|
«O’zbеknеftgaz» Milliy Xolding Kompaniyasi
|
bet | 32/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiQum-gilli jinslar. Quduqning geologik kesimi qum, qumtosh, alevrolit va gil
jinslardan tarkib topgan bo’lsa, uni o’rganishda elektr karotaj diagrammasi ahamiyat kasb etadi.
Qum va qumtoshlar. Qum zarralari o’lchami 2 mm dan 0,05 mm gacha o’zgaradi. Zarralarning katta-kichikligiga ko’ra yirik (2-1 mm), o’rtacha ― (1-0,5 mm), mayda ― (0,5-0,25 mm), juda mayda (0,25-0,05 mm) qumlar bo’ladi. Mineralogik tarkibiga ko’ra kvartsli, arkoz, glaukonitli, temirli va ko’p mineralli qumlar mavjud. Qumtosh sementlangan qum bo’lib, asosan kaltsiy, gips, gil, kvarts, xaltsedon, opal, temir oksidi, bitum va boshqa moddalar bilan sementlanadi. Zarralar o’lchamiga ko’ra dag’al, yirik, o’rtacha va mayda zarrali xillardan iborat bo’ladi. Odatda qum va qumtoshlarning elektr toki o’tishiga qarshiligi ularning g’ovakligining va zarralar orasidagi bo’shliqlar strukturasining hamda g’ovaklarni band qilgan suyuqliklar tuz miqdorining o’zgarishiga ko’ra katta chegarada o’zgaradi.
Yer yuzasiga yaqin joylashgan, chuchuk va kam minerallashgan suvlar bilan to’yingan qum qatlamlarining solishtirma qarshiligi yuqori bo’lib, odatda bir necha o’n va hatto yuz om-metrga etadi. Katta chuqurliklarda joylashgan qumtosh jinslar ko’pincha ko’p minerallashgan qatlam suvlariga to’yinganligidan ularning qarshiligi g’ovaklik miqdorining o’zgarishiga bog’liq holda om-metrning o’nli ulushidan bir necha om-metrgacha o’zgaradi.
Solishtirma qarshilikning past qiymatlari g’ovakligi yuqori jinslarga ― qum va bo’shoq qumtoshlarga xos; g’ovakligi kam, nisbatan sementlangan qumtoshlar qarshiligi yuqori bo’lib, katta intervalda o’zgaradi, juda qattiq sementlanganlarining qarshiligi bo’shoq qumtoshlarnikiga nisbatan o’n va yuz marta yuqori. Neft va gazga tuyingan qumli jinslarning qarshiligi esa, ushbu gorizontga xos minerallashgan suvlar bilan to’yingan shunday jinslar qarshiligiga nisbatan bir necha barobar yuqori bo’ladi.
Demak, elektr karotaj diagrammalarida qum qatlamlarining zohiriy qarshiligi yuqori yoki past ko’rsatkichlarga ega bo’lishi mumkin. CHuchuk suvda tayyorlangan burg’ilash eritmasi zardobini quduq devoriga singishidan qumli qatlamlarning zohiriy qarshiligi ortadi.
Gil jinslari aralashmalari va qatchalaridan xoli qum va qumtosh jinslardagi qatlam suvlarining minerallashish darajasi burg’ilash eritmasinikidan yuqori bo’lganda ularda o’tkazilgan o’z-o’zidan qutblanish karotaji (PS) diagrammasida qarshilik egri chiziqlari qiymati eng kam-manfiy qiymatli tomonga og’adi, ya’ni minimumga yaqinlashadi. Buning aksi bo’lganda qum va qumtoshlarda PSning musbat anomaliyalari qayd qilinadi.
Agar burg’ilash eritmasi va qatlam suvlarining minerallashganligi bir xil bo’lsa, u holda yuza quduqlardagi suvli gorizontlar karotajida hamda sho’r burg’ilash eritmasi bilan to’ldirilgan chuqur quduqlar karotajida PS egri chiziqlari silliqlangantekislangan ko’rinish oladi, qum va qumtosh qatlamlar qarshisida anomaliyalar kuzatilmaydi. Tarkibida gil aralashmalari bo’lgan qum va qumtosh qatlamlarga PS egri chiziqlarining minimumi mos keladi; agarda gil aralashmalari miqdori ko’p bo’lsa, u holda PS diagrammalarida gilli qumlar va gilli qumtoshlarni ajratib bo’lmaydi.
