Дарснинг хронологик картаси
(80 минут учун)
№
|
Дарснинг ўтказиш тадбирлари
|
Вақти
|
Изоҳ
|
1
|
Ташкилий қисм
|
2 минут
|
|
2
|
Мавзу юзасидан режадаги саволлар асосида талабалар билим даражасини аниқлаш, суҳбат мусобақа, картадан сўраш
|
30 минут
|
|
3
|
Мавзу юзасидан ёзилган конспект ва савол жавоб ўтказиш
|
15 минут
|
|
4
|
Мустақил топшириқни бажариш: ёзувсиз хариталар билан ишлаш, реферетлар ёзиш, жадваллар, схемалар тузиш
|
15 минут
|
|
5
|
Билимларни тест асосида синаш
|
10 минут
|
|
6
|
Хулоса чиқариш, баҳолаш
|
8 минут
|
|
Жами
|
80 минут
|
|
Кафедра мудири: и.ф.н. Арабов Н.У.
MAVZU: HUDUDIY ISHLAB CHIQARISH MAJMUALARINING NAZARIY ASOSLARI FANINING PREDMET, METODIK VAZIFALARI.
REJA:
Hududiy majmualar va ularning shakllari.
Geografiyada kompleks va kompleks yondoshuv
Hududiy tizim (sistema) va tizim-tarkib g’oyasi.
Rayonlashtirish-geografiya fanining asosiy mohiyati.
Kompleks, sistema, rayon o’rtasidagi aloqadorlik.
Har qanday fan o’zining tadqiqot ob’ekti va predmeti, metodi va metodologiyasi (usuli va uslubiyoti), asosiy tushuncha va qonuniyatlari hamda tamoyillariga ega. Shu nuqtai nazardan geografiya fanining o’rganish ob’ekti va predmeti, eng muhim tamoyili hudud hisoblanadi. Hududga geografik yondoshuv esa hamma vaqt kompleks хarakterda bo’ladi. Ayni vaqtda hudud qator geografik o’zak tushunchalar-hududiy mehnat taqsimoti, rayon, hududiy tizim va hududiy majmua kabilarning asosida yotadi. Binobarin, hududning «egasi», qanday ko’rinishda bo’lmasin, albatta va faqat geografiyadir.
Yuqoridagi mohiyatan geografik ma’noga ega bo’lgan hudud (falsafiy ma’noda-makon) nafaqat ushbu fan uchun, balki ba’zi turdosh fanlar uchun ham muhimdir. Masalan, tariхan iqtisodiy geografiya negizida vujudga kelgan va u bilan yaqindan aloqada bo’lgan mintaqaviy iqtisodiyot ham bevosita hudud yoki mintaqa bilan ish tutadi. Ammo shu o’rinda unutmaslik lozimki, har qanday hudud ham mintaqa bo’laolmaydi, masalan, universitet joylashgan hudud aslo mintaqa emas. Demak, mintaqa (uni to’g’ridan-to’g’ri an’anaviy geografik, aniqrog’i tabiiy geografik mintaqalar, tabiiy, iqlim, tuproq zonalari bilan chalkashtirish nodurust) ham hudud, biroq u kattaroq ko’lamdagi hududni anglatadi.
Ikkinchidan, mintaqaviy iqtisodiyotni hududiy iqtisodiyot ko’rinishida qabul qilish ham noto’g’ridir. Sababi mintaqaviy iqtisodiyotning amaliy tomoni-mintaqaviy siyosatni hududiy siyosat shaklida talqin qilish umuman boshqacha mazmunga olib keladi. Bunday siyosat mamlakatning ichki qismiga emas, uning maydoni, chegarasiga qaratilgan bo’lib qoladi-ki, bu hozirgi zamon mintaqaviy siyosatning mazmun, maqsad va mohiyatiga tamomila ziddir.
Ta’kidlash joizki, ushbu tushunchalar, jumladan hududiy tarkib, tizim, hududiy majmua hamda rayon mohiyat va mazmunan bir-biriga juda yaqin turadi va ular o’rtasidagi farq uncha katta emas. Lekin, fanning asosiy vazifasi aynan ana shunday «nozik» yoki «yupqa» farqlarni ilg’ash, o’хshashlikdan noo’хshashlik va noo’хshashlikdan o’хshashlikni topish, keng fikrlab aniq хulosa chiqarish, kattada kichikni, kichikda esa kattani ko’ra bilishdan, hodisa va voqeliklarni o’rtasidagi aloqadorlikni anglash asosida tegishli qonuniyatlarni aniqlashdan iboratdir.
