18-rasm. Odam katta yarim sharlari po’stlog’idagi ayrim seziuvchi va harakat qismlarining joylanishi (chizma).
Barcha qatlamlardagi nerv hujayralari orasida, ularning faoliyat jarayonlarida doimiy bog’lanishlar bilan birga, vaqtinchalik bog’lanishlar yuzaga keladi.
Hujayralarning tuzilishi va tarkibiy xususiyatlari bo’yicha katta yarim sharlar qator qismlarga bo’linadi va ularni po’stloqning maydonlari deb yuritiladi.
Bosh miya yarim sharlarining oq moddasi. Katta yarim sharlarning oq moddasi qadoqli tanalar ustida po’stloq ostida joylashgan. Oq modda tarkibida assosiativ, komisural va proyeksion tolalar farqlanadi.
Assosiativ tolalar bitta yarim sharning o’zidagi turli qismlarni o’zaro bog’laydi. Ayrim chigalliklarni va bir-biriga yaqin maydonlarni kalta assosiativ tolalar bog’laydi. Uzun tolalar esa bitta yarim shardagi turli bo’laklarning chigallarini bog’laydi.
Komissural tolalar – har ikkala yarim sharning o’xshash qismlarini bog’laydi. Ularning katta qismi qadoqli tanalar orqali o’tadi.
Proyeksion tolalar – yarim shar chegarasidan chiqadi. Ular yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi yo’llar tarkibiga kiradi, va ular bo’ylab po’stloqning markaziy asab tizimining quyi bo’limlari bilan bog’lanishini ta’min etadi.
Funksiyalarning kortikallanishi haqida tushuncha.Uzoq vaqtlar davomida katta yarim sharlarning organizmga ta’siri, ularni eksterpasiya qilish, ya’ni bosh miya yarim sharlarini yoki po’stloqni jarrohlik yo’li bilan olib tashlash tajribalarida o’rganilgan. Bu tajribalar shuni ko’rsatdiki, hayvon organizmi qanchalik murakkab tuzilgan bo’lsa, ushbu operatsiyani shunchalik og’ir kechirdi. Yarim sharlari olib tashlangan qushlar mustaqil ravishda o’cha oladi, tovush va yorug’likga reaksiya qiladi, lekin ovqat topib yeya olmaydi.
Bu operatsiyalarni sut emizuvchilar juda og’ir kechiradi. Katta yarim sharlari po’stlog’i olib tashlangan itlar mustaqil harakatlanadi, lekin harakatlarida aniqlik yo’qoladi, to’siqlardan o’taolmaydi, egasini tanimaydi, laqabini aytib chaqirsa reaksiya qilmaydi. Bunday itlarni og’ziga ovqat solib oziqlantiriladi va suv solib ichiriladi.
Bunday operatsiyalarni maymunlar ham juda og’ir kechiradi va juda tez halok bo’ladi. Barcha orttirilgan shaxsiy reaksiyalar yo’qoladi, erkin harakatlar kuzatilmaydi. Katta yarim sharlar po’stlog’i olib tashlangan maymunlar juda ko’p vaqtlarini uyqu holatida o’tkazadilar.
Odamlarda bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’isiz tug’ilgan bolalar holatlari ma’lum – bular anensefallardir. Ular odatda bir necha kun yashaydilar. Bundan tashqari anensefallarni 3 yilu 9 oy yashagan holatlari ham kuzatilgan. Ular o’lganidan keyin, patalogo- anatomik tekshirishlarni ko’rsatishicha katta yarim sharlar bo’lmay, balki uning o’rnida 2 ta pufak bo’lgan. Hayotining birinchi yilida bu bola doimo uxlagan, nur va tovush ta’sirlariga reaksiya qilmagan, umuman hayotida ayrim tug’ma reaksiyalar namoyon bo’lgan bo’lsada, gapirishni, yurishni bilmagan, ota-onasini tanimagan. Ona ko’kragi surg’ichini yoki surg’ichlar og’ziga solinganida emgan, yutgan va h.z.
Bosh miya katta yarim sharlari olib tashlangan hayvonlar va anensefallar ustida olib borilgan kuzatishlarni ko’rsatishicha, filogenez jarayonida, ya’ni organizm hayotida markaziy asab tizimining oliy bo’limlarining murakkab reaksiyalari katta yarim sharlar po’stlog’iga bo’ysunishi – ya’ni funksiyalarning kortikallanishi yuz beradi
Organizmning shaxsiy hayoti davomida nima olingan yoki orttirilgan bo’lsa, u bosh miya katta yarim sharlari funksiyasi bilan bog’liq holda amalga oshadi. Oliy asab faoliyati ham katta yarim sharlar po’stlog’i bilan funksional jihatdan uzviy bog’liqdir. Organizmning tashqi atrof-muhit bilan o’zaro aloqasi, uni o’rab turgan materiallar dunyosidagi xulq-atvori bosh miya katta yarim sharlari faolligi bilan chambarchas bog’liqdir.
Yaqindagi po’stloqosti markazlari bilan birga miyaning tanasi va orqa miyani, katta yarim sharlar organizmni boshqa qismlarini bir butun qilib bog’laydi va barcha organlar funksiyalarini asabli boshqarilishini bajaradi.
Katta yarim sharlar po’stlog’ining turli qismlarini ahamiyati shundan iboratki, katta yarim sharlar po’stlog’i yaxlit holda faoliyat ko’rsatishiga qaramasdan, po’stloqning turli qismlarining funksiyalari turlichadir. Po’stloqining ayrim oblastlari turlicha funksional ahamiyatga ega. Lekin po’stloqda funksiyalarning qat’iy lokalizasiyasi kuzatilmaydi. Po’stlog’ining ayrim qismlari shikastlangan hayvonlarda o’tkazilgan tajribalar shuni ko’rsatdiki, oradan ma’lum vaqt o’tganidan keyin shikastlangan qismni funksiyasini, po’stloqni boshqa qismi o’sha funksiyani bajaradi. Bosh miya po’stlog’ining bu xusuiyati, uning hujayralarining katta plastiklik xususiyati bilan bog’liq deb qaraladi.
Katta yarim sharlar po’stlog’iga retseptor hosilalardan markazga intiluvchi impulslar tushadi. I.A.Pavlovni ko’rsatishicha har bir periferik retseptor apparatga po’stloqda ma’lum analizatorlarning po’stloq yadrolari deb atalgan qismi mos keladi. Analizatorlar yadrosi joylashgan po’stloqning qismi katta yarim sharlarning sensor zonalari deb ataladi.
Bug’unlar, skelet muskullari va paylarning retseptorlaridan qo’zg’alishlar o’tkaziladigan harakat analizatorlarining yadroli zonasi po’stloqning markazoldi va markazorti qismlarida joylashgan. Harorat, og’riq va taktil sezuvchanligi bilan bog’langan teri analizatorlari zonasi markazorti qismida (markaziy egat orqasida) joylashgan. Qo’l barmoqlari, tovush apparati va yuzning retseptorlari po’stloqda eng katta maydonni egallasa, gavda, son va boldir retseptorlari eng kam maydonni egallaydi. Ko’rish analizatorining yadroli zonasi ensa oblastida joylashgan. Po’stloqning chakka qismida esa eshitish analizatori joylashadi. Yonbosh egatining yaqinida ta’m bilish analizatorining yadroli zonasi joylashgan.
Qo’zg’atilgan paytda harakat yuzaga keluvchi katta yarim sharlarning motor zonasi, sensor zona bilan uzviy bog’langan bo’ladi. Bu oblast markaziy egatning oldida joylashgandir.
Po’stloqdagi analizatorlarning yadroli zonalari, analizatorlarning o’tkazuvchi yo’llarini asosiy massasi tamom bo’luvchi qismi bo’lib hisoblanadi. Yadroli zonalar chegarasidan tashqarida beparvolik elementlari joylashgan, ularga ham analizatorlar yadrosiga tushuvchi retseptorlarning impulslari tushib turadi. Keyingi vaqtlarda funksiyalarning bajarilishi ma’lum bir maydon bilan chegaralanmaganligini ko’rsatuvchi ma’lumotlar olingan, faqatgina u yoki bu turdagi sezgilarni qabul qilishdagina po’stloqning ma’lum maydonlari ishtirok etadi; shu bilan birga turli retseptorlarni qo’zg’alishiga reaksiya qiluvchi maxsus retseptorlar, ya’ni polisensor neyronlar shaklidagi qo’shni maydonlar ishtirok etishi mumkin.
3.5.4. Vegetativ asab tizimi.
Vegetativ asab tizimining ahamiyati. Ichki organlarning silliq muskullari, qon tomirlari, va teri, yurak muskullari va bezlar vegetativ asab tizimi bilan innervasiya qilinadi. Vegetativ tolalar skelet muskullariga ham boradi. Lekin ular qo’zg’atilganida muskullarning qisqarishi kuzatilmaydi, ammo ularda moddalar almashinuvi ortadi va shu yo’l bilan ularning ish qobiliyati stimullanadi. Asab tizimining organlarga bunday ta’siri trofik ta’sir deb ataladi. Vegetativ asab tizimi markaziy asab tizimiga ham trofik ta’sir ko’rsatadi. U ichki organlar va tomirlar faoliyatini bezlar sekresiyasini yurak ishini boshqaradi. Moddalar almashinuvi ham vegetativ asab tizimi bilan boshqariladi.
