|
Magmatik va metamorfik jinslar
|
bet | 37/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiMagmatik va metamorfik jinslar. Bunday jinslarning karotaj tavsiflari aniq belgilanmagan. Magmatik jinslarning zohiriy qarshiligi bir necha yuz Ommetrga etishi mumkin. Lekin, poydevor (nurash po’sti)ning eng yuqori qismidagi maydalangan, parchalangan jinslarning zohiriy qarshiligi qiymati bo’sh oqqumli jinslarnikiga yaqin bo’ladi.
Tabiiy potentsiallar (PS) diagrammasida magmatik va metamorfik jinslar anomaliya qiymatlari bilan ajralib turadi. Radioaktiv karotaj egri chiziqlarida otqindi jinslar gil jinslarnikiga nisbatan past ko’rsatkichlarga, NGK egri chizig’ida esa yuqori ko’rsatkichlarga ega bo’ladi. Nurash zonasi NGK diagrammalarida past qiymatlar bilan tavsiflanadi.
Neft-gazli va gazli svitalarni ajratish. Quduq kesimida neftli va gazli qatlamlarni ajratish va ularning neft-gazga to’yinganligini baholashda, geofizik, geokimyoviy va geologik tadqiqot ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Jinslarning neft va gazga to’yinganligini miqdoriy baholash qarshiliklar metodi yordamida bajarilgan geofizik tadqiqotlar orqali amalga oshiriladi. Neft va gazli qatlamlarning solishtirma qarshiligi jinslarning g’ovakliligiga, g’ovak bo’shlig’i strukturasiga, undagi neft, gaz va suvlarning foiz miqdoriga, qatlam suvlarining minerallashganligiga va b. bog’liq.
Bir xil sharoitda joylashgan neft va gazli jinslarning solishtirma qarshiligi jinsni to’yintirib turgan suvning solishtirma qarshiligiga to’g’ri mutanosibdir. SHu sababli, neft va gazli qatlamning solishtirma qarshiligi jinsning neft va gazga to’yinganlik darajasini ifodalay olmaydi. Neft va gazga turli darajada to’yingan jinslarning qarshiligi neft va gazga bir xilda to’yinganlaridan farq qiladi. Shunga ko’ra neftli va gazli jinslarni ajratishda solishtirma qarshilik o’rniga g’ovaklari neft yoki gaz va qoldiq suv bilan to’lgan qatlamning solishtirma qarshiligi qiymatidan foydalanish mumkin. Bunda qatlamning g’ovaklari ma’lum harorat va sho’rlikdagi suvlarga 100 foiz to’lgandagi qarshiligi hisobga olinadi. Neft va gazli jinslarning solishtirma qarshiligini ularning g’ovaklari sho’r suvga to’liq to’lgandagi qarshilikka nisbati qarshilik ortishi koeffisienti deb atalib, u suvli kollektorning g’ovaklari neft yoki gazga qisman to’yinganda ularning solishtirma qarshiligi necha marta ortishini ko’rsatadi.
Qarshilik ortishi koeffisienti miqdoriga ko’ra qatlamni neft va gazga to’yinish koeffisientini aniqlash mumkin. Qatlam qarshiligining ortish koeffisienti jinslarning neft va gazga to’yinish darajasiga, jinsda suv, neft va gazning taqsimlanish xarakteriga, g’ovak va bo’shliqlar strukturasiga, jinslarning litologik-petrografik xossalariga va qatlamdagi suyuqlikning fizik-kimyoviy xususiyatlariga bog’liq.
Odatda, qatlamning qarshilik ortishi koeffisientini baholashda suvli qatlamning solishtirma qarshiligini ehtimoliy qiymatidan foydalaniladi. Bunday qiymatlar suvga to’yingan namunalarning laboratoriya sharoitida o’lchangan solishtirma qarshiligining taqsimlanishini ifodalovchi egri chiziqlaridan yoki konning chegara tashqarisidagi qatlamlarni yonlama zondlash karotaji o’tkazib olingan ma’lumotlaridan foydalanib aniqlanadi.
