VII. SUG’URTA TOVONINI TO’LASH
52. Sug’urtalovchi sug’urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxsning) tashabbusi bilan yoki sug’urtalovchining talabiga binoan zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish yuzasidan kechiktirib bo’lmaydigan choralar ko’rilishi munosabati bilan yuzaga kelgan sug’urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxsning) barcha bildirilgan va isbotlanadigan xarajatlarini, hatto bu choralar muvaffaqiyatsiz bo’lgan hollarda ham qoplaydi.
53. Zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish bo’yicha xarajatlar sug’urta tovoni miqdoridan ortiq bo’lishi mumkin emas.
54. Sug’urta tovoni sud xarajatlarini, shuningdek jarimalar va boshqa shu kabi to’lovlarni qoplamaydi.
55. Sug’urta tovoni yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sug’urta pulidan oshmagan miqdorda sug’urtalovchi tomonidan bevosita jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) to’lanadi.
56. Agar sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning o’rnini sug’urtalovchining yozma roziligi bilan o’z hisobidan qoplasa, sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) yetkazilgan zararning o’rnini qoplash tartibida o’zi amalga oshirgan to’lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan keyin sug’urtalovchi sug’urta qildiruvchiga sug’urta to’lovini to’laydi. Sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning o’rnini o’z hisobidan qisman qoplasa sug’urtalovchi sug’urta tovonining tegishli qismini sug’urta qildiruvchiga (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxsga), qolgan qismini esa - jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) to’laydi.
Quyidagilar yetkazilgan zarar o’rnini qoplash tartibida sug’urta qildiruvchi to’laganligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi:
sug’urta qildiruvchilar - yuridik shaxslar uchun - bankning to’lov amalga oshirilganligi to’g’risidagi belgisi qo’yilgan to’lov topshiriqnomasi nusxasi;
sug’urta qildiruvchilar - jismoniy shaxslar uchun - jabrlanuvchining (uning merosxo’ri yoki huquqiy vorisining) sug’urta tovonini olganligi to’g’risidagi tilxati.
57. Agar sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) transport vositasidan foydalanish natijasida yetkazilgan zararning o’rnini jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) sug’urtalovchining yozma roziligisiz har qanday usulda qoplasa yoki qoplashni va’da qilsa, sug’urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxsning) bu harakatlari sug’urtalovchi uchun majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
58. Jabrlanuvchi (uning merosxo’ri) hayoti yoki sog’lig’iga yetkazilgan zararning o’rnini qoplash hisobiga boshqa manbalardan olgan to’lovlar sug’urtalovchining sug’urta tovonini to’lash bo’yicha majburiyatini kamaytirmaydi.
59. Sug’urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxs) sug’urta hodisasi sodir bo’lganda zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish choralarini ko’rganligi yoxud jabrlanuvchiga kechiktirib bo’lmaydigan yordam ko’rsatganligi sug’urtalovchining ushbu Qoidalarga muvofiq o’zi uchun belgilangan majburiyatlarni bajarishni rad etishiga asos bo’lolmaydi.
60. Agar majburiy sug’urta obyekti bir vaqtning o’zida ixtiyoriy sug’urta bo’yicha ham sug’urtalangan bo’lsa, ixtiyoriy sug’urta bo’yicha sug’urta tovoni majburiy sug’urta bo’yicha sug’urta tovonini to’lash shartlaridan qat’i nazar to’lanadi.
Majburiy va ixtiyoriy sug’urta shartnomasi bo’yicha mol-mulkka yetkazilgan zarar uchun sug’urta tovoni to’lash yuzasidan sug’urtalovchilarning majburiyatlari paydo bo’lgan taqdirda, birinchi navbatda majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urta tovoni to’lanadi, mol-mulkka yetkazilgan zararning to’lanmagan qismi ixtiyoriy sug’urta shartnomasi bo’yicha qoplanadi. Bunda majburiy va ixtiyoriy sug’urta bo’yicha to’langan sug’urta tovonining umumiy summasi jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan haqiqiy zarardan ortiq bo’lishi mumkin emas.
61. Agar sug’urta hodisasi sodir bo’lishi natijasida jabrlanuvchi halok bo’lgan yoki uning sog’lig’iga zarar yetkazilgan bo’lsa, sug’urta tovoni ushbu Qoidalarning 48 va 49-bandlari talablari inobatga olinmagan holda, shunday hodisa uchun to’lovni nazarda tutuvchi barcha turdagi sug’urta shartnomalariga muvofiq to’lanadi.