Vegetativ asab tizimining umumiy tuzilish rejasi. Vegetativ asab tizimining markazlari miya tanasida va orqa miyada joylashgan. Periferik qismi nerv tugunlari va nerv tolalaridan tashkil topgan. Vegetativ markaz hujayralarining o’simtalari orqa miyadan, orqa miya nervlarining oldini ildizlari tarkibida chiqadi, bosh miyadan esa bosh miya nervlari tarkibida chiqadi. Bu o’simtalarni ganglionaroldi (bug’unoldi) tollari deb ataladi. Ular miyelin po’stlog’i bilan qoplangan bo’lib rangi oq va ularning tanasi markaziy asab tizimida joylashgan. Miyadan chiqqan o’simtalar periferik nerv bug’unlarida (gangmiyalarda) tamom bo’ladi. Periferiyada joylashgan vegetativ tugunlardagi hujayralar o’simtalari ichki organlarga yo’nalgan bo’ladi (bezlar va boshq.). Bunday ganglionarorti (tugundan keyingi) o’simtalari miyelin po’stloq bilan qoplanmagan va ko’k rangda bo’ladi.
Shunday qilib, vegetativ asab tizimi markazidan innervasiya qilinuvchi organgacha bo’lgan yo’l ikkita neyrondan iborat bo’ladi. Bu borada skelet muskullari, teri, bug’unlar va paylarni innervasiya qiluvchi somatik asab tizimi deb ataluvchi tizimdan vegetativ asab tizimi farq qiladi. Somatik asab tizimining nerv tolalari markaziy asab tizimidan chiqqanidan keyin innervasiya qilinuvchi organgacha uzilmasdan boradi.
Vegetativ asab tizimining tolalari somatik asab tizimining tolalaridan o’zlarining nisbatan past qo’zg’aluvchanligi bilan farq qiladi, ular bo’ylab nerv impulslarining tarqalish tezligi hali unchalik yuqori emas (1—30 m/s).
Tuzilishidagi xususiyatlari va ayrim fiziologik farqlarga asosan vegetativ asab tizimi, simpatik va parasimpatik qismlarga bo’linadi.
Simpatik qismi. Vegetativ asab tizimining simpatik qismining markazlari orqa miyaning ko’krak va bel segmentlarida (I-ko’krakdan I-IV -bel) joylashgan. Bu yerda orqa miyaning kul rang moddasining yon shoxlarida neyronlar tanasi yotadi, ularning aksonlari esa orqa miyaning oldingi shoxlari tarkibida ayrim shoxchalar shaklida chiqib simpatik tanaga qarab yo’naladi.
Simpatik gangliyalar umurtqa pog’onasining har ikki tomonida joylashib ikkita simpatik tana hosil qiladi. Har bir simpatik tana o’zicha alohida-alohida, bir-biri bilan tutashgan nerv tugunlarining zanjiri shaklida ko’rinadi.
Qorovul tana gangliyalarida juda ko’pchilik ganlionaroldi nerv tolalari uziladi. Ammo bu qismning ayrimlari bu yerda uzilmaydi va nerv o’rimlarining tugunlarigacha (uyat, yurak, yuqorigi va pastki charvilar) yetib boradi. Ularda qorovul ustun tugunlarigacha uzilmay o’tuvchi simpatik ganglionaroldi nerv tolalari uziladi.
19-rasm. Vegitativ asab tizimining chizmasi.
A –parasimpatik qism; B –simpatik qism;
1-ko’z; 2-yosh bezi; 3-nafas yo’llari; 4-jag’ osti bezi; 5-til osti bezi; 6-quloq oldi bezi; 7-yurak; 8-kekirdak; 9-qizil o’ngach, meda; 10-jigar; 11-meda osti bezi; 12-ingichka ichak; 13-yo’g’on ichak; 14-buyrak; 15-siydik pufagi; 16-bachadon.
Simpatik qism odat bo’yicha organizmni barcha organ va to’qimalarini innervasiya qiladi.
Parasimpatik qismi. Markaziy parasimpatik neyronlarning tanasi orqa, uzunchoq va o’rta miyada joylashgan. Orqa miyada parasimpatik nerv hujayralari II-dan IV-chi dumg’aza segmentlarda joylashadi.
Kichik tos organlari devorida ichki tugunlar joylashadi, qaysiki silliq muskullarni va ichaklar faktining pastki qismi bezlarini, siydik chiqaruvchi ichki va tashqi jinsiy organlarni innervasiya qiluvchi ganglionarorti tolalari chiqadi.
Uzunchoq miyadan VII, IX, X va XII bosh miya nervlarining parasimpatik tolalari chiqadi. Uzunchoq miyadan chiquvchi parasimpatik tolalarning asosiy massasi adashgan nervlar tarkibida undan chiqadi. Uning ko’p sonli tolalari bo’yin, ko’krak va qorin organlarini innervasiya qiladi.
O’rta miyaning parasimpatik neyronlari miyaning suv o’tkazgich yo’llari tubida yotuvchi yadrolarni hosil qiladi. Bosh miyaning III-juft nervlari (ko’zni harakatlantiruvchi nerv) tolasi ko’z kosachasining orqasidagi joylashgan kipriklar bo’g’unigacha boradi. Bugundan keyingi tolalar gavharni qisqartiruvchi muskullarni innervatsiya qiladi.
Vegetativ asab tizimining parasimpatik qismining gangliyalari ichki organlarning devorlarida yoki ularning yaqinida joylashadi. Bu parasimpatik asab tizimining asosiy farq qiluvchi xususiyatidir. Ichki organlarning gangliyalari yurakning muskulli devorlarida, bronxlarda, qizil o’ngachda, me’da-ichaklarda, o’t pufagi, siydik pufagi, hamda ichki va tashqi sekretsiya bezlarida joylashgan. Vegetativ asab tizimining ganglionarorti tolalari simpatik tolalardan farqli o’larok kaltadir.
Vegetativ asab tizimining funksiyalari. Ko’pchilik ichki organlar ikki tomonlama innervasiyalanish xususiyatiga ega: ularning har biriga ikkita-simpatik va parasimpatik nervlar keladi. Vegetativ asab tizimi ichki organlarning ishini, moddalar almashinuvini, organizmni kelgusidagi talabiga mos ravishda moslanishini boshqaradi. Ko’pchilik organlarga simpatik va parasimpatik nervlar qarama-qarshi ta’sir ko’rsatadi. Simpatik nerv yurak ishini tezlashtiradi va kuchaytiradi, parasimpatik nerv esa (adashgan) tormozlaydi; parasimpatik nerv ko’zning kamalak po’stlog’ining halqali muskullarini qisqarishini chaqiradi va shuning hisobiga ko’z gavhari torayadi, simpatik nerv esa gavharni kengayishini chaqiradi.
Lekin, qo’zg’atish sharoitini o’zgartirish yo’li bilan N.Ye.Vvedinskiy boshqa tarzdagi samara olish mumkinligini ham ko’rsatib berdi: yurak miya va parasimpatik nerv tolalari bir-birini ta’sirini uzviy holda kuchaytiradi.
Vegetativ asab tizimining simpatik qismi ya’ni qachonki uning eng yuqori kuchi talab qilinadigan bo’lsa, ayniqsa zarur sharoitlarda organizmni jadal faoliyatini ta’minlaydi. Vegetativ asab tizimining parasimpatik qismi – «bekor qilish» tizimi, organizm tomonidan sarflangan imkoniyatlarni tiklanishini ta’min etadi.
Charchagan skelet muskullarining simpatik nervlarini qo’zg’atish uning ish qobiliyatini tiklaydi. Bularning hammasi L.A.Orbeli va A.G.Ginensinskiylarga simpatik asab tizimini moslanish-trofik funksiyasi haqida gap yuritish imkonini berdi.
Qon bosimini nisbatan darajada ushlab turilishi, termoregulyasiya, muskullar ishi paytida yurakning qisqarishini sekinlashishi, tezlashishi va boshqalarni reflektor reaksiyalari vegetativ asab tizimining faoliyati bilan bog’liq.
Vegetativ asab tizimining barcha bo’limlari oraliq miyada joylashgan oliy vegetativ markazlarga bo’ysunadi. Vegetativ asab tizimining markazlariga miya tanasidagi retikulyar formatsiyadan, miyacha, gipotalamus, yarim sharlar po’stloq osti yadrolari va po’stlog’idan impulslar keladi.
Asab tizimining gigiyenasi
O’sib kelayotgan yosh avlodning sog’lig’ini saqlash masalasi keng ma’nodagi tushuncha bo’lib o’quvchilarning charchashi - ya’ni, toliqishi va o’ta charchashining oldini olish vazifasini ham o’z ichiga oladi, bu esa birinchi navbatda o’quvchining o’ta toliqishiga yo’l qo’ymaslik bilan bog’liqdir. Bu masala maktabdagi pedagoglar, tibbiyot xodimlari va ota-onalarning diqqat markazida turishi lozim. «Maktab kasalliklari» deb ataluvchi kasalliklarning oldini olish hozirgi vaqtda o’quvchilar tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi har bir shaxsning kundalik asosiy vazifalaridan biridir.
Zamonaviy o’qitish jarayoni, o’quvchiga axborot berishning yangi shakl va usullarini qo’llamoqda, ya’ni bilim berishning samaradorligini oshirishiga qaratilgan texnika vositalari va yangi innovatsion texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Natijada o’quvchining darsdagi faoliyatini bir muncha faollashtirishga erishildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi zamon sharoitida maktab o’quvchisiga maqbul o’quv yuklamasini belgilash muhim dolzarb vazifa hisoblanib, birinchidan, o’quv rejasida belgilangan bilimlarni o’quvchi tomonidan to’licha o’zlashtirishni ko’zda tutsa, ikkinchidan, o’quvchining o’z shaxsiy ehtiyoji uchun ham yetarli vaqt ajratiladi. Eng muhimi, o’quvchining jismoniy rivojlanishiga, ish faoliyatiga va salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarning oldi olinadi.