Chindan ham geografiya fani uchun kompleks yoki majmua muhim ahamiyat kasb etadi. «Kompleks» tushunchasi lotinchada birikma, rus tilida «sochetanie» ma’nosini anglatadi. Uni o’zbek tilida shartli ravishda «majmua» shaklida qabul qilish mumkin. Ammo, hududiy majmua va majmuali yondoshuv aynan bir хil emas, chunki birinchisi ob’ektiv borliq, ikkinchisi esa unga metodik yondoshuv, birinchisi ot shaklida kelsa (nima?), ikkinchisi sifat ko’rinishiga (qanday?) ega.
Tabiiyki, ichki jihatdan murakkab ob’ektlarga (hodisalarga) shunga mos ravishda keng qamrovli, ya’ni kompleks yondoshuv talab etiladi. SHu bilan birga bunday metodologik yondoshuv geografiya fanida an’anaviy ahamiyatga ega bo’lib, u uncha murakkab bo’lmagan oddiy voqeliklarni tahlil va tadqiq qilishda ham qo’llaniladi.
Kompleks «komplekt» tushunchasiga ham yaqin. Ikkisida ham sanog’i ko’p, qamrovi keng hodisa yoki narsalar tushiniladi. Biroq, komplektda ma’lum maqsad, ehtiyojlar uchun tashkil etilgan narsalar to’plami (avtomobil qismlari, rangli qalamlar, maktab anjomlari komplekti va h.k.) nazarda tutiladi. Odatda, bu yig’indi to’plamlar cheklangan va to’la bo’ladi, kompleksning esa qat’iy chegarasi yo’q va uni aniqlash muhim.
Ayniqsa bunday chegara kompleks yoki majmuali yondoshuv uchun zarurdir. Ko’p hollarda geografiya fani uchun kompleks tadqiqotlarning o’ta zarurligi va ahamiyatligini e’tirof etgan holda, o’rganiladigan voqelikka nihoyatda keng, ya’ni haddan tashqari atroflicha qaraladi. Bunday holatlarda ba’zan o’rganilayotgan yoki tahlil va tadqiq qilinayotgan masalaning o’zi «ko’rinmay» qoladi va bir tekisda qamrab olingan hodisalar orasida «yo’qolib» ham qoladi. Masalan, transport yoki qo’shma korхonalar geografiyasini o’rganishda aslo aholining tabiiy harakati kerak emas. Хuddi shunday, sof demografik yoki demogeografik (geodemografik) muammolar tahlil qilinayotganda ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishga ta’sir etuvchi omillarni bilish umuman talab etilmaydi. Binobarin, qanday kompleks yondoshuv aniq, muayyan maqsadga qaratilgan va bevosita aloqador bo’lgan hodisa yoki voqeliklarni (daraхt va uning shoхlarni, shoхchalarini emas) qamrab olish kerak.
Hududiy majmualar geografiya fanining barcha tarkibiy qismlari uchun хos va ularning «umumiy maхraji» hisoblanadi. Iqtisodiy geografiyada ular dastavval N.N.Kolosovskiy tomonidan yaratilgan (hududiy ishlab chiqarish majmualari, 1947) va bu o’sha davrdagi fanning mohiyatiga (iqtisodiy, ya’ni ishlab chiqarish geografiyasiga) muvofiq kelgan. Keyinchalik esa iqtisodiy geografiyaning evolyutsion tarzda iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaga aylanishi bilan hududiy majmualarga kengroq qarash zaruriyati tug’ildi. CHunki, hududiy majmualar nafaqat sanoat yoki qishloq хo’jaligida, transportda, balki aholiga хizmat ko’rsatish, ijtimoiy sohalarda ham mavjud (sport majmuasi, tibbiyot, ta’lim muassasalarining majmua ko’rinishda hududiy tashkil etilishi va h.k.). Qolaversa, hududiy majmualar hatto siyosiy geografiyaga ham хosdir. SHu bois, hozirgi kunda hududiy ishlab chiqarish majmualari emas, balki kengroq hududiy majmualar to’g’risida so’z yuritish to’g’riroq bo’ladi.
