|
Rollar ichida kuzatiladigan nizolarni
|
bet | 35/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Rollar ichida kuzatiladigan nizolarni tahlil qilish bir rolning egasiga nisbatan turli xil guruhlarda turlicha talablar qo‘yilishi natijasida kelib chiqadi. Bu borada M.Komarovskaya tomonidan Amerikadagi kollejlardan birida talabalar bilan o‘tkazilgan tadqiqot klassik xarakterga ega. Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, talaba qizlarga nisbatan ularning ota-onalarining kutuvlari bilan shu kollejdagi talaba yigitlarning kutuvlari orasida farq kuzatilgan . Rollar bilan bog‘liq nizolar tez-tez sodir bo‘lib turuvchi hodisadir. Bu esa shaxslararo munosabatlarning murakkabligi bilan bog‘liq.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, rollardagi nizolar shaxslararo o‘zaro ta’sir jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun sotsial psixologlar rollardagi nizolarni hal etish bilan bog‘liq konsepsiyalar ishlab chiqishga harakat qilishmoqda.
Ulardan biri U.Gudning rollardagi zo‘riqishlar nazariyasi bo‘lsa, aynan shunday yo‘nalishni N. Gross, U. Meysonlarning ham ishlarida ko‘rish mumkin.
Ular bu boradagi omillarni uch guruhga ajratishadi. Birinchisi, rol ijrochisiga nisbatan sub’yektiv munosabatlar bilan bog‘liq omillar. Ikkinchi guruhga rolning ijro etilganligi yoki etilmaganligiga qarab sanksiyalarning qo‘llanilishi bilan bog‘liq omillar. Uchinchi guruhga rol ijrochisining oriyentatsiyasi (yo‘nalishi)ni kiritishadi. Bu omillardan qay birini tanlash orqali rollardagi nizoni bartaraf etish rol ijrochisining o‘ziga bog‘liq.
Hozirgi sotsial-iqtisodiy vaziyat va bozor munosabatlari sharoitidagi raqobat muhiti shaxsdan bir vaqtning o‘zida qator qobiliyatlar va malakalarni talab qilmoqdaki, ayniqsa, yoshlar o‘zgaruvchan sharoitlarga tezroq moslashish uchun ba’zan bir-biriga zid xislatlarni ham xulqda namoyon qilishga majbur bo‘lishmoqda. Masalan, yosh oila boshlig‘i, talaba, ota-onalarga moddiy jihatdan qaram bo‘lmaslik uchun, bir vaqtning o‘zida ham itoatkor, intizomli talaba va o‘qishdan keyin esa - chaqqon va uddaburon, tadbirkor, tijoratchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu holat tabiiy, shaxsdan kuchli iroda , doimiy intiluvchanlik va o‘z ustida muttasil ishlashni talab qiladi.
V.5. Sotsial ta’sirlarning shaxs tomonidan anglanishi
Sotsial normalar, sanksiyalar, rollar sotsial mexanizmlar sifatida shaxs xulq- atvorini ma’lum ma’noda boshqarib, muvofiqlashtirib turishga yordam beradi. Lekin insonning komilligi, uning axloq - sotsial normalar doirasidagi maqbul harakati uning o‘ziga ham bog‘liqdir. Odamning o‘z-o‘zini anglashi, bilishi va o‘z ustida ishlashi avvalo uning diqqati, ongi bevosita o‘ziga, o‘z ichki imkoniyatlari, qobiliyatlari, hissiy kechinmalariga qaratilishini taqozo etadi. Ya’ni, sotsial xulq - shaxs tomonidan uni o‘rab turgan odamlar, ularning xulq-atvorlariga e’tibor berishdan tashqari, o‘zining shaxsiy harakatlari va ularning oqibatlarini muntazam tarzda tahlil qilib borish orqali, rollarni muvofiqlashtirishni ham taqozo etadi.
Shaxsning o‘zi, o‘z xulq-atvori xususiyatlari, jamiyatdagi mavqeini tasavvur qilishidan hosil bo‘lgan obraz - «Men» - obrazi deb atalib, uning qanchalik adekvatligi va reallikka yaqinligi shaxs barkamolligining mezonlaridan hisoblanadi.
«Men» - obrazining sotsial psixologik ahamiyati shundaki, u shaxs tarbiyasining va tarbiyalanganligining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, tarbiya shaxsning o‘zi va o‘z sifatlari to‘g‘risidagi tasavvurlarining shakllanishi jarayonidir, deb ta’rif berish mumkin. Demak, har bir inson o‘zini, o‘zligini qanchalik aniq va to‘g‘ri bilsa, tasavvur qilolsa, uning jamiyat normalariga zid harakat qilish ehtimoli ham shunchalik kam bo‘ladi, ya’ni u tarbiyalangan bo‘ladi.