Gil sement bilan sementlangan qumtosh jinslar PS karotaj egri chizig’ida kuchsiz qiyshayishlar kuzatiladi. Zich gilli qumtoshlarni PS diagrammasida ajratib bo’lmaydi. Neft va gazga to’yingan qumtoshlar PS egri chizig’ida xuddi suvli gorizontnikiga teng qiymatlarga ega bo’ladi.
Mikrozond diagrammalarida yuqori g’ovaklikka va o’tkazuvchanlikka ega bo’lgan qum va qumtoshlarning zohiriy qarshiliklari past bo’lib, odatda burg’ilash eritmasi qarshiligidan 1,5-2 marta ko’p bo’ladi. SHuningdek, bunday jinslarda potentsial-mikrozond bilan o’lchangan zohiriy qarshiliklar qiymati gradientmikrozond bilan o’lchangan qiymatlardan yuqori bo’ladi, ya’ni ko’payish doimo musbat tomonga bo’ladi. Ayrim hollarda suvli qumtosh jinslar vertikal yo’nalishda yuqori o’tkazuvchanlikka ega bo’lsada, uning quyi qismiga burg’ilash eritmasi zardobi shimilmaydi. Bunday vaqtda mikrozond diagrammalarida zohiriy qarshiliklarning musbat qiymatining ortishi kuzatilmaydi, chunki gradient va potentsial mikrozondlar bilan o’lchangan qarshiliklar qiymati bir xil bo’ladi.
Qum va bo’shoq qumtoshlarda gradient-mikrozondlar bilan o’lchangan zohiriy qarshiliklar (KS) qiymati qatlamni to’yintirib turgan suyuqliklar qarshiligiga, ya’ni qatlam suvlarining minerallashganlik darajasi va qatlamning neft-gazga to’yinganligiga bog’liq bo’lmay, asosan gilli eritma zardobini quduq devoriga shimilgan zonasi va gilli qobiqning solishtirma qarshiligi qiymati bilan belgilanadi.
Mikrozondlar diagrammasida zich tuzilgan, kam o’tkazuvchan gilli qumlar va qumtoshlarning zohiriy qarshiligi qiymati yuqori g’ovaklikka ega bo’lgan, yaxshi o’tkazuvchan jinslarnikiga qaraganda yuqori bo’ladi.
Qumli jinslarning tabiiy radioaktivligi gil jinslar tabiiy radioaktivligiga nisbatan past. SHunga ko’ra gamma-karotaj diagrammasida qum va qumtosh qatlamlarning ko’rsatkichi ular bilan qavatlanadigan gil jinslarnikiga ko’ra ancha kam bo’ladi. SHu sababli gamma-karotaj egri chiziqlari yordamida qumli-gilli jinslar kesimida qum qatlamlarini ajratish qiyin kechmaydi.
Gilli qumlar va qumtoshlar qarshisida chizilgan egri chiziqlardan ularning tabiiy gamma-nurlanish qiymati toza qum jinslarnikiga nisbatan yuqoriligini ajratish oson; qum va qumtosh jinslarda gil aralashmalarining ko’payishi ularning tabiiy radioaktivligining oshishiga olib keladi.
Ba’zan qum jinslarning yuqori radioaktivligi faqat gil aralashmalar miqdori bilan bog’liq bo’lmay, ularda uchraydigan qatlam suvlarining yuqori darajadagi radioaktivligidan ham kelib chiqadi.
Gamma-karotaj diagrammalarida glaukonit, monatsit, kaliy-dala shpati qumlari va qumtoshlarining ko’rsatkichlari doimo yuqori bo’ladi. Bunday hollarda gil qatlamlar ichida joylashgan qum jinslarni gamma-karotaj diagrammasidan aniqlab bo’lmaydi.
