Savol va topshiriqlar.
Geografiya fanining asosiy tushunchalari qaysilar?
Hududiy majmua nima va uning asosiy belgilarini ta’riflab bering.
Hududiy majmua va hududiy tizim orasida qanday farq bor?
Hududiy tarkib va rayonlashtirish haqida nimalarni bilasiz?
Rayonlashtirishning oddiy va murakkab usullarini tushuntirib bering.
O’zingiz yashayotgan viloyatni qanday rayonlarga ajratasiz?
MAVZU: X.I.CH.M. VA ISHLAB CHIQARISH KUCHLARINI JOYLASHTIRISH VA TASHKIL QILISH.
REJA:
Joylashtirish, joylanish haqida umumiy tushuncha.
Merkantelizmdan fritredizmga.
Ishlab chiqarishni joylashtirishda I.Tyunen va A.Veber g’oyalari.
Kristaller-Lyosh nazariyasi.
YAngiliklarning hududlar bo’ylab tarqalish g’oyasi.
Er yuzida butun borliq, mavjudot bir tekis tarqalmagan yoki taqsimlanmagan. CHunonchi, havo harorati, suv, tuproq, o’simlik, hayvonot dunyosi, qazilma boyliklar, aholi va u tomonidan yaratilgan ishlab chiqarish tarmoqlarining joylanishi, zichligi bir хil emas. Aynan ana shunday notekislik geografiya fanining chin mohiyatini, uning diniy va dunyoviy ahamiyatini asoslab beradi, kishilarning hayot-faoliyatini, hududiy mehnat taqsimoti va hatto jahon hamjamiyatidagi mamlakatlarning geografik siyosatini belgilab beradi.
Qizig’i shundaki, insoniyat tariхida doimo turli narsalarning notekis joylanishiga barham berish va ularning bir tekis tarqalishiga urinib kelingan, ammo hech qachon bu notekislik butunlay yo’qolmagan, turli mintaqalar va joylardagi hayot turlichaligicha qolaveradi. Demak, geografiya ham abadiy, u harakatdagi olam sirlarini o’rganuvchi fan sifatida o’z ilmiy va amaliy ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydi. Uning bunday vazifasi ayniqsa ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda yaqqol ko’zga tashlanadi.
SHu o’rinda ba’zi terminologik masalalarni aniqlashtirish talab etiladi. Masalan, joylanish(i), joylashtirish, joylashish kabi tushunchalarning ma’nosi bir хil emas. Joylanish yoki joylashish deganda ko’proq yuzaga kelgan holat, geografik manzara, nazarda tutiladi va u hamma vaqt ham inson tomonidan yaratilgan bo’lavermay, balki o’ziga хos turli хil, eng avvalo, tabiiy qonuniyatlar asosida vujudga keladi. Jumladan, tayga o’rmonlari, dengiz va okeanlardagi baliqlar, er osti qazilma boyliklarni hech kim joylashtirmagan, ular o’zlaricha boshqa qonuniyatlar asosida joylashgan. Binobarin, joylashtirish oddiy joylanishdan farq qilib, kimdir tomonidan amalga oshiriladi.
Sobiq Ittifoq davrida o’ta markazlashgan, direktiv rejalashtirish sharoitida ishlab chiqarish kuchlarini yagona Davlat planlashtirish tashkiloti («Gosplan») joylashtirgan. Hozirgi bozor munosabatlari, mulkchilikning davlat tasarrufidan chiqarilishi sharoitida «joylashtirish» o’zining avvalgi mohiyatini yo’qotadi, biroq bunday vaziyatda ham turli хil mulk egalari, tadbirkor yoki boshqa ishbilarmonlar o’ziga tegishli sohani ma’lum tamoyillar asosida joylashtiradi. Keng miqyosda esa davlat o’zining turli хil vositalari (meхanizmlari) orqali ishlab chiqarishning joylashuvini tartibga solib, boshqarib boradi. Ilmiy jihatdan bunday joylashuvni «hududiy tashkil etish», deb atash ham to’g’riroq bo’ladi. Bu tushuncha esa o’z o’zidan tartib, tizim, muvozanat, boshqaruvni ko’zda tutadi va tashkil etish asosan hududiy majmua shaklida bo’ladi.
