• 10.2. Kasb tanlashda hissiyotning o‘rni
  • -MAVZU. MUHANDIS XODIMLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI OSHIRISHDA HISSIY-IRODAVIY VA SHAXS XUSUSIYATLARNING O’RNI ( 2 SOAT )




    Download 0,55 Mb.
    bet61/116
    Sana25.11.2023
    Hajmi0,55 Mb.
    #105241
    1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   116
    Bog'liq
    18 09 2023 УМК МУҲАНДИСЛИК ПСИХОЛО ГИЯСИ 2023 2024

    10-MAVZU. MUHANDIS XODIMLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI OSHIRISHDA HISSIY-IRODAVIY VA SHAXS XUSUSIYATLARNING O’RNI ( 2 SOAT )
    Reja
    10.1. Shaxs irodaviy xususiyatlarining ahamiyati.
    10.2. Kasb tanlashda hissiyotning o‘rni.

    10.1. Shaxs irodaviy xususiyatlarining ahamiyati


    Shaxsning irodaviy sifatlari. Kishining irodaviy sifatlari, ya’ni iroda kuchi, mustaqilligi jihatidan ayrim hollarda turlicha namoyon bo‘ladi. Har bir kishida irodaning ayrim sifatlari umr bo‘yi mustahkamlanib, shu odamning xususiy sifatlari (ya’ni doimiy xislatlari) bo‘lib qolishi mumkin. Shaxsning bu o‘ziga xos xususiyatlari xarakter xislatlari deb ataladi. Har bir kishidagi biron-bir irodaviy sifatlarning har qanday namoyon bo‘lishi shu kishi xarakterining xislati bo‘lavermaydi. Ayrim hollarda hatto tasodifiy ravishda kishi kuchli iroda ko‘rsatishi mumkin, ayrim hollarda mazkur kishining irodasi, umuman kuchli iroda kuchi shu kishi xarakterining xislati ekanligidan dalolat beravermaydi. Bu kishining irodasi kuchli deb aytish uchun uning iroda kuchini bir marta emas, bir necha marotaba namoyon qilganini bilmoq kerak. Kishining xarakterini ta’riflaganimizda falon kishi dadillik qildi, rost gapirdi demasdan, balki bu odam dadil, rostgo‘y, to‘g‘riso‘z deb ataymiz.


    Buning ma’nosi shuki, dadillik va rostgo‘ylik, to‘g‘riso‘zlik shu odamning xususiyatlaridir, xarakter xislatlaridir, tegishli sharoitda bu kishi dadillik, rostgo‘ylik, to‘g‘riso‘zlik xislatlariga ega ekanligini namoyon qildi, deb aytamiz. Kishi xarakterini, xislatlarini bilib olgach, uning biron ish-harakatda qanday yo‘l tutishini ancha aniq bilib olamiz, oldindan aytib bera olamiz. Iroda kuchi irodaning muhim sifatidir. Iroda kuchining turli darajasi irodaviy jarayonning hamma bosqichlarida ko‘rinadi. Iroda kuchi avvalo ehtiyojlarni his qilishda va intilishda ko‘rinadi, biz kuchli hamda kuchsiz intilishlarni, kuchli hamda kuchsiz xohishlarni farq qilamiz. Xarakter xislati bo‘lgan sabot-matonat ba’zi kishilar faoliyatining hamma sohalarida namoyon bo‘ladi, boshqa kishilarda esa bu xislat ularning manfaatlari bilan bog‘langan va ayrim faoliyat sohalarida ko‘rinadi. Tashabbuskor kishi shaxsiy hayotida ham, ijtimoiy faoliyatida ham vaziyat va turmush talablarini hisobga ola biladi, shu bilan bir vaqtda vazifalarni ilgari suradi, qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yo‘l va vositalarni tanlaydi va bu vazifalarni hal etishda faol ishtirok etadi.
    Mustaqillik qilinmagan va qilingan ish-harakatlar uchun javobgarlik sezishda ko‘rinadi. Javobgarlikni sezish ayni harakatlarning to‘g‘riligiga, maqsadga muvofiq ekanligiga va zarurligiga ishonch hosil qilish demakdir. Irodaning axloqiyligi hayot va faoliyatda iroda kuchi, uning mustaqilligiga ijobiy yoki salbiy baho berganda qanday to‘sqinlik va qiyinchiliklar bartaraf qilinganligini nazarda tutish bilangina cheklanib qolmay, asosan kishining axloqiy qiyofasi irodaviy harakatlarda qanchalik ifodalanishi, biron odamning irodasi naqadar axloqiy ekanligi ham nazarda tutiladi.
