So 'zning otasi




Download 490 Kb.
bet8/60
Sana21.03.2017
Hajmi490 Kb.
#761
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   60
SHIFOKORNING NUTQ MADANIYATI

Bilgilki, odamzodning sharafi nutqi bilan va nutq odobiga rioya qilmagan odam bu sharafdan bebahradir.

Husayn Voiz Koshifiy

Nutq - fikrimiz, bilimimiz, munosabatlarimiz va dunyoqarashimizning so'zlar orqali ifodalanishidir. So'z - bu qurol, so 'z - bu tig', so 'z - bu malham. So 'z ko 'rkimiz, mohiyatimiz, madaniyatimizdir.

Qadimdan so'z buyuk shifobaxsh kuch-qudratga ega bo'lib kelgan. So'z odamzod zabonidagi eng aziz gavhardir. Mashhur yunon hakimi Buqrot «Inson ruhini davolamay, tanga shifo berib bo'lmaydi», deb ta'kidlaganida aynan «so'z»ni nazarda tutgan. Darhaqiqat, turli kasalliklar ruhiyatda u yoki bu o'zgarishlarni vujudga keltiradi, bu esa bemorlar bilan bolgan muloqotda o'z ifodasini topadi. Inson aqliy va fiziologik faoliyatining mevasi - nutq orqali bu muloqot namoyon bo'ladi. Zamonaviy tibbiyotda shifobaxsh omil sifatida so'zning ahamiyati yanada ortdi. Turli davrlarda nutq madaniyatiga doimo katta e'tibor bilan qaralgan. Nutq madaniyatiga, bemor bilan muloqot san'atiga bekamu ko'st, mohirona amal qilish oson emas. Bu tibbiyot xodimidan yuksak ruhiy manbani, yuqori madaniyatni, o'ta nozik darajadagi sezgirlikni, bilimni, matonatni va hatto ba'zida aktyorlik darajasidagi mahoratni talab qiladi.

Qadimgi hind tabibi Sushruta: «So'z muloyim, yoqimli va umidvor qila oladigan, ruhga taskin berguvchi bo'lmog'i lozim», deb yozgan edi. Bu fikrlar hozirgi zamonda ham dolzarbdir.

Abu Ali ibn Sinoning zamondoshi Muhammad Zakariyo ar-Roziy «Tibbiyot hikmatlari» asarida shunday yozadi: «0'zini tib olamiga bag'ishlagan inson eng avvalo, bilimli, kamtarin, insonparvar, haqparvar, mulohazali, fahm-farosatli, istalgan masalaning mohiyatini tushuna oladigan bo'lishi lozim». Bu ta'rifga sazovor bo'lish uchun tibbiyot xodimidan katta bilim sohibi bo'lish talab qilinadi. Buning uchun shifokor va hamshira tib ilmlarini egallabgina qolmay, balki adabiyot, san'atni bilishi, nutq go'zalligini takomillashtirishi lozim. Nutqning vazminligi, yorqinligi, go'zalligi va hikmatliligidan tashqari, shifokor va hamshira uchun nutqdagi xulq-atvor, uslub, ohang, dadillik, ma'lum darajada chiroyli talaffuz ham muhimdir. Shifokor va hamshiraning nutqi dalilga asoslangan va ishontiruvchan, bemorni o'ziga rom qilib oladigan, aytgan tavsiya va ko'rsatmalariga rioya qilishga undaydigan bo'lishi kerak. Shifokorning fikri maqsadli, izchil bo'lishi, bemor uning so'zlaridagi kuchni, asoslanganlikni hamda o'zi haqidagi g'amxo'rlikni sezishi kerak. Tajribali shifokor kitob, she'r mutolaa qilayotganida, teatrga borganida oqilona jumlalar, she'riy satrlarni yodda tutishga harakat qilib, ularni bemorlar bilan bo'ladigan suhbatlarida qo'llay oladigan bo'lmog'i darkor. Bemorlar bilan suhbatda shifokor xalq donishmandlarining hayotni sevish, kelajakka ishonch haqidagi qisqa, yorqin ifodalangan maqollardan va o'gitlardan ham foydalanishi kerak. Bir so 'z bilan aytganda, keng ma 'lumotga egalik, his-tuyg'ularni tarbiyalash, xususan, nutq madaniyati bemorlar bilan mohirona va ta 'sirliso 'z orqali aloqa o 'rnatishning asosidir. Nutqning ohang ifodasi, talaffuzi ayniqsa muhimdir. Suhbatda keskin, qo'pol, baland ohangda gapirish bemor bilan iliq munosabatni o'rnatishga xalaqit beradi. Bu to'g'rida nemis faylasufi Gegel shunday degan edi: «Ovozning xush ohangligidan gapirayotgan odam qalbining go'zalligini, uning ovozidagi qo'pollikda esa unga xos bo'lgan qo'pol hissiyotni anglab olish mumkin» Shifokor va hamshira butun hayoti davomida nutqining aniqligi, o'tkirligi, go'zalligi ustida ishlashi kerak. Bu holat shifokor kasbi va bemorlar bilan bo'ladigan jonli muloqoti uchun zarurdir. Afsuski, ayrim tibbiyot xodimlari o'rtasida nutq madaniyatiga ega bo'lish mutaxassis - psixoterapevtning vazifasi, oddiy terapevt yoki jarrohning bundan boshqa tashvishlari ko'p va ular «so'z ustasi bo'lishlari shart emas», degan fikr bor. Yo'q, nutq madaniyatiga ega bo'lish har bir tibbiyot xodimi uchun juda zarurdir.

