|
Elektr va radiokarotajni geologik izohlash
|
bet | 31/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 4.4.1. Elektr va radiokarotajni geologik izohlash
Geofizik ma’lumotlarni geologik talqin qilish usuli. Karotaj diagrammalarini geologik talqin qilish natijasida burg’ quduq kesimida neftli, gazli qatlamlarni ajratish, ularning g’ovaklilik, o’tkazuvchanlik, uglevodorodga to’yinganlik koeffisientlarini va b.ni aniqlash mumkin.
Karotaj diagrammalarini to’g’ri va ishonchli talqin qilish uchun karotaj metodlarining fizik asoslarini bilish lozim, bunday ma’lumotlar kon geofizikasi fanida keng beriladi. Shu sababli bu bobda burg’ qudug’i ochgan tog’ jinslarining litologik tarkibini qiyosiy aniqlash imkonini beruvchi karotaj diagrammalarini geologik talqin qilish asoslari bilan cheklanamiz.
Ma’lumki, burg’ qudug’ining geologik kesimi ikki yo’l bilan tuziladi. Birinchisida kesim burg’ilash chog’ida olingan jins namunalari va kern tavsifi asosida, ikkinchisida quduqda bajarilgan geofizik karotaj ishlari natijalariga qarab tuziladi. Kesimning aniqligi va ishonchliligi karotaj egri chiziqlari va jins namunalaridan aniqlangan litologik tarkib ma’lumotlarini o’zaro solishtirish va ularning bir-biriga qanchalik mos kelishiga qarab belgilanadi. Karotaj diagrammasiga asoslanib aniqlangan quduq kesimidagi jinslarning litologik tarkibining ishonchliligi maydonning geologik jihatdan qay darajada o’rganilganligiga va geologik-geofizik sharoitlariga bog’liq.
Odatda bir tarkibli jinslardan (terrigen, karbonat) tuzilgan geologik kesimlardagi qatlamlarning litologik tarkibi karotaj egri chiziqlarida turli-tuman litologik tarkibli jinslardan tuzilgan qatlamlarnikiga nisbatan yaqqol ajralib turadi. Birinchi holda kesimdagi jinslarni litologik tarkibiga ko’ra ajratish uchun standart karotajdan foydalanish kifoya qilsa, ikkinchisida standart karotajdan tashqari kon-geofizikasi metodlari majmuidan ham foydalanish zarur bo’ladi.
Karotaj egri chizig’i ma’lumotlari yordamida kesimni qatlarga ajratish va litologik tarkibini aniqlashda ularga karotaj o’lchovlari o’tkazilayotgan sharoitlar ta’siri kuchli bo’ladi. Masalan, quduq sho’r burg’ilash eritmasi bilan to’ldirilgan bo’lsa, KS va PS egri chiziqlari biroz tekislanib qoladi, natijada olingan elektr karotaj ma’lumotlari kesimni ajratish uchun etarli bo’lmaydi, katta diametrli quduqlarda bajarilgan neytron gamma-karotaj egri chiziqlari kuchsiz taqsimlanganligidan ular asosida turli litologik tarkibli jinslarni ajratish qiyin kechadi.
Geologik jihatdan yaxshi o’rganilgan rayonlarda, masalan, foydalanilayotgan konlar maydonlarida kesimni bir yoki ikki metod bilan bajarilgan karotaj egri chiziqlari yordamida o’rganish kifoya qiladi, razvedka quduqlarida esa kesimdagi jinslarning litologik tarkibini aniqlash uchun ko’p sonli karotaj metodlaridan foydalanish zarur bo’ladi.
Ko’pgina hollarda kesimdagi jinslar elektr karotaj diagrammalari asosida katta aniqlikda ajratiladi. Asosan standart karotajlardan zohiriy qarshilik (KS), o’z-o’zidan tabiiy qutblanish (PS) metodlaridan foydalaniladi. Ulardan keyin yonlama zondlash karotaji va yonlama zondlash mikrokarotaji, so’ngra radioaktiv karotajining turli metodlari, kavernomer diagrammalari va b. bajariladi.
Quyida asosiy cho’kindi jinslarning karotaj diagrammalari bo’yicha aniqlangan tavsifi beriladi.
|
| |