    Nerv-fiziologik asosi: irodaviy, ya’ni ixtiyoriy harakatlarning nerv-fiziologik asosida bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining shartli reflekslar hosil qilishdan iborat bo‘lgan murakkab faoliyati yotadi. Irodaviy harakatlar har doim to‘la ongli harakatlar bo‘lgani uchun bosh miya po‘stlog‘ida yuzaga keladigan optimal qo‘zg‘alish manbalari bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda akademik I.P. Pavlov shunday deb yozgan edi: «Mening tasavvurimcha, ong ayni shu chog‘da xuddi shu sharoitning o‘zida ma’lum darajada optimal (har holda o‘rtacha bo‘lsa kerak) qo‘zg‘alishga ega bo‘lgan bosh miya katta yarim sharlarining ayrim joylaridagi nerv faoliyatidan iborat». Bundan tashqari irodaviy harakatlar ongli harakatlar sifatida ikkinchi signallar tizimining faoliyati bilan bog‘liqdir.
    Ma’lumki, odam ayrim nojo‘ya harakatlardan o‘zini so‘zlari orqali (ya’ni o‘ziga-o‘zi pand-nasihatlar qilish yoki tarbiya berish orqali) ushlab qoladi. Shuning uchun irodaviy, ixtiyoriy harakatlarni amalga oshirishda ikkinchi signallar tizimining roli juda kattadir. Ana shu sababdan bo‘lsa kerak akademik I.P. Pavlov ikkinchi signallar tizimiga baho berib, bu signallar tizimi insonlar xulq-atvori va ixtiyoriy harakatlarining yuksak boshqaruvchisidir», – degan edi. Shuni ham aytish kerakki, iroda ikkinchi signallar tizimi birinchi signallar tizimiga asoslangan holda ishlaydi. Agar ikkinchi signallar tizimi o‘z faoliyatida birinchi signallar tizimiga asoslanmasa, odamning aks ettirish jarayoni ma’lum bir tizimli, ma’noli bo‘lmaydi. Ikkinchi signallar tizimi birinchi signallar tizimiga asoslanishi bilan birga uning faoliyatini boshqarib, nazorat qilib turadi. Demak, irodaviy, ixtiyoriy harakatlarda ikkinchi signallar tizimi bilan birga birinchi signallar tizimi ham ishtirok etadi.
    Irodaviy ixtiyoriy harakatlarni amalga oshirishda nerv tizimining umumiy normal holati ham juda katta ahamiyatga egadir. Masalan, uzoq davom etadigan qattiq kasallikdan so‘ng nerv tizimi nihoyatda madorsizlanib, odamning irodasi bo‘shashib ketadi. Odam biror ishdan qattiq charchagan paytda ham nerv tizimi zaiflashib, irodasi bo‘shashib ketadi. Ana shuning uchun irodaning mustahkamligini ta’minlash maqsadida odam vaqti-vaqti bilan dam olib turishi kerak.
    Iroda akt va uning tuzilishi. Ixtiyoriy harakatning dastlabki boshlang‘ich nuqtasi harakat maqsadining vujudga kelishi va shu maqsadning o‘rtaga qo‘yilishidir va uning tuzilishini quyidagicha izohlash mumkin. Maqsad – kishining shu paytda ma’qul yoki zarur deb topgan ish-harakatini tasavvur etish demakdir. Masalan, inson pedagogika universitetiga kirib o‘qishni zarur deb topdi yoki viloyatga ish bilan borib kelish zarurligini tushundi, deylik. Bularning hammasida kishining maqsadi o‘z-o‘zidan zarur bo‘layotganga o‘xshaydi, ba’zan esa bu maqsad bir qadar fikr yuritish natijasida yuzaga keladi. Ehtiyoj ko‘ngildan o‘tgan, mudom kuchaygan shu ehtiyojni qondirishga intilish maqsadi ham anglanila boshlaydi. Bunday anglanilgan ehtiyojlar tilak-havaslar deb ataladi.