O‘z-o‘zini anglash, o‘zidagi mavjud sifatlarni baholash jarayoni ko‘pincha konkret shaxs tomonidan og‘ir kechadi, ya’ni, inson tabiati shundayki, u o‘zidagi o‘sha jamiyat normalariga to‘g‘ri kelmaydigan, no‘maqul sifatlarni anglamaslikka, ularni «yashirishga» harakat qiladi, hattoki, bunday tasavvur va bilimlar ongsizlik sohasiga siqib chiqariladi (avstriyalik olim Z.Freyd nazariyasiga ko‘ra). Bu ataylab qilinadigan ish bo‘lmay, u har bir shaxsdagi o‘z shaxsiyatini o‘ziga xos himoya qilish mexanizmidir. Bunday himoya mexanizmi shaxsni ko‘pincha turli xil yomon asoratlardan, hissiy kechinmalardan asraydi. Lekin shuni alohida ta’kidlash lozimki, «Men» - obrazining ijobiy yoki salbiyligida yana o‘sha shaxsni o‘rab turgan tashqi muhit, o‘zgalar va ularning munosabati katta rol o‘ynaydi.
Odam o‘zgalarga qarab, go‘yoki oynada o‘zini ko‘rganday tasavvur qiladi. Bu jarayon psixologiyada refleksiya deb ataladi . Uning mohiyati aynan o‘ziga o‘xshash odamlar obrazi orqali o‘zi to‘g‘risidagi obrazni shakllantirish, jonlantirishdir. Refleksiya «Men» - obrazi egasining ongiga taalluqli jarayondir .
Masalan, ko‘chada bir tanishingizni uchratib
qoldingiz. Siz tinmay unga o‘z yutuqlaringiz va mashg‘ulotlaringiz haqida gapirmoqdasiz. Lekin gap bilan bo‘lib, uning qayergadir shoshayotganligiga e’tibor bermadingiz. Shu narsani siz uning betoqatlik bilan sizni tinglayotganligidan, hayoli boshqa yerda turganligidan bilib qolasiz va shu orqali ayni shu paytda «mahmadona, laqmaroq» bo‘lib qolganingizni sezasiz. Keyingi safar shu o‘rtog‘ingiz bilan uchrashganda, oldingi xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun «O‘rtoq, shoshmayapsanmi?» deb so‘rab ham qo‘yasiz. Ana shu ilgarigi refleksiyaning natijasidir. Ya’ni, suhbatdosh o‘rniga turib, o‘zingizga tashlangan nazar («men unga qanday ko‘rinyapman?») - refleksiyadir.
Shaxsning o‘zi haqidagi obrazi va o‘z-o‘zini anglashi yosh va jinsiy o‘ziga xoslikka ega. Masalan, o‘ziga nisbatan o‘ta qiziquvchanlik, kim ekanligini bilish va anglashga intilish ayniqsa, o‘smirlik davrida rivojlanadi. Bu davrda paydo bo‘ladigan «kattalik» hissi qizlarda ham, o‘smir yigitchalarda ham nafaqat o‘ziga, balki o‘zgalar bilan bo‘ladigan munosabatlarini ham belgilaydi. Qizlardagi «Men» - obrazining yaxshi va ijobiy bo‘lishi ko‘proq bu obrazning ayollik sifatlarini o‘zida mujassam eta olishi, ayollik hislatlarining o‘zida ayni paytda mavjudligiga bog‘liq bo‘lsa, yigitlardagi obraz ko‘proq jismonan barkamollik mezonlari bilan nechog‘lik uyg‘un ekanligiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘smirlikda o‘g‘il bolalardagi bo‘yning pastligi, muskullarning zaifligi va shu asosda qurilgan «Men» - obrazi qator salbiy taassurotlarni keltirib chiqaradi.
Qizlarda esa tashqi tarafdan go‘zallikka, kelishganlik, odob va ayollarga xos qator boshqa sifatlarning bor yoki yo‘qligiga bog‘liq holda «Men» obrazi mazmunan idrok qilinadi. Qizlarda ham ortiqcha vazn yoki terisida paydo bo‘lgan ayrim toshmalar yoki shunga o‘xshash fiziologik nuqsonlar kuchli salbiy emotsiyalarga sabab bo‘lsa-da, baribir, chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar yoki sochlarning o‘ziga xos turmagi bu nuqsonlarni bosib ketadigan omillar sifatida qaraladi.
