|
Sotsial psixologiya
|
bet | 74/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024olomon psixologiya muhim rol o‘ynaydi.
Guruhiy tartibbuzarlik va ommaviy tartibsizliklarning ob’yektiv sabablari va ularning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlar turli sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ular orasida asosiylarini quyidagilar tashkil etadi: siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, sotsial adolatsizlik va aholi asosiy qismining himoyalanmaganligi, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning o‘sishi, aholi turli tabaqalarini birlashtira oladigan rasmiy davlat mafkurasi va birlashtiruvchi kuchning yo‘qligi.
Individual huquqiy ong darajasida guruhiy tartibbuzarliklar sodir etilishiga imkon beruvchi quyidagi omillarni keltirish mumkin: ayrim shaxslarning
demokratiyani anarxiya va o‘zboshimchalik sifatida tushunishi, qonunlarning talablarini ommaviy pisand qilmaslik, fuqarolar madaniyati va qonunga itoatkorligining past darajasi, jinoiy obro‘mandlar va har xil millatchilik ruhidagi ig‘vogarlar ta’sir darajasining yuqoriligi, ko‘plab g‘ayrisotsial elementlarning mavjudligi.
Ta’kidlash joizki, mazkur sabab va shart-sharoitlar o‘z-o‘zidan har doim ham jamoat tartibini guruh bo‘lib buzish yuzaga kelishiga, ayniqsa ommaviy tartibsizliklarga olib kelmaydi.
Jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishlar va ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilari bo‘la oladigan norasmiy yetakchilar katta xavf tug‘diradi. Ushbu toifaga o‘z harakatlari bilan bunday vaziyatlarni keltirib chiqarish, odamlarni birlashtirish va jipslashtirish qobiliyatiga ega bo‘lgan, ularni o‘z irodasiga bo‘ysundira oladigan, ularda ishonch hosil qila oladigan va olomonni junbishga keltira oladigan shaxslar kiradi. Amaliyotning dalolat berishicha, odamlarga ta’sir ko‘rsatish «iste’dodiga» ega bo‘lgan bunday shaxslarning aksariyati siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadilar yoki jinoyatchilar olamiga aloqador bo‘ladilar.
Guruh bo‘lib huquqbuzarliklar sodir etishning boshqa ishtirokchilari orasida psixologlar dalolatchilar (ig‘vogarlar)ni alohida ajratadilar. Bunday shaxslar, olomonning hissiy va ruhiy holatidan foydalanib, o‘z maqsadlariga erishish uchun yolg‘on xabar va mish-mishlar tarqatish orqali odamlarni yo‘ldan ozdirib, g‘ayriqonuniy harakatlarga undaydilar.
Ushlangan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish bunday shaxslar toifasiga ko‘pincha sobiq jinoyatchilar va ruhan nosog‘lom kishilar kirishidan dalolat beradi.
Ijrochilar yoki janggarilar xavflilik darajasi bo‘yicha alohida toifani tashkil qiladi. Bular, odatda, jismonan baquvvat, zarur maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslardir. Olomon ichida rasman tartibsizliklarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlasalarda, haqiqiy vaziyatni, nizo kelib chiqishining sabab va bahonalarini baholashda chindan ham yanglishayotgan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Olomon tarkibiga, shuningdek qiziquvchi fuqarolar, yashash joyi betayin shaxslar hamda boshqa g‘ayrisotsial unsurlar ham kiradi. Ularning aksariyati mast holda bo‘lishlari mumkin.
Jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishning rivojlanishi va yanada kuchayishida olomonning hosil bo‘lish va shakllanish mexanizmi, shuningdek uning ishtirokchilarining xatti-harakatlariga xos xususiyatlar muhim o‘rin tutadi. Guruhiy huquqbuzarlikning rivojlanish dinamikasi bir qancha o‘zaro bog‘liq bosqichlarni qamrab oladi.
Boshlang‘ich bosqichga nizoli vaziyat yuzaga kelishining qandaydir bahonasi mavjudligi xosdir. Ba’zan bu muxlislar yoki haybarakallachi mutaassiblarning oddiy guruhiy bezorilik harakatlari bo‘ladi.
Bu bir guruh shaxslarning qandaydir yuz bergan voqeadan noroziligida, hokimiyat idoralari, tijorat tuzilmalari, korxona va muassasalarning ma’muriyati sotsial-maishiy va iqtisodiy sohada olib borayotgan harakatlariga qarshi e’tirozida namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda to‘planganlarning talabi siyosiy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Nizo qonuniylikning buzilishi yoxud ichki ishlar organlari xodimlarining taktik jihatdan noto‘g‘ri harakatlari natijasida ham o‘z- o‘zidan yuzaga kelishi mumkin. Jamoat joyida odamlarning to‘planishi faktining o‘zi qiziquvchilar va bekorchilar uchun jozibador ta’sirga ega. Voqea janjalli jihati bilan qiziqish uyg‘otsa va dolzarb xususiyatga ega bo‘lsa, olomon tezda ko‘payishi mumkin. Bunday hollarda kimdir ba’zan ig‘vogarona xususiyatga ega bo‘ladigan uydirma va mish-mishlar tarqata boshlaydi. Ular ta’sirida ishtirokchilar va tomoshabinlarning hissiy hayajoni ortadi, olomonning «ruhiy zararlanishi» deb ataluvchi hodisa yuz beradi. Olomon ichida tanilmay qolish mumkin bo‘lgan sharoitda odamlarda o‘z harakatlari uchun mas’uliyat hissi kamayadi, tajovuzkorlik va oddiy sharoitlar uchun xos bo‘lmagan qo‘rslik paydo bo‘ladi.