    Harakat motivlari va motivlar kurashi. Kishi biron maqsadni, ayniqsa, shu maqsadga yetish uchun biron yo‘l va usulni tanlar ekan, nega boshqa maqsadni emas, xuddi shu maqsadni tanlashi kerak, bu maqsad nima uchun boshqa yo‘llar bilan emas, balki mana shu yo‘llar bilan hal etishi kerak, degan savolni ko‘ngildan o‘tkazadi. Maqsadni va unga yetish yo‘lini tanlash jarayonida unga ma’qul yoki noma’qulligi nuqtayi nazaridan baho beriladi. Maqsadni va unga yetishish yo‘llarining ma’qulligi yoki noma’qulligini belgilab beradigan hamma narsa ish-harakat motivlari deb ataladi. Kishi nega boshqa bir maqsadni emas, balki xuddi shu vositalar bilan ish ko‘rishni, yoki ish ko‘rmoqchi bo‘layotganining sababi nima degan savolga javob motiv mazmunini tashkil etadi.
    Qarorga kelish. Maqsadga yetishish yo‘llarini va vositalarini tanlash jarayonida rejalashtirish, motivlar kurashi bilan bog‘langan bo‘lib, qarorga kelish bilan tugaydi. Qarorga kelish muayyan bir maqsadni va shu maqsadga erishish yo‘lida harakat usullaridan birini tanlab olish demakdir. Motivlar kurashida buning ma’nosi shuki, motivlardan biri hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘ladi. Masalan, kechqurun qayoqqa borish kerak – teatrgami yoki o‘rtog‘ining yonigami, degan motivlar kurashi natijasida kishi bormoqchi bo‘lgan joyi haqida qarorga keladi.
    Qarorni ijro etish. Qaror unga muvofiq keladigan choralar ko‘rish va harakat qilish uchun qabul qilinadi. Qarordan harakatga o‘tishni ijro qilish (yoki bajarish) deyiladi. Irodaviy jarayonda eng muhim narsa qabul qilingan qarorni ijro etishdir. Irodaviy harakatlar ikki xil bo‘ladi: jismoniy va aqliy harakatlar. Jismoniy harakatlarga har xil mehnat operatsiyalari, o‘yin, sport mashg‘ulotlari va boshqalar kiradi. Aqliy harakatlarga esa masala yechish, yozma ishlar, dars tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va shu kabilar kiradi. Ko‘p vaqt takrorlanib, o‘zlashib ketgan ko‘nikma va odat bo‘lib ketgan harakatlar ham murakkab irodaviy harakatlardandir.
    Irodaviy zo‘r berish, qabul qilingan qaror to‘g‘ridan to‘g‘ri, avtomatik ravishda amalga oshirilavermaydi. Qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun ongli ravishda irodaviy zo‘r berish ham kerak. Irodaviy zo‘r berish ongning avvalo nerv-muskul apparatining zo‘riqishida ifodalanadi va organizmning tashqi ko‘rinishlarida namoyon bo‘ladi. Irodaviy zo‘r berishning ana shu ifodali tomoni odamning iroda holatini tasvirlovchi badiiy asarlarda gavdalantirilganini ko‘p uchratish mumkin.

    10.2. Kasb tanlashda hissiyotning o‘rni


    Muhandis kadrlar kasbiy faoliyatlarida turli voqea-hodisalarga nisbatan muayyan munosabatlarini bildirib, u yoki bu tarzda hissiyotlarini namoyon etadilar. Kadr psixologiyasida namoyon bo’ladigan bunday ruhiy holatlar voqealikda sodir etilgan hodisalar ta’siri natijasidir. Bu esa, o’z navbatida, kadrning o’ziga xos individual psixologik xususiyatlarini bildiradi va u haqidagi birlamchi tasavvurlarni bilishga yordam beradi.