V.6. Shaxsning «Men» obrazi
Shaxs sotsial psixologiyada, garchi uning shakllanishiga jinsi, temperamenti, irsiy belgilari kabi biologik tavsiflar ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatsa-da, sotsial fenomen sifatida qaraladi.
Sotsial psixologiya sohasida tadqiqot olib boradigan mutaxassislarning aksariyati o‘z tadqiqotlarining asosiy yadrosi sifatida Gordon Ollport, Salvatore Maddi, Uilyam Jeyms kabi psixologlarning nazariyalariga tayanadi.
U lardan biri U.Jeymsning shaxs nazariyasida shaxs «Men»i haqidagi rlarini to‘liq ifodalay olgan, desak bo‘ladi. U.Jeyms
shaxs «Men»iga xos ikki aspektni ajratib ko‘rsatdi: «Men» - anglovchi va «Men» - ob’yekt.
«Men» - ob’yekt inson nimaniki «o‘zimniki» deb atay olgan barcha narsalar yig‘indisidir. Uning ichiga:
Material «Men» - o‘z ichiga shaxsning tana tuzilishi va shaxsan uning
o‘zigagina tegishli bo‘lgan barcha narsalarini oluvchi «Men» bo‘lsa;
Sotsial «Men» - shaxsdagi uning atrofidagilar tan olgan «Men», har bir shaxsni o‘zi haqida uning atrofidagilarning fikri qiziqtiradi , albatta. Demak, shaxsning atrofida qancha alohida sotsial guruhlar mavjud bo‘lsa, uning uchun shuncha sotsial «Men»i mavjud bo‘ladi;
Psixik «Men» - individning sotsial muhitda uning kimligini namoyon qilishiga yordam beruvchi qobiliyat va iqtidorlarining yig‘indisi hisoblanadi;
H aqiqiy yoki axloqiy «Men» - shaxsning o‘zini anglashi, o‘z-o‘ziga baho berishi doirasidan iboratdir. Zamonaviy psixologiyada bunday «Men»ni shaxsning markaziy bo‘g‘ini sifatida qaraladi va «Men» konsepsiya tushunchasi orqali ifodalanadi.
Sotsiolog olimlardan biri Charlz Kuli «Shaxs oynasi» tushunchasini ishlatgan bo‘lib, bu orqali shaxs atrofidagi odamlarning unga nisbatan berayotgan bahosi va fikriga aynan oynaga qaraganday qaraydi, degan fikrni asoslagan.
Uning fikricha, har qanday shaxs o‘ziga nisbatan atrofdagilarning berayotgan bahosi va fikrini qabul qilar ekan, o‘zini oynaga solgandek bo‘ladi. Bu fikrni keyinchalik Djorj Gerbert Mid va Garri Stek Sallivanlar ham rivojlantirgan.
Dj.G.Midning fikricha, shaxsning o‘zini anglashi uning sotsial munosabatlarining hosilasi bo‘lib, bu jarayonda u o‘ziga tashqi tomondan, go‘yoki ob’yektga qaragandek qarashni o‘rganadi. Shuni alohida qayd etish kerakki, bunda
atrofdagi butun bir sotsial guruh yoki jamoa a’zolarining fikri - jamoaviy ustanovka sifatida rol o‘ynaydi.
Aynan shu holat tufayli biz o‘zimizni boshqalar qanday ko‘rsa o‘shanday ko‘rishga o‘rganamiz, o‘zimizga boshqalar ko‘zi bilan qarashga o‘rganamiz. Lekin o‘sha jamoadan aynan kimningdir fikri nima uchundir bizga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi, degan savol barchani qiziqtiradi. Bu savolga javob aynan jamoa a’zolarining barchasi ham biz haqimizda bir xilda fikr yuritmasligi va bizga bir xilda baho beravermasliklari bilan bog‘liqdir.
Bundan tashqari atrofdagilarning fikrini inobatga olishimizda qanday omillar rol o‘ynaydi, degan savol ham muhimdir. Dastlabki omil sifatida fikrlarni qabul qiluvchining yoshi muhim rol o‘ynaydi. Masalan, bolalar uchun ota-onasi, o‘qituvchisining fikri muhimdir. Katta yoshdagilar uchun esa oila a’zolaridan biri, do‘sti, hamkasbi kabilar ta’sir ko‘rsatuvchi shaxs bo‘lishi mumkin.
