Tibbiyot xodimlarining kasbga munosabati, axloq-odobi, shuningdek, shifokorlar va bemorlar orasidagi turli huquqiy munosabatlar zamonamiz tilida bioetika va deontologiya deyiladi. Buni sodda shaklda ona tilimizga ko'chirsak, tibbiyot xodimi bilan bemor o'rtasidagi burchga sodiqlik, muomala qoidalariga rioya qilishi va yaxshi, to'g'ri muloqot, munosabat ham desa bo'ladi. Tibbiyotimizning necha ming yillik tajribasi ham, uning kazo-kazolari - Buqrot, Jolinusdan tortib Abu Ali ibn Sinogacha buni tasdiqlaganlar. Ularning ta'biricha, bemorning ruhiy holati davolovchi shifokor, hamshira uchun qanchalik ahamiyatga molik bo'lsa, bemorning o'zi uchun ham shunchalik qimmatlidir. O'zaro muloqotdan so'ng tibbiyot xodimiga - uning bilimi, tajribasi, samimiyatiga bemorda ishonch hosil bo’lmog'i, insoniy fazilatlariga hurmat va muhabbat uyg'onmog'i kerak.
Avvalo hech kimni dard chekib, yotib qolgudek qilmasin. Lekin dardga chalingan har kimsaning undan forig' bo'lishi tibbiyotimizning yutug'iga, shifokor, hamshiraning bilim, tajribasiga, insoniy fazilatlariga va shu bilan bir qatorda, bemorning tabiati, o'z dardiga munosabatiga bog'liq.
Tibbiyot ilmiy allomalaridan bo'lmish Buqrot: «San'atlar ichida tabobat eng olijanob san'atdir», - deb ta'kidlagan. Yana Buqrot: «Bemorni dori bilan emas, balki so 'z bilan davolash afzal» desa, Abu Ali ibn Sino uning bu fikrini quvvatlarkan: «Bemor borki, uni so'z bilan davolasa bo 'ladi», - deb aytgan.
|