    Jahon psixologiyasida «hissiyot» bilan «emotsiya» atamalari bir xil ma’noda ishlatiladi. Lekin ularni aynan bir xil holat deb tushunish noto’g’ridir. Odatda, tashqi alomatlari yaqqol namoyon bo’ladigan his-tuyg’ularni ichki kechinmalarda ifodalanishdan iborat psixik jarayon yuzaga kelishining aniq shaklini emotsiya deb atash maqsadga muvofiqdir. Masalan, ranglarning o’zgarishi, yuzlarning tabassumi, lablarning titrashi, ko’zlarning yarqirashi, kulgi, yig’i, g’amginlik, ikkilanish, sarosima va boshqalar emotsiyaning ifodasidir. Lekin vatanparvarlik, javobgarlik, mas’uliyat, vijdon, mehr-oqibat, sevgi-muhabbat singari yuksak xislatlarni emotsiya tarkibiga kiritish g’ayritabiiy hisoblanadi. Ularning eng muhim farqi shundaki, biri (hissiyot) ijtimoiy, ikkinchisi (emotsiya) individual, xususiy ahamiyat kasb etadi.
    Shu ma’noda hissiyot shaxs hayotiy faoliyatining muhim jabhasi bo’lib, inson emotsional holatining rang-barangligi, ko’p qirraligini bildiradi. Hissiy ton (tus) (yunoncha «tonos» – zo’riqish, urg’u berish ma’nosini bildiradi), emotsiyalar (lotincha «emovere» – qo’zg’atish, hayajonlash demak), affektlar (lotincha «affectus» – ruhiy hayajon, shijoat, ehtiros ma’nosini anglatadi), stress (inglizcha «stress» – zo’riqish degani), frustratsiya (frustratsion – rejalarning barbod bo’lishi, maqsadga erisha olmaslik) va kayfiyat kabi tushunchalar shular jumlasidandir.
    Kishi idrok etishi, xotirlash, xayol surish va fikrlash jarayonlarida faqat voqealikni bilib qolmay, balki hayotdagi u yoki bu narsalarga qaysidir ma’noda munosabat bildiradi, ularga nisbatan u yoki bu tarzda hissiyotlar paydo bo’ladi.
    Hissiyot – kishining hayotida yuz berayotgan voqealarga yoki nima bilan mashg’ul bo’layotganiga nisbatan o’ziga turli shaklda bildiradigan ichki munosabati.
    Ehtiyojlarning qondirilishi yoki qondirilmasligi kishida turli xil o’ziga xos kechinmalarni: emotsiya, affekt (hissiy bo’ronlar), kayfiyat, kuchli hayajonlanish (stress) holatlarini va his- tuyg’ularni hosil qiladi.
    Hissiyot aksariyat hollarda ruhiy jarayonning o’ziga xos ko’rinish sifatida faqat emotsional shaklda vujudga keladi. Shu o’rinda hissiyot o’zicha emas, balki bilishga intilayotgan, uni egallayotgan shaxsda ma’lum munosabatni namoyon qiluvchi narsalar, hodisalar va harakatlarning alohida xossasi, xususiyati ma’nosida gavdalanadi. Shuni alohida ta’kidlash o’rinliki, ko’rish, eshitish, hidlash, kinestetik (harakat) sezgi hamda idrokka taalluqli hissiyot muhim ahamiyatga ega. Masalan, xonalar, ish joyi, transport vositalarining rangi taassurotidan vujudga kelgan yoqimli yoki yoqimsiz hissiyot mehnat samaradorligiga, xizmatchilarning kayfiyatiga sezilarli ta’sir o’tkazadi. Xotirjamlik, yoqimli musiqa, shaxslararo iliq munosabatlar, muomala, ahillik muvaffaqiyat kafolati, ijtimoiy taraqqiyot omili hisoblanadi.
    Emotsiya. Emotsional jarayonlar, holatlar yoki, qisqacha aytganda, emotsiya hissiy kechinmalarning o’ziga xos shakllaridan biri. Emotsiya u yoki bu hissiyotning inson tomonidan bevosita kechirilishi (kechishi) jarayonidan iborat. Masalan, shaxs tomonidan musiqani sevish emotsiyani vujudga keltirmaydi, balki buning uchun musiqani eshitish, ijrochi mahoratiga tasanno aytish, undan hayajonlanish yoki asar ijrosi yoqmasa, g’azabli hissiy kechinma hosil bo’lishi ijobiy yoxud salbiy emotsiya deyiladi. Qo’rqinch, dahshat hissiy kechinma sifatida ob’ektlarga shaxsning munosabatini aks ettirib, turlicha shaklda namoyon bo’lishi mumkin: odam dahshatdan qochadi, qo’rquvdan serrayib qoladi, o’zini idora qila olmay har tomonga uradi, hatto, xavf-xatarga ham o’zini tashlashi mumkin.
