|
Rediska va bargli ko’kat o’simliklar
|
bet | 58/186 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 16,04 Mb. | | #250922 |
Bog'liq Himoyalangan yer sabzavotchiligi. 2021-2022 umukaRediska va bargli ko’kat o’simliklar. O’zbekistonda bargli ko’kat sabzavotlardan ukrop, kashnich, barg salat, pekin karami va kress-salat plenkali qurilmalar ostida yetishtiriladi.
Sovuqqa chidamlilik, kichik oziqlanish maydonida o’saolish va erta yetilishlik rediska va nomlari ko’rsatilgan bargli ko’kat ekinlariga xos xususiyatdir. Kress-salat hosili yig’ishtirishga 22-25 kundan so’ng, qolgan ekinlarda esa 30-35 kundan so’ng tayyor bo’ladi.
Plyonkali tonnellar ostida eng erta mahsulot yetishtirish uchun, issiqxonalarda o’stirishga tavsiya etilgan navlardan eng tezpisharlarini tanlash zarur.
Rediska va bargli ko’kat sabzavotlar kichik oziqlanish maydonini talab qilishini hisobga olib ularni sochma yoki ko’p qatorli lentasimon usulda ekadilar. Egat kengligi plyonka eniga bog’liq bo’lib, u 80 sm dan 150 sm gacha bo’lishi mumkin, bunda har bir egat ustiga tonnel o’rnatiladi. Egatlar (tonnellar) orasida kengligi 40-60 sm bo’lgan yo’lkalar qoldiriladi. Ayrim sabzavotkorlar tonnellarni nihollar hosil bo’lganidan so’ng o’rnatadilar. Ammo, ular urug’ ekilishi bilan nihollar chiqquncha egatlar ustiga plyonkani to’shab qo’yadilar. Bu tuproqning yuza qatlami haroratini ko’tarilishiga va urug’larni unib chiqishini tezlatishga va shuningdek yosh o’simliklarni o’sish va rivojlanishini jadallashtirishga sharoit yaratadi.
Rediska va ko’kat sabzavotlarni plyonkali tonnellar ostida o’stirishda, tuprog’i g’ovak, havo va suv yaxshi singadigan, unumdor bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Bunga, asosiy ishlov berish oldidan har m2 yerga 20-25 kg chirindi yoki yaxshi chirigan go’ng va gektariga 400-500 kg ammofos va 150-200 kg kaliy tuzi yoki kaliy xlor solish orqali erishiladi.
Plyonkali tonnellar ostida yuzaga keladigan harorat tartibotini hisobga olgan holda, rediska va ko’kat sabzavotlar urug’i, ochiq maydonga ekiladigan muddatdan ikki hafta oldin sepiladi. Toshkent shahri atrofida bu sharoit 10-20 fevralga to’g’ri keladi.
Urug’larni bo’rtishini tezlatish uchun urug’lar suvda ivitilib ekiladi, ukrop urug’i ikki va qolgan ko’katlar urug’i bir sutka mobaynida (har 6-8 soatda suvi almashtirilib) ivitiladi. Urug’lar sochiluvchan bo’lishi uchun ekish oldidan biroz selgitiladi. Ekish qo’lda yoki parnik seyalkasi yordamida bajariladi. Lentasimon tor qatorlab ekilganda qatorchalar oralig’idagi masofa kress-salat, kashnich, ukrop va rediska uchun – 5-6 sm, salat – 6-8 sm va pekin karami 10-12 sm, qatordagi o’simliklar oralig’ida esa 2-3 sm masofa qoldiriladi. Urug’ni ekish chuqurligi 0,5-1,0 sm, ekilgan urug’larni bir xil chuqurlikka qadalishini ta’minlash uchun urug’ ustidan chirindi sepiladi. Ekib bo’linishi bilan tezda sug’oriladi. 1 m2 yuzaga urug’larni ekish me’yori g hisobida rediska – 3-4, ukrop – 25-30, kashnich – 12-18, kress-salat – 1,5-2 va pekin karami – 5-6 g ni tashkil qiladi.
