O‘RTA MAXSUS HARBIY TA’LIM TIZIMIDAGI PEDAGOGIK INNOVATSION TEXNOLOGIYALARNI QO‘LLASHNING DOLZARB MASALALARI
Ergashov S. – O‘zR IIV 2-son Toshkent akademik litsey Aniq fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Mamlakatimizda kadrlar tayyorlash milliy dasturini bosqichma-bosqich va muvaffaqiyatli amalga oshirish ko‘p jihatdan o‘qituvchi faoliyati, uning kasbiy nufuzini oshirish bilan bog‘liqdir. Shunday ekan, sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni yetishtirish uzluksiz ta’lim tizimida mehnat qilayotgan pedagogning saviyasiga, tayyorgarligiga va fidoiyligiga, uning yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash ishiga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqdir. O‘qituvchi jamiyatning ijtimoiy topshirig‘ini bajaradi, har tomonlama yetuk mutaxassislarni tayyorlashda o‘qituvchi muayyan ijtimoiy-siyosiy, pedagogik va shaxsiy talablarga javob berishi lozim. Shunday ekan, o‘qituvchi mustaqillik g‘oyasiga e’tiqodli, har tomonlama rivojlangan ilmiy tafakkurga ega, kasbiga tegishli ma’lumoti bor, ya’ni o‘z fanining chuqur bilimdoni, pedagogik muloqot ustasi, pedagogik-psixologik va uslubiy bilim hamda malakalarni egallagan bo‘lishi hamda turli pedagogik vazifalarni tezda yechishi, vaziyatlarni sezishi, o‘rganishi va baholay olishi kerak. U pedagogik ta’sir ko‘rsatishning eng maqbul usul va vositalarini tanlay olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi lozim.
Mustaqil O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan avlodni tarbiyalash nozik, nihoyatda katta diqqat-e’tiborni talab qiladigan, ichki ziddiyatli jarayondir. Shunday ekan, o‘qituvchi o‘quvchi yoki talabaning shakllanish jarayonini zo‘r havas va sinchkovlik bilan kuzatishi lozim. U pedagogik jarayonni boshqarar ekan, pedagogik bilim va mahorat egasi bo‘lishi lozim. Shundagina o‘qituvchi pedagogik hodisalarning mohiyatini va dialektikasini, pedagogik mehnat metodi, kasb va texnologiyasini va professional pedagogikani tushunib etadi. Pedagogik bilim va mahorat egasi bo‘lgan o‘qituvchi, avvalo, pedagogika fanining metodologik asoslarini, shaxs rivojlanishining qonuniyatlari va omillarini, kadrlar tayyorlash milliy dasturining mohiyati, maqsad va vazifalarini bilishi kerak. Ta’lim tizimida mehnat qilayotgan pedagoglarning ko‘pchiligi ta’lim va tarbiya jarayonida pedagogik mahoratning zaruriyati va ahamiyatini tobora chuqur anglab bormoqdalar.
Shu sababli ular o‘z mahoratlarini uzluksiz oshira borishga, hozirgi kunning yuksak talablariga mos zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirishga, ijodiy mehnat qilishga intilmoqdalar. Ammo shuni ham e’tirof etishimiz kerakki, o‘quv yurtlarida ayrim o‘qituvchilar o‘z pedagogik mahoratlarini oshira borishning ahamiyatini yetarli darajada his qilmaydilar, “Ta’lim to’grisida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ning talablarini chuqurroq o‘rganishga qiziqmaydilar, o‘quv jarayonining ilmiyligiga, zamon talablariga mosligiga, turmush va amaliyot bilan bog‘lanishiga yuzaki qaraydilar, o‘qitilayotgan o‘quv fanlarining ilmiy va g‘oyaviy-tarbiyaviy birligini doimo esda tutmaydilar. Bu esa ular qo‘lida ta’lim olayotgan o‘quvchi va talabalarning bilim darajasi va saviyasining yetarli bo‘lmasligiga, o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishdan orqada qolishlariga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu pedagogik g‘oya ta’lim tizimi oldiga:
- ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan huquqiy-demokratik davlat qurilishi jarayonlariga moslash;
- kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va uslublarini ishlab chiqish hamda joriy qilishni hal etish vazifalarini ko‘ndalang qilib qo‘ydi.
Bugungi kunda jamiyatimizda yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi, ta’limning dunyo ta’lim tizimiga integratsiyalashuvi, demokratiyalash va insonparvarlashtirish jarayonlarining rivojlanishi ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalar(PT)ga yangicha yondashuv zarurligini taqozo etmoqda.
“Kadrlar tayyorlashmilliy dasturi”da zamonaviy pedagogic texnologiyalarni joriy qilish va o‘zlashtirish zarurligi ko‘p marta takrorlanib, ularni o‘quv muassasalariga olib kirish zarurati uqtirilgan.
