|
Profayling (inglizcha profile - profit)
|
bet | 75/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Profayling (inglizcha profile - profit) yoki profayl metodi - shaxslarni psixologik baholash, kuzatish, ularning xulqidagi o‘zgarishlarni tashqi ifoda va xatti- harakatlar asosida tahlil qilish kabi bir necha psixologik usullardan foydalangan holda oldindan bashorat imkonini beradigan shaxs profilini yaratish usulidir.
Hozirgi kunda shaxslarning profilini yaratish asosida ko‘plab zo‘ravonlik, ko‘p takrorlanadigan qotillik jinoyatlarini ochishda keng foydalaniladi. Profayl metodi asoschilari psixolog olimlar P.Ekman, V.Frizen, M.Sukerman va B.De Paulolar hisoblanishadi.
2012 yil Yolg‘onni tadqiq qilish bo‘yicha Xalqaro Akademiyada Ye.Spiritsa
tomonidan kriminal profayling usuli taqdim etildi. Uning fikricha, kriminal profayling tahmin qilinayotgan jinoyatchi shaxs xususiyatlarini tashxislovchi kompleks usullar yordamida psixologik profilining yaratilishi.
Inson xulqi va uning xatti-harakatlarini oldindan bashorat etish uchun alohida qobiliyatga ega bo‘lish yoki ko‘plab kitoblar o‘qish shart emas. Buning uchun insonlarga, ularni xatti-harakatlarini o‘rganishga qiziqish bo‘lsa bo‘ldi. Guruhiy tartibbuzarlik va ommaviy tartibsizliklarda profayling usulidan foydalanishni o‘rganishdan asosiy maqsad bu jamiyatga zid qarashlari mavjud, jinoiy harakatlarni sodir etishga moyil shaxslarni tezkorlik bilan tanish ko‘nikmasini shakllantirishdir. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi bilim va malakalarni egallash vazifasi belgilanadi:
vizual (ko‘rish va kuzatish asosida) psixologik tashxis yordamida shaxslarni baholash;
qaltis, kutilmagan vaziyatlarda hissiy xususiyatlarini boshqarish;
olomonga ruhiy ta’sir o‘tkazish borasidagi tajribalarini takomillashtirish;
jamiyatga zid qarashlari mavjud hamda jinoiy harakatlarga moyil shaxslarni og‘zaki (so‘zda ifodalangan) sur’ati (portreti) va xulqidagi alohida belgilari asosida tanish;
erroristik va ekstremistik tashkilotlar, ularning tashkilotchilari haqida atroflicha to‘liq bilimlarni bilish;
maxsus elektron texnik moslamalar (akustik va vizual kuzatish moslamalari) yordamida jamoat joylarida yoki ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan jamoat joylardagi shaxslarning xatti-harakatlarini o‘rganish;
jamoat joylarida, ommaviy tadbirlar tashkil etiladigan ob’yektlarda kuzatish (zahira yoki yordamchi kuchlar, faol qarshilik ko‘rsatish guruhi va hokazo) uchun qulay joyni tanlash;
jamiyatga zid hamda jinoiy harakatlarga moyil shaxslarning xatti- harakatlarini nazorat qilish
;xizmat vazifalarni amalga oshirish jarayonida muhim ahamiyatga ega ma’lumotlarni olish va ulardan samarali foydalanish borasida malaka va tajribalarni
shakllantirish.
