|
Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi pedagogika nazariyasi va tarixi
|
bet | 82/150 | Sana | 27.05.2024 | Hajmi | 5,55 Mb. | | #255011 |
Bog'liq Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi peMAVZU: 1924-1991 YILLARDA O‘ZBEKISTONDA TA'LIM TIZIMI VA PEDAGOGIK FIKRLAR RIVOJI. MUSTAQIL O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TA'LIM TIZIMI. MUSTAQILLIK YILLARIDA PEDAGOGIK FIKRLAR RIVOJI.
REJA:
Turkiston o‘lkasida ta'lim siyosati. 1924-1945 yillarda ta'lim va pedagogika fani.
1945-1991 yillarda O‘zbekistonda ta'lim tizimi va pedagogika fani rivoji.
Xalq maorifi sohasida maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalar yaratish, ta'lim-tarbiya jarayonini mustabid tuzum maqsadiga muvofiq tashkil etilishi va uning salbiy oqibatlari.
Mustaqil O‘zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun Respublikamizda ta'lim-tarbiyani tashkil etish va kadrlar tayyorlashning huquqiy asosi sifatida.
Mustaqillik yillarida pedagogik fikrlar rivojining asosiy yo‘nalishlari.
Turkiston o‘lkasida 1917-1924-yillardagi ta’lim siyosati
asrning boshlarida 1917-yildan boshlab barcha mustamlaka o‘lkalar qatorida Turkistonda mahalliy aholining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy- mafkuraviy hayotida, shuningdek, maktab va maorifi tizimida keskin o‘zgarish yuz bera boshladi. Jumladan:
17 yoshgacha bo‘lgan hamma o‘g‘il va qiz bolalarga tekin hamda majburiy umumiy va poltexnika (nazariya va amaliyotda ishlab chiqarishning muhim tarmoqlarining hammasi bilan tanishtiradigan) ta’limi berishni amalga oshirish.
Ijtimoiy tarbiyani yaxshilash va xotin-qizlarni ozod qilish maqsadida maktabgacha tarbiya muassasalari tarmoqlarini: yaslilar, bog‘chalar va shunga o‘xshashlarni vujudga keltirish.
O‘quvchilarni o‘z ona tillarida o‘qitadigan, o‘g‘il va qiz bolalarni birga tarbiyalaydigan, albatta dunyoviy bo‘lgan, ya’ni har qanday diniy ta’sirdan xalos bo‘lgan, o‘qitishni ijtimoiy foydali mehnat bilan mahkam bog‘laydigan, yangi jamiyatning har jihatdan yetuk a’zolarini tayyorlaydigan birlashgan mehnat maktabi prinsiplarini to‘la ravishda amalga oshirish.
Barcha o‘quvchilarni davlat hisobiga oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal o‘quv qurollari bilan ta’minlash .
Yangi g‘oyalar bilan qurollangan yangi maorif xodim kadrlarni.
Mehnatkash aholini maorif ishiga faol qatnashuviga jalb qilish.
Ishchi va dehqonlarning o‘z-o‘zidan o‘rganish va o‘z-o‘zidan o‘qib bilim olishlariga davlat tomonidan har taraflama yordam berish (maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tarmoqlarini: kutubxonalar, kattalar uchun maktablar, xalq uylari va universitetlar, kurslar, ma’ruzalar, kinematografiyalar, studiyalar va shunga o‘xshashlarni vujudga keltirish).
17 yoshdan yuqori kishilar uchun umumiy politexnik bilimlar bilan birga professional bilimlar berishni keng miqyosda rivojlantirish kabi masalalar maktab va maorif ishlarini taraqqiy ettirishning asosiy omili deb ko‘rsatildi.
Milliy pedagog kadrlar tayyorlash. Milliy darsliklar nashr qilish, o‘z yozuvi bo‘lmagan xalqlar uchun esa, ularning tillarida alifbe tuzish yuzasidan katta ishlar boshlanib ketdi. O‘zbekiston hududida pedagog kadrlar masalasi juda qiyin ahvolda edi, faqat 704 o‘qituvchi va bittagina pedagogika o‘quv yurti - Toshkent shahrida o‘qituvchilar seminariyasi bor edi. Talab qilingan juda ko‘p o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash uchun dastlab Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarda qisqa muddatli kurslar ochildi. 1918 - 1919-yillardan boshlab pedagogika bilim yurtlari ochildi. 1920 - 1921-yilda esa yuqori tipdagi o‘quv yurtlari: O‘zbek erlar dorulmuallimini. O‘zbek xotin-qizlari va boshqa mahalliy millatlar uchun dorulmualliminlar ochidi. 1920-yida Toshkentda K.A. Temiryazev nomida oliy pedagogika o‘quv yurti, Xalq maorifi instituti ochildi.