Bu borada jins xususiyati ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Amerikalik Jon Xoelter, amerikalik o‘smir-o‘quvchilar bilan tadqiqot o‘tkazib, shuni aniqlaganki, o‘smir qizlar o‘zining o‘g‘il bola tengdoshlarining fikrlarini ko‘proq inobatga olar ekan, o‘smir o‘g‘il bolalar esa o‘z ota-onalarining fikrlarini ko‘proq inobatga olishi aniqlangan.
Shaxs «Men»i va o‘zini anglashida boshqalarning ta’siri katta, lekin buning o‘ziga xos muammoli jihati ham mavjuddir.
Karl Yungning ta’kidlashicha, shaxs psixikasi tuzilishida himoya qismi mavjud va u Persona deb ataladi. Ana shu Persona shaxsning haqiqiy «Men»i va Yolg‘on «Men»i o‘rtasida muammolarni keltirib chiqaradi.
K.Yungning fikricha, Persona, o‘ziga xos niqobga ega bo‘lib, shaxs jamoatchilik bilan munosabatlarda o‘zining haqiqiy «Men»ini yashirish maqsadida shu niqobni taqib oladi. Buning natijasida shaxs o‘zining asl basharasini har doim ham va barcha sotsial guruhlar oldida ham namoyon etavermaydi, natijada uning aslida qandayligini atrofidagilar bila olmaydi.
K.Yungning tahmin qilishicha, Persona - bu jamiyat va shaxs o‘rtasidagi hamkorlikdir. Uning maqsadi - shaxsning haqiqiy «Men»ini yashirgan holda
boshqalarda yaxshi taassurot uyg‘otishdan iboratdir. Ko‘pincha shaxs o‘zining asl holati bilan Personani chalkashtirib yuboradi. Bunday holda «Men» ham Persona bilan aralashib ketadi, shaxs esa sotsial muhit oldida rol o‘ynovchi yolg‘onchi mavjudodga aylanib qoladi. Boshqacha qilib aytganda, shaxs o‘zini o‘z niqobidagi holati bilan chalkashtirib yuboradi.
K.G.Yung bunday holat individning o‘z -o‘zini anglashiga xavf solishini ko‘rsatib beradi. Dastlab K.Yung, undan keyin esa uning izdoshi Ester Xarding shaxsning atrofidagilar uning niqobdagi holatiga qarab bergan bahosini qabul qilishi natijasida o‘z «Men»ining haqiqiy mohiyatini to‘liq anglay olmasligi bilan bog‘liq vaziyatlarni ham keltirib o‘tishgan. Bunday holatda shaxsning «Men» - konsepsiyasi va Personasi bir-biriga mos tushadi. Bunday bo‘lishi shaxs uchun har doim ham istalgan holat bo‘lavermaydi. Shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun shaxs faqat atrofidagilarning fikri va bahosiga suyanibgina qolmasdan, o‘zi ham o‘zini tahlil qilish, o‘z kamchiliklarini tan olish orqali o‘zini anglashga va o‘zining haqiqiy «Men»ini, «Men» konsepsiyasini rivojlantirishga harakat qilishi lozim.
V.7. «Men» - obrazi va o‘zini-o‘zi baholash
«Men» - obrazi asosida ham bir shaxsda o‘z-o‘ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadiki, bu tizim ham obrazga mos tarzda har xil bo‘lishi mumkin. O‘z-o‘ziga nisbatan baho turli va shaxsning orttirilgan tajribasi, shu tajriba asosida
yotgan yutuqlariga bog‘liq holda turlicha bo‘lishi mumkin. Ya’ni, ayni biror ish, yutuq yuzasidan ortib ketsa, boshqasi ta’sirida - aksincha, pastlab ketishi mumkin. Bu baho aslida shaxsga boshqalarning real munosabatlariga bog‘liq bo‘lsa-da, aslida u shaxs ongi tizimidagi mezonlarga, ya’ni, uning o‘zi sub’yektiv tarzda shu munosabatlarni qanchalik qadrlashiga bog‘liq tarzda shakllanadi. Masalan, maktabda bir fan o‘qituvchisining bolaga nisbatan ijobiy munosabati, doimiy maqtovlari uning o‘z-o‘ziga bahosini oshirsa, boshqa bir o‘qituvchining salbiy munosabati ham bu bahoni pastlatmasligi mumkin. Ya’ni, bu baho ko‘proq shaxsning o‘ziga bog‘liq bo‘lib, u sub’yektiv xarakterga egadir.
O‘z-o‘ziga baho nafaqat haqiqatga yaqin (adekvat), to‘g‘ri bo‘lishi, balki u o‘ta past yoki yuqori ham bo‘lishi mumkin.
|
| |