O’quv yuklamasining pedagogik va gigiyenik jihatlarini o’rganish, toliqishning oldini olish yo’llarini izlab topish pedagogika fani va maktab o’qituvchilari oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Odam organizmining barcha to’qima va organlaridagi hayotiy jarayonlar, ularning ishi markaziy asab tizimi tomonidan boshqariladi.
Odam tug’ilganidan boshlab uning butun umri davomida bajaradigan aqliy va jismoniy faoliyatining takomillashuvi, ya’ni, tarbiyalanishi, bilim olishi, hunar o’rganishi miya po’stlog’idagi asab markazlarinint funksional holatiga bog’liq.
Asab tizimining faoliyati ikki xil sababga ko’ra susayishi mumkin. Birinchidan, asab to’qimalaridagi tug’ma kamchiliklar, tug’ilgandan keyin har xil kasalliklar, shikastlanishlar oqibatida asab faoliyatining pasayishi; ikkinchidan, asabning funksional kasalliklari, ya’ni gigiyenik talablarga rioya qilmaslik natijasida tizimning zo’riqishidan nevroz, ya’ni asab kasalliklari paydo bo’lishidir.
Ko’pincha ota-onalar va o’qituvchilar o’quvchi xulqida va holatida aqliy charchash alomotlarini sezsalarda, e’tibor bermaydilar, chunki bu o’zgarishlar, vaqtinchalik bo’lib, tez o’tib ketadi deb o’ylashadi. Lekin bular bolada boshlanyotgan surunkali charchoqlikning birlamchi belgilari bo’lib, «astenik sindrom» deb ataladi va bu kasallik markaziy asab tizimi faoliyati buzilishining bir turi hisoblanadi. Kasallik belgilarning paydo bo’lishi va kechishi darajasiga qarab, astenik sindrom shartli ravishda bir necha bosqichga ajratiladi.
Birlamchi-giperstenik bosqichda serzardalik, o’ta ta’sirchanlik, o’zini tuta bilmaslik, besabrlik kabi belgilar paydo bo’ladi. Bolalar faol bo’lishadi, ammo ularning faoliyatida tartib bo’lmaydi. Ular tinimsiz bo’lib, biror ishni oxirigacha diqqat-e’tibor bilan bajara olmaydilar, ozgina muvaffaqiyatsizlik ular faoliyatini izdan chiqarib yuboradi. Ular qiynalib uyquga ketishadi, bezovta uxlashadi, ko’p tush ko’rishadi.
Agar o’z vaqtida chora ko’rilib, kasallik sabablari bartaraf etilmasa, kasallik kuchayib, ikkinchi bosqichga o’tib ketadi. Bunda o’ta ta’sirchanlik va jizzakilik, toliqish bilan birga kechadi. Bolaning ish faoliyati kuchli boshlanib, birdan pasayib ketadi. Jahldorlik, yomon kayfiyat va odamovilik bilan almashinadi. Bunda o’quvchi yozgan paytida boshqalarga nisbatan grammatik xatolarni ko’proq qiladi. Ba’zida duduqlanish, kamgaplik, tunda siydik tuta olmaslik ya’ni enurez holatlari yuzaga chiqadi. Bundan tashqari so’zlardagi harflarni ham tushirib qoldiradi, yangi materialni qiyin o’zlashtiradi, lanjlik va bosh og’rish o’quvchi ish faoliyatini susaytiradi. Bunday holatlar paydo bo’lishiga ko’pincha o’tkir yuqumli kasallar bilan og’riganlik, ichki organlarnnig surunkali kasalliklari, bahor va qish fasllarida bola va o’smirlar organizmida vitamin yetishmasligi, o’quv yuklamasining ortib ketishi kabi omillar sabab bo’ladi. Albatta ko’p narsa maktab va oiladagi ruhiy muhitga bog’liq. Oilada ota-onalar o’rtasidagi janjallar, ichkilikbozlik, bolaga nazoratsizlik, oilalarning buzilib ketishi, bolalar va o’smirlar asab tizimi faoliyatining izdan chiqishiga sabab bo’lsa, maktab va liseylarda o’qituvchi bilan o’quvchi, talaba o’rtasidagi yoki o’quvchi va talabalarning o’zaro kelishmovchiliklari, o’quvchilarning o’qituvchidan qo’rqib qolishi, bu kasallikning yuzaga chiqishiga turtki bo’ladi.
Asab tizimiga bog’liq bo’lgan bunday negativ holatlarni yo’qotish uchun ota-onalar, shifokorlar va pedagoglar birgalikda ish olib borishi, uni yuzaga keltirgan sabablarni bartaraf etishga harakat qilishlari kerak. Buning uchun maktabda dars jadvallari va o’quv yuklamalari bolaning yosh xususiyatini hisobga olgan holda tuzilishi, o’quvchilar vitaminlarga boy, yuqori kaloriyali ovqatlar iste’mol qilishi, faol dam olishi, sof havoda sayr qilishi, tonusni kuchaytiradigan achchiq choy, kofe ichmasliklari kerak. O’qituvchilar o’quvchilar bilan, ularning xarakterini, hisobga olgan holda muomala qilishlari kerak.
Maktab o’quvchilari va lisey talabalari asab tizimida bunday kamchiliklarning yuzaga kelmasligi uchun 3-4 soatdan keyin yoki dars oxirida o’quvchilar uyga kelgandan keyin ularni dam oldirish katta ahamiyatga ega.
Shuni unutmaslik kerakki, aqliy mehnat bilan shug’ullanuvchilarda zo’riqish alomatlari boshqalarga nisbatan ko’proq uchraydi va bu harakat faolligi (gipodinamiya) kamaygan sharoitda yorqin namoyon bo’ladi. Bu holat emotsional zo’riqish bilan birga qo’shilib, ko’pincha yurak-qon tomir kasalliklariga, asab va endokrin tizimi faoliyatining, buzilishiga olib keladi. Bolalar va o’smirlarning shakllanayotgan yosh organizmi ayniqsa aqliy zo’riqish asoratlariga o’ta sezgir bo’ladilar.
Bilim berishning amalda qo’llanilayotgan hozirgi o’quv dasturi o’quvchining yuksak bilim olishiga va faol fikrlash jarayoniga mo’ljallangan bo’lib, bolalar va o’smirlardan kuchli aqliy emotsional mehnatni talab qiladi. O’tkazilgan tadqiqotlarning ko’rsatishicha, o’qishning og’irligi o’quvchilar salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, shuningdek, asab buzilishi, xulq-atvorda beqarorlik alomatlari paydo bo’lishiga olib keladi.
Aqliy mehnat (o’qish, yozish, fikrlash, masala yechish, dars tinglash va tayyorlash va hokazolar) asosan ko’rish, eshitish, organlari va ularning bosh miya pustlog’idagi markazlarining asab hujayralarini bajaradigan ishidir.
Shunday ekan, o’quvchilar aqliy mehnat gigiyenasining zarur shartlarini: kun tartibiga rioya qilish, fizkultura va sport bilan shug’ullanish, o’quv va o’qishdan tashqari mashg’ulotlar uchun sharoit yaratish, bir faoliyatni ikkinchisi bilan almashtirib turish, spirtli ichimliklar ichmaslik, chekmaslik, zararli odatlarga berilmaslik va hokazolarni ongli ravishda bajarishga harakat qilishlari zarur.
IV-BOB. TA’LIM VA TARBIYA ISHLARI GIGIYENASI
Ta’lim va tarbiya gigiyenasi o’qituvchiga, o’quvchi yoshlarning kam kuch sarflagani holda fanni yoki o’rgatilayotgan usulni yuqori darajada o’zlashtirishga erishuviga yordam berishga qaratilgan zomonaviy omillardan biridir. Shuning uchun ta’lim va tarbiya gigiyenasi muammolari juda ko’p masalalarni (o’quvchi va talabalarning ishchanlik qobiliyatini oshirish, dars jarayonida sodir bo’ladigan charchash alomatlarini yo’qotish chora-tadbirlarini izlab topish, o’quv rejasi va dasturini gigiyenik jihatdan tahlil qilish, dars gigiyenasi, maktab, lisey va uydagi o’quv faoliyatining gigiyenasi, o’qitish gigiyenasi va boshqalar) o’z ichiga oladi.
O’quvchi va talabalarning ishchanlik qobiliyati. O’quvchi va talabalarning ishchanlik qobiliyati deganda ma’lum bir aqliy yoki jismoniy ishni uzoq muddat davomida oz kuch sarflab, sifatini talab darajasida bajarish tushuniladi.
Ayrim adabiyotlarga asoslanib, aqliy ishchanlik qobiliyati ko’rsatkichlarini kun davomida o’rganib chiqib alohida davrlarga ajratish mumkin, bu o’z navbatida o’qish va mehnat qilish bo’yicha ratsional kun tartibi tuzishda eng obyektiv mezon hisoblanadi. Aqliy ishchanlik qobiliyati 5 ta davrdan iborat:
1. Ishga kirishish davri. Darsda bir necha daqiqa davom etib, o’quvchi o’quv va ish jarayonlariga moslasha boradi.
2. Optimal ishchanlik davri. Aqliy mehnatni bajarishning stabillashgan davridir. Bunda diqqat dominantligi vujudga keladi.