    Ba’zi holatlarda emotsiya ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. U xatti-harakatga, fikr-mulohaza bildirishga turtki beradigan kuch bo’lib, shijoatni oshirib yuboradi va bu holat stenik hislar deb ataladi. Boshqa bir holatda emotsiya (astenik deb atalmish emotsiyalar) faollikning sustligi yoki loqaydligi bilan ajralib turadi, his-tuyg’ularning boshdan kechirilishi kishini bo’shashti- rib yuboradi.
    His-tuyg’ular hissiyot (emotsiya), kayfiyat, kuchli hayajonlanish tarzida boshdan kechirilishi chog’ida ma’lum darajada seziladigan tashqi belgilarga ham ega bo’ladi. Masalan, yuzlarning ifodali (mimika), qo’l va gavdaning ma’noli harakatlari, turq-tarovat, ohang, ko’z qorachiqlarining kengayishi yoki torayishi kabilar shular jumlasiga kiradi. Bu ifodali harakatlar ba’zan shaxsga o’ziga o’zi hisob bermagan tarzda yuz bersa, boshqa bir holatda ongning nazorati ostida sodir bo’ladi11.
    Affekt (hissiy portlash) – kishini tez chulg’ab oladigan va shiddat bilan o’tadigan jarayon. U ongning anchagina o’zgarganligi, xatti-harakatlarni nazorat qilishning buzilganligi, odamning o’zini o’zi idrok qila olmaslik, shuningdek, shaxsning hayoti va faoliyati o’zgarib qolganligi bilan ajralib turadi. Affekt holatida birdaniga katta kuch sarf qilinishi sababli ham u qisqa muddatli bo’ladi. Agar oddiy hissiyot faqat ruhiy hayajonlanishni ifoda etsa, affekt bo’rondir.
    Hissiy portlash ro’y berganda kishi o’zini nazorat qila olmay qoladi, qilayotgan ishining oqibatini o’ylamaydi va aql-hushini yo’qotib qo’yadi. Tormozlanish miya qobig’ini egallab, kishining tajribasi, uning madaniy va ma’naviy asoslarda mustahkamlangan muvaqqat bog’lanishlarning tarkib topgan tizimini ishlatmay qo’yadi. Hissiy portlashdan keyin holdan toyish, majolsizlik, barcha narsalarga befarq munosabatda bo’lish, harakatsizlik, ba’zan esa mudroq bosish boshlanadi.
    Kayfiyat. Shaxsning xatti-harakatlariga va ayrim ruhiy jarayonlariga muayyan vaqt davomida tus berib turuvchi emotsional holat kayfiyat deb ataladi. Shaxsning hayoti va faoliyati davomida shodlik, hazilkashlik, umidsizlik, jur’atsizlik, zerikish, qayg’urish singari his-tuyg’ular ruhiy holatining umumiy tizimiga aylanadi. Ushbu vaziyat ba’zi emotsional taassurotlarning vujudga kelishiga qulay zamin hozirlaydi, boshqasi uchun esa qiyinchilik tug’diradi. Inson xafa, ma’yus hissiy holat hukmronligida bo’lsa, tengdoshlarining hazili, keksalarning pand-nasihatlari, masla- hatlariga, quvnoq kayfiyat chog’dagiga nisbatan, boshqacharoq muno- sabat bildiradi. Shuning uchun ishlab chiqarish va xalq ta’limi tizimi jamoalarida, rasmiy doiralardan ishchanlik, o’zaro yordam, hamkorlik, hamdardlik, iliq ruhiy muhit yaratish, samimiy muomalani shakllantirish ham jismoniy, ham aqliy mehnat samaradorligini oshirishning kafolatidir.
    Stress, psixologik ta’rifiga ko’ra, affektiv holatga yaqin turadigan, lekin davomiyligiga ko’ra kayfiyatga yaqin bo’lgan his- tuyg’ular boshdan kechirilishining alohida shakli bo’lib, kuchli hayajonlanish (stress) holati (inglizcha «stress»– tazyiq ko’rsatish, zo’riqish degan so’zdan olingan)dan yoxud hissiy zo’riqishdan ibo- ratdir. Hissiy zo’riqish xavf-xatar tug’ilgan, kishi xafa bo’lgan, uyalgan, tahlika ostida qolgan va shunga o’xshash vaziyatlarda ro’y beradi. Psixologiya faniga «stress» tushunchasini olib kirgan olim kanadalik fiziolog G. Sele hisoblanadi. Uning talqini bo’yicha «stress – inson organizmiga qo’yilgan ortiqcha talabdir»12.
