|
Issiqxonalarda tuproq aralashmasini qo’llash
|
bet | 19/186 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 16,04 Mb. | | #250922 |
Bog'liq Himoyalangan yer sabzavotchiligi. 2021-2022 umuka7.2. Issiqxonalarda tuproq aralashmasini qo’llash
Tuproq aralashmasi va ularning tavsifi. O’simliklarni to’g’ri o’sib va rivojlanishi, yuqori hosil to’plashi uchun ularni nafaqat suv va havo bilan ta’minlash, balki yetarli miqdorda mineral oziqa elementlari bilan kerakli nisbatda va yetarli miqdorda ta’minlash zarurdir. Bu issiqxona tuprog’i sifatiga bog’liqdir.
Turli mamlakatlar va mintaqalarda mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda issiqxonalarda har xil tuproq aralashmalari qo’llaniladi. SHimoliy va shimoliy g’arb mamlakatlari va Sibirda organik tuproqdan foydalanadilar. Markaziy Yevropa mamlakatlarida – organomineralli (torfni turli nisbatda bo’lgan boshqa organik materiallarni mineral komponentlar bilan aralashmasi) va janubiy mamlakatlarda – mineralli (15% gacha organik materialni tabiiy yengil tuproqning gumus qatlamiga qo’shib) tuproqlardan foydalaniladi. Bodring o’stirish uchun torf (50-60%), (20-30%) qumli va qumoq tuproq (20-30% hajmi bo’yicha) va go’ng kompostidan tarkib topgan organomineralli tuproq eng maqbul hisoblanadi.
Tuproqlar tarkibidan tashqari foydalanishni davomiyligi va drenajlash usuliga ko’ra guruhlanadi. Tuproqlar foydalanish davomiyligiga ko’ra: har yili almashtiriladigan, yangi (2-4 yilga), (4-8 yilda) yaxshi yetilgan, (8-12 yil) uzoq muddat foydalanilgan va almashmaydiganlarga bo’linadi. Tuproqlar drenajlash usuliga qarab drenajsiz, tabiiy drenajli va texnik drenajlilarga ajratiladi.
Tuproqlarni zichligi (hajmiy vazni), qattiq fazasining zichligi (solishtirma og’irligi), g’ovakligigi (yopishqoqligi), havo sig’imi (havoni o’tkazuvchanligi) va eng kam nam sig’imi (NV), ularning fizik, havo va suv xususiyatlarini tavsiflovchi asosiy ko’rsatkichlari ekanligi aniqlangan.
Bu xususiyatlarga ko’ra tuproq quyidagi: solishtirma og’irligi (qattiq muhit vaznini hajmiga nisbati) – 1,5-2,0, zichligi (tuproq massasini tegilmagan tuzilishdagi hajmiga nisbati) – 0,4-0,6 g/sm3, g’ovakligi yoki bo’laklanishi (umumiy hajmidagi zarrachalar orasidagi oralig’idagi bo’shliqlarning ulushi) – 46-80%, qattiq, suyuq va gazsimon fazalarining nisbati – 1:1:1, eng kam nam sig’imi – 45-60% kabi ko’rsatkichlariga ega bo’lishi kerak.
Tuproqning zichligi tarkibidagi organik moddalarga bog’liq bo’lib, uni miqdori ko’payishi hisobiga zichligi kamayadi. Me’yoridan ortiq g’ovakli tuproqlarda suvni ko’p yo’qolishiga olib keladi va tez-tez sug’orishni talab etadi; zich tuproqlarda esa havoni yetishmasligi va ildiz tizimi kuchsiz rivojlanishi kuzatiladi. Zichlik g’ovaklik va suv xususiyatlari bilan bog’liq bo’lib, bunda nafaqat g’ovaklar soni, balki ularning katta-kichikligi (o’lchami) kam ahamiyatli, chunki yiriklarini havo, maydalarini esa suv egallaydi.
Suv sig’imi, havo o’tkazuvchanligi, donadorligi, singdirish xususiyatlari uni tarkibidagi organik moddalarga bog’liq bo’ladi. Ammo, organik moddalar miqdorini ko’payishi ma’lum chegaragacha o’simlikka ijobiy ta’sir etadi, uni miqdorini me’yoridan ko’payib ketishi esa tuproq sifatini yomonlashtiradi. Me’yoridan juda yuqori yutish xususiyati o’g’itlarni ortiqcha sarflanishiga, oziq moddalarni ortiqcha to’planishiga va azot tartibotini turg’unsizlikka olib keladi. Bodring uchun tuproq tarkibidagi organik moddalarni 20-30%, pomidor uchun esa – 10-20% bo’lishi maqbuldir.
Tuproqlardan surunkali foydalanish, ularni suv sig’imi, havo o’tkazuvchanligini kamaytirib, tarkibidagi organik moddalarni har yili gektiriga 60 t yo’qotishiga olib keladi. Tuproqning xususiyatlarini saqlab qolish uchun g’ovaklashtiruvchi va donadorlashtiradigan materiallarni qo’llash zarur.