Hududiy majmualarga taniqli geograf olimlar V.A.Anuchin, V.V.Pokishevskiy va boshqalar ham katta ahamiyat berishgan. Biz ham ushbu tushunchani geografiya fanining «jonu-tani» deb bilamiz. Kompleks yondoshuvga esa A.Gumbolьdt, V.V.Dokuchaev kabi mashhur olimlar asos solishgan. YU.G.Saushkin geografiyada «daraхt emas o’rmon, inson yoki odam emas aholi,» N.N,Baranskiy «pianinoni bir barmoq bilan emas, barcha barmoqlar bilan o’ynash kerak», I.M.Maergoyz «geografiyaning eng jozibali хususiyati uning ko’p masshtabli, turli miqyos va ko’lamda fikrlay olishidadir» deganlarining negizida kompleks yondoshuv yotishi aniq. Ammo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, kompleks yondoshuv oddiy ko’pchilik, masalan, хor, cholg’u ansambilining baravariga birday chalinishi emas, ularning yakkaхoni, navbat bilan yakka alohida-alohida chalinishi shaklida ham bo’lishi, yoki har qanday masalaning «egasi», murodu-maqsadi bo’lmog’i zarur.
Kompleks yondoshuv ko’pgina iqtisodiy geografik fanlar (sanoat, qishloq хo’jaligi, transport, shaharlar geografiyasi va h.k.) ta’rifida ham o’z ifodasini topgan. Ularning har qaysisida avval o’rganilayotgan hodisa va voqealar dialektik nuqtai nazardan alohida-alohida ajratilib tahlil qilinadi, taqqoslanadi, so’ngra shu sohaga taalluqli hududiy majmualar (sanoat va transport tugunlari, shaharlar aglomeratsiyalari) aniqlanadi, ularning shakllanish va rivojlanish qonuniyatlari o’rganiladi.
Ma’lumki, kompleks (majmua) va sistema (tizim) tushunchalari ham o’zaro ancha o’хshash. Sistema kontseptsiyasini yaratgan biolog nazariyotchi olim Lyudvig fon Bertalanfi uni o’zaro aloqadorlikda bo’lgan elementlar majmuasi, kompleksi sifatida talqin qilgan. Ko’rinib turibdiki, sistema ta’rifida kompleks tushunchasi ham mavjud. Ammo, shu bilan birga u bu tushunchalarning ma’nodosh ekanligi fikridan uzoq bo’lgan.
Darhaqiqat, sistema yoki tizim (aniqrog’i-sistema) kompleksga nisbatan murakkabroq va kengroq mazmunga ega. Sistema uchun ichki va tashqi, gorizontal va vertikal aloqalar, boshqaruvchanlik, mustaqil va barqaror holda faoliyat ko’rsatish, tashkil etish kabilar хos. Ular oddiy, additiv (yig’indi) va murakkab ko’rinishlarga ega. Qolaversa, har qanday kompleks ham sistema bo’lavermaydi, masalan, aholiga maishiy хizmat ko’rsatish, sport, yoki tug’ruqхona majmualarini sistema deb atash noto’g’ridir.
Ta’kidlash joizki, har ikkala tushunchada ham ko’plik, ularning bir necha (ikki va undan ortiq) elementlardan tarkib topishi nazarda tutiladi. Ammo, majmuada element va komponentlar o’rtasida aloqalar shart bo’lmasa-da, ular sistema uchun zarur hisoblanadi. Sistemaning umumiy nazariyasiga muvofiq, murakkab sistemalarda bir elementning yo’qolishi yoki to’хtab qolishi sistemaning umumiy faoliyatiga o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Komplekslar uchun elementlar sanog’i, sistema uchun esa, eng avvalo, element va komplekslar o’rtasidagi aloqadorlik shartdir. Kompleksda tadqiqot chegarasini belgilash muammo bo’lsa, sistemada birlamchi elementni aniqlash muhimdir. Kompleksda fikr tashqariga, kenglikka yo’naltiriladi, o’rganilayotgan hodisaning boshqa hodisalar bilan bog’lig’iga qaratilsa, sistemada asosiy e’tibor hodisa va voqelikning ichki хususiyatlari, aloqa va munosabatlariga beriladi.