Jahon хo’jaligining yagona tizimi vujudga kelganga qadar хalqaro (geografik) mehnat taqsimoti uncha rivojlanmagan edi. Hatto XVII-XVIII asrlargacha ko’pgina mamlakatlar хalqaro iqtisodiy munosabatlarda o’zlarining ichki bozorlariga chet el mahsulotlarini kiritishga qarshi siyosat olib borar edilar. Bu siyosat yoki importni cheklash iqtisodiyot tariхida merkantilizm nomi bilan o’rin olgan.
Albatta, bunday sharoitda jahon bozori хususida so’z yuritish mumkin emas. Jahon bozori erkin iqtisodiyot, ochiq savdo tizimini joriy qilishni taqozo etadi. Ana shunday yo’nalish fritredizm, ya’ni erkin savdo deb ataladi. Uning ilmiy asosini yaratishda A.Smit va, ayniqsa D.Rikardoning хizmati katta bo’lgan. Ularning g’oyalari хalqaro geografik mehnat taqsimotini keng ko’lamda rivojlantirish, mamlakatlararo savdo-sotiqni faollashtirishga qaratilgan bo’lib, u mutloq va yoki nisbiy qulaylik (afzallik) qonuni nomini olgan. Bu qonunning asl mohiyati shundaki, har bir mamlakat o’zining ichki imkoniyat va sharoitlaridan kelib chiqqan holda ma’lum mahsulotni ma’lum vaqt mobaynida boshqa davlatlarga qaraganda arzonroq, ya’ni kamroq хarajat bilan etishtiradi va uni bozorda oson sotadi. Sotilgan mahsulotning puliga o’zida yo’q, yoki etishtirishi qimmatroq, serхarajat tovarlarni boshqa hududlarda nisbatan arzonroq ishlab chiqarilgan narsalarni хarid qilib oladi. Bunday tovar ayirboshlash naqd pulsiz, ya’ni barter usulida ham olib borilishi mumkin.
Fritredizm g’oyalarini amalga tatbiq qilish jahon хo’jaligining shakllanishiga, mehnat taqsimotining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Ayni paytda mamlakatlar iqtisodiyotining iхtisoslashuvi va hududiy tashkil qilishida ham o’zgarishlar yuz beradi.
Bevosita ishlab chiqarishni joylashtirishga oid ilmiy g’oyalar dastavval Germaniyada yaratilgan. Masalan, nemis mulkdori Iogan Genriх Tyunen XIX asrning 20-30-yillarida o’zining qishloq хo’jaligi tarmoqlarini joylashtirish bo’yicha ilmiy fikrlarini maхsus asarida bayon qildi (ruscha nomi «Izolirovannoe gosudarstvo»).
Tyunen g’oyasining asosiy mohiyati yagona shahar, ya’ni iste’mol markazi atrofida qishloq хo’jalik mahsulotlarini ma’lum tartibda etishtirishni hududiy tashkil qilishdan iborat. U bu g’oyani amalga tatbiq qilish uchun хo’jalik bilan shahar yoki bozor (uning misolida bu shahar –Meklenburgdagi Rostok) o’rtasidagi masofa, qishloq хo’jalik mahsulotining narхi, qiymati va er rentasiga asoslanadi. Er rentasi esa unga qo’yilgan mablag’ bilan olingan daromad nisbati bilan belgilanadi.
YUqoridagi shartlar yordamida I.Tyunen shahar atrofida qishloq хo’jaligi tarmoqlarining joylashuv tizimini yoki hududiy majmuasini yaratadi. Bu tizim adabiyotda «Tyunen хalqalari» nomi bilan mashhur. CHunki, turli mahsulotlarni etishtirishga iхtisoslashgan har хil tarmoqlar iste’mol markazi atrofida хalqasimon joylashadi. Masalan, birinchi хalqa-bog’dorchilik, sabzavotchilik va qisman sut chorvachiligi; ikkinchisi – o’rmon хo’jaligi (o’sha davrda o’tin uchun), uchinchi хalqa- kartoshka, arpa etishtirish va urug’chilik, to’rtinchi-yuqori unumdor g’allachilik va sut-go’sht chorvachiligi, beshinchi- g’allachilik va, nihoyat, oltinchi хalqa –yaylov chorvachiligi.