Dastlab, universitet tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-matematika, tarix- filologiya, qishloq xo‘jaligi va texnika fakultetlari mavjud edi. 1919-yil fevraldan universitet tarkibida yangi fakultet - ishchi fakulteti ham o‘z faoliyatini boshladi. Bu universitet 1920-yil 7-sentabrdan boshlab Turkiston davlat universiteti deb atala boshlandi. Bu paytga kelib unda ta’lim oluvchilarning 60%ini mahalliy yoshlar tashkil etdi.
Universitet nafaqat O‘zbekiston, shu bilan birga O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublikalari uchun ham xodimlar tayyorlar edi. Shuning uchun ham Turkiston MIQning 1923-yil 19-iyuldagi qaroriga muvofiq, Turkiston davlat universiteti nomi O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ga o‘zgartirildi. Unda Fitrat ona tilidan, Kamol Shams arifmetika va geometriyadan, Haydar Shavqiy gigiyena, gimnastika va nemis tilidan, Rahimboyev arifmetikadan, Abdurahmon Ismoilzoda san’atdan, Rizayev madaniyat tarixi siyosiy iqtisoddan, Munavvar Qori ona tilidan dars berishadi.
1917 - 1924-yillar davomida har yili 129 tak maktab yangidan ochilib, ularga 10700 dan o‘quvchi jalb qilindi.
O‘zbekiston hudidida umumiy ta’lim maktablarining soni 1914 - 1915 o‘quv yilida 160 bo‘lsa, 1924-yilda 907 ga yetdi, ya’ni 5,7 marta ko‘paydi, ularda o‘quvchilar soni ham shu tariqa o‘sdi. 17,299 dan 75,543 gacha yetdi yoki 4,4 marta ko‘paydi. O‘sha vaqtlarda o‘rta maktablar ham 2 marta. O‘quvchilar soni esa 2,5 marta ko‘paydi.
Bu davrda milliy demokratiya vakillari, mashhur ma’rifatparvar ziyolilar tomonidan yangi usuldagi maktablarning keng ko‘lamdagi tarmog‘ini yaratish, maktab-maorif borasida zudlik bilan islohotlarni amalga oshirish yuzasidan bir qancha takliflar ishlab chiqildi. Sobiq sho‘rolar hokimiyatni o‘z qo‘llariga olganlaridan keyin 1917-yil 11-dekabrda «Ta’lim va tarbiyani cherkov qaramog‘idan maorif xalq komissarliklari ixtiyoriga berish to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Oldin diniy idoralar qaramog‘ida bo‘lgan barcha o‘quv yurtlari dunyoviy maktablarga aylantirildi va Xalq maorifi qaramog‘iga o‘tkazildi. Maktablar mutlaqo dunyoviy bo‘ldi. Maorif xalq komissarligining 1918-yil 31-maydagi qarori bilan maktablarda o‘g‘il bolalar bilan qiz bolalar birgalikda o‘qitila boshladi.
Din, xususan, «Qur’oni karim»ni o‘rganish umuman taqiqlandi. Adabiyot darslarida esa ko‘proq rus millatiga mansub yozuvchilarning asarlarini o‘rganishga alohida e’tibor berildi. Lekin shunga qaramay, milliy ziyolilar faoliyati keng tus oldi, jumladan, jadidlardan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy kabi bir qator ziyolilar madaniyat va maorif sohalarida samarali ijod bilan shug‘ullandilar.
Har qanday ijtimoiy tuzum maktab-maorif, ilm-fan va shu kabi muhim soha vazifalarini hal etmasdan istiqbol sari ko‘z tikolmasligi ayondir. Shu bois sho‘rolar hokimiyati mutasaddilari ham bu masalalarga ahamiyat berar ekanlar, avvalo, ularni o‘z sinfiy manfaatlaridan kelib chiqib, hal etishga intildilar. Ayniqsa, yangi tuzum xalq ta’limi tizimini o‘z maqsad va g‘oyalari ruhida shakllantirishga alohida urg‘u berdilar.
Ushbu davrda maktablarning moddiy-texnik bazasi talab darajasida emas edi. Ularda o‘quv qurollari, dasturlar, qo‘llanmalar va darsliklar hamda yetuk bilimli o‘qituvchi mutaxassislar yetishmasdi. Buxoro respublikasida 1921-yilda jami 175 ta yangi maktab bo‘lib, ularda 11ming o‘quvchi tahsil olar edi. Xorazm respublikasidagi 40ta umumta’lim maktablari va internatlarda 2600 ta bola tahsil oldi.
Hatto poytaxt Toshkentning Eski shahar qismida maktab yoshidagi 40 ming boladan faqat 10 ming nafari, ya’ni 25%i o‘qirdi, xolos.
1920-yil 17-sentabrda Turkiston o‘lkasi hukumati o‘lkadagi 8 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarni o‘qitish savodxon qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yuqoridagi qarorga binoan o‘lkaning barcha hududlarida minglab savodsizlikni tugatish kurslari faoliyat ko‘rsata boshladi.