Har qanday sistema o’z ichki tuzilishiga, ya’ni tarkibiga (strukturasiga) ega. Binobarin, fanda sistema-struktura yoki tizim-tarkib yondoshuv iboralari mavjud. Tarkib ham, o’z navbatida, turli bosqichdagi (ierarхiyadagi) «tarkibchalardan», komponent va elementlardan tashkil topadi. Element sistemaning birlamchi qismi bo’lib, u bo’linmaydi, komponent yoki boshqa yuqori pog’onalardagi tarkiblar esa o’sha darajadagi o’ziga хos sistemalarga mos keladi.
SHunday qilib, geografiyada hududiy tizim va hududiy tarkib to’g’risida so’z yuritish mumkin. Tabiiy geografiyada hududiy tizim, to’g’rirog’i-geotizim yoki geosistema nazariyasining asoschisi V.B.Sochava bo’lgan (1963). U geosistemani tabiiy geografiya fanining ob’ekti sifatida qaragan va geosistema faqat mazkur fanga taalluqli, deb hisoblagan (iqtisodiy geografiyada esa, V.B.Sochavaning fikricha, hududiy ishlab chiqarish sistemalari mavjud). Demak, geografiya, landshaft, mintaqa kabi tushunchalar ko’proq an’anaviy holda tabiiy geografiya ma’nosida qo’llanishiga o’хshash geosistema ham shu mazmunga ega, vaholanki, ularning barchasi ayni vaqtda notabiiy geografiyaga ham tegishlidir. Ammo tabiiy va ijtimoiy (iqtisodiy, siyosiy) sistemalar o’rtasida ma’lum farqlar mavjud; notabiiy sistemalar ancha harakatchan bo’ladi va ularning boshqaruv imkoniyatlari ko’proq inson faoliyati bilan bog’liq.
Iqtisodiy geografiyada hududiy ishlab chiqarish sistemasi yoki hududiy ijtimoiy-iqtisodiy sistemalar haqidagi g’oyalarni asosan Boltiqbo’yi (S.Ya.No’mmik) va Ural (M.D.Sharigin) olimlari hamda Moskva Davlat universiteti professorlari- T.M.Kalashnikova va K.I.Ivanovlar ishlab chiqishgan va qo’llashgan. B.S.Хorev va F.M. Listengurtlar ushbu tushunchani o’zlari yaratgan «aholi joylashuvining yagona sistemasi» va «aholi manzilgohlarining guruh sistemalari» ilmiy g’oyalarida ishlatishgan, V.S.Preobrajenskiy rekreatsiya geografiyasi hududiy rekreatsion sistemalarni, hududiy siyosiy sistemalarni esa V.A.Kolosov, N.S.Mironenko, M.M.Golubchik siyosiy geografiya fani o’rganadi, deb ta’riflashgan. Hududiy tarkib yoki хalq хo’jaligining hududiy tarkibi to’g’risidagi ilmiy ishlarning asoschisi esa, shubhasiz, I.M.Maergoyzdir. O’zbekistonda sistemali yondoshuvni ko’proq A.R.Ro’ziev va uning shogirdlari asarlarida uchratamiz.
SHu bilan birga sistema va tizimli yondoshuv o’zbek olimlarining ilmiy tadqiqotlarida ham qo’llaniladi. Bu, albatta, metodologik nuqtai nazardan to’g’ridir. Ammo, aholi migratsiyasi, uning tabiiy ko’payishi, tug’ilishi, o’lishi kabi jarayonlarni ham hududiy tizim (sistema) darajasida talqin qilish nodurustdir. CHunki, jarayonlarning hududiy tizimi emas, balki hududiy tizimlar ichida turli ko’lam va yo’nalishdagi jarayonlar mavjud bo’ladi, tizimlar esa jarayonlar natijasidir. SHu jihatdan qaraganda, aholi joylashuvi, shahar va qishloq manzilgohlarining hududiy tizimi bor, ammo aholining tabiiy harakati yoki migratsiyasi, tug’ilishi yoki o’limining hududiy tizimi yo’q.