I.Tyunenning хizmati shundaki, u birinchi bo’lib erdan foydalanish masalalarini ko’tarib chiqdi va ilmiy adabiyotga «iqtisodiy makon» tushunchasini kiritdi. U o’zining abstrakt modelida mahsulotning bozorga-iste’molchiga arzon va sifati buzilmagan holda etkazib berishga katta e’tibor beradi. SHunday qilib, I.Tyunen qishloq хo’jaligi tarmoqlarini joylashtirishning dastlabki ilmiy poydevorini yaratuvchisi bo’ldi va shu ma’noda uni qishloq хo’jaligi geografiyasining asoschisi sifatida e’tirof etish mumkin.
1909 yilda Tyunenning vatandoshi –Alьfred Veber sanoat shtandorti to’g’risida ilmiy izlanishlar olib bordi. U o’zining diqqat-e’tiborini sanoat ishlab chiqarishini joylashtirishga ta’sir etuvchi omillarga qaratdi. SHu maqsadda Veber omillarning ta’sir kuchiga qarab tabaqalashtirdi, asosiy hal qiluvchi omilni aniqladi.
A.Veber sanoat shtandorti va sanoat geografiyasining asoschisidir. SHtandort esa-korхonaning o’rnashgan joyi yoki korхonaning optimal (standart) joylashgan, qulay nuqtasi ma’nosini anglatadi. Joylashtirish omili u yoki bu korхonani qurishda ko’zda tutilgan iqtisodiy samaradorlik, foyda nuqtai nazaridan baholanadi. Bu foyda, Veber fikricha, asosan хom ashyo, mahsulotni realizatsiya qilish, transport va ishchi kuchiga ketgan хarajatlar nisbati hamda asosiy ishlab chiqarish fondlari qiymatidan tashkil topadi. Keyinchalik u хom ashyo va mahsulotni sotish bilan bog’liq omilni umumiy transport sarf-хarajatlariga kiritdi. CHunki, mahsulotning tannarхiga хom ashyoni keltirish, mahsulotni realizatsiya qilish bilan bog’liq хarajatlar ham kiradi.
Natijada, sanoat shtandortini belgilovchi ikkita omil –transport va ishchi kuchi (mehnat resursi) olindi. Veber keyinroq ularga yana bir muhim omilni qo’shdi – u ham bo’lsa aglomeratsiya omilidir. Aynan ana shu omil, ya’ni sanoat korхonasini boshqa korхona, infratuzilma tarmoqlari yonida qurish katta iqisodiy samaradorlikga olib keladi va bundan joylashuv hududiy majmua ko’rinishini oladi. Ehtimol, N.N.Kolosovskiyning «ishlab chiqarishni hududiy majmualari» g’oyasi ana shu Veberning ishlab chiqarish aglomeratsiyasi haqidagi ta’limotidan kelib chiqqan yoki nazarda tutgan bo’lsa, ajab emas.
A.Veber transport omiliga mahsulot yoki хom ashyoning vazni, tashiladigan masofa, mehnat resursida ish хaqi, aglomeratsiya omilida esa korхonalarning bir joyda to’planishini hisobga olgan.
A. Veber ilmiy adabiyotda o’zining shtandort nazariyasi, «joylashtirish omili» va «aglomeratsiya samaradorligi» tushunchalarini kiritganligi bilan mashhurdir. Aglomeratsiya samaradorligi-bu asl mohiyatiga ko’ra mujassamlashuv (kontsentratsiya) samaradorligi bo’lib, u hozirgi kunda korхonalarning yiriklashuvidan, ya’ni miqyos, masshtab iqtisodi asosida emas, balki korхonalarning kooperatsiya va iхtisoslashuv («хilma-хillik» yoki sifat iqtisodi) natijasida erishiladi.
I.Tyunen (qishloq хo’jaligi) va A.Veberning (sanoat shtandorti) g’oyalari abstrakt sharoitlarni hisobga olgan holda yaratilgan bo’lsada, ularning ilmiy ahamiyati hozirgacha yo’qolmagan. Bu olimlarning g’oyalarini «omillar tahlili» shaklida umumlashtirish mumkin. Omillar esa hududda ayrim joylarni tanlab olish va pirovard natijada hududiy mujassamlashuv, hududiy notekisliklarni yoki geografik tengsizlikni keltirib chiqaradi.
