Nafas tizimi kasalliklarida asosiy shikoyatlarga quyidagilar kiradi: yo‘tal, tumov,
balg‘am ajralib chiqishi, qon tupurish, tovush buzilishi, nafas siqilishi va ko‘krak
qafasi qismidagi og‘riq.
Yo‘tal — eng ko‘p uchraydigan va bosh alomatlardan biri. So‘rov jarayonida
yo‘talning quyidagi alomatlari aniqlanadi:
1) yo‘tal turi:
a) quruq yo‘tal – unumsiz (yo‘talayotganda nafas yo‘llaridan balg‘am
ajralib chiqmaydi);
b) nam yo‘tal – unumli (bola balg‘amni tashqariga chiqarib
tashlaydi yoki yutib
yuboradi);
v) kam unumli yo‘tal – (bola yo‘talayotganda uning nafas yo‘llarida balg‘am
borligi yaqqol seziladi, lekin u doim ham ajralib chiqmasdan, faqat davomli, azobli
va kasalmandga o‘xshab yo‘talgandagina ajralib chiqadi);
2) nafas olish yo‘llarining qaysi bo‘limi zararlanganligiga qarab, yo‘tal yuzaki
(masalan, faringitga chalinganda) va chuqur (bronxit, pnevmoniyaga uchraganda)
bo‘ladi;
3) davomiyligiga qarab yo‘tal qisqa muddatli, ba’zan oddiy yuzaki (faringit, o‘pka
sili, bronxit kabi xastaliklar da) va davomli (obstruktiv bronxit,
bronxial astmaga
chalinganda) bo‘lishi mumkin;
4) yo‘tal tezligi;
5) bola kunning qay vaqtida va qachon ko‘proq yo‘taladi — kunduzi,
tunda(masalan, xastalik boshida bola kunduzi ham, tunda ham yo‘talib, o‘tkazilgan
terapiyadan so‘ng tunda yo‘talmay qo‘yganda – bu samarali davolov hisoblanadi);
6) yo‘talayotganda og‘riq mavjudligi va uni lokalizatsiyalash (ko‘krak qafasining
tegishli uchastkasi qismida og‘riq mavjudligi plevritning eng ishonchli
alomatlaridan biri hisoblanadi);
7) yo‘talish vaqtida qayt qilish.
Yo‘talning patognomonik turlari mavjud bo‘lib,
ularning aniqlanishi
shifokorga kasallik diagnostikasida (tashxis qo‘yishda) sezilarli yordam beradi.
Ular qatoriga quyidagilar kiradi: ko‘kyo‘talga o‘xshash, dag‘al (vovullovchi) va
bitonal yo‘tal.
Ko‘kyo‘talga (lotinchada – pertussis) o‘xshash yo‘tal (inglizchada –
whooping cough). Odatda tunda paydo bo‘ladi. Beto‘xtov yo‘tal turtkilaridan
boshlanib, giperemiya, sianoz,
yuz terisining shishib qolishi, yosh oqishiga olib
keladi. Bunday davomli yo‘taldan keyin chuqur hushtaksimon ovozda nafas olish –
repriz yuzaga keladi. Shunda quyuq balg‘am ajralib chiqadi. Yo‘taldan so‘ng
ko‘pincha qayt qilish kuzatiladi. Dag‘al (vovullovchi) yo‘tal nay orqali bo‘sh
bochkaning ichiga puflayotganda paydo bo‘ladigan ovozni eslatadi. U
vovullayotgan itning ovoziga o‘xshaydi. Bu hiqildoq yallig‘langanligining (o‘tkir
laringit, stenozirlovchi laringotraxeit, difteriya) o‘ziga xos alomatidir.
Bunday
holatda yuzaga keladigan qiyinlashgan nafas olish sindromi krup deb nomlanadi.
Krup soxta va haqiqiy bo‘lishi mumkin. Soxta krup virusli infeksiyaga chalinganda
(stenozirlovchi laringotraxeit) faqat emadigan chaqaloqlarda, maktabgacha
yoshdan avvalgi va ba’zan maktabgacha yoshdagi bolalarda rivojlanadi.
Haqiqiy
krupga difteriya sabab bo‘lishi mumkin bo‘lib, bu holatda tovush paychalarida
difteriya pardalari (inglizchada – film) paydo bo‘lib, nafas yo‘llarini bekitib
qo‘yadi. Bunday patologiya har qanday yoshdagi bemorda yuzaga keladi.
Bitonal yo‘tal. Bir yo‘tal refleksi jarayonida ikkita ton eshitiladi:
dastlab ovoz dag‘al yoki, musiqachilar tili bilan aytganda – past, oxirida esa –
jarangdor yoki, musiqali atamada bo‘yicha – yuqori ton eshitiladi.
Tumov — bu burun yo‘llaridan balg‘am ajralib chiqishi bo‘lib,
bu jarayonda
quyidagi alomatlar aniqlanadi:
– konsistensiyasiga (tarkibiga) qarab, ajrab chiqadigan balg‘amning suvli, shilliqli,
shilliq-yiringli va yiringli xususiyatlari aniqlanadi;
– rangi – rangsiz, sariq, yashil;
– miqdori – ozgina, o‘rtacha, ko‘p (juda ko‘p);
– patologik qo‘shimchalar (masalan, qon);
– hidi (masalan, yiringli – ingliz. rot – yiringli jarayon alomati);
– burunning bir yoki ikki yo‘llaridan balg‘am ajralib chiqishi.
Ikkala nafas olish yo‘llaridan ajralib chiqadigan balg‘am tashxis qo‘yishning
muhim mezoni hisoblanadi. Katta yoshli boladan yo‘talib, balg‘am chiqarib
berishni iltimos qilish, uni diqqat bilan ko‘rib chiqish
va quyidagi alomatlarni
aniqlash lozim:
– miqdori;
– konsistensiyasi (suyuq,quyuq);
– xususiyatlari va rangi (shilliq-rangsiz, shilliq-yiringli – sariq, yiringli – yashil
tusli; qon aralash bo‘lishi mumkin; rifampitsin qabul qilinganda – pushti rang);
– hidi (yiringli badbo‘y hid [ingliz. stinking] – abssess alomati);
– qon mavjudligi: qon balg‘amga nafaqat quyi nafas olish yo‘llaridan, balki
burundan, og‘iz bo‘shlig‘idan, oshqozondan tushib
qolishi mumkinligini esdan
chiqarmaslik lozim.
Pushti rangli ko‘pikka (ingliz. foam) o‘xshash narsa ajralib chiqishi – qon
tupurishning o‘ziga xos alomati hisoblanadi (nafas yo‘llaridan balg‘am bilan birga
qon qiqishi).
Qolgan vaziyatlarda (burundan chiqishida va h.k.) qon qizil rangli, yaxlit quyqalar
ko‘rinishida (ingliz. clot) bo‘ladi. Nafas yo‘llaridan ham, oshqozon-ichak traktidan
ham ko‘p miqdorda keladigan qon bir xil yorqin-qizil rangli bo‘ladi.