1917-yil 9-14-may kunlari Toshkentda o‘qituvchilarning I-o‘lka qurultoyi bo‘lib o‘tdi va bu qurultoyda «Turkiston o‘qituvchilar ittifoqi» ta’sis etildi.
Ta’lim tizimidagi ba’zi kamchilik va nuqsonlar natijasida 1922-yilga kelib, Turkistonda bolalarning 25 foizigina maktablarga jalb qilingan edi. Buxoro respublikasida 1921-yilda jami 175 ta yangi maktab bo‘lib, ularda 11ming o‘quvchi tahsil olar edi.
1924-1945-yillarda ta’lim va pedagogika fani
O‘zbekiston hududida 1924-yildan boshlab ijtimoiy-madaniy soha qurilishining eng muhim vazifalaridan hisoblangan ta’lim tizimini shakllantirish ishlari boshlab yuborildi. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘lkada xalq ta’limi bo‘g‘inlarini ravnaq toptirish, yoppasiga xalq savodxonligiga erishish emas, balki eng avvalo, mahalliy aholi ongiga, shuuriga kommunistik g‘oyalar va ideallarni chuqur singdirilgan avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish edi.
Bu davrga kelib, bolalar hamda o‘smirlarga umumiy ta’lim berishni tezlashtirish, shuningdek, kattalar o‘rtasida savodsizlikni butunlay tugatish harakati boshlab yuborildi. O‘sha davr statistik ma’lumotlariga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi tashkil topgan dastlabki davrda jami 1500 ta maktab bo‘lib, ularda 116 ming o‘quvchi tahsil olar edi. Ularning 160 tasi sho‘ro tipidagi maktablar bo‘lib, dastlab ularda 17209 nafar o‘quvchi ta’lim olgan bo‘lsa, 1941-yilga kelib ularning bunday maktablar soni 5504 taga va ularda o‘qiyotgan bolalar soni esa 1 mln. 315 ming nafarga yetadi.
Qishloqlarda 1923/1924-o‘quv yilidan boshlab 1-bosqich maktablari orasida o‘qish muddati uch yil bo‘lgan dehqon yoshlari maktabi (DYOM) paydo bo‘la boshladi. Bunday maktablarning asosiy maqsadi qishloq yoshlari orasida savodxonlik darajasini oshirish va ulardan yaxshi jamoatchilar tayyorlash edi. Dehqon yoshlari maktabining o‘quv rajalariga yetti yillik maktablardagi umumiy ma’lumot fanlaridan tashqari agronomiya bilimlari ham kiritilgan. Ular qishloqdagi asosiy umumiy ma’lumot maktablari qatorida 1934-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi.
30-yillarga kelib, umumiy yetti yillik ta’lim joriy etilib, hayotga tatbiq etildi. Bundan tashqari, respublikada o‘qituvchi mutaxassislar tayyorlovchi ko‘plab o‘rta maxsus pedagogika bilim yurtlari va pedagogika institutlari tashkil qilindi. Yuqorida keltirib o‘tilgan islohotlar xalq ta’limi tizimi faoliyatini nisbatan yaxshilanishiga turtki bo‘ldi. 1930-yil 14-avgustda «Umumiy majburiy boshlang‘ich ta’lim haqida» qaror qabul qilindi. Bu qarorga binoan 8,9 va 10 yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalarni boshlang‘ich maktabning kamida to‘rt yillik kursi hajmida umumiy majburiy o‘qitish joriy qilindi.
Umumiy majburiy boshlang‘ich ta’limning joriy etilish sur’ati pedagogika texnikumlarini bitirgan o‘qituvchilarning yetishtirish sur’atidan ancha yuqori bo‘lganligi tufayli 1931-yil va undan keyingi yillarda boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari tayyorlash uchun bir necha minglab qisqa muddatli kurslar ochildi. Xususan, O‘zbekistonda qisqa muddatli kurslar 1932-yildan 1940-yilgacha 20,7 ming o‘qituvchi tayyorlab berdi. Agar statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, 1928/1929-o‘quv yilida respublikadagi o‘qituvchilar soni 5,5 ming kishini tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1932/1933-o‘quv yilida 19 ming kishiga, 1941-yilda esa 42 ming kishiga yetdi. Garchi bu raqamlar xalq ta’limi tizimida erishilgan muayyan ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatsa-da, lekin bu sohada xuddi shu davrlarda ko‘plab jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Masalan, maktablar soni ko‘payib borayotgan bo‘lsa ham, ularning moddiy-texnik bazasi mutlaqo zamon talabiga javob bermas edi. Ko‘pgina maktablarda o‘qituvchilarning bilim va saviyasi yetarli bo‘lmaganligi sababli o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi past edi. Shuningdek, maktab yoshiga yetgan bolalarning bir qismi jalb qilinmay qolib ketdi. Bolalar va o‘smirlar orasida o‘qishni tashlab ketish holatlari ortib bordi.