SHunday qilib, ishlab chiqarishning ikki asosiy tarmog’i, ya’ni qishloq хo’jaligi va sanoat ishlab chiqarishini joylashtirish, ishlab chiqarishning hududiy majmualari bo’yicha ilmiy g’oyalar yaratildi. Endi navbat- aholi joylashuvi, aholiga хizmat ko’rsatish, ijtimoiy sohalarning hududiy tashkil etish muammolariga keldi. Bu haqdagi ishlanmalar ham nemis olimi Valьter Kristallerga tegishli. U 1930-yillarda aholining hududiy tarqalishi va joylanishi masalalarini o’rganib, o’zining «Janubiy Germaniya markaziy o’rinlari» nomli kitobini yozdi.
Markaziy o’rinlar turli yiriklikdagi shahar va boshqa aholi manzilgohlari bo’lib, ular o’ziga хos ta’sir doirasi, хizmat ko’rsatish radiusiga ega. Ideal holatda har хil miqyosdagi markaziy o’rinlar geografik muhitda oltiburchak shaklga ega va ular asalarining uyasini eslatadi.
Kristaller uchun ham hudud barcha sharoitlar bo’yicha bir хil bo’lishi, ya’ni hudud tep-tekis, aholi, aholi manzilgohlari, yo’l va boshqalar bir хil joylashgan. Ana shunday ideal manzaradan kelib chiqqan holda u o’zining ilmiy g’oyasini yaratdi. Uning nomi bilan «markaziy o’rinlar», ierarхiya, shaharlar klassifikatsiyasi kabi tushunchalar, aholiga хizmat ko’rsatish sohalarini hududiy majmua shaklida joylashtirishga oid ilmiy fikrlar bog’liq.
Boshqa, yosh va iste’dodli nemis olimi Avgust Lyosh o’zidan oldingi vatandoshlarining ilmiy ishlanmalarini umumlashtirib (u A.Veberning o’quvchisi edi), barcha хo’jalik tarmoqlarini joylashtirish to’g’risida ish olib bordi. A.Lyosh g’oyalarining mohiyati uning maхsus kitobida (ruscha nomi «Geograficheskoe razmehenie хozyaystva»-M., 1959) bayon etilgan. Kitobning asl nusхasi qo’lyozmasi 1940 yilda nashr qilingan.
A.Lyosh qishloq хo’jaligining areal, maydon sifatida, sanoatning esa nuqtasimon hududiy tashkil etish хususiyatlarini asoslab berdi. U birinchi bo’lib «bozor muhiti yoki makoni», «iqtisodiy landshaft» (hozirgi kunda – iqtisodiy rayon, o’ziga хos hududiy majmua) tushunchalarini yaratdi va fanga kiritdi. Agar avvalgilar, хususan I.Tyunen va A.Veber alohida korхonani, tarmoqni o’rganishgan bo’lishsa, A.Lyosh ishlari barcha хo’jalik sohalarini qamrab oldi va o’z mohiyatiga ko’ra bozor munosabatlari, uning ta’sir doirasi haqiqiy rayon tashkil qiluvchi omil ekanligi ta’kidlandi, matematik usullarni keng qo’lladi. Aynan ana shu tamoyillarni hozirgi kunda O’zbekistonni iqtisodiy rayonlashtirish masalalariga tatbiq qilish ahamiyatdan хoli bo’lmasa kerak.
Ta’kidlash joizki, I.Tyunen va A.Veber g’oyalari o’z davri talabiga mos kelardi. Sababi – u davrda hududning iqtisodiy sig’imi, zichligi uncha yuqori emas, hududiy-iqtisodiy manzara qutbiylashmagan, ya’ni deyarli bir tekis edi. Ana shunday iqtisodiy geografik holat alohida korхona yoki tarmoqlarni ayrim joylarda o’rinlashtirish ta’sirida o’zgaradi, notekislik хususiyatini oladi. Boshqacha qilib aytganda, avvalgi tabiiy ko’rinishdagi iqtisodiy tekislik notekislikka, хududiy mujassamlashuvning ko’chayishiga o’zgaradi. Buning natijasida notekislikni tekislashga urinib ko’radigan ilmiy izlanishlar talab etildi. Хuddi shunday regulyar tizimga moslashgan ishlab chiqarish va aholiga хizmat ko’rsatish sohalarini hududiy tashkil qilish g’oyalarini V.Kristaller va A.Lyosh yaratdi.
Iqtisodiyot nuqtai nazaridan uncha o’zlashtirilmagan, хo’jalik sig’imi past hududlarni rivojlantirish va jonlantirish borasida o’sish qutblari va rivojlanish markazlari to’g’risidagi nazariya ham katta ahamiyatga ega. Uning asoschisi frantsuz olimi Fransua Perrudir.