3. To’liq, kompensatsiya davri. Oldingi davrdan farq qilib, toliqishning dastlabki belgilari paydo bo’la boshlaydi, ammo ularni odamning iroda kuchi kompensatsiyalashtirib, yuzaga chiqarmay turadi.
4. Beqaror kompensatsiya davri. Toliqishning ortib borishi ish faoliyatining pasayishi bilan xarakterlanadi, ammo odam iroda kuchi bilan ma’lum vaqtgacha aqliy mehnatni talab darajasida davom ettirishi mumkin.
5. Mehnat faoliyatining progressiv pasayish davri. Bu davr toliqishning tez ortib borishi bilan xarakterlanadi, bunda bajarilayotgan aqliy mehnatning mahsuli va samaradorligi keskin kamayadi.
Bu davrlarni dars davomida, kun, hafta, chorak, yil davomida kuzatish mumkin.
Aqliy mehnat faoliyatini yuqori darajada saqlay olish mumkinmi degan savolga rus olimi N.Ye Vedenskiyning ta’kidlashicha, aqliy mehnatning yuqori mahsuldorligini ta’minlovchi sharoitlar quyidagilardan iborat:
- har qanday mehnatni bajarishga asta-sekin kirishish;
-ish bajarishning optimal ritmini va tartibini tanlash va unga rioya qilish;
-ishni izchillikda va ketma-ket bajarishga odatlanish;
-mehnat va dam olishni to’g’ri tashkil qilish, bir ish turini ikkinchisi bilan almashtirib olib borish.
-muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish tufayli aqliy mehnat malakalarini avtomatlashtirish va takomillashtirish hamda avtomatik malaka hosil qilish.
Yuqoridagi omillarning ko’pchiligi o’quvchilarning ham ish qobiliyatini aniqlaydi, ammo ularning eng muhimi o’quv kun tartibiga, va o’z vaqtida dam olishga rioya qilishdir.
Aqliy faoliyat uzoq, vaqt davom etaversa, ularning ish qobiliyati asta-sekin pasayib, ish sifati yomonlasha boshlaydi, bajarilayotgan ishga nisbatan e’tibor kamayadi, fanlarni o’zlashtirish pasayadi, talaba bo’shashadi, mudraydi. Bu holat miyaning ish bajarayotgan markazlaridagi asab hujayralari qo’zg’alish holatidan tormozlanish holatiga o’tganligini, ya’ni ular charchaganligini ko’rsatadi. Charchash bu tashqi muhit bilan miya po’stlog’idagi asab hujayralari o’rtasidagi aloqaning vaqtincha uzilishidir. Charchash deganda, miya hujayralarining shu bilan birga butun organizmning ishchanlik qobiliyatini pasayishi tushuniladi. Bu fiziologik jarayon bo’lib, tormozlanishning oxirgi pog’onasi hisoblanadi. Tormozlanish dastlab bosh miya po’stloq qismiga, so’ngra asab tizimining qo’yi qismlariga tarqalib, organizmni bo’shashtiradi.
Darsda charchashning birinchi bosqichi faol tormozlanishning bo’shashi bilan bog’liq, bu harakatlar o’zgacha ko’rinishda namoyon bo’ladi.
O’quvchilarning o’zlari faol o’quv holatidan to’xtagan bo’ladilar, sinfda ozgina shovqin-suron ko’tariladi. Charchashning bundan keyingi ikkinchi bosqichi qo’zg’alish jarayonining bo’shashi, bilan birga davom etadi. Tormozlanish jarayonlari qo’zg’alish jarayonidan ustun turadi.
I.P. Pavlov charchashda tormozlanish jarayonining ahamiyatiga to’xtalib o’tar ekan: «Charchash tormozlanish jarayonining avtomatik ichki qo’zg’tuvchilaridan biridir» - deb yozgan edi.
Bolalarga bajarilayotgan yuklama ortiqcha ekanligi yoki charchaganliklari ko’rinib turgan bir vaziyatda mashg’ulotni davom ettirish shunday holni keltirib chiqaradiki, uni I.P. Pavlov chegaradan «tashqi yoki himoyalash tormozlanishi» deb atagan edi, bu tormozlanish po’stloqning asab hujayralarini zo’riqib ketishidan himoya qiladi. Po’stloq hujayralarining tez zo’riqib ketib tormozlangan holatga o’tishi ayni bir sharoitda bosh miya quyi bo’limlari hujayralarining chidamliligiga keskin sur’atda zid keladi.
Boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun charchashning eng dastlabki bosqichlari xosdir. Yuqori sinf o’quvchilari esa charchagan vaqtlarida ham ishlash qobiliyatlarini yo’qotmaydilar. Biroq ko’p ishlash natijasida ish qobiliyati pasayadi.Charchashning eng asosiy belgisi aqliy mehnat natijasining kamayishidir.
Ish faoliyatining odatdagi susayishini aqliy charchashdan farq qilish lozim. Aqliy charchash orta borgan sari bolaning bajarayotgan ishida unum bo’lmaydi.
Aqliy va jismoniy charchash o’zaro aloqadordir. Buni birinchi marta Italiyalik olim Mosso aniqlagan. Haddan tashqari aqliy charchash bajarilayotgan jismoniy ishning samaradorligini kamaytiradi yoki aksincha, jismoniy charchash, toliqish aqliy mehnatga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Aqliy toliqishning xususiy belgilariga yana diqqatning susayishini, xotiraning pasayishini, fikrlash va tasavvur qilishning buzilishini ham kiritib o’tish lozim.
Xullas dars vaqtida aqliy mehnatning yuqori mahsuldorligini ta’minlash, charchashni oldini olish choralari quyidagilardan iborat bo’lishi kerak:
-O’qituvchi yangi materialni o’quvchining optimal ish qobiliyatida bo’lgan vaqtida tushuntirishi;
-Darsning birinchi yarmida, dars berishning faol usullarini qo’llab, o’quvchi diqqatini uzoq vaqt bitta predmetda ushlab turmasdan tushuntiriladi.
-Dars berish usulini o’zgartirib turish uni yuqori saviyada olib borish;
-Sinf xonalarini tanaffus paytida shamollatish;
-O’quvchi faoliyatini turli vazifalarga jalb qilish, o’quv texnika vositalarini keng qo’llash, ammo o’quv texnika vositalaridan, televizordan, dasturlashtirilgan ovoz yozish apparatlaridan, diafilmlardan foydalanishning o’zi asosiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni talab qiladi;
-Dars materialini tushuntirishda ko’rgazma qurollardan (rasmlar namoyshi qilish, tajribalar ko’rsatish) didaktik o’quv vositalardan maksimal foydalanish:
-Dars oralig’ida fizkuldaqiqalar o’tkazish: har bir darsda fizkultura daqiqalari o’tkazilishi lozim. Bu o’quvchilarning aqliy charchashini oldini oladi, bu vaqtda fortochkalar yoki derazalar ochib qo’yilishi kerak.
Fizkultura daqiqasi ikki-uch daqiqa bajariladi. Mashqlarni barcha o’quvchilar bajarishi shart. Fizdaqiqalar uchun gavdaning orqa tomonidagi muskullar, qad-qomatni ko’tarib turadigan va nafas aktida ishtirok yetadigan muskullarning mustahkamlanishiga yordam beradigan mashqlar talab yetiladi. Bu mashqlar orqa, qo’l, panja muskullarini ham mashq qildirish bolalarning charchashini oldini oladi. Bunday daqiqalarni o’tkazishdan maqsad muskul va qon aylanish organlarini bir vaziyatda tutib, zo’r berib aqliy ish bajarayotgan o’quvchi va talabalarni faol faoliyatga qayta ko’chirishdir.
-O’qituvchining pedogogik mahorati, uning yangi materialni tushuntirish paytidagi ko’tarinki kayfiyati, o’qituvchining har xil ohangda so’zlashi: O’qituvchi bir xil ohangda so’zlagan nutqi o’quvchini zeriktirib, mudratib qo’yadi, bunday paytda o’quvchi tomonidan dars materialini o’zlashtirish qiyinlashadi, bosh miya yarim shartlari po’stlog’ida tarqoq tormozlanish jarayoni paydo bo’lib, uyqu bosadi.
Cigiyenachilar o’quvchilarning darsda toliqish sabablarini o’rganib chiqib, qiziqarli ma’lumotlarni keltirganlar. Ularning aniqlashicha, yuqori sinf o’quvchilari va litsey talabalarining charchashiga asosiy sabab ko’pincha ularning darsga qiziqmasliklari, o’qishning og’irligi, mashg’ulot bajarishga layoqatsizlik, darsni zerikarli o’tilishi, dars materialini tushuntirmaslik, mikromuhitning salbiy ta’siridir.
Agarda charchash holati o’z vaqtida dam olish bilan almashtirilmasa u o’ta charchash holatiga o’tadi. Bu organizm uchun kasallikdir.
O’ta charchagan bolalar darsni yaxshi natijada o’zlashtirishlari pasayib ketadi. Maktab o’quvchilarida o’ta charchash, asosan o’quv va o’qishdan tashqari ishlarning me’yoridan ortib ketishi, kun tartibining buzilishi, ochiq havoda yetarli sayr qilmaslik, ovqatlanishni to’g’ri tashkil qilmaslik natijasida kelib chiqadi.