Nega bugungi kunga kelib, pedagogik texnologiyaga qiziqish shunchalik darajada kuchaydi, degan mulohaza tug‘ilishi tabiiy. Jamiyatimizga qanchadan qancha bilimli va malakali kadrlarni yetishtirib kelgan pedagogikaning o‘ziga xos uslublari mavjud. Pedagogik jamoatchilikning aksariyati mana shu yo‘ldan bormoqda, ammo mustaqillik va kelajak sari intilayotgan jamiyatga bu yo‘l kutilgan samara bilan xizmat qila olmaydi. Chunki buning zamirida ma’lum sabablar mavjud, ya’ni;
1. Rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olish uchun, aholi ta’limini jadallashtirishva samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish zarurligi;
2. Fan-texnika taraqqiyotining o‘ta rivojlanganligi natijasida axborotlar tizimi hajmining tobora ko‘payib borayotganligi;
3. Zamonaviy texnika va texnologiyalarni ta’limga tatbiq etish, ta’lim jarayonini kompyuterlashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonida axborot texnologiyasi (AT) va texnik vositalar (TV)dan foydalanish kerakligi;
4. Talaba va o‘qituvchi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchi ta’lim maqsadi va mazmunini puxta bilishi, ta’lim usullari, metodlari va vositalarini yaxshi egallagan bo‘lishi, talabaning qiziqish va intiluvchanligini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltira olishi lozimligi;
5. O‘qituvchi ta’lim jarayonini yuqori darajada, samarali tashkil etish uchun maqsad va vazifalarni aniq belgilashi, ta’lim natijasini oldindan qayd etishi, o‘quv predmetlarini to‘liqo‘zlashtirishga erishish uchun zaruriy ta’lim vositalari, shart-sharoitlarini tayyorlashga erishishi kerakligi;
6. O‘quv jarayoni uchun zarur moddiy-texnik bazaning yaratilgan bo‘lishligi;
7. Ta’lim-tarbiya jarayoni natijalarini xolisona vaobyektiv baholash, talabalarning bilim va malakalarini egallash jarayonini nazorat qilish va baholashni avtomatlashtirishga erishilganligi;
8. O‘sib kelayotgan yosh avlodni hayotga mukammal tayyorlash talabi ularga eng ilg‘or bilim berish usuli hisoblangan obyektiv borliqqa majmuaviy yondashuv tamoyilidan foydalanishni talab qilishi kabi muammolardadir.
Demak, zamonaviy pedagogik texnologiya yuqorida keltirilgan shartlarning barcha talablariga javob beradigan ta’limiy tadbir hisoblanadi.
Bugungi kunda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablaridan biri ta’lim jarayonida yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash, tayyorgarlikning modul tizimidan foydalangan holda ta’lim oluvchilarni o‘qitishni jadallashtirish sanaladi.
Xo’sh, axborot texnologiyalari nima-yu, ularni inson idroki, tafakkuri va ongiga singdirishda nimalarga e’tibor qaratilishi lozim?
Bugun biz yangi texnologiyalarga sarflanayotgan mablag‘lar qay darajada o‘zini oqlashini, ularning ta’lim sifatini oshirish va axborot hamda kommunikatsiya texnologiyalari hamda masofaviy ta’limni rivojlantirishga ta’sir qanday ko‘rsatishini tasavvur qila olishimiz shart. Ko‘phollarda “ta’limning kompyuter texnologiyalari” iborasi “axborot texnologiyalari” iborasi bilan aralashtirilib yuboriladi. Bu o‘rinda, asosan, an’anaviy pedagogik texnologiyalardan farqli, kompyuter tarmoqlariga ulangan, dasturlashtirilgan, xalqaro aloqalarni ham ta’minlashga qodir tizim nazarda tutilmoqda.Bu holat so‘nggi yillarda jamiyat hayotida kompyuterlarning ahamiyati ortib borishi, milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida turli xil axborotlarga nisbatan ehtiyojning kuchayishi bilan izohlanadi.Bugun biz bir narsani aniq tasavvur qilishimiz kerak. Mavjud holat, axborotlar oqimining negizlashuvi inson xotirasiga ortiqcha yuk, shaxsning tafakkuri va fikr yuritishi jarayonlarida keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘lmasmikin? Ongga etib kelayotgan axborotlar shaxsning mavjud madaniy-ma’rifiy muhitga moslashuvi jarayonida qay tarzda aks etishini bilishimiz va shunga mos tarzda ta’lim-tarbiya muassasalarida o‘quv dasturlari va jihozlariga nisbatan talablarni ishlab chiqishimiz lozim. Shu o‘rinda biz axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga singdirishning afzalliklarini e’tirof etishni xohlardik. Eng avvalo, ta’lim jarayonida kompyuterlar va axborot-kommunikatsiya vositalarining qo‘llanilishi, talabalarning ular bilan bemalol ishlay olishlari pedagogik jarayondagi eng muhim kamchiliklardan hisoblangan subyektivizmni cheklaydi. Masalan, agar talabaning javobi yoki bevosita o‘zlashtirishini baholash o‘qituvchining talaba shaxsiga munosabati ta’sirida kechgan bo‘lsa, mashinalar vositasida beriladigan ma’lumotlar obyektiv xarakterga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, kompyuter orqali bolaga yetkazilayotgan ma’lumotni zarurat bo‘lganida, qayta - qayta chaqirish va takrorlash imkoniyati ham bor. Bu narsa ayrim talabalarda, guruh sharoitida ishlaganda kuzatiladigan iymanish kabi sifatning namoyon bo‘lmasligini ta’minlaydi.
