|
Sotsial psixologiya
|
bet | 72/143 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 3,89 Mb. | | #229196 | Turi | Учебник |
Bog'liq Darslik tayyor 2024Kelib chiqishiga ko‘ra tartibsiz ravishda yuzaga keladigan yoki atayin o‘ylab topiladigan mish-mishlar bo‘ladi. Oraliq turlari ham bo‘lishi mumkin. Ba’zan mish- mish o‘z-o‘zidan yuzaga keladi, ammo muayyan zaminga tushgach, axborotni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib o‘zgartirishga tayyor, uning tarqalishidan manfaatdor shaxslar topiladi. Dastlab mish-mish atayin tarqatilgan, ammo stixiyali ravishda amal qiluvchi sotsial-psixologik mexanizmlarga tushib, ular tufayli ko‘p bora kuchaygan hollar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, dushmanlarning mamlakatimizga qaratilgan radio eshittirishlarida mavjud bo‘lgan ba’zi mish-mishlarni siyosiy va axloqiy jihatdan yetarlicha yetuk bo‘lmagan odamlar eshitib, o‘z harakatlarining oqibatlarini o‘ylamay uni yana tarqatgan hollarda ana shunday bo‘ladi.
Odamlar ongiga ta’sir kuchiga ko‘ra mish-mishlar quyidagi turlarga bo‘linadi: sotsial fikrni qo‘zg‘atuvchi, ammo aniq ko‘rinib turgan g‘ayrisotsial xulq sohasiga kirmaydigan mish-mishlar; aholining muayyan qismida g‘ayrisotsial xulqni keltirib chiqaradigan mish-mishlar; odamlar o‘rtasidagi sotsial aloqalarni buzuvchi va jamoat tartibini guruh bo‘lib buzishga (masalan, stadionlardagi tartibsizliklar, tabiiy ofat sharoitidagi sarosimalar va boshqalarga) aylanuvchi mish-mishlar mavjuddir.
Vahima, qo‘rquv va sarosimaga solish olomonning asosiy vazifalaridan bo‘lib, bunday holatlarda shaxslarning xatti-harakatida o‘zini o‘zi boshqarish oxirgi o‘ringa turishini, javobgarlik hissining yo‘qolishini kuzatish mumkin. Vahima, qo‘rquv va sarosima asosida mavjud yoki ehtimollik xavfi oldida ojizlik, uni yengib o‘tish o‘rniga undan qochish fikri paydo bo‘ladi. Vahima qo‘rquvning psixofiziologik mexanizmi bo‘lib, bosh miya po‘stlog‘ining katta maydonida induksion tormozlanish, anglash faolligining susayishiga olib keladi va tez emotsionallik holatini yuzaga keltiradi. Natijada shaxsda noadekvat fikrlash, illyuzion (noto‘g‘ri) idrok qilish, kuchli emotsional qo‘zg‘alish oqibatida xavfni bo‘rttirish, kuchli ta’sirchanlik, beriluvchanlik holatlarini kuzatish mumkin.
Vahima, qo‘rquv guruhiy va individual tarzda yuz beradi. Individual tarzda yuz beradigan vahima yoki qo‘rquv harakatlarning noadekvatligida, biror-bir xulosa, qarorga kelish, mavjud xavfdan qochish, undan qutulish uchun xavfsizlik choralarini ko‘ra olmaslik holatlarida namoyon bo‘ladi. Ommaviy tartibsizlik holatlaridagi vaziyat yetakchining individual vahima va sarosimaga bo‘lgan aks ta’siri bilan bevosita bog‘liqdir.
Vahima, sarosima, qo'rquv asosan ikki turga bo'linadi:
qaltis vaziyatlarda qo‘rqish natijasida o‘lim xavfini his etish;
muddatli xavotirlanishdan so‘ng kuchli zo‘riqish, asab tizimining buzilishi, diqqatning xavotir predmetiga yo‘nalganligi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari vujudga kelishi mumkin bo‘lgan bunday salbiy hodisalarning oldini olish maqsadida oldindan profilaktik chora-tadbirlarni qo‘llashlari lozim.