O’rganilgan ma’lumotlarga asoslanib charchashning oldini olish choralaridan yana biri deb, pedagogik jarayonni ratsionalizasiyalashni belgilash mumkin. Ya’ni, darsni tuzilishi va mazmuni jihatdan to’g’ri tashkil qilish innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo’llash bilan o’quvchilarning aqliy mehnat faoliyatini jadallatirish kerak. Jadallashtirish faqat boshlang’ich sinflardagina emas, yuqori sinflar, maxsus maktablar, (lisey va gimnaziyalar) uchun ham zarurdir. Chunki lisey va gimnaziyalar o’quv yuklamasi umumiy ta’lim maktablardagidan ortiq bo’lib, ba’zan kuniga 10-12 soatgacha yetadi, tabiiyki bunday yuklama o’quvchi salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bolaning jismoniy va ruhiy salomatligiga, maktabgacha va maktab yoshidayoq asos solinadi, shu sababli ularni gigiyenik jihatdan to’g’ri o’qitish uchun aqliy mehnat gigiyenasining ilmiy asoslariga tayanish kerak. Bu masalaga maktab va maxsus maktablardagi pedagoglar va shifokorlar befarq bo’lmasliklari kerak. Aqliy va jismoniy jihatdan charchagan bolalar va o’smirlarni ish qobiliyatini oshirish, ularni dam olishiga uyquga e’tibor berish talab etiladi.
Uyqu gigiyenasi. Bolalar va o’smirlar uyqusini gigiyenik jihatdan to’g’ri tashkil qilish, ular ish qobiliyatining yuqori bo’lishini ta’minlovchi asosiy omillardan hisoblanadi. Bolaning kechasi yotadigan joyi qulay bo’lishi, xona sokin bo’lishi, ma’lum bir vaqtda uxlashga o’rganishi muhim ahamiyatga ega. Uxlashdan avval xonani shamollatish, toza havoda sayr qilish, tishni, oyoqlarni iliq suvda yuvish, yuvinish tavsiya etiladi. Bola kechqurun uxlashga yotishidan 1,5-2 soat oldin ovqatlanishi, xona harorati 20°C atrofida bo’lishi kerak, uyqudan oldin ularga kofe, choy, shirinliklar berish mumkin emas.
Bolaning o’rni juda yumshoq yoki juda qattiq ham bo’lmasligi kerak, chunki o’rin juda yumshoq bo’lsa, bola isib ketadi, qattiq o’rin esa bosilgan joylarda qon aylanishini qiyinlashtiradi. Natijada bola notinch o’xlaydi, har tomonga ag’darilaveradi va dam ololmaydi.
Bola miriqib uxlamasa, asab tizimining ish qobiliyati pasayadi, kuni bilan lanj, parishonxotir bo’lib yuradi. Chuqur uyquda bolaning asab tizimi yaxshi dam oladi. Vaqtida ovqatlanish, jismoniy va aqliy mehnatdan keyin, vaqtida dam olish, jismoniy tarbiya bilan shug’ullanish, kun tartibiga rioya qilish, bola salomatligini yaxshilaydi, u miriqib uxlagandan keyin bardam bo’lib yuradi.
Maktab yoshi haqida tushuncha.«Bolalar maktabda o’qishga tayyor» tushunchasi shartli tushunchadir. Masalan, bir qator mualliflar bu joyda bolaning jismoniy, ijtimoiy va ruhiy rivojlanish darajalarini birinchi o’ringa qo’yishsa, boshqalar esa a’zo va tizimlarning funksional yetukligini, uchinchi guruh vakillari esa bolalarni maktabga aloqador bo’lgan organizmining zo’riqishga bo’lgan tayyorgarligiga katta ahamiyat beradilar. Maktabda o’qishga tayyor degan tushuncha, bolaning maktabda ta’lim olishiga kerak bo’lgan barcha talablarni bajara olishini ta’minlovchi jismoniy va ruhiy rivojlanishini bildiradi. Bolaning maktabda o’qishga qodirligini baholashda faqatgina ijtimoiy shart-sharoitlar bilan bog’liq bo’lgan uning aqliy rivojlanish darajasinigina emas, balki organizmning morfofunksional yetuklik holatini ham e’tiborga olish zarur. Buning uchun bu qobiliyatni tekshirishda organizmning biologik yetukligi, jismoniy rivojlanishning barkamolligi, bola salomatligi va funksional tizimlarni holati ham aniqlanadi.
Adabiyotlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, biologik yosh pasport yoshiga mos yoki ilgarilab ketgan, nutqi yaxshi rivojlangan, sog’lom (1- va 2-darajali sog’lom guruhga kiruvchi) bolalar o’qishni dastlabki bosqichidayoq yuqori ish qobiliyatiga ega bo’lishi aniqlangan.
Umumta’lim maktabining birinchi sinfidagi o’quv tartibining xususiyati shunga bog’liqki, maktabga borish vaqtiga kelib bolaning funksional tizimlari ma’lum darajada rivojlanib olgan, u jismoniy va ruhiy jihatdan maktabda o’qishga yetilganlik ko’rsatkichlariga ega bo’ladi. Maktabga «yetilmaganlik», I.D. Dubinskiy (1975), M.V. Antropova, S.P. Yefremova (1976) fikrlariga qaraganda organizmning umumiy rivojlanishdan orqada qolgani bilan emas, balki organlar va ularning tizimlarning yetarli darajada yetilmaganligi, o’quv jarayonida ular ancha zo’riqishi bilan ifodalanadi. Bolalarning ruhiy, jismoniy jihatdan maktabga yetarlicha tayyorlanmaganligi ko’pincha salomatligida ro’y bergan o’zgarishlarga bog’liq bo’ladi.
Sog’lom bola organizmi 6-7 yoshga kelib maktabda o’qishga faoliyat jihatdan asosan yetilgan bo’ladi. 6-7 yoshli bolaning markaziy asab tizimi va tayanch-harakat apparatlaridagi o’zgarishlar, maktabgacha tarbiya muassasalari va oilada berilgan to’g’ri tarbiya bolani maktab tartibiga biologik jihatdan tayyor qilib qo’yadi.
Maktabga kirishda funksional jihatdan yetilmagan, deb topilgan bolalarning yarmidan ko’prog’ida 1-sinfga qabul qilinganidan keyin mashg’ulotlar davomida surunkali kasalliklarini qo’zishi yoki boshqa kasalliklar tufayli salomatligi yomonlashib qolishi mumkin. Tibbiy xodimlar maktabga kirayotgan har bir bolaning salomatligi qanday ekanini yaxshi bilishi kerak. Darslar jarayonining organizm funksional holatiga hamda «yetilmagan» bolalar salomatligiga yomon ta’sir qilishi,darslarni yaxshi o’zlashtirmaslik bolaning maktabda o’qishi, tibbiy va pedagogika nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashga asos bo’ladi.
Salomatlikka zarar yetmasligi uchun maktabga kiruvchi bolalarning «yetukligini», aniqlashda mavjud bo’lgan «Bolalarning maktabga kirishga funksional tayyorligini aniqlashga doir metodik tavsiyalar» asosida ish olib borish zarur.Bolalar maktabga borishdan bir yil oldin sentyabr-oktyabr oylarida tibbiy tekshiruvdan to’la o’tkaziladi. Ayni vaqtda bolalar muassasasida yoki bolalar poliklinikasining maktabgacha tarbiya bo’limida bolalarning maktabga funksional jihatdan nechog’li yetilganligi psixofiziologik jihatdan tekshirib ko’riladi. Bular quydagilardan iborat: tovushni talaffuz qilishdagi nuqsonlar, doirani chizish, odam rasmini chizish va h.k.
Tibbiy tekshiruvlar bolaning salomatligi tufayli maktabda o’qishga yetilmaganini aniqlashga imkon beradi. Bunday bolalarga sog’lomlashtiruvchi davo chora-tadbirlari buyuriladi. Natijani tekshirib ko’rish uchun bolalar maktabga kirgan yilning fevral-mart oylarida takror tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi va bolalar poliklinikasining maktab shifokori, logoped va pedagogdan iborat tibbiy-pedagogika hay’ati malumotlari asosida xulosa chiqaradi. Psixofiziologik ko’rsatkichlari jihatidan maktabda o’qishga noloyiq yoki hali yetilmagan deb topilgan bolalar bir yilga bolalar kombinatida qoldiriladi.
Bola organizmining morfologik tuzilish xossalari, pedagogika jarayoni va o’quv mashg’ulotlari tufayli uning organizmida kuzatiladigan o’zgarishlarning xususiyatlariga qarab maktabda o’qish davrini bir necha bosqichga bo’lish mumkin.
Birinchi bosqich bir qadar ma’lum vaqt qimirlamasdan o’tirib o’qish va yozish malakalarini egallash bilan belgilanadi. Keyingi bosqichlarda bolalar bosh miya po’stlog’i hujayralari ishtiroki hamda shartli refleks reaksiyalari asosida bilim oladilar.
Maktabda o’qiy boshlagan 6-7 yoshli bolalar dastlab maktab sharoitiga o’rganishga ancha qiynaladilar. Chunki ular o’zlari uchun notanish bo’lgan yangi bolalar va kattalar jamoasiga, kun tartibiga, o’qituvchining talablariga, darslarda ko’proq qimirlamasdan o’tirish zarurligiga asta-sekin moslashib boradi.