62. Agar bitta sug’urta hodisasi natijasida ikki yoki undan ortiq sug’urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxslarning) fuqarolik javobgarligi yuzaga kelgan bo’lsa, sug’urtalovchilar jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) har bir sug’urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalangan boshqa shaxsning) aybi darajasiga muvofiq sug’urta tovonini to’laydi. Sug’urta qildiruvchilardan har birining aybi darajasini aniqlash mumkin bo’lmaganda javobgarlik ular o’rtasida teng taqsimlanadi.
63. Agar sug’urta hodisasi sodir bo’lganda sug’urta tovoni to’lovlari bir nechta jabrlanuvchiga (ularning merosxo’rlariga yoki huquqiy vorislariga) to’lanishi kerak bo’lsa va ularning sug’urtalovchiga bildirilgan talablari summasi sug’urta tovoni miqdoridan ortiq bo’lsa, sug’urta tovoni har bir jabrlanuvchining barcha jabrlanuvchilar (ularning merosxo’rlari yoki huquqiy vorislari) talablarining umumiy summasidagi ulushiga mutanosib ravishda to’lanadi.
64. O’rni qoplanishi lozim bo’lgan zararning miqdori to’liq aniqlanguniga qadar sug’urtalovchi jabrlanuvchining (uning merosxo’ri yoki huquqiy vorisining) arizasiga ko’ra sug’urta to’lovining mazkur zararning amalda aniqlangan qismiga muvofiq bo’lgan qismini to’lashga haqli.
65. Jabrlanuvchi (uning merosxo’ri yoki huquqiy vorisi) bilan kelishuvga ko’ra va majburiy sug’urta shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida sug’urtalovchi shikastlangan mol-mulkning sug’urta tovoni hisobidan ta’mirlanishini va (yoki) uning qoldiqlari utilizatsiya qilinishini tashkil qilishga va haqini to’lashga haqli.
66. Sug’urta tovonini to’lash sug’urtalovchining sug’urta tovonini to’lash to’g’risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
67. Sug’urtalovchining sug’urta tovonini to’lashni rad etish to’g’risidagi yoki uni to’lash haqidagi qarori sug’urta qildiruvchiga u sug’urta tovoni to’lash to’g’risida yozma murojaat etganidan keyin o’n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi kerak va tovon to’lash rad etilganda, qarorda rad etishning asoslantirilgan sabablari ko’rsatilishi lozim.
68. Agar sug’urta tovonini to’lash ushbu Qoidalarda belgilangan muddatda amalga oshirilmagan bo’lsa, sug’urtalovchi jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) sug’urta tovoniga qo’shimcha ravishda, sug’urta tovonini to’lash to’g’risida qaror qabul qilingan kundagi bank foizining hisob stavkasidan kelib chiqqan holda pena to’laydi.
69. Agar majburiy sug’urta shartnomasi amalda bo’lgan davrda sug’urtalovchi jabrlanuvchiga (uning merosxo’riga yoki huquqiy vorisiga) sug’urta tovoni to’lasa, u holda sug’urta qildiruvchi sug’urtalovchidan sug’urta tovoni to’langanligi to’g’risidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran ikki hafta muddatda to’langan sug’urta tovoni summasiga va majburiy sug’urta shartnomasi amal qilishining qolgan muddatiga mutanosib ravishda qo’shimcha sug’urta mukofotini to’laydi. To’lanadigan qo’shimcha sug’urta mukofoti hisob-kitobi ushbu Qoidalarga 5-ilovada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
70. Sug’urtalovchi majburiy sug’urta shartnomasining amal qilishi davrida vujudga kelgan zararlarning o’rnini, agar jabrlanuvchi (uning merosxo’ri yoki huquqiy vorisi) zararlarni keltirib chiqargan sug’urta hodisasi haqida zararlarning o’rnini majburiy sug’urta shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin uch yil ichida undirish to’g’risida da’vo arizasi bergan bo’lsa, qoplaydi.
