob qilish uchun dastlabki ma’lumotlarni aniqlash, ularga ishlov berish va o’rtacha qiymatni hisoblash metodikasiga aniqlik kiritish yo’nalishlarida olib borildi. 1949 yilda M.A.Jdanov tomonidan material balans metodining asosiy holatlari chop etildi, lekin bu metoddan etarli darajada foydalanilmadi.
1959 yilda M.A.Jdanov neft va gazning istiqbolli (bashorat) zaxiralarini sifat jihatdan va miqdoriy baholash metodikasi bo’yicha to’plangan ma’lumotlarni umumlashtirib nashr etdi.
Zaxiralar bo’yicha tuzilgan sobiq Ittifoq Markaziy komissiyasi, so’ngra zaxiralar bo’yicha tuzilgan Umumittifoq komissiyasi va keyinchalik qayta nomlangan foydali qazilmalar zaxiralari bo’yicha Davlat komissiyasi 1960-80 yillarda neft va gaz zaxiralarini hisoblash metodikasining takomillashuviga yordam berdi.
Hozirgi vaqtda sobiq Ittifoqda va O’zbekiston Respublikasida 1983 yilda qabul qilingan «Konlar, neft va yonuvchi gaz manbalarining istiqbolli va bashorat zaxiralari tasnifi» qo’llanilmoqda.
Zaxiralar tasnifi yer qa’ridagi neft va gaz zaxiralarini ularni geologik jihatdan o’rganilganlik darajasiga va sanoat miqyosida o’zlashtirishga tayyorlanganligiga ko’ra umumiy printsiplarga asoslanib hisoblash imkonini beradi. Zaxiralarni u yoki bu toifaga kiritish ularning aniqlanganligining ishonchligiga, geologik sharoitlarni va hisoblash ob’ektini o’rganilganlik darajasiga bog’liqdir.
1984 yilda sobiq Ittifoqda zaxiralar tasnifini qo’llash bo’yicha ishlab chiqilgan yo’riqnoma talablarida neft va gaz konlarini razvedka qilish va ishlatishda, ularni qazib chiqarish va qayta ishlash korxonalarini loyihalashda hamda neft va gaz konlari zaxiralarini hisoblash va Davlat Zaxiralar Komissiyasiga (DZK) taqdim etishda unga rioya qilish majburiy deb belgilandi.
|
| |