Yuqorida keltirilgan vazifalarni amalga oshirish uchun xodimlar quyidagi yo'nalishdagi bilimlarga ega bo'lishlari zarur:
etnopsixologiya;
klinik psixologiya;
jamiyat uchun xavfli, jinoiy harakatlarga moyil shaxslarga xos ruhiy omillar;
shaxslarning ruhiy xususiyatlari bilan uning tashqi namoyon bo‘luvchi (imo- ishora, tana harakatlari, nutq (verbal va noverbal vositalari) jihatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘ra olish;
shubha uyg‘otuvchi shaxslar bilan muloqotni to‘g‘ri shakllantirish;
portlovchi moslamalarni topish va ularni aniqlash borasida xizmat itlari va texnik vositalardan samarali foydalanish;
kuch va imkoniyatlarini to‘g‘ri taqsimlash maqsadida, hissiy zo‘riqishlarni yengish va ularni boshqarish usullarini egallash;
fuqarolar bilan psixologik aloqa o‘rnatish, ularni vizual baholash va ruhiy ta’sir o‘tkazish, kutilmagan xavf hamda qaltis vaziyatlarda o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish;
Yuqorida keltirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, profayling metodining asosiy maqsadi olomon tarkibida shubha uyg‘otuvchi shaxslarning xatti-harakatlaridagi mavjud nomuvofiqlikning paydo bo‘lish sabablarini aniq belgilashdir.
Bunga shaxsning muayyan ob’yektda qonunga zid xatti-harakatni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rishi va uni amalga oshirishga aloqadorligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Har qanday vaziyatda yuqorida qayd etilgan holatlar shubhali shaxsni ko‘zdan kechirish va hujjatlarni tekshirish jarayonini puxtaroq o‘tkazilishi uchun asos bo‘ladi.
Profayling quyidagi xususiyatlarga ega:
profayling tarkibiga xavf tug‘dirish ehtimoli bo‘lgan shaxslar xatti- harakatini kuzatish, ularga savollar berish, ekspress psixodiagnostika qilish, ularning xatti-harakatlaridagi normadan og‘ishlarni qayd etish hamda ularni o‘rganishga qaratilgan boshqa harakatlar kiritiladi;
profaylingning mantiqiy sxemasida g‘ayriqonuniy aralashish harakatlarini tayyorlash chog‘ida xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarning harakatlari modelini tuzish; bunday harakatlarni tayyorlash belgilarini aniqlash; xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tiplar (profillar) - bunday harakatlarning ehtimol tutilgan ijrochilari tasnifini yaratish; kuzatuv hududidagi har bir shaxsning maqomini rejalashtirilayotgan g‘ayriqonuniy aralashuv harakatiga aloqadorligi ehtimolligi nuqtai nazaridan aniqlash; har bir shaxsni muayyan tipga (yoki profilga) kiritish, ya’ni profillash;
profaylingni amalga oshirish uchun vizual psixodiagnostika, diagnostik ekspress-suhbat, neyrolingvistik dasturlash metodlari haqida bilimlarga ega bo‘lish.
Guruhiy tartibbuzarlik va ommaviy tartibsizliklarda olomon tarkibidan shubha uyg‘otuvchi shaxsni aniqlash uchun xodim odamlarning quyidagi jihatlariga e’tibor qaratishi zarur:
tashqi ko‘rinishi va kiyim-boshiga;
gumon qilinayotgan shaxs yonida olib yurgan buyumlarga;
yurish-turishi, imo-ishoralariga;
ovoz xususiyatlari va boshqa noverbal signallariga.
Xodim ehtimol tutilgan shubha uyg‘otuvchi shaxsni aniqlash uchun e’tibor berishi lozim bo‘lgan belgilarni quyidagi asosiy guruhlarga birlashtirish mumkin:
tashqi belgilar (nostandart kiyim-bosh, gavda o‘lchamiga mos kelmaydigan kiyim, og‘ir qadam tashlash, doimo yonidagi sumkasini tekshirib turish va hokazo);
xatti-harakat belgilari (alang-jalang qarash yoki kiprik qoqmay bir nuqtaga tikilish, atrof vaziyatning noadekvatligi, yuz mushaklarining tarangligi, zo‘riqqan yoki mexanik harakatlar va hokazo);
insonning g‘ayriqonuniy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni amalga oshirishdan manfaatdorligini ko‘rsatuvchi tashqi belgilar (xatti-harakatning atrofdagi vaziyatga nomuvofiqligi, atrofga alang-jalang qarash, ichki ishlar xodimlari yaqinlashganda xatti-harakatni o‘zgartirish, ulardan o‘zini tortish va hokazo).
|
| |