71. Jabrlanuvchining hayoti, sog’lig’i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o’rnini qoplash hisobiga To’lovlarni kafolatlash jamg’armasidan kompensatsiya to’lovi majburiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urta to’lovi quyidagilar oqibatida to’lanishi mumkin bo’lmagan hollarda amalga oshiriladi:
sug’urtalovchiga nisbatan bankrotlik tartib-taomili qo’llanilganligi;
jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsning noma’lumligi;
noqonuniy yo’l bilan transport vositasini egallagan shaxs tomonidan transport vositasidan foydalanish natijasida zarar yetkazilishi; (O’zR VM 07.06.2011 y. 163-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)
O’zR VM 07.06.2011 y. 163-son Qaroriga muvofiq to’rtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin
foydalanilayotganda zarar yetkazgan transport vositasining egasi o’z fuqarolik javobgarligini sug’urta qilish bo’yicha majburiyatini bajarmaganligi.
72. O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslar, shuningdek O’zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy kalendar yilda yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi o’n ikki oylik davr mobaynida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat O’zbekiston Respublikasida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar kompensatsiya to’lovlarini olish huquqiga ega.
73. O’zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet davlatlar fuqarolari kompensatsiya to’lovlarini olish huquqiga, agar shu chet davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq shunday huquq O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga berilgan bo’lsa, egadir.
74. Kompensatsiya to’lovlarini amalga oshirish to’g’risidagi talab jabrlanuvchining hayoti, sog’lig’i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan kundan e’tiboran uch yil mobaynida bildirilishi mumkin.
75. Sug’urtalovchiga nisbatan bankrotlik tartib-taomili qo’llanilganligi oqibatida sug’urtalovchi tomonidan sug’urta tovonini to’lash imkoni bo’lmagan taqdirda sug’urtalovchi sug’urta hodisasi sodir bo’lganligi to’g’risidagi dalolatnomani va sug’urtalovchiga nisbatan bankrotlik tartib-taomili qo’llanilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda To’lovlarni kafolatlash jamg’armasiga jabrlanuvchilarga (ularning merosxo’rlariga yoki huquqiy vorislariga) kompensatsiya to’lovlarini amalga oshirish to’g’risida yozma ravishda murojaat qiladi.
76. Foydalanilayotganda yoki noqonuniy yo’l bilan transport vositasini egallagan shaxs tomonidan transport vositasidan foydalanish natijasida zarar yetkazilganda jabrlanuvchiga zarar yetkazilgan transport vositasi egasining noma’lumligi yoki fuqarolik javobgarligi sug’urtalanmaganligi sababli sug’urta tovonini to’lash imkoni bo’lmagan taqdirda jabrlanuvchi yoki uning merosxo’rlari (agar jabrlanuvchining ahvoli mustaqil ravishda murojaat etish imkonini bermasa, qarindoshlari yoki boshqa vakillari) yoxud huquqiy vorislari quyidagi hujjatlarning aslini yoki nusxalarini ilova qilgan holda To’lovlarni kafolatlash jamg’armasiga kompensatsiya to’lovlarini amalga oshirish to’g’risida yozma ravishda murojaat qiladi: (O’zR VM 07.06.2011 y. 163-son Qarori tahriridagi xatboshi)
sug’urta polisi (agar bo’lsa);
yetkazilgan zararning o’rnini qoplash to’g’risidagi sud qarori, agar ish sud tomonidan ko’rilgan bo’lsa;
zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (yo’l-transport hodisasi to’g’risidagi xulosa yoki qaror, tibbiyot muassasalaridan olingan ma’lumotnoma yoxud hayotga yoki sog’liqqa zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, o’lim haqidagi dalolatnoma yoxud guvohnoma);
mol-mulkka zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (tijorat dalolatnomalari, yuk xatlari, asosiy vositalar daftaridan ko’chirmalar, to’lov hujjatlari, shartnomalar, mol-mulkni mustaqil baholash dalolatnomalari va boshqa shu kabilar);
jabrlanuvchining shaxsini yoki uning davlat ro’yxatidan o’tganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
meros huquqini yoki huquqiy vorislikni olganliklarini, shuningdek merosxo’rlarning shaxsini yoki huquqiy vorislarning davlat ro’yxatidan o’tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar sug’urta tovoni jabrlanuvchilarning merosxo’rlariga yoki huquqiy vorislariga to’lanishi lozim bo’lsa).
77. Kompensatsiya to’lovlari qonun hujjatlarida, shu jumladan To’lovlarni kafolatlash jamg’armasi qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
|