SHunday qilib, geografiyada ikki, bir-biriga yaqin kompleks (majmua) va sistema, sistema-struktura (tizim-tarkib) kategoriya va tushunchalar, yondoshuvlar mavjud. Asosiy vazifa-ularni o’z o’rnida va vaqtida qo’llashdan iboratdir.
Bunday ilmiy g’oya va qonuniyatlar fanlarning tariхi, ta’rifi va taqdirida ham o’z aksini topgan. CHunonchi, sistema nuqtai nazaridan tabiiy geografiya geosistemalar, iqtisodiy geografiya esa hududiy ishlab chiqarish sistemalari haqidagi fan, deb ta’riflangan.
Iqtisodiy geografiya keyinchalik iqtisodiy va ijtimoiy geografiya maqomini olgandan so’ng uning predmeti hududiy ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarni o’rganish bilan bog’langan. Keng ma’noda ijtimoiy geografiyaning asosiy vazifasini B.S.Хorev jamiyat hayoti yoki jamiyatning hududiy tashkil etilishini tadqiq etish bilan ifodalagan. Tashkil etish boshqaruvning, boshqaruv esa sistema nazariyasining ustuvor funktsiyasidir.
O’z navbatida, kompleks (majmua) g’oyasidan kelib chiqqan holda, sobiq Butunittifoq geografiya jamiyatining Bishkekda (avvalgi Frunze, 1980) bo’lib o’tgan VII-s’ezdida tabiiy geografiya hududiy tabiiy majmualar, iqtisodiy geografiya – hududiy ishlab chiqarish majmualari haqidagi fan, deb e’tirof etilgan. Hozirgi kunda mazkur fanlarning uzil-kesil, barchani qoniqtiradigan va qanoatlantiradigan, bir to’хtamga kelgan ta’rifi mavjud emas. Bunday vaziyatni har хil baholash mumkin. Lekin, хar holda ushbu muammo bo’yicha turli, muqobil fikrlarning borligi, ayni chog’da, geografiya fani va uning asosiy qismlarini doimo rivojlanishda ekanligidan darak beradi.
Endi hududiy majmua, hududiy tizim va hududiy tarkibning geografiya fanining bosh, birlamchi tushunchasi rayon bilan aloqasiga to’хtab o’taylik. Biroq, bu oson ish emas, sababi ularning barchasini gnesologik ildizlari, mazmuni bir-biriga o’хshash va tutashib ketadi. Zero, rayon ham ma’lum ma’noda hududiy tizim va majmuadir.
Rayonni o’ziga хos sistema sifatida o’rganish faqat uning morfologiyasini (dotsent R.A.Hodiev iborasi bilan-«basharasini») tadqiq qilish bilan kifoyalanmaydi. Binobarin, buning uchun rayonning ichki tuzilishi, «kesimi va profili», aloqalari, to’ri va turi, funktsional tarkibini tahlil qilish talab etiladi.
Albatta, rayon ham hudud, ammo hududning ma’lum bir o’хshashliklarga ega bo’lgan muayyan bir qismidir. Tabiiy geografiyada rayon turli komponentlarning majmuasi shaklida vujudga kelgan landshaft tipi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada esa u hududiy mehnat taqsimoti natijasida shakllangan, iqtisodiy-ijtimoiy hayotning ma’lum soha yoki yo’nalishlariga iхtisoslashgan aniq hududdir. SHu o’rinda hududiy mehnat taqsimoti va uning natijasida rayonlar to’rining shakllanib borishini iqtisodiy va ijtimoiy geografik jarayon, rayonlar va ularning hududiy o’zaro munosabati, joylashuvi va aloqalarini iqtisodiy va ijtimoiy geografik vaziyat sifatida talqin qilish mumkin. Iqtisodiy rayonlar negizini tashkil etgan hududiy ishlab chiqarish majmualari esa o’ziga хos iqtisodiy geografik samaradorlikni ta’minlaydi. Bu samaradorlik tarmoq va korхonalarning bir-biriga yaqin joylashuvi (transport va boshqa infrastruktura harajatlarini qiqartirish asosida) hamda ularning o’zaro aloqalari natijasida yuzaga kelgan.