N.A.Perkov ma’lumotiga ko’ra, Saratov shahri yaqinidagi Volgabo’yi konidagi devon davriga tegishli suvli qumtoshlarning qarshilik qiymati 0,7 Omm. Bu miqdor Volga-Ural neft provintsiyasida joylashgan Tuymazin, SHkapova, Romashkin neft konlaridagi hamda Muxana ko’mir konidagi devon davri qumtoshlari qarshiligiga ham xos.
Jinslarning kollektorlik xususiyatlariga ko’ra neftli qatlamlardagi suv miqdori katta intervalda o’zgarishi mumkin, shunga ko’ra neftli qatlamlarning qarshiligi 1-2 dan yuzgacha va hatto bir necha ming om-metrgacha o’zgaradi.
Har bir rayon uchun qatlamning neftga to’yinishini minimal qiymati aniqlanadi, bu qiymat qatlamning sanoat miqyosida neft-gazliligini bildiradi. Tarkibida gil fraksiyalari kam bo’lgan ko’pgina kollektorlarning ushbu chegaraviy qiymati qarshilik ortishi koeffisientiga mos bo’lib, u taxminan 5 ga teng. Tarkibida gil fraksiyalari ko’p bo’lgan kollektorlarning qarshilik ortishi koeffisienti qiymati 1,5-2 bo’lganda toza neft beraoladi. Masalan, Buxoro-Xiva neft-gazli regionida o’rta yura davrida hosil bo’lgan qumtosh gorizontlar neftli hisoblanadi. Bunday jinslarning qarshilik ortishi koeffisienti 10 dan yuqori bo’lib, ushbu rayondagi qatlamlarning solishtirma qarshiligi 10 Omm qiymatiga mos keladi. Agar qumtoshlar suvga to’yingan bo’lsa, qatlamning solishtirma qarshiligi 3 Omm dan kichik bo’ladi.
Qarshiligi 3-10 Omm bo’lgan qatlamlar uyumni ishlatish chog’ida ham neft, ham suv berishi mumkin.
Qatlamning neftliligi va gazliligi amaliyotda qarshilik ortishi koeffisienti qiymati bilan quduqni sinash natijalarini taqqoslash orqali aniqlanadi. SHunday yo’l bilan topilgan miqdorlar qatlamning neft-gazliligini baholashda zarur bo’ladi.
Karbonat qatlamlarning neft-gazliligini aniqlash juda murakkab vazifalardan biri hisoblanadi. Ma’lumki, ohaktoshlarning g’ovaklilik qiymatini tez o’rganuvchanligi va g’ovaklar strukturasining bir-biridan keskin farqlanishi ularning solishtirma qarshiligini katta chegarada o’zgarishiga sabab bo’ladi, shu sababli ko’pincha qatlamning qarshilik ortishi koeffisientini aniqlash imkoni bo’lmaydi. Odatda karbonat kollektorlarning neft-gazliligini baholashda qatlamni sinash natijalarini ularning solishtirma qarshiligi yoki qarshilik ortishi koeffisienti qiymatlari bilan taqqoslashdan olingan dalillardan foydalaniladi. Masalan, Buxoro-Xiva neft-gazli regionidagi Sho’rchi neft-gaz konida yuqori yura davri ohaktoshlari sinab ko’rilganda neftli gorizont qarshiligi 80 Omm atrofida bo’lgan bo’lsa, suvga to’yingan ohaktoshlarning solishtirma qarshiligi birmuncha past ko’rsatkichlarga ega, faqat ayrim holatlardagina 100 Omm gacha ortganligi kuzatiladi.
Odatda karbonat kollektorlarning neftliligini elektr karotaj dalillari asosida aniqlashda neytron gamma-karotaj ko’rsatkichlari hisobga olinadi. NGK diagrammalarida qayd qilingan gamma-nurlanishning past ko’rsatkichlari qatlamning yuqori darajada neftga to’yinganligini ko’rsatadi, jinslarning elektr toki o’tishiga qarshiligi KS diagrammasida esa bu holat yuqori ko’rsatkichlar bilan izohlanadi. Demak, kollektor g’ovakligi yuqori darajada bo’lsa, uning neftga to’yinishi ham yuqori bo’ladi.