    Stress holatida shaxsning xatti-harakatlari keskin tarzda o’zgaradi, qo’zg’alishning umumiy reaktsiyasi paydo bo’ladi, harakatlari tartibsiz ravishda amalga oshiriladi. Stressning kuchayishi esa teskari reaktsiyaga olib keladi, natijada sustlik, zaiflik, faoliyatsizlik ustuvorlik qila boshlaydi. Stress holatida fiziologik o’zgarishlar tashqi tomondan qariyb ko’zga tashlanmasligi mumkin, biroq muammoni echishdagi qiyinchilik, diqqatni taqsimlashdagi sarosimalikni stressning tashqi ifodasi deb taxmin qilish mumkin. Shaxs stress holatida telefon raqamini adash- tiradi, vaqtni chamalashda yanglishadi, ong faoliyati engil buziladi, idrok ko’lami torayadi va boshqa holatlar kuzatiladi.
    Frustratsiya kishi maqsadga erishish yo’lida bartaraf etib bo’lmaydi deb hisoblangan yoki shunday deb idrok etiladigan to’sqinliklarga, g’ovlarga duch kelgan hollarda yuz beradi.
    Frustratsiyaning yuz berishi shaxsning xulq-atvorida va o’zini anglashida turli xil o’zgarishlarga olib keladi. Frustratsiya holati shaxs o’zini yo’qotib qo’yishi, ya’ni jabrlanuvchi jinoyatchiga qarshilik ko’rsata olmaganida, jinoyatchi ko’zlagan maqsadiga erisha olmaganida, kutilmaganda turli to’siqqa duch kelganida namoyon bo’ladi13.
    Hissiyot tushunchasiga adabiyotlarda turlicha ta’riflar uchraydi, jumladan, A.V. Petrovskiy tahriri ostida chiqqan «Umumiy psixologiya» darsligida hissiyot – kishining o‘z hayotida nimalar yuz berayotganiga, nimalarni bilib olayotganiga yoki nima bilan mashg‘ul bo‘layotganiga nisbatan o‘zicha turli xil shaklda bildiradigan kichik munosabatdir. M. Vohidovning «Bolalar psixologiyasi» o‘quv qo‘llanmasida hissiyot deb – tashqi olamdagi narsa va hodisalarga bo‘lgan ichki kechinmalarimizning ongimizda aks ettirilishiga aytiladi.
    G.Turg‘unov muallifligidagi lug‘atda hissiyot shaxsning voqelikdagi narsa va hodisalarga, kishilarga hamda o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlarida kelib chiqadigan yoqimli yoki yoqimsiz kechinmalardan iborat. Professor E.G‘oziyev muallifligidagi «Umumiy psixologiya» darsligida hissiyot odamda, tirik mavjudodlar miyasida, ya’ni shaxslarning ehtiyojlarini qondiruvchi va unga monelik qiluvchi obyektlarga nisbatan uning munosabatlarini aks ettirish ma’nosida qo‘llaniladi.
    Yuqoridagi ta’riflardan ko‘rinib turibdiki, hissiyot bizning tuyg‘ularimizning o‘ziga xos aks ettirish jarayoni bo‘lib, bunda narsa va hodisalarni aks ettirish jarayonida bizda tug‘iladigan ichki kechinmalar va munosabatlar aks ettiriladi. Demak, hissiyotlar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmasdan, tashqi olamdagi narsa va hodisalarning ta’siri bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi. Adabiyotlarda hissiyot bilan birga emotsiya tushunchasi ham keng doirada qo‘llaniladi. Aynan emotsiya tushunchasining mazmuni nimadan iborat va hissiyot tushunchasi bilan o‘zaro bog‘liqligi qanday degan savol tug‘iladi. Shunga muvofiq emotsiya tushunchasining mazmun-mohiyatini yoritadigan bo‘lsak, jumladan, professor E.G‘oziyevning «Umumiy psixologiya» darsligida emotsiya odatda tashqi alomatlari yaqqol namoyon bo‘ladigan his-tuyg‘ularni, ichki kechinmalarni ifodalanishidan iborat psixik jarayon yuzaga kelishining aniq shaklidir, deb ta’riflanadi.
