|
Tuproq aralashmalarida sabzavotlar yetishtirishda o’g’itlarni qo’llash
|
bet | 21/186 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 16,04 Mb. | | #250922 |
Bog'liq Himoyalangan yer sabzavotchiligi. 2021-2022 umuka7.3.Tuproq aralashmalarida sabzavotlar yetishtirishda o’g’itlarni qo’llash
O’g’itlarning turlari va ularni berish usullari. Himoyalangan yerlarda yuqori unumdor tuproq aralashmalarini qo’llash, ekinlarni o’sishi va rivojlanishiga qarab oziqlantirish zarurligini boshqarishni mustasno etmaydi.
Bu o’simliklarni barcha mineral elementlardan iborat oziqa bilan zarur nisbatlarda ta’minlashga va tuproq eritmasi kontsentratsiyasi va uni reaktsiyasini maqbul darajada ushlab turishga imkon beradi. SHu bois tuproq aralashmasida yetishtirishda agrokimyoviy tahlillar asosida mineral makro va mikro o’g’itlar qo’llaniladi. Kichik xo’jaliklarda organik o’g’itlar ham beriladi.
Solinadigan o’g’itlarni miqdori ekinlarni xususiyatlari, yoshi, inshootlardagi aniq mikroiqlim sharoitlari va boshqa omillar hisobga olinib aniqlanadi. Tuproq aralashmasiga o’g’itlarni solish nafaqat o’simliklarni oziqa bilan ta’minlaydi, balki tuproqda oziq elementlarni singishini kuchaytiradi, unda hayot jarayonlari energiyasini oshiradi, tuproqning o’zidagi xususiyatlarni o’zgartiradi. Himoyalangan yerlarda qo’llaniladigan organik va mineral o’g’itlarni turlari ham, juda xilma-xildir.
Himoyalangan yerlarda qo’llaniladigan organik o’g’itlarni asosiy turi, har xil turdagi hayvonlarning go’ngi va chirindi hisoblanadi. Bndan tashqari u yerda parranda tezagi va sanoat korxonalarining chiqindilaridan ham foydalaniladi. Ularni tarkibi, oziqalik ahamiyati va xususiyatlari bilan o’quvchilar “Agrokimyo” o’quv fanini o’tganlarida tanishganlar.
Issiqxona sabzavotchiligida uzluksiz almashtirmay foydalaniladigan tuproqlarda mineral o’g’itlar ma’lum talablarga javob berishi kerak. Ular yuqori to’yingan bo’lishi, ballastsiz (qoldiqsiz), tarkibida zararli chiqindilar (xlor, ftor, natriy, mishyak, bauret) bo’lmasligi kerak. Agar o’g’itlar suvda oson va tez eriydigan bo’lsa, ularni solishda avtomatlashtirilgan yomg’irlatish tizimlaridan foydalanish mumkin. To’yingan tuproq qorishmasi muvozanatini buzmaslik uchun tuproqqa u yoki bu bir o’g’itni uzoq muddat solishdan chetlashish (qochish) lozim. Tuproqlar tarkibida tuzlar yuqori bo’lganda suvda erimaydigan, ammo o’simliklar singdirishi oson bo’ladigan murakkab o’g’itlarni qo’llash lozim.
Azotli o’g’itlardan himoyalangan yerlarda asosan ildiz va ildizdan tashqari oziqlantirishda muhim hisoblangan mochevina hamda selitradan foydalaniladi. Azotli o’g’itlarni boshqa turlari bu yerda kamroq qo’llaniladi, chunki ular ayrim nojo’ya ta’sir ham ko’rsatishi mumkin.
Himoyalangan yerlarda fosforli o’g’itlardan qo’shsuperfosfat yaxshiroq hisoblanadi. O’simliklar pretsipitat va ftorsizlashtirilgan (obesftorenniy) fosfatni ham yaxshi o’zlashtiradi. Boshqa fosforli o’g’itlar tarkibida aralashmalar ko’p va himoyalangan yerlarda kamroq foydalaniladi.
Himoyalangan yerlar uchun kaliyli o’g’itlardan (sernokisliy kaliy) kaliy sulfati va kaliyli selitra; magniylilardan – magniy sulfati va kaliy magneziyasi yaxshiroq hisoblanadi.
Murakkab o’g’itlardan himoyalangan yerlarda kaltsiyli selitra, ammofos, diammofos, nitrofoskadan foydalaniladi. Oxirgi yillarda himoyalangan yerlarda murakkab o’g’itlar “Rastvorinlar” (kristallinlarga o’xshash) keng qo’llanilmoqda ularni turli markalarining tarkibida azot, fosfor va kaliy bir xil nisbatlarda emas, ularni ayrim bir markalarida magniy ham mavjud.
Rossiya Federatsiyasi sanoati tomonidan shunga o’xshagan o’g’itlar, issiqxonalar uchun uch A, B, V markali aralashma ishlab chiqarilmaqda. A marka tarkibida: azot – 10%, fosfor – 5%, kaliy – 20% va magniy – 6%; B markada – azot – 18%, fosfor – 6% va kaliy – 18%; V markada tegishlicha 20, 16 va 10% ni tashkil qiladi.
Finlarni “Kemira Agro” firmasi tarkibida azot, fosfor va kaliydan tashqari oltingugurt, bor, marganets, mis, tsink, temir, molibden, kobalt va boshqa mikroelementlardan iborat kompleks o’g’itlar chiqarmoqda. Bu o’g’itlar to’g’ri balanslashtirilgan nisbatda oziq moddalarni o’z ichiga oladi va ekologik toza hisoblanadi. Bu o’g’itlarni tarkibi nihoyatda xilma-xil va har bir ekin uchun o’zini markasi tavsiya etiladi.
Organik o’g’itlar bilan birga tuproqqa ularni tarkibida bo’lgan mikroelementlar ham solinadi. SHu bois ataylab mikroelementlarni solishga zarurat har doim ham bo’lmaydi. Himoyalangan yerlarda ko’proq bor va mis, kamroq tsink va molibden qo’llaniladi. Ularni mutaxassislarni tavsiyalariga ko’ra qo’llash lozim. Hozir kichik ixcham qadoqlangan kompleks mikroo’g’itlar chiqarilmoqda, bunda ularni qo’llash muddatlari usullari va me’yorlari ham ko’rsatiladi.
Himoyalangan yerlarda mineral o’g’itlar har bir ekinni ekishdan oldin, (tuproqlarni asosiy o’g’itlashda), bir yo’la urug’ni ekish bilan birga egatlarga yoki uyalarga solib va o’simliklarini o’suv davrida ildiz va ildizdan tashqari oziqlantirishda beriladi. O’g’itlarni solish miqdori va ularni tarkibi tuproq va o’simliklarni agrokimyoviy tahlili natijalari bo’yicha aniqlanadi.
Tuproqlarni asosiy o’g’itlashda mineral o’g’itlar yer go’ng yoki boshqa organik o’g’itlar bilan qo’shib haydalgandan so’ng solinadi. Ularni quruq holda tuproq yuziga qo’lda yoki issiqxona traktoriga osilgan RUM-8,5 bilan sochiladi (18-rasm).
|
| |