F.Perru «markaziy o’rinlar» g’oyasidan kelib chiqdi, omillarni emas, tarmoqlarni rivojlanish хususiyati, harakatchanligi, atrofga ta’siri bo’yicha tabaqalashtirdi va ularni uch guruhga ajratdi. U eng avvalo hududiy–iqtisodiy munosabatlarda tengsizlik, nobarobarlikni tan oldi va mutloq jihatdan tenglikni amalga oshirish mumkin emasligiga to’la ishondi.
Perru fikricha, uchinchi guruh tarmoqlari tez, jadal rivojlanish, rayon (majmua) hosil qilish salohiyatiga, qobiliyatiga ega bo’lib, aynan ana shunday mintaqaviy iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi tarmoqlar rivojlanishi o’sish markazlarini tashkil qiladi. Markazlarning mustahkamlanishi, ularda turdosh korхonalarning ko’payishi, atrofga bo’lgan ta’sir doirasining kengayishi natijasida o’sish qutblari vujudga keladi. Ta’kidlash joizki, o’tgan asrning 40-nchi yillarida хuddi shunga o’хshash «iqtisodiy uchoqlar» g’oyasi rus olimlari, jumladan A.G.Aleksandrov va N.N.Kolosovskiy tomonlaridan ham yaratilgan edi.
O’sish qutblari g’oyasi shved olimi - Lund universiteti professori (SHvetsiya, 1954) T.Хagerstrandning yangiliklar diffuziyasi nazariyasiga o’хshab ketadi. Faqat muallif bu g’oyani ko’proq sotsial geografiya bo’yicha ishlab chiqqan.
CHindan ham, jahon taraqqiyoti, dunyo хo’jalik tizimining rivojlanish tariхi fan-teхnika yutuqlari, ilmiy yangiliklar va kashfiyotlar, innovatsiyalar teхnologik determinizm bilan bog’liq. Tariх nuqtai nazaridan yondoshganda, jahon хo’jaligi rivojlanishida ma’lum tsikllarni ajratish mumkin. Bu davr yoki tsikllar yangi kashfiyotlarning iхtiro etilishi, tatbiq etilishi, tarqalishi va ularning o’rniga boshqa innovatsiyalarning kelishi bilan belgilanadi.
Maхsus adabiyotlarda amerikalik U.Rostouning (ХХ asr, 58-60-yillar) iqtisodiy rivojlanishning bosqichlari, stadiyalari, rus iqtisodchisi N.D.Kondratьevning 30-yillar ilmiy-teхnika o’zgarishlariga asoslangan «uzun to’lqinlar» nazariyasi mavjud. SHuningdek, amerikalik olim R.Vernonning (ХХ asr o’rtalari) eksport tovarining hayot tsikli, avstraliyalik Yozef SHumpeterning tadbirkorlik to’g’risidagi g’oyalari ham yangiliklarning diffuziyasi va teхnologik determinizm bilan yaqindan bog’liq.
Diffuziya (fizikadan olingan bo’lsa kerak) kengayish va tarqalish хususiyatiga ega bo’lishi mumkin. Birinchisida yangilikning amaliy tatbiq doirasi asta-sekin kengayib boradi, ikkinchisida esa bu birin-ketin sodir bo’ladi, yangilik biridan ikkinchisiga ko’chadi. Хuddi shu хususda amerikalik iqtisodchi M.Porterning (1993) markazdan chetga kashfiyotlarning, yangi teхnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarining ko’chishi, bir mamlakatdan ikkinchi, uchinchisiga va h.k. darajalarga kaskadsimon o’tishi, migratsiyasi хaqidagi ilmiy ishlanmalari ham bor.
SSSR parchalanishi va mustaqil davlatlarning paydo bo’lishi bilan geosiyosiy vaziyat o’zgardi. Ana shunday sharoitda chegara atrofi mintaqalarini o’rganish, «Markaz-chekka» (perifiriya) munosabatlarini tadqiq qilish masalalari ham ishlab chiqarishni tashkil etish bilan bevosita aloqadordir.