Ko’pincha qatlam neftliligini aniqlashda empirik qoidalarga ham amal qilinadi, ya’ni NGK egri chizig’ining minimum qiymati KS egri chizig’ining maksimum qiymatiga mos kelganda qatlam neftli hisoblanadi.
Qatlamning elektr karotaji ma’lumotlari asosida aniqlangan solishtirma qarshiligi asosan kollektorning suvga to’yinganligiga bog’liq. Bunda qatlamning neftga va gazga to’yinganligi ko’p ahamiyat kasb etmaydi, shu sababli solishtirma qarshilik qiymatiga ko’ra gazli qatlamni neftli qatlamdan ajratish qiyin kechadi. Odatda gazli qatlamlarni ajratishda elektr karotaj hamda neytron gamma-karotaj ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Gazli gorizontlarni NGK dalillari asosida ajratishda ulardagi vodorod atomlarining solishtirma miqdori g’ovaklari neft yoki suv bilan to’lgan gorizontlarnikiga nisbatan ancha kamligi hisobga olinadi.
NGK diagrammalarida gazli qatlamlar ko’rsatkichlari xuddi g’ovakligi kam qumtosh va ohaktosh jinslarniki kabi yuqori bo’ladi. Agar burg’ilash eritmasi zardobi gazli qatlam ichiga chuqur singigan bo’lsa, karotaj egri chizig’ida bunday ko’rsatkichlar kuzatilmaydi. Bunday hollarda gaz eritma zardobi bilan qatlam ichi tomon siqib boriladi, shu sababli singish zonasidagi vodorod miqdori suyuqlikka to’yingan qatlamdagi vodorod miqdoridan farq qilmaydi. Bunday holatlar g’ovakligi kam, darzli karbonat kollektorlarni o’rganishda tez-tez kuzatiladi, burg’ilash eritmasi zardobi bilan birga gazning singishi chuqur bo’lib, ba’zan NGK tadqiqot radiusidan ortib ketadi.
Gaz qatlamlari NGK diagrammalarida suvli yoki neftli qatlar sifatida ajratilishi ham mumkin. Bunday hol qatlam bosimi kritik bosimdan yuqori va gaz qatlamda suyuq holatda bo’lganda kuzatiladi. Lekin, ayrim hollardagina (qatlam temperaturasi past va gaz tarkibida og’ir uglevodorodlar miqdori yuqori bo’lganda) qatlam sharoitida gaz suyuq holatda bo’lishi mumkin.
Ushbu masalalar «Kon geofizikasi» fanida mufassal bayon qilingan.
Quduq karotajining boshqa metodlariga quyidagilarni kiritish mumkin:
Gaz karotaji ― burg’ilanayotgan quduq kesimida gazga to’yingan gorizontlarni ajratish, ularning yotish chuqurligi va qalinligini aniqlash hamda ajratilgan qatlamlarning neft-gazga to’yinganligini sanoat miqyosida baholash;
Mexanik karotaj ― boshqa karotaj metodlari majmui bilan birgalikda quduq kesimida juda qattiq, qattiq va bo’sh jinslarni ajratish imkonini beradi;
Fotokarotaj ― jinslarning litologik tarkibini aniqlash va baholash maqsadida quduq devorini suratga olish;
Akustik karotaj ― litologik tarkibni aniqlashtirish, ularning g’ovakliligini o’rganish, kollektorlarni suyuqlikka to’yinish xarakterini baholash uchun o’tkaziladi;
Kavernometriya ― quduq diametrini, jinslarning litologik tarkibini o’rganish va turli texnik masalalarni xal qilish, quduqni sementlash va sinash ishlarini belgilash;
Termokarotaj ― quduq kesimida gazli qatlamni ajratish va quduqqa suv haydalganda u yutiladigan zonani aniqlash maqsadida bajariladi. Bundan tashqari yer qobig’ini temperaturasini o’zgarish gradientini o’lchaydi.
|
| |