|
Gaz karotaji va uni izohlash
|
bet | 38/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi
Quduq burg’ilash chog’ida gaz-neftli qatlam ochilganda suvli gil eritmaga gazsimon va suyuq uglevodorodlarning o’tishini o’rganishga asoslangan. Quduqdan chiqayotgan gil eritmadan vaqti-vaqti bilan yoki uzluksiz ravishda namuna olib, uning tarkibidagi gazsimon va suyuq uglevodorodlar miqdori aniqlanadi, eritma tarkibidagi yonuvchi gazlar miqdori ma’lumotidan gaz karotaji egri chizig’ini chizishda foydalaniladi. Bunda ordinata o’qiga qabul qilingan masshtabda quduq chuqurligi, abstsissa o’qiga gil eritmadagi gaz miqdori metanga nisbatan foizda qo’yiladi. Gaz karotaji sobiq Ittifoqda 1963 yili birinchi bo’lib M.V. Abramovich va V.A. Sokolovlar tomonidan ishlab chiqilgan va Apsheron rayonidagi Karachuxur konida sinovdan o’tkazilgan. Hozirgi vaqtda gaz karotaji jinslarning gaz-neftliligini boshqa usullar bilan aniqlash mumin bo’lmaganda ishlatiladi.
Gaz karotaji natijasiga ko’ra gazga to’yingan qatlamlarni ajratish mumkin. Gil eritmadan gaz namunasini olishda gaz karotaji stantsiyasining gazsizlantirgichidan foydalaniladi va gaz miqdori gazaniqlagich yordamida aniqlanadi. Kern olib burg’ilashda gaz karotaji kernda bajarilishi ham mumkin. Gaz karotajini o’tkazishda og’ir uglevodorodlar miqdorini uglevodorodli gazlarning umumiy miqdoridan ajratilgan holda aniqlash zarur, chunki neftli qatlamlarda og’ir uglevodorodlar ko’p uchraydi. Gaz karotajini o’tkazish natijasida egri chiziq chiziladi, unda quduqni burg’ilash chog’ida gil eritma qo’shilgan uglevodorod gazlarining nisbiy miqdori o’z ifodasini topadi. Gaz karotaji uzluksiz o’tkazilganda ikkita egri chiziq yoziladi, ulardan biri uglevodorod gazlarining umumiy miqdorini, ikkinchisi ― og’ir uglevodorod gazlar miqdorini ko’rsatadi.
Gaz karotaj egri chizig’i tarkibida gaz va neft bo’lgan qatlamlar yuqori ko’rsatkichlarga ega bo’ladi. Neftli qatlamlar toza gazli qatlamlardan farqli o’laroq gil eritmalarga o’zidan ko’proq yonuvchi gazlarni o’tkazadi. Gaz karotajida qayd qilingan gazning nisbiy miqdori asosan gil eritmasidan olingan namunaning chuqurligiga bog’liq holda o’zgaradi. Katta chuqurlikdan chiqib kelayotgan gil eritmadan olingan namunaning tadqiqi gaz karotaji egri chizig’ida fon qiymatni namoyon etishi mumkin, lekin yuqorida joylashgan qatlamlardan gil eritmaga qo’shilayotgan gazlar miqdori juda oz miqdorda bo’lganligidan ular gaz karotaji egri chizig’ida qayd qilinmay qolishi ham mumkin.
Gaz karotaji diagrammasini to’laqonli talqin qilish uchun gil eritmasi lyuminestsent tahlildan o’tkaziladi. Bunda toza gaz uyumlari lyuminestsentsiyalanmasligi (gaz sovuq holda nur sochmasligi) mumkin. Neft uyumlari mavjud bo’lganda gil eritmalari namunasida uglevodorod gazlari miqdori oshadi va undagi gazlar lyuminestsentsiyalanadi. Neftga to’yinish past yoki tarkibida og’ir neft bo’lgan intervallardan olingan gil eritmalar namunalarida uglevodorod gazlar miqdori kam bo’lsa, ular lyuminestsentlanadi (nur sochadi).
Gaz karotaji va lyuminestsent tahlil natijalari asosan burg’ilash tezligiga va gil eritmaning quduqda aylanish tezligiga bog’liq holda o’zgaradi. Burg’ilash tezligi qanchalik katta bo’lsa va gil eritmaning aylanish tezligi sust bo’lsa, neft va gazli qatlamlar ochilganda eritmaga shuncha ko’p yonuvchi gazlar va neft o’tadi, ular gaz karotaji egri chizig’ida yaqqol ajralib turadi va lyuminestsent tahlil dalillari bilan tavsiflanadi.
Gil eritmaning qovushqoqligi gaz karotaji sifatiga ta’sir etadi. Eritmaning qovushqoqligi ortganda undan ajraladigan gaz va neft miqdori keskin kamayada va o’z navbatida gaz karotaji egri chizig’i ko’rsatkichlari va nurlanish sur’ati pasayadi. Eritma qovushqoqligi juda yuqori bo’lganda gaz karotaji ma’lumotlariga ko’ra mahsuldor qatlamlarni ajratish mumkin emas.
Gil eritmaga neft qo’shilsa yoki unga moy aralashsa lyuminestsent tahlil natijalari, agar eritmadan gaz ko’p miqdorda ajralib chiqqan bo’lsa, gaz karotaji natijalari buzilishi, noto’g’ri chiqishi mumkin. Gil eritmasi namunasidan olingan namunadan gaz karotaji yordamida aniqlangan gaz va neft miqdori bilan ularning qatlamdagi miqdori orasida biron-bir bog’liqlik aniqlanmagan. Hozirgi vaqtda gaz karotajini o’tkazishda gaz karotaji stantsiyasidan foydalaniladi.
Gaz karotaji stantsiyasi avtomobilga o’rnatilgan va eng yangi asbob-uskunalar bilan jihozlangan dala laboratoriyasini eslatadi. Geolog stantsiyasidan chiqmay turib quyidagilarni aniqlash mumkin: kern, shlam va gil eritmadagi gazsimon va suyuq uglevodorodlar miqdori; quduq kesimidagi kollektorlarni ajratish imkonini beruvchi jinslarni burg’ilash tezligi; jinslarning g’ovakliligi va o’tkazuvchanligi; quduq tubidan ko’tarilayotgan eritmaning uning og’zigacha etib kelgan vaqti va sh.k.
Gaz karotaji diagrammasini to’g’ri talqin qilish maqsadida lyuminestsent tahlildan tashqari, ular elektr karotaj ma’lumotlari, ayrim hollarda mexanik karotaj va boshqa tadqiqotlar natijalari bilan taqqoslanadi. 4.2-rasmda gaz karotaji va lyuminestsent tahlilning sxematik egri chiziqlari berilgan.
|
| |