Ommaviy tartibsizliklar davlatga, uning yuritayotgan siyosatiga qarshi mish- mishlar uyushtirish, xalq o‘rtasida tajovuzkorlik holatlarini keltirib chiqarish uchun qo‘llaniladi. Bunday vaziyatlarda ommaning xatti-harakatini tartibga solib bo‘lmaydi.
Olomon o‘z xarakteriga ko‘ra agressiv (ashaddiy) bo‘lishi mumkin, ashaddiy mish-mishlar ommaviy tartibbuzarliklarni yuzaga keltiradi. Olomon psixologiyasida meniki va ularniki degan fikr albatta mavjud. Ya’ni, olomon vaziyatni murakkablashtiruvchi va o‘ziga xos tezlashtiruvchi generatordir. Misol sifatida 2014 yili Ukrainada, 2015 yil Misr Arab Respublikasida bo‘lgan xalqaro mitinglardagi olomonni keltirish mumkin. Olomon psixologiyasida ma’lum o‘zgarishlar ro‘y beradi, bu o‘zgarishlar nimalarda sodir bo‘lishini ko‘rish mumkin.
Olomon xatti-harakatining yuzaga kelish psixologiyasi quyidagi ko'rinishga
ega:
olomonda ko‘rish va eshitish orqali kuchli emotsional holat yuzaga keladi;
o‘zining xatti-harakatlariga javob berish ular uchun oxirgi o‘ringa o‘tadi;
o‘zida qo‘shimcha kuch va ongida o‘zgarish sezadi.
Olomonning shakllanish bosqichlari:
sharoitning yuzaga kelishi (sirkulyatsiya);
miyadagi qaynash;
dushman obrazining shakllanishi;
olomonning faollashuvi;
jamiyatga qarshi harakatning avj olishi.
Sirkulyar, ya’ni aylanma reaksiya olomonning shakllanishiga olib keladi, bunda har xil imkoniyatlar, masalan, faktlar (dalillar), turli xabarlar yaratiladi.
Miyadagi qaynashda odamlar bir-biri bilan faqat xabar almashadi va eng asosiysi ma’lum bir fikrda turishadi. Shuning uchun ham boshqa xabarni (yangi) eshitganda o‘zlarini ma’lum ma’noda adashmagan deb hisoblaydilar.
Dushman obrazining shakllanishi shunday holatki, unda olomon faqat salbiy holatlarni tasavvur qilib, o‘zi noroziligini bildiradi. Bularning hammasi olomonning harakatini faollashtiradi.
Bunday tasavvurdagi ob’yektlar ommani birlashtiradi va bir butun qiladi. Oxirgi bosqich jamiyatga qarshi xatti-harakatni yuzaga keltirish va olomon faoliyatini faollashtirishdir.
Shu nuqtai nazardan olomon psixologik jihatdan kelib chiqishiga ko‘ra, maxsus, hech qanday insonlar tomonidan tashkil etilmagan odamlarning xatti- harakatlari yig‘indisidir.
Fransuz psixolog olimi Gyustav Lebonning fikricha, «olomon yig‘ilganda millati, kasbi, tilidan qat’i nazar, ularda maqsad bitta bo‘ladi va ularning ongida to‘la fikrlash yo‘qoladi, hatto o‘lim ham ularga qo‘rqinchli emasdek ko‘rinadi»\
Olomon psixologiyasini bilish ichki ishlar idoralari xodimlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ommaviy tartibsizliklar, namoyishlar, mitinglar kabi salbiy holatlarning oldini olish va jamoat tartibini saqlashda qo‘l keladi.
Ommaviy tartibsizliklar, mitinglar va turli namoyishlar uyushmagan bir guruhning salbiy xatti-harakatlari asosida amalga oshiriladi. Olomonga qo‘shilgan shaxslar ongida taqlid qilishga kuchli moyillik, tashqi ta’sirlarga beriluvchanlik va sotsial javobgarlik hissining yo‘qligini kuzatish mumkin. Shu sabali olomon ayrim g‘arazli, ig‘vogar shaxslar uchun ob’yektni yo‘q qiluvchi qurolga aylanadi. 9
|
| |