Sho‘ro hukumati ta’lim tizimi, shu jumladan, yangi avlod tarbiyasini butunlay o‘z manfaatlariga bo‘ysundirish uchun arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvini ham tubdan isloh qilishga kirishdi. Shu maqsadda 1929-yil 7- avgustda qabul qilingan qaroriga asosan, arab imlosi asosidagi o‘zbek yozuvi tugatilib, undan lotin grafikasiga o‘tildi. 1940-yilning may oyida O‘zbekistonda «O‘zbek yozuvini lotinlashtirilgan alfavitidan rus grafikasi asosidagi yangi o‘zbek alfavitiga ko‘chirish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. O‘zbek yozuvini o‘zgartirish borasidagi bunday xatti-harakatlar respublika xalq ta’limining keyingi rivoji va istiqboli uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqardi. Agar, 1920-yillarda respublikada ta’lim jarayoni nisbatan milliy ziyoli olimlar yetuk pedagog mutaxassislar tomonidan tayyorlangan o‘quv darsliklar, o‘quv qurollari asosida tashkil etilgan bo‘lsa, 1930-yillardan boshlab ahvol keskin o‘zgardi, ya’ni bu soha boshqaruvi to‘liq holda Markaz mutasaddilari qo‘liga o‘tdi. Endilikda milliy respublikalardagi, shu jumladan, O‘zbekistondagi ta’lim jarayoni bevosita Markazdan tayyorlab yuboriladigan o‘quv dasturlar, darsliklar qo‘llanmalar asosida olib borila boshladi. Har qanday tuzumda bo‘lgani singari sho‘ro hokimiyati ham yangi tuzum g‘oyalari ruhida tarbiyalangan unga sadoqat bilan xizmat qiladigan, yuqori malakali, o‘qimishli, ziyoli mutaxassislarga ehtiyoj sezdi.
Bu davrda yuqori malakali pedagogik mutaxassislarga talab muttasil ortib borganligidan Buxoro, Samarqand, Toshkent, Nukus, Xiva, Urganch, Farg‘ona va Namangan singari shaharlarda pedagogika va o‘qituvchilar tayyorlash institutlari tashkil etildi. Buning natijasida 1932-yilga kelib, respublikadagi jami oliy o‘quv yurtlari soni 31 taga yetdi. Ularda ta’lim olayotgan talabalar soni esa 12,2 ming nafarni tashkil etdi. 1943-yili O‘zbekistonda 154 ta bolalar uyi mavjud bo‘lib, 1945-yilda ular soni 242 taga, tarbiyalanuvchilar soni esa 31.500ga yetdi.
Hukumatning maxsus ko‘rsatmasiga asosan 1943-yildan boshlab ba’zi maktablarda o‘quv ishlab chiqarish ustaxonalari ochila boshladi.
O‘zbekistonning sho‘ro hokimiyati organlari, hukumat ko‘rsatmasiga binoan, 1943-yilning 1-yanvaridan 8-10-sinf o‘quvchilari hamda katta yoshdagi o‘zbek o‘quvchilarini o‘qish haqi to‘lashdan ozod qildi.
Moskva, Leningrad, Kiyev, Harkov, Varonej, Odessa va boshqa shaharlardan 1941-1943-yillarda ko‘chirib keltirilgan 35 ta oliy o‘quv yurti va 7 ta akademiya qabul qilib olindi, ularning ba’zilari o‘zaro yoki O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan birlashtirildi. O‘z professor-o‘qituvchilari bilan ko‘chirib keltirilgan oliy ta’limning yanada rivojlanishiga ijobiy ta’sir etdi. Moskvalik va leningradlik olimlar talabalarga yangi kurslar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidilar, mahalliy millat vakillaridan ilmiy-pedagogik mutaxassislar tayyorlashga ko‘maklashadigan, yangi mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston hukumati oliy o‘quv yurtlaridagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilar bilan ta’minlash masalalarida ko‘maklashdi. Ayniqsa, ko‘chib kelgan tajribali pedagoglar, olimlar 1943-1944-yillarda o‘z shaharlariga qayta boshlagan, urushning dastlabki davrida vaqtincha yopilgan yoki birlashtirilgan institutlar qayta tiklanayotgan, yangidan Chimboy va Urganch pedagogika institutlari, Toshkent teatr san’ati instituti ochilgan, ilmiy-pedagogik kadrlarga muhtojlik ortgan bir paytda respublika hukumatining oliy o‘quv yurtlariga bergan ko‘magi yuqori darajada bo‘ldi. Jumladan, yirik oliy o‘quv yurlarida doktorantura va aspiranturaga qabul kengaytirildi. Respublika miqyosida ishlab turgan rahbar xodimlar oliy o‘quv yurtlariga ishga yuborildi.
