8
Go`zal Farg`onaning shoirlar va fozillar shahri sifatida dovrug`i olamga
yoyilgan Xo`qandi latifda kamol topgan Amiriy, Mahmur, Gulhaniy,
Nodirabegim, Jahon otin Uvaysiy, Muqimiy, Zavqiy, Xaziniy, Abdulla
Qahhor, Sobir Abdulla, Charxiy va boshqa yuzlab alloma adiblar ijodini, ilmiy-
adabiy merosini o`rganish va ularni keng targ`ib qilish ma’naviyatimizning
yanada yuksalishiga xizmat qiladi. Zokirjon Xolmuhammad o`g`li Furqat
tavalludining 150 yilligini munosib nishonlash maqsadida Farg`ona viloyati
hokimligining 2009 yil 27 oktyabrda qabul qilingan 201-sonli qarori ham
yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir.
Ulkan so`z san’atkori, o`zbek xalqining ardoqli ma’rifatparvar, vatanparvar
shoirlaridan biri sifatida shuhrat qozongan Zokirjon Xolmuhammad o`g`li
Furqatning ijodiy merosi doimo xalqimiz tomonidan e’zozlab kelingan.
Furqat hayoti va ijodini o`rganish juda erta – shoir she’rlarini to`plashdan
boshlangan edi. Zokirjon endigina 24 yoshga to`lganda, uning she’rlari qo`lyozma
she’riy to`plamlar – bayozlarga kiritila boshlanadi. Keyinchalik katta-katta
qo`lyozma va toshbosma bayozlarda shoirning o`nlab g`azallari, muxammaslari
va musaddaslari o`rin olganinini ta’kidlash lozim. 1890 yildan esa adibning o`sha
paytlarda o`zbek tilida chop etilgan yagona nashr – “Turkiston viloyatining
gazeti”da e’lon qilingan she’rlari va maqolalari Furqat nomini yanada mashhur
bo`lishiga sabab bo`ldi. Adib hayoti va ijodini o`rganishda qimmatli manba
bo`lgan “Ho`qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti, o`zi yozg`oni” esdalik-
memuarlari ham shu gazeta sahifalarida bosilgan edi. O`sha yillari shoirning
ayrim asarlari Sankt-Peterburgda chiqib turgan “Zapiski Vostochnogo otdeleniya
russkogo arxeologicheskogo obshestva” jurnalida ham e’lon qilingan va rus
sharqshunoslari diqqatini o`ziga tortgan edi.
Furqat ijodini o`rganish XX asrning 30-yillaridan boshlab kuchayganini
kuzatish mumkin. Ma’rifatparvar shoirning ayrim she’rlari o`sha paytlarda nashr
etilgan maktab darsliklari va xrestomatiyalarida uchraydi.