|
Toshkent davlat agrar universiteti termiz filiali
|
bet | 61/186 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 16,04 Mb. | | #250922 |
Bog'liq Himoyalangan yer sabzavotchiligi. 2021-2022 umukaPoliz ekinlari. Vaqtinchali plyonkali tonnellar ostida poliz ekinlarini yetishtirish jahon polizchiligida keng miqyosda tarqalmoqda. Mahsulotni 2-3 xafta ilgari chiqishini tezlashtiradigan, umumiy, ayniqsa erta hosilni ko’paytirishga imkon beradigan, sodda tuzilishga ega bo’lgan, hammabob bunday turdagi qurilmalarga yarimyoysimon (arkasimon) sinchli, vaqtincha plyonka bilan yopilgan tonnellar kiradi. Tuzilishi sodda va yuqori samarali bo’lgani uchun bu qurilma AQSH, Ispaniya, Frantsiya, Italiya, Bolgariya va Gretsiyada poliz ekinlarini yetishtirishda keng qo’llanilmoqda. Qovun va tarvuzlar plyonkali tonnellar ostida 1 ming gektardan ko’proq maydonda yetishtiriladi. Yaponiyada tarvuz plyonkali tonnellar ostida 15 ming, qovun esa 1,5-2,0 ming gektar maydonda yetishtiriladi.
Vaqtinchali plyonkali qurilmalar ostida yetishtiriladigan navlar, bir yo’la sovuqqa va issiqqa, havoning yuqori nisbiy namligiga va yorug’lik yetishmasligiga, kasallik hamda zararkunandalarga chidamli xususiyatlarga ega bo’lishi kerak. Ular ertapishar, yuqori hosilli va mevasi yaxshi mazali bo’lishi shart. Bu maqsadlar uchun tumanlashtirilgan Handalak Ko’kcha 14 va Rohat, tumanlashtirilmaganlaridan esa Davlatboy va Iliyskaya eng yaxshi qovun navlari hisoblanib, ular urug’idan ekilganda birinchi mevalari nihol hosil bo’lganidan 70-80, ko’chat ekilganda esa – 60-70 kundan so’ng pishadi. Tarvuz navlaridan O’rinboy, Manzur, Surxon tongi, duragaylardan Krisbi, Trofi va boshqalardan bu maqsadlar uchun foydalanish eng yaxshidir.
Poliz ekinlarini tonnel ostida yetishtirish uchun yer tanlash, asosiy va ekish oldidan tuproqqa ishlov berish xuddi pomidor va bodring uchun tayyorlashga o’xshashdir.
Poliz ekinlari O’zbekistonda ikki turdagi kichik hajmli plyonkali qoplamalar ostida: sinchli arkasimon (yarimyoysimon) tonnellar va sinchsiz – urug’ ekiladigan jo’yaklar ko’rinishidagi qurilmalar ostida yetishtiriladi. Poliz ekinlari tonnellar ostida ham ko’chatini o’tkazib va urug’i to’g’ridan-to’g’ri tuproqqa ekilib yetishtiriladi; plyonkali sinchsiz jo’yaklarga ekib yetishtirishda esa –urug’ faqat tuproqqa ekiladi. Sinchsiz qoplamalarning balandligi past va hajmi kichik bo’ladi. SHuning uchun ulardan qisqa muddatda foydalaniladi va samarasi sinchli tonnellarga nisbatan kam bo’ladi. Sinchsiz qurilmalar ostida jo’yaklar urug’ni ekib yetishtirish texnologiyasi, bodring yetishtirish texnologiyasiga o’xshashdir.
Plyonkali tonnellar ostida poliz ekinlarini ko’chat uslubida yetishtirilsa, urug’i tuproqqa ekilib, yetishtirilganga nisbatan (nihol hosil bo’lganidan birinchi mevasi pishguncha) qovunni o’suv davri 20 va tarvuzning esa – 10-12 kunga uzayadi. Ammo, ko’chatni yoshi katta bo’lishi (25-30 kunlik) va urug’ni unib chiqish vaqti inobatga olinadigan bo’lsa, bir vaqtda ko’chat va urug’ ekilganda (8-10 kun), ko’chat bilan ekilgan o’simliklarning mevalari: qovunda 9-12, tarvuzda esa 15-20 kun erta yetiladi.
Poliz ekinlarining o’simliklari ildiz tizimini shikastlanishi salbiy ta’sir etadi, shu bois ko’chirib o’tkazilganda deyarli tutmaydi. Buni hisobga olgan holda poliz ekinlarining ko’chati bodring ko’chatini yetishtirish texnologiyasi kabi tuvakchalarda yoki oziqali kubiklarda yetishtiriladi.
Toshkent shahri atrofidagi mintaqalar sharoitida poliz ekinlari urug’lari unishi va ko’chatlari o’sishi uchun minimal harorat tuproqda plyonkali tonnellar ostida aprel oyining birinchi besh kunligida, ochiq maydonda esa aprel oyining o’rtalarida yuzaga keladi. SHuning uchun qovun va tarvuz urug’i hamda ko’chatlarini mart oyining oxirgi besh kunligidan oldin ekish maqsadga muvofiq emas.
Tonnellar ostiga 10 aprelda ko’chat ekish, ochiq maydonga 15 aprelda urug’ ekishga nisbatan qo’shimcha daromad olishni ta’minlaydi. Bu muddatda tonnel ostiga urug’ ekilsa hosili kech yetiladi va uni arzon narxda sotilishi evaziga o’zini iqtisodiy jihatdan oqlamaydi.
Odatda plyonkali tonnellar ostida kalta palakli tezpishar navlar yetishtiriladi. SHu sababli tonnellarni qurishda plyonkani iqtisod qilish maqsadida, o’simliklarni qo’shqatorli lentasimon shaklda joylashtirish maqbulroqdir, bu lentadagi ikki qator bir chodir plyonka (eni nazarda tutilgan holda) bilan yopish imkonini beradi (39-rasm).
|
| |