Urush davrida respublikaning boshqa sohalari qatori xalq maorifi ham jiddiy qiyinchiliklarga uchradi. Maktab binolarining anchagina qismi gospitallarga, evakuatsiya qilingan harbiy qismlarga, bolalar uylariga va harbiy-o‘quv punktlariga berildi. Buning oqibatida maktablar birlashtirildi, shaharlardagi maktablarda uch smenali o‘qish joriy etildi. Darslar 40 daqiqaga qisqartirildi. Ashula va rasm darslari umuman o‘tilmay qo‘yildi.
Urushgacha respublika maktablarida ishlayotgan jami o‘qituvchilarning 74,6 %ni erkaklar tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan ular frontga, ishlab chiqarish ishlariga ketdi. Respublika bo‘yicha birgina 1940-1941 o‘quv yilining o‘zida 36267 o‘qituvchidan 30616 kishi qoldi. Buning ustiga darsliklar, uskunalar, daftarlar yetishmasdi. Qisqa muddatli kurslar tashkil etilib, boshlang‘ich sinflar uchun o‘qituvchilar tayyorlandi. 1944-yilda o‘qituvchilar armiya safidan maktabga qaytarildi. Shunga qaramay, o‘qituvchilar yetishmasligi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolayotgandi. 1945-yilning avgust oyida sobiq SSSR Xalq Komissarligi Soveti «O‘qituvchilar tayyorlash ishlarini yaxshilash to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Bu qarorga asosan, yetishmayotgan o‘qituvchilarni hatto to‘liq o‘rta ma’lumot olmagan kishilardan ham qisqa muddatli kurslarda tayyorlash orqali o‘rnini qoplash shu vaqtdan boshlab to‘xtatildi.
Urush yillarida maktablarning o‘quv dasturlari sharoitga moslashtirildi. Unga ko‘ra, harbiy-fizika darslari soati ko‘paydi, harbiy o‘qish 1-sinfdan boshlab o‘tila boshlandi, harbiy ta’lim nafaqat o‘g‘il bolalarga, balki qiz bolalarga ham o‘rgatila boshlandi.
Urush davrida maktablar tarmog‘i birmuncha qisqargan, o‘quvchilar soni ham shunga yarasha qisqargan edi. Masalan, 1940/1941-o‘quv yilida 5504 ta umumta’lim maktablarida 1368,9 ming o‘quvchi o‘qigan bo‘lsa, 1945/1946-o‘quv yilida 4976 ta umumta’lim maktablarida 989,2 ming bola ta’lim oldi. Ko‘pchilik o‘quvchilar turli sinflardan o‘qishni tashlab, frontga, front uchun qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi zavod va fabrikalarga ishga ketib qolishdi. Lekin barcha qiyinchiliklarga qaramay, bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash maqsadida o‘quvchilar bilimini baholashning besh balli tartibi, boshlang‘ich va yetti yillik maktablarni tamomlovchilar uchun bitiruv imtihonlari, o‘rta maktabni tamomlovchilar uchun yetuklik attestati — guvohnomasi uchun imtihonlar topshirish majburiyati, maktab o‘quv dasturlarini a’lo o‘zlashtirgan namunali hulqqa ega o‘quvchilarni oltin va kumush medallar bilan taqdirlash joriy etildi. Bu chora-tadbirlar dars mashg‘ulotlari saviyasini ko‘tarliishga, o‘quvchilar intizomini yaxshilanishga olib keldi. Kundalik o‘qish foydali mehnat bilan qo‘shib olib borildi. Jumladan, o‘qishdan tashqari vaqtlarda o‘quvchilar gospitallarga otaliq yordami berdilar, frontdagilarning oilalariga ko‘maklashdilar, temir-tersak to‘plab topshirdilar, qishloq xo‘jalik ishlarida qatnashdilar.
O‘zbekistonning bu davrdagi ta’lim tizimida o‘rta maxsus ta’lim o‘quv yurtlari faoliyati ham alohida o‘rin egallaydi. Buning asosiy sababi shuki, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti ko‘p jihatdan maxsus bilim, tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lgan kadrlarga bog‘liq edi. Shu boisdan ham o‘lkada hunar-texnika ta’limi maktablari, texnikumlar, maxsus bilim yurtlarini tashkil qilish va faoliyatini olib borishga e’tibor berildi.
O‘zbekistonda pedagogika faniga barkamol shaxs ma’naviy atini shakllantirishning asosiy vositasi sifatida yondashiladi. 1929-yil 17-yanvarda Samarqandda pedagogika nazariyasi va tarixi, ta’lim nazariyasi va metodikasi, xususiy metodika sohasida ilmiy pedagogik tadqiqotlar olib boradigan muassasa Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston davlat ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi.
yili O‘zbekiston Madaniy qurilish intitutiga, 1934-yildan O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi. 1939-1941-yillarda O‘zbekiston Maktablar ilmiy tadqiqot instituti, 1941-1946-yillarda Respublika Maorif xalq komissarligining metodik boshqarmasi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Institutning Qoraqalpog‘iston filiali 1967-yilda tashkil etilgan. Institutning tarkibida aspirantura 1960-yildan mavjud bo‘lib, u orqali mamlakatimiz uchun ilmiy pedagog kadrlar tayyorlangan.