    Emotsiya – shaxsning voqelikka o‘z munosabatini his qilishidan kelib chiqadigan, uning ehtiyoj va qiziqishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yoqimli yoki yoqimsiz kechinmalaridir. Keltirilgan ta’riflardan ko‘rinadiki, hissiyot tushunchasi emotsiyaga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, shaxsning kundalik hayoti, turmush tarzidagi barcha jabhalarni qamrab oladi. Hissiyot boshqa hamma psixik jarayonlar kabi bosh miya po‘sti qismining faoliyati bilan bog‘liqdir. Bosh miya hissiyotlarning kuchini va barqarorligini idora qilib turadi.
    Hissiyotlar boshqa bilish jarayonlaridan farqli bosh miya po‘stining faoliyatidan tashqari organizmning ichki a’zolari faoliyati bilan ham bog‘liqdir, boshqacha qilib aytganda hissiyotlar vegetativ nerv tizimining faoliyati bilan ham bog‘liqdir. Chunonchi, odam qattiq uyalgan paytida qizarib ketadi, qattiq qo‘rqqan paytida esa rangi o‘chib, qaltirab ketadi, hattoki odamning ovozida ham o‘zgarish paydo bo‘ladi. Ana shunday hissiy holat yuz bergan paytda odamning yuragi tez ura boshlaydi, nafas olishi ham tezlashadi.
    Hislarni kechirish shakllari. Hissiyot kechinmalari turli holatlarda turlicha tezlik bilan paydo bo‘ladi. Ba’zan hissiyot to‘satdan, darhol paydo bo‘ladi. Hissiyotning qo‘zg‘alish xususiyatlari paydo bo‘lish yo‘lini kuchi va barqarorligi bir qancha sabablarga bog‘liqdir. Atrof-muhitning holati shu paytdagi ehtiyojlarning kuchi shu xislat tuzilishiga sabab bo‘lgan hodisalarning shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatini anglashi, odamning dunyoqarashi, bu xislat qanday vaziyatda paydo bo‘lishi va o‘tmishi hamda shaxsning individual xususiyatlariga bog‘liqdir. Hislarning ayni vaqtda naqadar tez kuchli va barqaror bo‘lishiga ko‘ra his-tuyg‘ularning quyidagi turlari farqlanadi: hissiy ton, emotsiyalar, affekt, stress, kayfiyat va boshqalar.
    Hissiy ton. Hissiyot ko‘pincha faqat hissiy tus sifatidagi ruhiy jarayonlarning o‘ziga xos tomoni tariqasida namoyon bo‘ladi. Yoqimli suhbatdosh, kulgili voqea, yoqimsiz hid, zerikarli kitob, ko‘ngildagi mashg‘ulot, xushchaqchaq sayohat, og‘ir ish kabilar. Ko‘pincha emotsiyalar o‘zining ta’sirchanligi bilan bir-biridan ajralib turishiga qaramay, bunday sifatni hissiy holatlar stenik (yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, kuch degan ma’noni anglatadi) xususiyatli deyiladi. Bunda emotsiyalar dadil xatti-harakatlarga, mantiqiy mulohazalarga, nisbiy izlanishlarga kuch-quvvat, qanoat bag‘ishlaydi. Ba’zi hollarda emotsiyalar o‘zining sustligi, motorli, kuchsizligi bilan tavsiflanadi. Bunday hissiy holat astenik (yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, kuchsizlik, zaiflik ma’nosini bildiradi) deb ataladi. Bunday hissiyot insonni bo‘shashtiradi, uni xayolga cho‘mdiradi, xayolparast qilib qo‘yadi. Shu sababdan favqulodda shaxsdagi befoyda emotsional kechinmaga, uyalish, vijdon azobi, andisha esa qo‘rqoqlikka aylanib qolishi xavfi kuchli.
    Kayfiyat tushunchasiga psixologik manbalarda turli nuqtayi nazardan yondashilgan taqdirda ham mazmunan ular bir xillikni anglatadi.