Neytron gamma-karotaj (NGK) yordamida aniqlangan neftli va suvli gorizontlarning tabiiy radioaktivlik ko’rsatkichi past bo’lsa, quruq, gazli qum qatlamlarning va zich, g’ovakligi kam qumtoshlarning ko’rsatkichlari yuqori bo’ladi. Agar gazli qatlamlarga burg’ilash eritmasi zardobi chuqurroq shimilgan bo’lsa, NGK diagrammasida ularning ko’rsatkichi xuddi neft va suvga to’yingan yuqori g’ovakli qum jinslarniki kabi past bo’ladi.
Kavernogramma diagrammalarida qumli jinslarda burg’ilangan quduqlar diametri doloto diametriga nisbatan kichikroq bo’ladi. Ba’zan, ayrim qum va bo’shoq qumtosh qatlamlarda qazilgan quduqlar diametrining haqiqiysidan kattaroqligini diagrammalarda ko’rish mumkin.
Gil va gilli slanetslar. Gil jinslarning solishtirma qarshiligi qum va qumtoshlarnikiga nisbatan tor doirada o’zgaradi. Ularning maksimal qiymati kamdan-kam 15 Omm dan yuqori, minimal qiymatlari 1-1,5 Omm dan kam bo’lmaydi, o’rtacha qiymati esa 3,0-4,0 Omm ga teng.
Qum-gilli kesimda, kichik chuqurlikda yotuvchi gil jinslarning qarshiligi odatda uning atrofida joylashgan qum jinslar qarshiligidan kam bo’ladi. Katta chuqurlikda yotuvchi gil jinslarning solishtirma qarshiligi esa suvli qumlar va bo’shoq qumtoshlarnikidan yuqori bo’ladi. Bu hol chuqurlik oshgan sari gil jinslar zichligining ularning ustida joylashgan jinslar og’irligi ta’sirida oshishi bilan bog’liq.
Gil jinslarning solishtirma qarshiligi qiymati quduqdagi burg’ilash eritmasi qarshiligiga yaqin (odatda 1-3 Omm). Shu sababli gil qatlamlari qarshisida chiziladigan egri chiziqda qayd qilinadigan zohiriy qarshiliklar qiymati haqiqiy qiymatdan deyarli farq qilmaydi.
Argillitlar va gilli slanetslar zich tuzilganligi sababli ularning zohiriy qarshilik qiymati gil jinslarnikiga nisbatan ancha yuqori. Juda zich tuzilgan gilli slanetslarning solishtirma qarshiligi bir necha o’n Om-metrga etadi.
Qumli va alevrolitli gil jinslarning elektr karotaji orqali aniqlangan solishtirma qarshiligi toza gil jinslarnikidan kam farqlanadi; gil jinslar tarkibida qumli va alevrolitli fraksiyalarning ishtiroki ularning g’ovakliligini pasaytiradi va oqibatda ularning qarshiligi toza gil jinslarnikiga nisbatan yuqori bo’ladi.
PS diagrammalarida gil va gilli jinslar (gilli slanetslar, argillitlar va sh.k.) musbat tabiiy potentsial qiymatlari bilan ajralib turadi, quduq o’qiga nisbatan to’g’ri, parallel chiziqlar ko’rinishida chiziladi.
Gilli jinslar tarkibida qum va alevrolit fraksiyalar aralashmasining hamda karbonat ashyolarning bo’lishi PS egri chizig’i qiyofasini o’zgartira olmaydi, shunga ko’ra qumli va alevrolitli gil jinslar egri chiziqlari toza gil jinslarnikidan farqlanmaydi.
Gamma-karotaj diagrammalarida gil jinslar va gilli slanetslar yuqori ko’rsatkichlari bilan ajralib turadi, shu sababli gamma-karotajdan quduq kesimida, ayniqsa mustahkamlash quvurlari tushirilgan quduqlarda gilli jinslarni ajratishda foydalaniladi.
Mikrozond diagrammalarida gil jinslar zohiriy qarshilikning minimal qiymatlari bilan tavsiflanadi. Bunday holat quduq tanasidagi gilli qatlamlar qarshisida yuvilish natijasida kovaklar hosil bo’lishi bilan bog’liq. SHu sababli kavernogrammalarda quduq diametrini kattalashishiga qarab gilli qatlamlar yaxshi ajratiladi.
|
| |