Ukrop va kashnich nihollari urug’ ekilganidan – 12-15, qolganlarini esa – 7-8 kundan so’ng hosil bo’ladi. Rediska, barg salat va pekin karamlari nihollari paydo bo’lgandan yagana qilinadi, ukrop, kashnich va kress-salat esa – yagana qilinmaydi. Yaganalash nihollarda 1-2 barg hosil bo’lganda o’tkazilib, qatordagi o’simliklar orasida rediska uchun – 3-4, salat – 5-7 va pekin karami uchun 8-10 sm masofa qoldiriladi.
O’simliklarni parvarishlash zarur bo’lgan haroratni, tuproq va havo namligini yaratib berish, begona o’tlardan tozalash va oziqlanitirishni o’tkazishdan iborat bo’ladi.
O’suv davri boshlanishida, yog’ingarchilikni ko’p bo’lishi, havo haroratini nisbatan yuqori bo’lmasligi, tuproqdan suvni ko’p parlanmasligi sababli sug’orishlar leyka bilan oz me’yorda, kamroq (siyrakroq) o’tkaziladi. O’suv davrining ikkinchi yarmida, quyosh radiatsiyasi kuchayganda (yog’dusini) tez-tez to’yintirib sug’oriladi. Har galgi sug’orishdan so’ng namlikni ko’payishi hisobiga tuman hosil bo’lmasligi uchun tonnel 1-2 soat davomida yaxshilab shamollatiladi. O’suv davrida jami 2-3 marta sug’oriladi va ularni bir yo’la azotli (1 l suvga 3-4 g ammiakli selitra qo’shib) o’g’itlar bilan oziqlantiriladi.
Plyonkali tonnellar ostida ukrop va kashnich yetishtirilganda, hosili nihol chiqqanidan 30-35 kundan so’ng yig’ishtiriladi. Hosili yig’ishtirilayotganda o’simliklar ildizi bilan sug’irib olinadi. Ildizlari kesib tashlanganidan so’ng, o’simliklar bog’-bog’ qilib bog’lanadi. Ularni 0°S da 3-5 sutkadan ortiq saqlab bo’lmaydi. Sug’urib olingan o’simliklar perforatsiya qilingan polietilen paketlarda yaxshi saqlanadi.
Rediska hosili niholi chiqqanidan 25-28 kun o’tganidan so’ng yig’ishtiriladi. Yetilgan ildizmevalar 3-4 marta tanlab teriladi. Sug’irib olingan ildizmevalar bargi bilan 15-20 donadan qilib bog’lanadi. 1 m2 dan chiqadigan rediska hosildorligi 20-25 bog’ni tashkil qiladi.
Barg salat hosili nihollar paydo bo’lganidan so’ng 30-35 kun o’tgach, o’simlikda 7-10 dona chinbarg hosil bo’lganida yig’iladi. Hosili ikki marta yig’iladi. Birinchi marta qator oralatib yaxshi rivojlangan o’simliklar, ikkinchisida esa barcha qolgan o’simliklar yig’ishtiriladi. O’simliklar ildizi bilan sug’irib olinadi, so’ng ildizlari kesilib bog’-bog’ qilib bog’lanadi. Uni hosildorligi 1 m2 dan 2-2,5 kg ni tashkil qiladi.
Pekin karami va kress-salatlar niholari paydo bo’lganidan so’ng 24-28 kun o’tgach, kress-salatda 5-6, pekin karamida – 8-10 dona chinbarg paydo bo’lganidan keyin hosili yig’ishtiriladi. Pekin karami hosili, xuddi barg salati singari ikki bosqichda yig’iladi. Pekin karamining hosildorligi 1m2 dan 3-4 kg ni, kress-salatniki esa 2-2,5 kg ni tashkil qiladi.
|
| |