1945-1991-yillarda O‘zbekistonda ta’lim tizimi va pedagogika fani
Urushdan keyingi yillarda maktab qurilishi, bolalarni maktabga jalb qilish ishlari anchagina ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, 1943-yili ochila boshlangan ishchi va dehqon yoshlar maktablari (kechki va smenali) tarmog‘i birmuncha kengaytirildi. Boshlang‘ich maktablarda to‘rt yillik boshlang‘ich ta’limdan uch yillik boshlang‘ich ta’limga o‘tish amalga oshirildi. O‘qituvchilarning bilimiga, ularning pedagogik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar ortib borgan sari ularning moddiy ahvolini yaxshilashga ham katta e’tibor berila boshlandi. 1951-1955- yillarga mo‘ljallangan beshinchi besh yillik rejada politexnika ta’limiga katta o‘rin berildi. Shu munosabat bilan ittifoqdosh respublikalarning ta’lim vazirliklari o‘quv rejalari va dasturlarini qayta tuzib, politexnika ta’limini oshirish to‘g‘risida maktablarga ko‘rsatmalar berdilar.
1956-yil sentabridan boshlab maktabning yangi turi — internat maktab vujudga keltirildi. Chunki urush natijasida ota-onasini yo‘qotgan bolalar, o‘z bolalarini mustaqil tarbiyalashi qiyin bo‘lgan beva ayollar ko‘payib ketgan edi. Bunday maktablarga bolalar faqat ota-onalarning yoki ota-ona o‘rnida bolani tarbiya qilayotgan kishilarning istagi bilangina qabul qilingan. Ota-onalari bo‘lmagan bolalar, shuningdek, ayrim hollarda, mehnatkashlar deputatlari shahar va tuman Sho‘rolari Ijroiya qo‘mitalarining qarori bilan ko‘p bolali, ta’minoti yaxshi bo‘lmagan oilalarning bolalari internat-maktablarda to‘liq ravishda davlat ta’minotiga o‘tkazildi.
1958-yil dekabrida «Xalq maorifi tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida» qonun qabul qildi. Qonunda o‘qitishni turmush bilan bog‘lab olib borish, yoshlarni aqliy, ma’naviy, jismoniy jihatdan yetuk qilib shakllantirish, ularga umumiy politexnik bilim berish vazifalari qo‘yildi. 1959-yilda 10 yillik o‘rta maktablar 11 yillik maktablarga aylantirildi. Maktablar uchun yangi o‘quv rejalari, dasturlari va darsliklar yaratildi. Maktablarda ustaxonalar qurildi, maktab tajriba uchastkalari vujudga keldi. Fizika va matematika fanlarini o‘rganish uchun ajratilgan soatlar ko‘paytirildi. O‘quvchilarga mashinasozlik, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tish yo‘lga qo‘yildi. 1962-yildayoq to‘liqsiz umumiy majburiy sakkiz yillik ta’limga o‘tish amalga oshdi. Barcha yetti yillik maktablar sakkiz yillik maktablarga aylantirildi. Sakkiz yillik maktabni tamomlagan o‘quvchilar quyidagi o‘quv yurtlarida o‘qishlari mumkin edi: 1) to‘liq umumiy ta’lim o‘rta maktablarida (IX-X sinflarda); 2) o‘qish muddati uch-to‘rt yillik bo‘lgan texnikumlarda; 3) hunar-texnika bilim yurtlari; 4) ishchi va qishloq yoshlari maktablarida.
1959/1975-yillari respublikada internat-maktablar, maxsus maktablar va kuni uzaytirilgan guruhlar tarmog‘i rivojlandi; jismonan nuqsonli bolalar uchun maxsus maktablar tashkil qilindi; pedagog xodimlar tayyorlash va ular malakasini oshirish tarmog‘i kengaytirildi.
Sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida ish bilan band bo‘lgan yoshlarga ta’lim berish maqsadida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qish imkoniyatini beruvchi kechki va sirtqi maktablar tashkil etildi. 1958—1965-yillarda 1000 ga yaqin shunday maktablar ochildi, ularda o‘qiyotgan yoshlar 1965-yilda 134,5 ming kishini tashkil etdi.