Olomon ishtirokchilari zo‘rlik harakatlariga undovchi targ‘ibot va shiorlarni tanqidiy qabul qilmaydilar. Olomon ultimatum talablarni ilgari surib, ularni darhol bajarishni talab qiladi. Agar ushbu bosqichda ichki ishlar organlari faol kompleks va adekvat chora ko‘rmasalar, nizo jamoat tartibini guruh bo‘lib buzish bosqichidan ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketishi mumkin.
Faol bosqich tajovuzkor olomonning talablari rad etilgan taqdirda maqsadga qaratilgan harakatlarga o‘tadigan davrni qamrab oladi. Ushbu harakatlar, odatda g‘ayriqonuniy va jinoiy xususiyatga ega bo‘ladi hamda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilari transport va piyodalar harakatini to‘sadilar, nizo yuzaga kelgan joyda jamiyat hayotining normal sur’atini izdan chiqaradilar, qo‘lga tushgan materialdan to‘siq va barrikadalar quradilar. Ular to‘siqlar (devor va g‘ovlar) hamda aloqa yo‘llarini buzishlari, mashinalar va ko‘chadagi simyog‘ochlarni ag‘darishlari mumkin va hokazo. Bunday harakatlar zo‘rlik, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish, odamlarni o‘ldirish bilan birga kechadi. Bunday vaziyatda har xil jinoiy unsurlar ko‘pincha mulkiy jinoyatlar, o‘g‘riliklar, talonchiliklar, shuningdek odam o‘ldirish va o‘t qo‘yish kabi jinoyatlarni sodir etadilar.
So‘nggi bosqichda huquqni muhofaza qilish organlarining ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yish va ularni bartaraf etishga qaratilgan kompleks harakatlari natijasida olomonning hujumkorligi va faolligi bostiriladi. Ichki ishlar organlari maxsus operasiya o‘tkazadilar. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilari va ishtirokchilarining jinoiy harakatlari hujjatlashtiriladi, olomon ajratib tashlanadi, aybdorlar javobgarlikka tortiladilar.
Ichki ishlar organlari xodimlarining jamoat tartibini guruh bo‘lib buzish yuzaga kelishining dastlabki bosqichida faoliyatning to‘g‘ri taktikasini tanlashi katta ahamiyatga ega. Bunda y huquqbuzarliklardan avval, odamlarning ko‘chalar va jamoat joylarida ko‘plab to‘planishi yuz beradi. Fuqarolarning e’tirozi va noroziliklari har xil, ko‘pincha adolatli sabablar tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shu bois yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari eng avval qaysi sabablarga ko‘ra va qaysi toifadagi fuqarolar to‘planganligini aniqlashlari zarur. Agar ular to‘planishining sababi tasodifiy voqea (yo‘l-transport hodisasi, ishlab chiqarishdagi avariya, baxtsiz hodisa) bo‘lgan bo‘lsa, olomonning e’tiborini tortgan sababni zudlik bilan bartaraf etish zarur. Bu keskinlikning kamayishiga, vaziyatning yumshashiga, to‘plangan fuqarolar xavfsizligining ta’minlanishiga yordam beradi. Aks holda ichki ishlar organlarining harakatsizligi fojialarga olib kelishi mumkin.
4. Olomon tarkibida mutaassib shaxslarni aniqlashda profayling
metodining ahamiyati
Olomon tarkibida mutaassib shaxslar katta xavf tug‘diradi. Ushbu toifaga o‘z harakatlari bilan bunday vaziyatlarni keltirib chiqarish, odamlarni birlashtirish va jipslashtirish qobiliyatiga ega bo‘lgan, ularni o‘z irodasiga bo‘ysundira oladigan, ularda ishonch hosil qila oladigan va olomonni jumbishga keltira oladigan shaxslar kiradi. Ma’lumki, odamlarga ta’sir ko‘rsatish «iste’dodiga» ega bo‘lgan bunday shaxslarning aksariyati siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadilar yoki jinoyatchilar olamiga aloqador bo‘ladilar.
Olomon tarkibida mutaassib shaxslarni aniqlash va ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishda profayling metodining o‘rni beqiyos.
|
| |