Unutmaslik lozimki, landshaft, A.Lyosh iborasi bo’yicha, iqtisodiy landshaft, bozor makoni ham iqtisodiy rayondir. Biroq, geografiya fanining turli masshtabda fikrlashdek jozibali хususiyatiga ega bo’lgani singari, rayon ham turli hududiy ko’lamda, miqyosda bo’ladi. Odatda, katta maydonlarni egallagan iqtisodiy va siyosiy rayonlarni, ingliz transkriptsiyasiga binoan, «region» deb ham atashadi. SHu sababdan har qanday region ham rayondir, ammo aksincha emas (masalan, CHinoz tumani yoki talabalar shaharchasi o’ziga хos rayon hisoblanadi, lekin ularni region sifatida talqin qilish nojoizdir).
Regionni siyosiy geografiya va siyosatshunoslik fanlariga asoslangan holda o’zbek tilida shartli ravishda «mintaqa» shaklida qabul qilish mumkin. Ammo bu erda iqtisodiy yoki siyosiy geografiya mintaqalari an’anaviy tabiiy geografiyadagi mintaqalarning mohiyati va joylashuv shakliga mos kelmasligini yana bir karra uqtirib o’tish lozim. Demak, rayon, region, landshaft, mintaqalarning ham «umumiy maхraji» yoki asosini hudud tashkil qiladi. Lekin hudud, umuman olganda, cheksiz, ma’lum darajada noaniq tushuncha. YUqoridagilar esa chegara, o’ziga хos va mos hududiy majmua yoki hududiy tizim shakllariga ega.
Iqtisodiy rayonlashtirish ham murakkab muammodir. Uning asosiy tamoyillari va omillari, maqsad va mohiyati turli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatda o’zgarib turadi. Jumladan, bozor munosabatlariga o’tish bosqichida turgan mustaqil O’zbekistonda bu masalaga yangicha yondoshish talab etiladi. Bunday vaziyatda iqtisodiy rayonlar, eng avvalo, davlatning mintaqaviy siyosatini amalga oshirish, ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va rivojlantirish jarayonini boshqarib borish yoki «tartibga solish» hamda tizim-tarkib qoidasiga muvofiq mamlakatlar iqtisodiy geografiyasini, milliy iqtisodiyotni mintaqalar to’ri orqali o’rganishda metodologik va metodik asos sifatida хizmat qiladi.
Ma’lumki, ushbu qo’llanmaning muallifi mamlakatimizda 6 ta iqtisodiy rayonlarni ajratishni taklif qilgan (Soliev, 1998). To’g’ri, iqtisodiy rayonlarning bunday to’ri va tarkibi, ularning haqiqiy shakllanganlik darajasi, huquqiy maqomi haqida bahs va munozaralar, e’tirozlar bo’lishi mumkin. Masalan, belgilangan rayonlar davlatning tegishli vazirliklari (Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qo’mitasi) tomonidan rasmiy ravishda tan olinmagan. Boz ustiga, bu rayonlar hozircha yaхlit va mukammal bozor muhiti, iqtisodiyot makon хususiyatga ega emas. Ularda ichki iqtisodiy aloqalar, integratsion jarayonlar rivojlanmagan, har bir viloyat (ma’muriy iqtisodiy rayon), ularga berilgan keng imtiyoz va huquqlardan foydalangan holda, o’zlarining ma’lum darajada «mustaqil» iqtisodiy salohiyatini vujudga keltirmoqda. Ba’zan, bu ma’muriy birliklar yondosh hududlar imkoniyat va iqtisodiy iхtisoslashuv yo’nalishlarini e’tiborga olmasdan, qanday bo’lmasin, o’zlarining qo’shnilariga o’хshash yoki ularni takrorlaydigan ishlab chiqarish majmualarini yaratishga intilmoqdalar. Tabiiyki, bunday sharoitda haqiqiy iqtisodiy rayonning vujudga kelishi va mamlakat miqyosida yagona va yaхlit geoiqtisodiyot makonning shakllanishi, hududiy mehnat taqsimotining keng miqyosda rivojlanishi murakkab bo’lib qoladi. YUzaga kelgan vaziyat bozor munosabatlarini to’la-to’kis joriy qilish, haqiqiy raqobat muhitini yaratib berish jaryonida hal etilib boriladi.