O‘zbekiston hukumatining «Respublika umumta’lim maktablari ishini yanada yaxshilash choralari to‘g‘risida» (1966) va «Respublika umumiy o‘rta ta’limga o‘tish munosabati bilan xalq maorifini yanada yaxshilash choralari to‘g‘risida» (1969) qarorlari qabul qilindi. Bu qarorlarga asosan respublikada yoshlar uchun umumiy o‘rta ta’limga o‘tish, yangi maktab binolari, o‘quv kabinetlari, laboratoriyalar, ustaxonalar barpo etishga yo‘naltirilgan kapital qurilish ishlari bajarildi. Maktab-internatlar, o‘quvchilarning badiiy iste’dodlarini rivojlantiruvchi maktablar ko‘paydi. Jumladan, Glier nomidagi o‘rta maktab- internat, milliy musiqa va milliy amaliy san’at maktab-internatlari, sport maktab- internati va boshqa o‘nlab musiqa maktablari ochildi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 1970-yilda ishlab chiqilgan nizomga muvofiq mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda alohida boshlang‘ich (1-3- sinflar), 8 yillik (1-8-sinflar) va o‘rta (1-10-sinflar) maktablariga aylantirildi. Ishlab chiqarish ta’limi berish maqsadida maktablararo o‘quv ishlab chiqarish kombinatlari tuzildi. Shahar va tumanlarda kasb-hunar bilim yurtlari tashkil etildi. Ko‘pchilik maktablarda yoshlarni o‘quv mashg‘ulotlaridan keyin maktabda olib qolish, ularga ta’lim-tarbiya berish ishlari yo‘lga qo‘yildi, ya’ni kuni uzaytirilgan maktablar tashkil topdi. Alohida fanlarni chuqur o‘rgatuvchi maktablar, shuningdek, aqliy va jismoniy jihatdan zaif bolalar maktablari vujudga keldi. 70-yillarning o‘rtalarida umumiy o‘rta ta’limga o‘tish yakunlandi. 1965- 1985-o‘quv yillari orasida o‘tgan 20 yil davomida barcha turdagi umumta’lim maktablari 8716 tadan 9188 taga ko‘paydi, o‘quvchilar soni esa 3055,8 ming boladan 6519,6 ming bolaga ko‘paydi. 1965-1985-yillarda respublika maktablarida o‘rta ma’lumot olganlar soni 5,7 million kishidan oshdi.
O‘rta maktabni tamomlaganlarning maxsus kasbiy tayyorgarligini oshirish maqsadida texnikumlar soni ko‘paytirildi, texnikumlar qoshida o‘rta ma’lumotli kishilarni qabul qiladigan bo‘limlar ochildi. Bu bo‘limlarda o‘qish muddati 2-3 yil qilib belgilandi.
Urushdan keyingi yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim ancha o‘sdi. 50- yillarda 3 ta oliy o‘quv yurti — Andijon meditsina instituti, Toshkentda elektrotexnik aloqa, Fizkultura institutlari, 60-yillarda yana 8 ta yangi oliy o‘quv yurti — Andijon paxtachilik instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Samarqand arxitektura-qurilish instituti, Termiz, Sirdaryo, Toshkent viloyat pedagogika institutlari, Andijon tillar pedagogika instituti, Toshkent rus tili va adabiyoti pedagogika instituti tashkil etildi. 70-yillarda yana 5 ta oliy o‘quv yurti — Nukus davlat universiteti, Toshkent avtomobil yo‘llari instituti, Pediatriya instituti ochildi. Shuningdek, yangi fakultetlar, viloyatlarda yirik oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochildi. Yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
1960-yilda 30 ta oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlangan bo‘lsa, 1985-yilda ularning soni 42 tani tashkil etdi. 1961-1985-yillardan respublika oliy o‘quv yurtlari 828 mingga yaqin muhandislar, iqtisodchilar, agronomlar, huquqshunoslar, o‘qituvchilar, madaniyat va san’at xodimlari yetishtirib berdi. Shuningdek, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari tarmog‘i ham kengaydi. 1960-yilda 75 ta o‘rta maxsus o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1965-yilda ularning soni 249 taga yetdi. 1961—1985-yillarda 1 mln. 135 mingga yaqin o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlandi. Mutaxassis kadrlarni tayyorlashda jiddiy kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Mutaxassislar tayyorlash sifatini ko‘tarish sohasidagi sa’y-harakatlar kutilgan natijani bermadi. Buning sabablari esa quyidagicha edi:
o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi talabalarning o‘sish darajasidan ancha past darajada bo‘ldi, zamonaviy texnika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmadi;
Respublika partiya va sho‘ro organlari tomonidan oliy o‘quv yurtlari uchun har bir viloyatdan talabalar qabul qilish rejasi belgilangan bo‘lib, bu rejani qanday qilib bo‘lsa ham bajarish majburiy edi. Bu o‘z navbatida bilim saviyasi nihoyatda past bo‘lgan yoshlarning ham oliy o‘quv yurtlaridan o‘rin olishiga olib keldi;
oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida fan-texnika taraqqiyoti ta’sirida o‘quv rejalari va dasturlari 60-70-yillarda uch marta o‘zgardi, har safar o‘qitiladigan fanlar yangilari hisobiga ko‘payib, o‘quv materiallari hajmi oshib bordi, talabalarning mustaqil o‘qib o‘rganishlari uchun vaqt tobora kamayib bordi;
xalq xo‘jaligining mutaxassislarga bo‘lgan talabi yaxshi o‘rganilmadi, natijada kadrlar tayyorlashni rejalashtirishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yildi, ba’zi sohalarda keragidan ortiqcha mutaxassislar tayyorlandi, boshqa sohalarda, ayniqsa, texnika taraqqiyotining hal qiluvchi tarmoqlarida kadrlar yetishmovchiligiga yo‘l qo‘yildi;
—o‘quv yurtlari faoliyatida tanish-bilishlik, oshna-og‘aynigarchilik kabi salbiy holatlarning tarqalishi ham kadrlar tayyorlash sifatini pasaytirdi, son ketidan quvish ustunlik qildi. Bunday vaziyatda yosh mutaxassislarning ma’lum qismi olgan bilimlarini turmush bilan bog‘lay olmadilar, g‘oyaviy-professional va axloqiy jihatdan yetuklik va qat’iylik ko‘rsata olmay, ko‘zbo‘yamachilik, qo‘shib yozish yo‘liga kirib qoldilar. Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida keng tarqalgan salbiy holatlarning ildizi mutaxassislar tayyorlashdagi nuqsonlarga borib taqaladi.