Uchinchidan, har bir professor - o‘qituvchining o‘zigagina xos bo‘lgan tushuntirish uslubi, metodik yondashuvi mavjud. AKT vositalaridan foydalanish pedagogik jarayonlar ichidagi samarasiz uslubiyotlarga barham beradi.
To‘rtinchidan, yangi axborotlarni uzatish texnologiyalari bilimlarni o‘zida ifoda etib, unda sxemalar, rasmlar, jadvallar, grafik va diagrammalarga keng o‘rin beriladi. Bu narsa yoshlarda obrazli xotirani ancha jonlantirib, ularning eslab qolish qobiliyatini kuchaytirishi mumkin.
Beshinchidan, ushbu axborot vositalaridagi ma’lumotlarni kichik hajmli disketlarga yozib olish va ulardan zarur o‘rinlarda foydalanish mumkin. Bu ham vaqtni, ham mablag‘ni tejaydiki, iqtisodiy jihatdan yuzlab tirajlarda chop etilayotgan kitoblardan arzon bo‘ladi. Eng muhimi, manfaatdor auditoriya xohlagan ma’lumotini bir xil sifat va tizimda olishi mumkin bo‘ladi.
Nihoyat, ular “axborot asri” deb e’tirof etilayotgan yangi asrda yashab ijod qiluvchi yoshlarning ongini o‘stiradi, ulardagi texnik vositalardan cho‘chish hissini yo‘qotadi.Xullas, ta’lim muassasalarining bu narsaga sarflangan mablag‘lari behuda ketmasligi ehtimoldan xoli emas.
Agar biz har bir yosh qalbida Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, pok iymon va odamgarchilikni tarbiyalay olsak, ular xalqaro axborot tizimlari orqali bizning fikrlash tarzimiz, urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan ma’lumotlarni tanqidsiz qabul qilmaydigan, yurtimiz istiqboliga xizmat etadiganlarinigina saralab olish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Buning uchun biz yoshlarimizda barqaror mafkuraviy immunitetni tarbiyalashimiz kerak.
Ma’lumki, pedagogikada boshqa ilm sohalaridan olingan ko‘plab atamalardan foydalanadi, bu narsa pedagogikani boshqa fanlar bilan chuqur aloqada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bunday atamalar texnika va iqtisodiyotdan eng ko‘p miqdorda kirib keladi, chunki ayni shu sohalar ijtimoiy fikrning rivojlanishiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadi. Chunonchi, bugun o‘qitish jarayonining tejamliligi va maqsadga muvofiqligi hamda oqilona tashkil etilishi ko‘p jihatdan o‘qituvchi, texnika va texnologiya, ta’lim iqtisodiyoti, o‘qitishni kompyuterlashtirish va shunga o‘xshashlar bilan bevosita bog‘lanib qolgan.
Bu jarayonda yangi pedagogik texnologiyalarning bir qancha muammolari o‘z yechimini topadi. Ular-ta’lim muassasalarining resurs, kadrlar va axborot bazalarining yanada mustahkamlanishi, o‘quv-tarbiya jarayonini yangi o‘quv- uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlanishi, milliy (elita) oliy ta’lim muassasalarining qaror toptirilishi va rivojlantirilishi, kasb-hunar ta’limi muassasalarining mustaqil faoliyat yuritishining ta’minlanishi va o‘zini-o‘zi boshqarish shakllarining mustahkamlanishi kabi vazifalardir. Bunda ta’lim jarayonini axborotlashtirish va uzluksiz ta’lim tizimini jahon axborot tarmog‘iga ulanadigan kompyuter axborot tarmog‘i bilan to‘liqqamrab olish ham ko‘zda tutilgan.
|