Suv, havo, harorat va oziqa tartibotlarini oson sozlash uchun issiqxona tuprog’ini quvvati (moshnost) 25-30 sm chuqurlikdagi haydalma qatlamdan oshib ketmasligi hamda plug ostida zarang qatlam (podoshva) hosil bo’lmasligi kerak.
Tuproq aralashmasi unumdor, donador, mexanik tarkibi yengil, havo va suv yaxshi kiradigan, yuqori ijobiy xususiyatlarga, neytral reaktsiyaga ega bo’lishi va eritma kontsentratsiyasi maqbul bo’lishi, begona o’tlarning urug’idan, zararkunanda hamda kasalliklardan xoli bo’lishi kerak. Tuproq aralashmasi tuzilayotganda o’simliklarni oziq moddaga talabi va ildiz tizimi rivojlanish xususiyati hisobga olinadi.
Tuproq aralashmasida karbonatlar miqdori 0,3-0,5% bo’lganda tuproq muhiti reaktsiyasi yoki (pH) nordonligi – 6,3-6,7 teng bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Pomidor, karam va ismaloq uchun tuproq aralashmasi tarkibidagi xlorni yo’l qo’yiladigan miqdori 0,02% va boshqa ekinlar uchun esa – 0,01% dir. Tuproq aralashmasi tarkibida organik moddalar 10% bo’lganida yo’l qo’yiladigan tuzlar miqdori 0,35% ni, 15% da – 0,45%, 20% da – 0,55%, 30% da – 0,75% bo’lishi kerak. 1 kg tuproq tarkibida o’zlashtiriladigan holatdagi azot – 40-60, fosfor – 120-130 va kaliy – 160-240 mg ni tashkil etishi kerak.
Bunday talablarga javob beradigan tuproq aralashmasi turli xil komponentlarga organik va mineral o’g’itlar qo’shib tuziladi. Buning uchun chirindi, torf, go’ng, qum, chim va dala tuprog’i, issiqxona va parniklarning eski tuproqlaridan foydalaniladi, zaruriyat bo’lsa ularga turli xildagi g’ovaklashtiruvchi materiallar ham qo’shiladi. Aralashmaning turlari va tarkibiy qismlarining nisbati yetishtiriladi ekin, ekin o’stiriladigan bino turi, foydalanish muddati, mavjud komponentlarga bog’liqdir. Unumdor (boy) o’rtacha og’irlikdagi aralashmaga qovoqdoshlar, gulkaram va rediska, ko’chatlar uchun iloji boricha popuk ildiz tizimini hosil qilishiga, ko’chat olinayotganda ildiz qismiga aralashmani ko’proq yopishib chiqishiga yordam qiladigan aralashma bo’lishi maqsadga muvofiq. Yetiltirib va tezlashtirib o’stiriladigan ekinlar tuproqning unumdorligi va fizik xususiyatlariga kam talabchan bo’ladilar.
Turli mintaqalarda himoyalangan yerlarda har xil tuproq aralashmalaridan foydalanadilar. Ularni tarkibi issiqxonaga yaqin joylashgan manbalar bilan bog’liqdir. Torf zahirasi bo’lgan tumanlarda u tuproqning asosiy komponenti hisoblanadi. Torf zahirasi bo’lmagan viloyatlarda (Rossiya va Ukrainaning janubi, Zakavkaze, O’rta Osiyoda) tuproqning yuqori qatlami chirindi, go’ng yoki kompost, unga g’ovaklashtiruvchi materiallar yoki sun’iy struktura hosil qiladigan materiallar qo’shib tayyorlangan aralashmalardan foydalanadilar. O’zbekistonda yangi quriladigan issiqxonalar uchun tuproq aralashmasini tayyorlashda, issiqxona quriladigan yer dala tuprog’iga 300-400 t/ga somonli go’ng yoki chirindi, hajmiga ko’ra 20-30% g’ovaklashtiruvchi materiallardan (qipiq, sholi to’poni, somon, g’o’za va kanop chiqindilari) foydalaniladi. G’ovaklashtiruvchi materiallarni ishlatishdan oldin kompostirlanadi.
O’zbekistonda odatda quyidagi tarkibli: 20% g’ovaklashtiruvchi material qo’shilgan, 65% chim yoki dala tuprog’i va 35% chirindi; 70% chim yoki dala tuprog’i, 25% chirindi va 5% qum; 60% chim tuproq, 35% chirindi va 5% qumdan iborat, bu aralashmalarga hajmiga qarab 20% g’ovoklashtiruvchi materiallar qo’shib aralashmalarning biridan foydalaniladi.
Ko’chat yetishtirish uchun chirindi (50%), dala tuprog’i (40%) va qipiq yoki sholi to’poni va kesib maydalangan somon (10%) lardan tarkib topgan aralashma tayyorlanadi. Bunday aralashmalarning 1 m3 ga 300 g ammiakli selitra, 400 g qo’shsuperfosfat, 400 g kaliy sulfat, 1,5 kg mis kuporosi, 3 g ammoniyli molibden, 0,5 g natriy borat, 2,25 g marganets sulfat va 0,7 g rux sulfati qo’shiladi.
|
| |