Mashhur olim, atoqli fan arbobi G'aybulloh as-Salom aytganlaridek: «Dilingizning bir uchiga tugib qo'ying: dunyoda eng arzon va eng qimmat narsa - bu lutf. Shu qadar arzonki - tekin. Shu qadar qimmatki - bebaho».

So'z Sizning ichingizda ekan, u Sizning qulingiz. Tashqariga chiqqanida esa Siz o'zingiz uning quliga aylanib qolishingiz hech gap emas. Aytilgan so'z - kumush, aytilmagani - oltin. Bu bilan tolibi ilmlar indamas, soqov bo'lsin, demoqchi emasmiz, aslo. Gap qayerda va nima deyish, qanday aytish haqida borayotir. Bahs madaniyatini ham egallash kerak. Amaliy mashg'ulotlar, mashvaratlar (seminarlar), yotoqxona va boshqa jamoat joylarida bo'lib turadigan munozaralarda tanqidiy fikr bildirayotganda qizishmaslik, odob saqlash, nihoyatda ehtiyot bo'lish darkor. Mayda, nazarnigor bir uchqun katta alanga olib ketishi mumkin. Nosog'lom ehtiroslarning qo'zg'alishi, nomatlub mayllarning g'olib kelishiga sababchi bo'lishdan tiyiling. Arablarda shunday maqol bor; ikki jag' orasiga ehtiyot bo'lgan - balodan xoli.

So'z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy buyurmishlar:

Xub el bila suhbat tutubon xub o'lg'il,

Yaxshini talab qilgilu matlub o'lg'il,

Shirin so'z ila xalqqa marg'ub o'lg'il,

Yumshoq de hadisingniyu, mahbub o'lg'il.

Har kimki chuchuk so'z elga izhor aylar.

Har nechaki axyor durur yor aylar.

So'z qotili el ko'nglini ozor aylar,

Yumshoq ko'ngillarni giriftor aylar.

Inson tabiatiga xos yomon xislatlardan biri - andishasizlikdir. Andisha. Mumkin qadar birovning, xususan, bahslashuvchi tomonning dilini og'ritmaslik, bil'aks, ko'nglini ovlash odob taqozosidir. O'zaro bahslashar ekansiz, qo'rslik, qo'pollik qila ko'rmang. «Bekor aytibsan», «uyat», «yolg'on», «bo'hton», «nodonsan» degan so'zlarni aytishdan tiyiling. Qarshingizda turgan muqobil sherikni haqorat qilish bu o'z-o'zingizni haqorat qilishingiz bilan barobar. O'zingizni shunday tutingki, qo'rslik qilgani uchun suhbatdoshning o'zi uyalib qolsin. Haqoratga haqorat bilan javob qaytarish har kimning qo'lidan keladi, haqoratni «eshitmaslik», uni yutib yuborish yoki raqibga «yumshoq hadis» bilan javob qilish uchun esa kishidan katta aql talab etiladi. Xalqimiz deydi: so'zlovchi nodon bo'lsa, tinglovchi dono boiishi kerak; kim mard - o'zini-o'zi yenga olgan mard! Bu ilmlarni, bunday axloqni biz sohibqiron Amir Temurdan, Zahiriddin Muhammad Boburdan o'rganaylik. Mirzo Abdulqodir Bedilda shunday ajoyib satrlar bor:

Har ko'zki, agar olmasa ibrat, ko'rdir,

Har luqma, agar bermasa lazzat, sho'rdir.

Har tun, agar o'zgarmasa, to'nmas, u kafan.

Har xonaki, birdek turaversa, go'rdir.

Achchiqni achchiq kesadi, deydilar. Lekin hamma vaqt ham shunday bo'lavermaydi. Achchiq achchiqni... chaqiradi. Achchiqqa qarshi achchiq qo'llasangiz, hammayoq battar taxirlashib ketadi. Hadisi sharifda aytiladi: «Agar birov sizni sizda yo'q ayblar bilan ayblasa, siz uni unda bor ayblar bilan ayblamang».


Download 490 Kb.
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   60




Download 490 Kb.