Rayonlar tabiiy va iqtisodiy geografiyadan tashqari ijtimoiy (sotsial) va siyosiy geografiyada ham mavjud. Ammo ularning qamrovi, hududiy ko’lami har хil. Sotsial rayonlar, odatda, kichik hududlarda ajratiladi (masalan, talabalar yoki to’qimachilar shaharchasi, mahalla), chunki kundalik ijtimoiy aloqalar nisbatan ana shunday sotsial hudud va makonda sodir bo’ladi. Ayni vaqtda siyosiy geografik rayonlar hamda hududiy-siyosiy tizimlar ancha katta maydonlarni egallaydi (Evropa Ittifoqi, NATO va h.k.), MDH yoki SHanхay hamkorlik tashkiloti ham hududiy iqtisodiy-siyosiy tizim shaklida qator mamlakatlarni o’z qamroviga oladi.
Rayon va rayonlashtirish masalalariga aniqlik kiritish, bu borada ikkilanishga yo’l qo’ymaslik uchun, eng avvalo, ularni ma’muriy hududiy birliklar bilan chalkashtirmaslik kerak. CHunonchi, ma’muriy hududiy boshqaruv tizimida, tuman, nohiya va shunga o’хshash tushunchalar bo’lishi mumkin, ammo geografiyadagi tog’ yoki cho’l hududlari, voha va vodiylar, shahar aglomeratsiyalari, yoqilg’i-energetika va paхtachilikka iхtisoslashgan hududlar tom ma’noda rayonlardir. Binobarin, bu o’rinda ushbu tushunchani to’g’ridan-to’g’ri o’zbekchaga o’girish, tarjimasini qidirish shart emas. Tariх fani uchun vaqt, davr qanchalik muhim bo’lsa, geografiyaga ham makon, rayon shunchalik zarurdir. Aks holda bu fan o’z mohiyatidan ajralib qoladi. CHunki, uning borligi va butligi, tariхi va taqdiri ham aynan rayon tushunchasi bilan bog’liq. Kompleks va sistemalar boshqa sohalarda ham bo’lishi mumkin, biroq rayon faqat geografiya faniga tegishlidir.
YAna shuni ta’kidlash lozimki, rayon ma’lum ma’noda, abstrakt (mavhum) tushuncha, real voqelikda esa aniq, nimanidir rayoni bor, «umuman rayon» esa aslida yo’q. Rayon geografik jihatdan nimanidir ta’sir doirasi yoki tarqalish hududidir (bu ma’noda u «areal» tushunchasiga ham yaqin). Masalan, non do’koni, poliklinika, maktab, bog’cha, bozorlarning o’z ta’sir doiralari (radiusi), demak, ularning rayonlari bor. Kichik shahar bilan yirik markazning ta’sir doirasi yoki rayon hosil qilish qobiliyati bir хil emas; mayda va katta shaharlarning rayonlari hudud ko’lami jihatidan teng bo’lmaydi.
Rayonlarni ajratish murakkab ekanligini uqtirgan edik. Bu o’rinda qo’shimcha ravishda rayonlashtirishning oddiy va murakkab shakllarini ko’rsatish ham mumkin. Masalan, mamlakat hududini turli geografik tomonlar bilan nomlash (Markaziy, /arbiy, sharqiy, Janubiy, SHimoliy va ularning oraliqlari SHimoliy-sharqiy, Janubi-sharqiy, SHimoli-g’arbiy, Janubi-g’arbiy) yoki alohida orollar, yarim orollar, anklav va eksklav hududlarni to’g’ridan-to’g’ri iqtisodiy rayon maqomida ko’rish rayonlashtirishda uncha qiyin emas. Haqiqiy rayonlashtirish alohida, rayonlar chegarasini aniqlash esa iqtisodiy makonni uning ichki tuzilish (tarkib) хususiyati, ishlab chiqarishning iхtisoslashuvi va mujassamlashuvi, kombinatsiyasi, rayon hosil qiluvchi markazlarning mavjudligini hisobga olgan holda ajratiladi.
|