Umuman, xulosa qilib aytganda, urushdan keyingi va tinch qurilish davridan mustaqillik davrigacha O‘zbekiston maorifi, fan va madaniyati rus hamda Yevropa madaniyati ta’sirida rivojlandi, ammo bu - o‘zbek xalqining milliyligidan, asrlardan beri meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlaridan muayyan darajada ajralgan holda rivojlanish edi.
O‘zbek pedagogika fani rivojida T.N. Qori-Niyoziy, S.Rajabov, O.Muhammadjonov, M.Ochilov, O.Roziqov, K.Zaripov, D.Shodiyev, A.Zunnunov, O.Hasanboyeva, J.Hasanboyev, S.Temirova, S.Mamajonova, K.Hoshimov, J.Yo‘ldoshev, Y.Abdullayev, N.Shodiyev, M.Quronov, L.Mo‘minova, B.Qodirov singari olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari katta ahamiyatga ega. Bulardan pedagogika fanlari doktori, akademik Siddiq Rajabovni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. U ilmiy-pedagogik faoliyati davomida bir necha yo‘nalishlarda: pedagogika fanining metodologik muammolari; axloq-odob va tarbiya; oliy ta’lim didaktikasi; pedagogika tarixini o‘rganish; barkamol shaxsni tarbiyalashda xalqimizning tarixiy an’analari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. S.Rajabov «Pedagogika fani taraqqiyotining ba’zi masalalari», «Xalq maorifi va pedagogika fani buyuk allomalari», «Inson omili va yangicha fikrlash» kabi risola, 300 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqolalar muallifidir. 1941-yilda «XIX asr va XX asr boshlarida Buxoroda maktab va maorif taraqqiyoti ocherklari» risolasi bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi bo‘lib pedagogikadan nomzodlik, 1961-yili esa «O‘zbekistonda maktablarning tashkil topishi va taraqqiy etishi (1917-1941- yillar)» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu davrda olim pedagogika fanini chin qalbdan sevgan mutaxassislarni, ko‘pgina iqtidorli yoshlarni o‘z atrofiga chorladi. Yosh olimlarga hamisha yordam berib keldi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ularning hayotiy e’tiqodi va turmushining mazmuniga aylanib ketdi. Shu bois 10 dan ortiq fan doktorlari, 200 ga yaqin fan nomzodlari bevosita Siddiq Rajabovning ilmiy maslahatchiligi va rahbarligi asosida dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. 1964-yilda S.Rajabovning ilmiy pedagogik faoliyati yuksak baholandi, unga «Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvoni berildi.
Malla Ochilov - O‘zbekiston Respublikasi va hamdo‘stlik mamlakatlari pedagogik jamoatchiligi orasida taniqli pedagog-olim, pedagogika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. U pedagogika fanida o‘qituvchi muammosi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, bo‘lajak o‘qituvchilarni professional axloqiy tarbiyalash bo‘yicha fundamental ilmiy-pedagogik tadqiqotlarni bajargan nazariyachi va amaliyotchi pedagogdir.
Uning «O‘qituvchi odobi», «Studentlarning axloqiy tarbiya jarayoni», «Studentlarning ilmiy tadqiqot ishlari», «Yangi pedagogik texnologiyalar», «Muallim-qalb me’mori», «Oliy maktab pedagogikasi» kabi asarlari pedagogic jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan. Iqtidorli olim mashhur pedagog Yan Amos Komenskiyning «Buyuk didaktika» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Bu asar jahon xalqlari pedagogikasiga ulkan ta’sir o‘tkazgan durdonalardan biri sanaladi. Bu esa tarjimon-pedagog salohiyati yuksakligidan dalolat beradi.
|
| |