    Affekt tushunchasiga berilgan ta’riflarga asosiy e’tiborni qaratadigan bo‘lsak, bu ham shaxsning kuchli emotsional holatlari bilan bog‘liqdir. Affekt lotincha so‘z bo‘lib, ruhiy hayajon, ehtiros degan ma’noni anglatadi. Affektlar ko‘pincha to‘satdan paydo bo‘ladi va ba’zan bir necha minut davom etadi. Affekt holatida kishi ongini tasavvur qilish, fikr qilish qobiliyati torayadi, susayib qoladi.
    Stress tushunchasining mazmun-mohiyati borasida qator ta’riflar uchraydi. Stress inson organizmining haddan tashqari zo‘riqishi natijasida paydo bo‘ladigan tanglik jarayonidir.
    Yuksak hislar. Hissiy jarayonlarning har xil shakllari normal odamda alohida, yakka holda mavjud bo‘lmaydi. Yuzlab va minglab kechirilayotgan emotsiyalar, affektlar, kayfiyatlarda aniq yashaydigan umumlashtirilgan hislar yuksak hislar deyiladi. Yuksak hislar o‘z tarkibiga birinchi soddaroq ko‘rinishdagi turli hislarni oladi. Inson faoliyatining qaysi bir turi, yoki qaysi bir sohasi, hislarni qaysi birining asosiy ekanligiga qarab, yuksak hislarning muhim turlari: praksik, axloqiy, intellektual, estetik turlari ajratiladi.
    Praksik hislar – inson amaliy hayotining istalgan sohasi maqsadga muvofiq aqliy faoliyatiga, shaxsning ularga nisbatan muayyan munosabatda bo‘lish sohasiga aylanib qoladi.
    Axloqiy hislar – odamning boshqa kishilarga, jamoa va o‘zining ijtimoiy burchlariga bo‘lgan munosabatlarida ifodalanadi. Inson bu hislarni kechirar ekan, ma’lum axloqqa, ya’ni ijtimoiy axloq qoidalari va normalari majmuiga asoslanib, boshqa kishilarning xatti-harakatlariga yoki ruhiy xususiyatlariga hamda o‘zining xatti-harakatlariga baho beradi. Estetik hislar ham yuksak axloqiy hislardan hisoblanadi.
    Estetik his deganda biz go‘zallikni idrok qilish, go‘zallikdan zavqlanish va go‘zallik yaratishga intilishni tushunamiz. Estetik hissiyot hamma odamlarga xos bo‘lgan hissiyotdir. Atrofdagi tabiat manzaralari estetik hissiyotlarimizning birinchi manbai hisoblanadi. Masalan, bahor faslidagi tog‘ manzaralari, yaylovlarda qo‘y va qo‘zichoqlarning o‘tlab yurishlari, baland qorli qoyalarni uzoqlardan mag‘rur turishlari odamda estetik lazzatlanish hissini tug‘diradi yoki xuddi dengizdek ko‘z ilg‘amaydigan ko‘m-ko‘k paxtazorlar, uzoqlarda chiroyli bo‘lib ko‘rinib turgan dala tepaliklari odamda qandaydir ko‘tarinki ruh tug‘diradi.
    Intellektual hissiyotlar ham o‘z mohiyati jihatidan axloqiy hissiyotlarga yaqin bo‘lgan hissiyotlardir. Intellektual hissiyotlar odamning bilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan hissiyotlar bo‘lib, biror narsadan hayron qolish, hayratda qolish, shubhalanish kabi holatlarda ifodalanadi. Intellektual hissiyotlarga dastavval ajablanishni kiritish mumkin. Ajablanish inson bilish faoliyatining ajralmas tomonidir. Ajablangan va qandaydir tushunib bo‘lmaydigan, hayratda qoldiradigan emotsiyalarga berilib qolgan odam o‘zining bilish ehtiyojlarini qondirishga intiladi. Haqiqatni izlash shubhalanish hissi bilan bir vaqtda amalga oshirish mumkin. Bu his odam faol bilish faoliyati orqali hosil qilgan g‘oya hamda e’tiqodlarni hayotga tatbiq qilish uchun bo‘lgan kurashning qiyin daqiqalarida unga madad bo‘ladi.



    Download 0,55 Mb.
    1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   116




    Download 0,55 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    -MAVZU. MUHANDIS XODIMLAR FAOLIYATI SAMARADORLIGINI OSHIRISHDA HISSIY-IRODAVIY VA SHAXS XUSUSIYATLARNING O’RNI ( 2 SOAT )

    Download 0,55 Mb.