Birinchi sinf o’quvchilarining darslarga moslashishi uchun birinchi yarim yillikda darslar muddatini kamaytirish maqsadga muvofiqdir. 6-7 yoshli bolalarning funksional imkoniyatlariga ko’ra, o’quv yilining ikkinchi yarmida darslar muddatini asta-sekin oshirib borish kerak. Sentyabr-oktyabr oylarida 30 daqiqali 3 ta darsdan, noyabr-dekabrda 4 ta darsga, ikkinchi yarim yillikda 35 daqiqali 4 ta darsga o’tiladi. Shunda bolaning fiziologik faoliyati va fanlarni o’zlashtirish qobiliyati butun o’quv yili davomida bir maromda saqlanib qoladi.
7 yoshga to’lmasdan turib o’qishga kirgan bolalarda moslanish qiyin o’tadi. Maktabga faoliyat jihatidan yetuk bo’lmaganlarning soni 7 yoshli bolalar orasida turli mualliflarning ma’lumotlariga qaraganda, 0 dan 15,7% gacha borsa, 6 yoshli bolalar orasida 6,7% dan to 51% gacha yetadi. O’quv yili davomida 6 yoshli bolalar 7 yoshlililarga nisbatan ko’proq charchaydilar. 6-7 yoshli bolalar ish qobiliyatining har xil bo’lishi, yoshga aloqador ruhiy-jismoniy imkoniyatga bog’liq. 6 yoshli bolalarning salga charchashi, betoqatlanishi oliy nerv faoliyatining yoshga aloqador xususiyatlariga bog’liq. Shuning uchun 1-sinf o’quvchilarini kuni uzaytirilgan guruhga olib, bu guruhda kunduzi 1-1,5 soat ochiq havoda uxlashini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
4.1. O’quv yili gigienasi
Umum o’rta ta’lim maktablarida joriy qilingan ish dasturiga asosan o’quv jarayonining davomiyligi kichik maktab yoshidagi o’quvchilar uchun qisqaroq, o’rta, katta maktab yoshidagi o’quvchilar va litsey talabalari uchun esa davomliroq bo’ladi. O’quv yili davomida o’quvchilarning ish qobiliyatining saqlanib turishida qishki, bahorgi, yozgi ta’til kunlarida bolalarning yaxshi dam olishlari muhim ahamiyatga ega. O’quv mashg’ulotlarini ta’tillar bilan almashlab turish rejadagi o’quv materialining bir me’yorda taqsimlanishi bilan o’quvchilar toliqishining oldi olinadi, mehnatdan so’ng sog’lig’i va ish qobiliyatining qayta tiklanishiga imkoniyat yaratiladi.
Ma’lumki, aqliy qobiliyat diqqat-e’tibor, xotira ko’rinishlari yozdan keyin, ya’ni kuz oylarida aynan aholi dasturxoni meva va sabzovotlar bilan to’lgan oylarida, oktyabrdan to yanvargacha ancha yuqori bo’ladi. Bolalar ratsionidagi meva va sabzovotlarning kamayishi tufayli yanvar-mart oylariga kelib bular asta-sekin pasayib, may va yoz oylarida keskin kamayib ketadi. Uzoq davom etadigan va og’ir kechadigan uchinchi chorakda o’quvchilarning ish qobiliyati va fanlarni o’zlashtirish darajasi pasayib ketadi.
K.M.Vaynrub (1979) tomonidan o’tkazilgan tekshirishlarning natijalariga, ko’ra o’quvchilarning birinchi, ikkinchi va uchinchi o’quv choraklari orasidagi ta’tillar, ularning ish qobiliyatlarini asliga keltiradigan bo’lsa, uchinchi chorak bilan to’rtinchi chorak o’rtasidagi ta’tillarning so’nggi chorakda o’qish uchun zarur bo’ladigan yaxshi damni ta’minlab bera olmas ekan. O’qish boshlanishidan bir necha kun avval,maktabdagi o’quv tartibi bilan tanishtirish maqsadida o’qituvchilar, ota-onalar va o’quvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qiladilar. Sinf rahbari har bir o’quvchini bo’yini, ko’rish va eshitish qobiliyatilarini hisobga olgan holda o’tiradigan partasini belgilaydi.
Bolalarning qaysi smenada o’qishi ham ularning aqliy faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Ikkinchi smenada o’qiydigan o’quvchilar maktabga ancha toliqib keladilar, shu sababli ularning o’qish kunini tashkil qilish muhim ahamiyatga ega. Birinchi va bitiruvchi sinflar albatta birinchi smenada o’qishlari kerak. Bir smenali maktablarda o’qishni soat 8.30 yoki 9.00 dan, ikki smenali maktablarda esa soat 8.00 da boshlash zarur. Umumiy o’rta ta’lim maktablarining hozirgi vaqtda O’zbekistondagi o’quv yuklamasi quyidagilardan iborat:
1-2-3-sinflarda bir haftalik yuklama - 24 soat,
4-sinfda - 27 soat
5-6-7-sinflarda - 32 soat
8-sinflarda - 34 soat
9-11-sinflarda, kollej va litseylarda - 36 soat bo’lishi kerak. Fakultativ mashg’ulotlar yuqori sinflarda 4 soat bo’lishi qayd qilingan.
4.2. Dars va dars jadvallariga qo’yilgan gigienik talablar
Hozirda Oliy, o’rta maxsus va umumiy o’rta maktablarida ta’limning asosiy shakli dars bo’lib, u turlicha olib borilishi mumkin. Aqliy mehnat qobiliyatini optimal darajada saqlash uchun darsning tuzilishi va o’quv kunining tashkil qilinishi muhim ahamiyatga ega. Uning davomiyligi, qiyinligi, zerikarliligi o’quvchilardan har xil faoliyat talab qiladigan mashg’ulot turlarini to’g’ri almashlab tuzishni ko’zda tutadi. Dars o’tishning ko’p yillar davomida shakllangan an’anaviy 4 komponentli shakli (savol-javob, yangi materialni tushuntirish, uni mustahkamlash, uyga vazifa berish) hozirgi rivojlangan zamonaviy o’qitish jarayoni sharoitida qisman ko’rib chiqilmoqda. Zamonaviy darsning shakli nihoyatda mukammal tuzilgan bo’lib, dars oldida turgan vazifalarning konkret talablariga aniq javob berishi kerak.
O’quv mashg’ulotlari maktab o’quvchilarining oldiga qator ancha murakkab (o’qishning boshlang’ich davrlarida) talablar qo’ymoqda. Shu munosabat bilan o’quv muddati bolalarning yoshi, imkoniyatlariga mos keladigan bo’lishi zarur. Kichik yoshdagi bolalarning ish qobiliyati darslar boshlangan vaqtdan hisoblaganda 1,5 soatlardan keyin, o’rta va katta maktab yoshidagilarda esa 2-3 soatdan so’ng pasaya boshlaydi, ayniqsa, 6-soatga kelib keskin pasayib ketadi.
Shu munosabat bilan darslarning qancha davom etishi o’quv jarayonini gigiyenik jihatdan tashkil etishning muhim omili hisoblanadi. Uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlarda, shu jumladan, bizning mamlakatimizda o’qitish yuzasidan to’plangan ko’p yillik tajriba 45 daqiqali darsni eng qulay muddat deb e’tirof etadi. Biroq, dars to’g’ri tashkil etilgan taqdirdagina bu muddat samarali natija berishi mumkin. Fiziolog va gigiyenistlarning fikricha birinchi sinf o’quvchilari uchun dars 35-daqiqadan oshmasligi kerak. Endigina maktabga qadam qo’ygan bolalarda maktabgacha davrda paydo bo’lgan va odat tusiga kirgan stereotip buziladi va bola o’ziga notanish bo’lgan maktab sharoitiga moslasha boshlaydi. Shu yoshdagi bolalarning asab jarayonlari miyooridan ortiq tez o’zgaruvchan bo’lib, qo’zg’alish tormozlanishga nisbatan ustun turadi. Bu esa ko’pincha o’quv mashg’ulotlarining yuklamasi ortiqcha bo’lishi natijasida ularning tezda charchab qolishga olib keladi. Boshlang’ich sinf o’quvchisining diqqati uzoq vaqtga bardosh bera olmaydi, dars oxirigacha bola partada tinch o’tira olmaydi, charchash boshlanishi bilan harakatlanib diqqati bo’linadi. O’tirgan holatda dars tinglash o’quvchi uchun katta statik ish hisoblanib, 45 daqiqa davomida tanani ma’lum holatda ushlab turish, ayniqsa birinchi sinf o’quvchisiga juda og’irlik qiladi, u tezda charchab bezovtalanib, harakat qila boshlaydi.
