|
Ohaktoshlar va dolomitlar
|
bet | 35/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiOhaktoshlar va dolomitlar. Ohaktoshlar asosan kaltsiy karbonatdan tarkib topgan zich, serg’ovak, nozik kristall jinslar bo’lib,tarkibidagi aralashmalarga ko’ra kulrang, qora, qo’ng’ir yoki qizg’ish tusli xillari uchraydi. Ular organik, kimyoviy va aralash yo’l bilan hosil bo’ladi. Ohaktosh dengiz, ko’l va boshqa suvlarda erigan holdagi ohakning ma’lum sharoitlarda suv tubiga cho’kishi natijasida ham paydo bo’ladi. Dolomit asosan dolomit mineralidan tarkib topadi (95 foizdan ko’p). Qum, gil, temir bitumi aralashmalari 3-5 foizgacha bo’ladi. Dolomit tashqi ko’rinishidan ohaktoshga o’xshash bo’lsada, unda organizmlarning qoldiqlari uchramaydi. Tuzilishi jihatidan ohaktoshlardan qattiq bo’lib, zich qatlamlar hosil qiladi.
Dolomitlar ba’zi ko’llar tubida(masalan, Balxashda) hozir ham paydo bo’lmoqda.
Ohaktosh va dolomitlarning geofizik tavsifi bir-biriga juda yaqin, shu sababli karotaj egri chiziqlarida bunday jinslar bir guruhga―karbonat jinslarga birlashtiriladi. Odatda, sho’r suvlar bilan to’yingan gilli va yuqori g’ovaklikka ega bo’lgan karbonat jinslar farqlanib, ularning qarshiligi past bo’ladi.
Karbonat jinslarning qarshiligi terrigen jinslarnikidan yuqori bo’lib, karotaj diagrammalarida terrigen jinslar orasida uchraydigan ohaktosh va dolomit qatlarining ko’rsatkichlari ancha yuqori qiymatga ega. Kristallangan va kremniylashgan ohaktoshlar qarshiligi juda yuqori. Qarshilik miqdori bo’sh, yuqori g’ovakli, darzli, dolomitlashgan ohaktoshlarda hamda yuqori minerallashgan suvlarga to’yingan chig’anoqtosh va bo’r yotqiziqlarida pasayadi. Tarkibida gil aralashmalari bo’lgan zich karbonat jinslarning solishtirma qarshiligi ham past bo’ladi.
PS karotaji egri chizig’idagi anomaliyalar amplitudasi miqdori va ularning ishoralari (musbat yoki manfiy) karbonat jinslarning gilliligiga bog’liq holda o’zgaradi. Gillilik oshgan sari PS egri chizig’i amplitudasining og’ishi kamayadi. Tarkibida gil fraksiyalar ko’p bo’lgan karbonat jinslar PS egri chizig’ida gil jinslar kabi ajratiladi va musbat anomaliyaga ega bo’ladi.
Karbonat jinslar qarshisida chiziladigan PS egri chizig’i qiyofasi yuqori qarshilikka ega bo’lgan qatlar ta’sirida murakkablashishi mumkin. Qum-gilli yotqiziqlar ichida qavatlanadigan ohaktosh va dolomitlar mikrozond diagrammalarida yuqori zohiriy qarshilikka ega bo’ladilar.
Mikrozond diagrammalarida g’ovakli, yaxshi o’tkazuvchan ohaktosh va dolomitlar esa zich tuzilgan, suyuqlikni o’tkazmaydigan karbonat jinslarga nisbatan past zohiriy qarshilikka ega bo’ladi, egri chiziqlarda musbat ortirmalar qayd qilinadi. KS mikrozondi diagrammasida o’zidan suv o’tkazmaydigan hamda kovak va darzli ohaktosh va dolomitlar qarshisida chizilgan egri chiziqlar ilonizi, egri-bugri ko’rinish oladi, yuqori qarshiliklar past qarshiliklar bilan almashlanib keladi.
Gamma-karotaj diagrammalarida tabiiy gamma-nurlanishning past qiymatlari gil aralashmalaridan xoli bo’lgan ohaktosh va dolomitlarga to’g’ri keladi. Lekin, yuqori devon-quyi karbon davrlariga mansub gilli ohaktosh qatlamlarida (Ustyurt va Buxoro-Xiva neft-gazli regionlari) yuqori radioaktivlikka ega bo’lgan qatlar uchraydi. A.V.Kirshin va b. (1998) ma’lumotiga ko’ra № 6 Qorachelak qudug’ida qalinligi 100 m dan ortiq bunday qatlamlar 4400-4500 va 3060-3120 m chuqurlikda ajratilgan. Ularda gil fraksiyalari miqdori 30% va undan yuqori, radioaktivlik 20-12 mkr/soat, yuqori qovushqoqli neft yoki bitum mavjud. Xuddi shunday vaziyat №1 O’rtatepa qudug’ida ham kuzatiladi; yuqori gammali pachka 4240-4350 m chuqurlikda ochilgan.
Radioaktiv elementlar aralashgan karbonat jinslarning qarshilik ko’rsatkichlari gil va gilli slanetslarnikiga nisbatan bir necha marotaba yuqori bo’ladi. Bunday intervallar gil jinslari intervallaridan PS diagrammalarida yaqqol ajralib turadi.
Neytron gamma-karotaj diagrammalarida odatda ohaktosh va dolomit qatlamlari yuqori ko’rsatkichlari bilan ajralib turadi. YUqori g’ovakli, kovakli neft va suvga to’yingan qatlamlarning gamma-nurlanish ko’rsatkichi suyuqlikni kam o’tkazuvchi, zich karbonat jinslarnikiga nisbatan past bo’ladi. Bunday ko’rsatkichlar yordamida karbonat jinslardan iborat quduq kesimida kollektorlar ajratiladi. Odatda karbonat qatlamlar qarshisida chizilgan egri chiziqda NGK ko’rsatkichlari terrigen jinslarnikiga nisbatan yuqori bo’ladi, shu sababli qum-gilli jinslar ichidagi ohaktosh va dolomit qatlamlari diagrammalarda o’tkir uchli egri chiziqlar orqali ajratiladi.
Gilli ohaktoshlar va dolomitlar NGK diagrammalarida past ko’rsatkichlari bilan ajralib turadi, ularni g’ovakli shunday jinslardan ajratish uchun gamma-karotaj yoki tabiiy potentsiallar PS diagrammalari ko’rsatkichlaridan foydalaniladi.
Ohaktosh va dolomit qatlamlari kavernogrammalarida quduq diametri deyarli o’zgarmaydi. Kuchli gillangan ohaktoshlarda quduq diametrining o’zgarishi ― kattalashishi kamdan-kam kuzatiladi. Quduq diametri asosan kovak-darzli ohaktoshlarda biroz kattalashishi mumkin. Neft konlarida burg’ilangan quduqlardagi karbonat kollektorlar mufassal o’rganilganda diametrning quduq tanasiga gilli eritmaning shimilishidan hosil bo’lgan gilli qobiq hisobiga kichrayishi aniqlangan. Kavernogrammada quduq diametri kichrayishini belgilash orqali kesimdagi karbonat jinslar ichidan o’tkazuvchan qatlarni ajratish mumkin bo’ladi.
|
| |