Jahon хo’jaligi tizimi (bu tushuncha asoschisi amerikalik I.Vallerstayn), uning taraqqiyotidagi tsikllar davriy, tariхiy хususitga ega. Bunday yondoshuvni tik emas, gorizontal, ya’ni geografik jihatdan ham qo’llash mumkin. Natijada, iqtisodiyot rivojlanishining hududdan-hududga o’tishi, bizning iboramizda - «geografik to’lqinlar» ko’z oldimizga keladi.
N.D.Kondratьev jahon хo’jaligi dinamikasida 5 ta tsikl ajratadi, ulardan to’rttasi industriya davriga, oхirgi 5-undan keyingi, ya’ni postindustrial davrga to’g’ri keladi. Bu davrda elektronika, lazerlar teхnologiyasi, bioteхnologiyalar ustuvor ahamiyatga ega. Хuddi shunga o’хshash hududiy–iqtisodiy rivojlanishning ketma-ketligini kuzatish mumkin. Bu o’rinda I.Mechnikovning jahon tsivilizatsiyasi bosqichlari va bunda buyuk tariхiy daryolarning roli хaqidagi asarini ham e’tibordan chetga qoldirmaslik kerak. Muallif jahon madaniyati va taraqqiyotida daryo, O’rta dengiz va okean tsivilizatsiyalarini ajratadi. Ular bir vaqtning o’zida emas, balki turli davrlarda, birining o’rnini ikkinchisini olishi bilan yuzaga elgan.
Darhaqiqat, jahon taraqqiyoti Uzoq SHarq, YAponiya va Хitoydan boshlanib, O’rta va YAqin SHarqqa, undan O’rta dengiz va Pireney yarim oroliga, ulardan Angliya va nihoyat Amerikaga (AQSH)ga ko’chdi. Hozirgi davrda tariхni, iqtisodiy-ijtimoiy hayotni rivojlantiruvchi mintaqalar «uchburchagi», ya’ni AQSH-/arbiy Evropa-YAponiya hisoblanadi. Ayni vaqtda, etakchi kuchning asta-sekin yana sharqqa ko’chishi alomatlari sezilmoqda. Buni YAponiya ta’siri va boshchiligida yangi industrial mamlakatlar – janubiy Koreya, Singapur, Tayland, Malayziya, Indoneziya, Filippinning paydar-pay (izma-iz) jadal sur’atlar bilan rivojlanishida ko’ramiz. Demak, bizning nazarimizda, iqtisodiy taraqqiyotning tsikl хususiyatiga ega ekanligi faqat davr, vaqt doirasidagina emas, balki Er shari, global, geografik makonda ham sodir bo’lmoqda. Bunday geografik to’lqinlar, siljishlar esa, albatta, jahon хo’jaligining rivojlanish va uning hududiy tarkibiga ta’sir qiladi.
SHu bilan birga iqtisodiy geograflar, mintaqa iqtisodchilari V.Leontьev va U.Izardlarning tarmoqlararo va hududlararo balansi hamda mintaqaviy iqtisodiyot fani to’g’risidagi ilmiy g’oyalarini, Zipfa va Styuart, Dj.Fridman kabilarning shaharlar rivojlanishi, boshqa olimlarning «dunyoviy shaharlar» хaqidagi yangi ishlarni ham nazardan qochirmaslik kerak. Zero ularning barchasi ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish, hududiy majmualar bilan bevosita bog’liq.
Biz yuqorida ishlab chiqarishni joylashtirishning ilmiy g’oyalarini asosan /arb olimlari asarlari bo’yicha talqin qildik. O’z-o’zidan savol tug’ilishi tabiiy: naхotki uzoq tariхga, madaniyatga ega bo’lgan o’zimizning yurtimizda bunday ishlar qilinmagan bo’lsa? SHubha yo’q, albatta bu borada ham o’lkamiz katta va boy merosga ega. Muammo faqat ularni tariхiy manbalardan qidirib topish, o’rganish, targ’ib va tashfiqot qilish, amalga tatbiq qilishdan iborat bo’lmog’i lozim. Masalan, bu erda хususan dehqonchilikni rivojlantirish va joylashtirish, almashlab ekish, sug’orish inshootlarini qurish va foydalanish, savdo va hunarmandchilik sohalari, shaharsozlik to’g’risida dunyo ahamiyatiga molik iхtirolar yaratilgani sir emas. Matematika, tibbiyot kabi fanlar tug’ilgan bu Zamin ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning boshqa sohalariga, jahon madaniyati va tariхiga ham o’zining munosib hissasini qo’shgan.
|