Tajribali o’qituvchilar yuqoridagi holat va kuzatiliщi mumkin bo’lgan o’zgarishlarni hisobga olgan holda bolaning diqqatini o’z vaqtida boshqa mashg’ulotlarni bajarishga, o’qishga, rasm solishga jalb qilishadi yoki fizkultura daqiqalari o’tkazadilar. Ruhshunoslarning ma’lumotlariga qaraganda, 6-10 yoshli bola 20 daqiqa atrofida, 10-12 yoshli bola esa 25 daqiqa atrofida diqqatini bir joyga to’plab o’tirishi mumkin. Mana shu tadqiqotlar darslarni ish turlari almashinib turadigan qilib alohida tuzish zarurligini tasdiqlaydi. Masalan, o’qish darsida mazmunli o’qishni savol-javob bilan, didaktik material ko’rish, qayta so’zlab berish bilan almashtirish, bundan tashqari maktab o’quvchilarida, ayniqsa boshlang’ich sinf o’quvchilarida birinchi signal tizimi yaxshi rivojlanganligi uchun darsda ko’rgazma qurollaridan, didaktik o’quv vositalaridan keng foydalanish mumkin. Bu o’quvchilarning ish qobiliyatini ancha oshiradi, chunki birinchidan, bosh miya po’stlog’ining hali charchamagan joylarini, yangi analizatorlarni ishga jalb etadi, ta’sirotlar xususiyatini o’zgartiradi, ikkinchidan esa bir turdagi faoliyatdan ikkinchi bir turdagi faoliyatga o’tilganida ishda bir oz to’xtalish, go’yo kichik bir tanaffus paydo bo’lishi mumkin. Ba’zi darslarda bu kichik tanaffuslar birmuncha uzoqroq bo’lishi va jismoniy hordiq lahzalari ko’rinishida bo’lishi mumkin. Mana shunday tanaffuslardan keyin bolalarning mashg’ulotlarga yana bajonu dil kirishib ketishlari ko’pdan-ko’p kuzatuvlardan ma’lum.
Maktab ta’limini gigiyenik jihatdan tashkil etishda darslarning soni katta ahamiyatga ega. Amaldagi o’quv rejasiga muvofiq 1,3-sinflarda kuniga 4 tadan, 4-sinfda 4-5 tadan, 5, 9-sinflarda kuniga 5-6 tadan, 10, 11 sinflarda 6 tadan, litseylarda 6-7 tadan dars o’tish ko’zda tutiladi.
Ta’limni to’g’ri tashkil etish uchun kun va hafta davomida darslarni taqsimlash, boshqacha aytganda, dars jadvalini to’g’ri tuzish juda muhim ahamiyatga ega.
O’quvchining ish qobiliyati, fanlarni o’zlashtirishining ijobiy samarali bo’lishi ko’p jihatdan dars jadvalining gigiyenik talablarga muvofiq tuzilishiga bog’liq. O’zlashtirishning oson va qiyinligiga qarab hamma fanlar shartli ravishda juda qiyin, o’rtacha, qiyin va oson fanlarga bo’linadi.
Birinchi juda qiyin darajali fanlarga;- chet tili, matematika, ikkinchi darajali qiyin fanlarga;- fizika, kimyo, o’rtacha qiyin darajali fanlarga - tarix, tabiatshunoslik, ona tili va adabiyot, geografiya, o’zlashtirilishi oson fanlarga jismoniy tarbiya, mehnat, ashula, rasm kabilar kiradi.
O’qish kunining birinchi soatida ertalabki vaqtda yangigina o’qishga o’rgangan o’quvchining miya hujayralarining ish qobiliyati deyarli pastroq bo’ladi. Shuning uchun bu soatga o’zlashtirilishi o’rtacha qiyinlikdagi fanlar qo’yilishi kerak, 2,3-soatlarda, ayniqsa, 2-soatda organizmning ish qobiliyati eng yuqori darajada bo’ladi, shuning uchun bu soatlarga o’zlashtirilishi qiyin fanlar qo’yilishi tavsiya etiladi, 4-soatda esa o’quvchilarda charchash belgilari paydo bo’la boshlaydi. Shuning uchun dars jadvalining 4-soatiga aqliy mehnat, chuqur fikrlash talab qilmaydigan fanlar (jismoniy tarbiya, mehnat, rasm, ashula) qo’yilishi ish qobiliyatining yanada oshishiga imkon beradi va nihoyat 5, 6-soatlarga o’rtacha qiyinlikdagi (tarix, tabiatshunoslik, geografiya, ona tili va adabiyot) fanlari qo’yilsa, ularni o’zlashtirish yaxshi bo’ladi.
Shuni qayd qilish kerakki, ko’p yozish yoki chuqur fikrlash bilan bog’liq bo’lgan fanlarni dars jadvaliga ketma-ket qo’yish mumkin emas. Chunki bir xil mashg’ulotlarni ketma-ket bajarish o’quvchilarni tez charchatadi. Shuning uchun chuqur fikrlash bilan bog’liq fanlar (matematika, fizika, kimyo) harakatlanish bilai bog’liq fanlarga (jismoniy tarbiya, mehnat) almashtirilib, ko’proq yozish bilan bog’liq fanlar (chet tili, rus tili, ona tili, rasm) esa eshitish va ko’rish bilan bog’liq fanlar (tarix, adabiyot, geografiya, jamiyatshunoslik) ga almashtirilib turilsa, o’quvchilarda charchash holatining oldi olinadi, ularning o’zlashtirish qobiliyati yaxshi bo’ladi.
O’quvchilarning o’zlashtirishi hafta davomida ham o’zgarib turadi. Dam olish kunidan keyin birinchi o’qish kunida o’quvchi organizmi hali ishga to’liq safarbar qilinmagan bo’ladi.
Shuning uchun ham, qiyin fanlar iloji boricha birinchi o’qish kuniga qo’yilmasligi kerak.
2, 3 -o’qish kunlarida organizmning ish qobiliyati eng yuqori darajada bo’ladi va qiyin fanlar hamda nazorat ishlar shu kunlarda o’tkazilgani ma’qul.
4 -o’qish kunidan boshlab organizmning ish qobiliyati pasaya boshlaydi, lekin o’qishning 6-kuni ko’rsatkichlarning deyarli pasaygani qayd qilinmaydi. O’quvchilarda chorshanba kuni darsni o’zlashtirish qobiliyati pasayganligi aniqlangan. Lekin keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko’ra, o’quvchilarda darslarni o’zlashtirish qobiliyatining pasayishi payshanba va juma kunlariga to’g’ri keladi.
Bundan kelib chiqadiki, agar 4-o’qish kuni dars jadvaliga harakatlanish bilan bog’liq bo’lgan yengil fanlar qo’yilsa, tarbiyaviy soat va ekskursiyalar shu kunda o’tkazilsa, o’quvchilar dam oladi, natijada 5, 6-o’qish kunlarida ularning ish qobiliyati anchagina tiklanadi, natijada dars jadvaliga beshinchi va oltinchi o’qish kunlari qiyinroq fanlar qo’yilishiga imkon yaratiladi.
O’qitiladigan fanlar o’quvchilarning qaysi signal tizimini ishga solinishiga, statik va dinamik qismlarning nisbatiga qarab tabiatan har xil faoliyat ko’rsatishni ko’zda tutadi, bu holat o’quvchilardan aqliy jihatdan har xil darajada zo’r berishni talab yetadi. Bir-biriga yaqin bo’lib, markaziy asab tizimining bir xil bo’limlarini ishga soladigan fanlarni ketma-ket qo’yish, masalan, matematikadan keyin fizikani yoki tarixdan keyin geografiyani qo’yish yaramaydi. Juda charchatib qo’yadigan fanlarni ish qobiliyati yuqori bo’lgan davrda o’tkazish kerak. Bu nazorat ishlariga ham taalluqlidir. Bunday ishlarni kuchik sinflarda 2, 3-darslarda, o’rta va yuqori sinflarda 2, 4-darslarda o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, chorak va o’quv yilining oxirlarida bir kunda, bir haftada bir nechtadan nazorat ishi o’tkazish mumkin emas.
Dars jadvalini tuzishda ayniqsa yuqori sinf o’quvchilari uchun uy vazifalari hajmini ham hisobga olish zarur, chunki yuqori sinf o’quvchilari uy vazifalarini bajarishga talaygina vaqt sarflaydilar, natijada ularning uxlashi va ochiq havoda bo’lishi uchun vaqt kam qoladi.
Mehnat va jismoniy tarbiya darslariga ish qobiliyati pasayadigan paytlarni ajratgan ma’qul. Boshlang’ich sinflarda mehnat darsini uchinchi darsda, 5,7-sinf o’quvchilarining ustaxonalardagi amaliy mashg’ulotlarini esa ertalabki o’qishda 3, 4-darslarda, tushlikdan keyingilarda esa 1, 2-darslarda o’tkazish kerak.
Tanaffuslarga qo’yilgan gigiyenik talablar. Darslar o’rtasidagi tanaffuslar o’quv kuni davomida o’quvchilarning dam olishi uchun mo’ljallangan.
Fiziolog- gigiyenistlarning ma’lumotlariga ko’ra dam olish ikki bosqichdan iborat bo’ladi. Pasaygan ish qobiliyatini asliga keltirish va asl holatni mustahkamlashdan iborat. Dam olish faqat birinchi bosqich bilan cheklanadigan bo’lsa, u ko’ngildagidek natijani bermaydi. Organizmga hatto arzimas darajada bo’lsa ham, yana bir zo’r kelishi uni darrov charchatib, ilgarigidan ham battarroq toliqtirib qo’yadi.
10 daqiqali tanaffus darsdan keyingi charchoqni bosa olishi ko’p yillik tajribalarda aniqlangan. 2- yoki 3-darsdan keyingi katta tanaffus 30 daqiqa davom yetishi kerak. Mahalliy sharoitlarga qarab, 2- va 3-darslardan keyin 20 daqiqa davom etadigan ikkita katta tanaffus bo’lishi mumkin.
Shunisi ham borki, kun bo’yi o’qitiladigan maktablarda tanaffuslarning muddatini ko’pincha 5 daqiqaga qisqartirishadi. Bu mutlaqo noto’g’ri, chunki 5 daqiqali tanaffusda o’quvchi yetarlicha dam ololmaydi, bunda dam olish birinchi bosqich bilan chegaralanadi. Darslar oxirida o’quvchining ko’p charchashi va kam samara berishini hisobga olib, ikki smenali maktablarning ikkinchi smenadagi 5-6 darslarini va shu maktabning birinchi smenadagi 6-darslarini 35 daqiqagacha kamaytirib, katta tanaffus muddatini 30 daqiqaga uzaytirish hozirgi kun talabiga javob beradi.
Katta tanaffusda o’quvchilarning ovqatlanishini tashkil etish uchun ham foydalaniladi. 30 daqiqa ichida maktabdagi hamma o’quvchilarni ovqatlantirish qiyin. Shu bois, maktabda nonushtani ikki marta, kichik yoshdagi o’quvchilar uchun o’quv kunining o’rtasida, ya’ni ikkinchi tanaffusdan keyin va katta yoshdagi o’quvchilar uchun uchinchi tanaffusdan keyin bergan ma’qul. 20 daqiqali ikkita tanaffus qilinadigan bo’lsa, bu vazifani hal qilish oson. Tanaffus harakat qatlamiga erk berib, to’planib qolgan quvvatni tashqariga chiqarib yuboradi, bolalar uchun tabiiy bo’lgan harakat faolligini yuzaga chiqarish uchun imkoniyat tug’iladi. O’quvchilar dars paytida faqat dars og’irligidan emas, balki uzoq vaqt bir holatda o’tirishdan charchaydilar, tanaffuslarda faol dam olish, bolalarning ishchanlik faoliyatini oshiradi. Ammo tanaffusda haddan tashqari serharakat va shovqin suronli o’yinlar o’ynamaslik kerak. Bunday o’yinlardan, keyin bolalar sinfga charchab qaytadilar va ular uzoq vaqt diqqatini to’play olmaydilar. Shuningdek, badiiy adabiyot o’qish, shaxmat, shashka o’ynashi mumkin emas.
O’quv mashg’ulotlarini uyda tashkil etishga qo’yiladigan asosiy gigiyena talablaridan biri bu mashg’ulotlarning kundalik muddatiga rioya qilishdir. Maxsus tekshirishlar shuni ko’rsatdiki, uy vazifalari 1 sinfda 30-40 daqiqa, 2 sinfda 1 soat, 3-4-sinfda 1,5 soat, 5-6 sinflarda 2 soat, 7-8 sinflarda 2,5 soat, 9-11 sinflarda ko’pi bilan 3 soat davom etishi mumkin.
Sinfdan va maktabdan tashqari ishlar gigiyenasi. Sinfdan tashqari ishlarga jismoniy tarbiya va sport seksiyalarida, fan va havaskorlik to’garaklariga qatnashish kiradi, har bir o’quvchi faqat bitta to’garakka qatnashishi mumkin. Agar o’quvchi o’z xohishi bilan ikkita to’garakka qatnashmoqchi bo’lsa, bittasi albatta sport yoki havaskorlik to’garagi bo’lishi kerak, aks holda u charchaydi va salomatligi zaiflashadi. To’garak mashg’uloti uchun o’quvchi haftada 2-4 soat vaqt sarflashi mumkin. Har bir mashg’ulot vaqti 50-60 daqiqadan oshmasligi kerak.
Maktabdan tashqari ishlarga ijodkorlar uyi, bolalar klublari, ekskursiya va turistik bazalar yoki texniklar, tabiatshunoslar stansiyalari va bolalar teatrlariga qatnashish kabilar kiradi.
O’quvchi faqat bitta jamoat ishini bajarishi mumkin. Jamoat ishlari uchun 1-4 sinf o’quvchilari haftada 1-2 soat, 5-8-sinf o’quvchilari 3-4 soat, 9-11 sinf o’quvchilari 4-5 soat sarflashi mumkin deb belgilangan.
O’quvchilarning bo’sh vaqtlarini tashkil qilish. Boshlang’ich sinf o’quvchilarining kun tartibida 1-1,5 soat, o’rta va yuqori sinflarda 1,5-2,5 soat bo’sh vaqt hisobga olinadi. Bu vaqt o’quvchi qiziqqan mashg’uloti bilan shug’ullanishi (badiiy kitob, ro’znoma o’qish, televizor ko’rish, radio eshitish, rasm chizish, tikish, sport, havaskorlik va h. k.) mumkin.
O’quvchining dam olish kunini tashkil qilish. Uxlash, ovqatlanish, ertalabki gimnastika va yuvinish vaqtlari kun tartibida qanday bo’lsa, shundayligicha qoladi. Faqat maktabda o’qish va jamoat ishlari bilan shug’ullanish vaqti hisobiga o’quvchi ochiq havoda sayr qilishi kerak. Sharoitga qarab qayiqda, velosipedda, piyoda sayr qilib dam olishi, cho’milishi, sport o’yinlari va uy ishlari bilan shug’ullanishi mumkin.
Lekin kun bo’yi yotib dam olishi, bir necha soatlab televizor ko’rishi yoki aksincha bir necha soat o’ynab, haddan tashqari charchab qolmasligi kerak.
4.3. Kasb-hunar kollejlarida ta’lim tarbiya gigiyenasi
Ishlab chiqarish korxonalariga va qishloq xo’jaligiga yuqori malakali ishchi mutaxassislar korxonalarning o’zida hamda kasb-hunar kollejlarida tayyorlanadi.
Bo’lajak ishchi-mutaxassislarni korxonaning o’zida o’rgatishda bir qancha kamchiliklar va qiyinchiliklarga duch kelish mumkin, jumladan, aniq o’qish jarayoni, ya’ni kasbni o’zlashtirishga oid nazariy tushunchani amaliyot bilan hamjihatlikda olib borishga imkon bo’lmaydi.
Bundan tashqari, korxonalarda o’smirlarga kasbni o’rgatishga jalb qilingan injener-texnik xodimlarning aksariyati yetarli pedagogik ma’lumotga ega emas. Korxonalarning ko’pchiligi kasbga oid o’quv qurollari,jihozlar va xonalar bilan ta’minlanmaganlar. Shu sababli, bo’lajak ishchi tanlagan kasbi bo’yicha to’liq ma’lumot va qulay ish uslubi to’g’risida yetarli darajada tushuncha ololmaydi. Bu esa tanlagan kasbi bo’yicha yetuk mutaxassis bo’lishiga imkon bermaydi.
Zamonaviy korxona ishchining ish uslubini tubdan o’zgartirib yubordi. Bunda kasb egasidan jismoniy ishga nisbatan ko’proq aqliy mehnat talab qilinadi. Jumladan, o’rta ma’lumotlilar to’liqsiz o’rta ma’lumotlilarga nisbatan, yangi texnikani va texnologik jarayonni ikki marta tez o’zlashtirish qobiliyatiga ega ekanliklari aniqlangan.Zamonaviy mutaxassis ishchilarni hunar-texnika kollejlarida tayyorlash usullarini takomillashtirish va shu bilan birga xalq xo’jaligining bo’lajak malakali ishchiga bo’lgan talabni hisobga olgan holda, rejali ravishda tayyorlash lozim.
Kasb tanlashning asosiy negizida o’smirlarning aynan tanlangan kasbiga qiziqishini hisobga olish ahamiyatlidir. Bo’lajak kasbni tanlashda jamiyatshunoslar, ruhshunoslar, shifokorlar, muallimlar, iqtisodchilar, ota-onalar, korxona ilg’orlari, faxriylari va tajribali keksa ishchilar qatnashishi foydadan xoli emas..
Sog’lom o’smirlarga ham, sog’lig’ida biror o’zgarishi borlarga ham, xastaliklarini hisobga olgan holda kasb tanlash zarur.
Bo’lajak kasb, o’smirning layoqati, uning organizmiga xos fiziologik funksiyasini, shaxsan tanlangan kasbni korxona sharoitida bajarishda kuzatiladigan omillar ta’siriga munosabatini aniqlash orqali belgilanadi. Agar o’smirda surunkali kasallik yoki funksional o’zgarishlar bo’lsa, bo’lajak kasbga yaroqliligini aniqlash uchun korxonada ishlash jarayonida kuzatiladigan o’zgarishlar va organizmning shu sharoitga ichki imkoniyatlarini ishlatishi tufayli ish bajarishi (kompensasiya) mumkinligini hisobga olish zarur.
O’smirlarda tashqi muhit omillariga ko’nikish (adaptatsiya) xususiyati kattalarga nisbatan juda past, kompensatorlik faoliyati esa kattalarga nisbatan yuqoridir, shu sababli shifokor qanday ishlarga bemor o’smirlarni qo’yish mumkin yemasligiga qatiy rioya qilishi kerak.
Umumta’lim maktabidan o’smirlarning kasb-hunar kollejlariga o’tishi ularning ijtimoiy qarashini o’zgartirib, maktabda hosil bo’lgan stereotip buzilishiga olib keladi. Bunda umumiy hamda hunar o’rganishga oid darslar soni ko’payadi, kasbga o’rgatish jarayoni oshadi. Natijada, o’smir birinchi marta korxonada uchraydigan omillar bilan to’qnashadi. Ishni boshlash davrida o’smirlar organizmida korxona omillariga nisbatan moslashish (adaptatsiya) alomatlari kuzatiladi. Shu tufayli o’smirlar bajaradigan ishga gigiyenik jihatdan tadbirlar ishlab chiqish, o’smir uchun yangi bo’lgan korxona omillariga o’rganishda sharoit yaratish muhimdir.
|