4.4. Kasb-hunar kollejlarida dars va dars jadvallariga qo’yilgan gigienik talablar
Kasb-hunar kollejlaridagi o’qish jarayoni umum o’rta maktablardan bir muncha farq qiladi. Shu sababdan ham har ixtisoslashgan kasb-hunar kollejiga tavsiya qilinadigan asosiy gigiyenik tadbirlardan biri, o’zlashtirish kerak bo’lgan ma’lumotlarni asta-sekin ko’paytirish hamda dars jadvalini tuzishda o’quv darslarini korxonadagi mashg’ulotlar bilan aralashtirib, oqilona tuzishdir.
Kasb-hunar kollejlarida dars jadvallari talabalar organizmining anatomo-fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda tuzilishi kerak. Nazariy va amaliy mashg’ulotlar jadvali, o’quv ustaxonalarini aniq sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqqan holda tuziladi. Nazariy va amaliy mashg’ulotlar qat’iy reja asosida belgilanadi. Amaliy mashg’ulotlar tartibi har bir kollej yo’nalishidan kelib chiqadi.
O’quv va korxona tartibini belgilashda o’smirlar zimmasiga tushadigan umumiy og’irlik, ularning yoshi va ish bajarish qobiliyatini hisobga olish lozim. Shunda organizmda dinamik stereotip shakllanib, hosil bo’lgan shartli refleks tufayli ish bajarish qobiliyatini sekin-asta fiziologik sharoitda oshirish mumkin bo’ladi. Dinamik stereotip o’smirlarda o’z-o’zidan shakllanmaydi, bu ish bajarishni takomillashtirish, unga o’rganish va ko’nikish natijasida yuzaga keladi.
Nazariy darslar shovqindan, tebranishlardan va boshqa korxonalarda kuzatiladigan, organizmga salbiy ta’sir ko’rsatadigan omillardan chegaralangan alohida xonalarda o’tkazilishi kerak. Kasb-hunar kollejlarida 30 talabaga mo’ljallangan o’quv xonasining sathi 50 m2, o’quv xonalari va laboratoriyalar sathi 60-90 m2, chizmachilik xonalari esa 90 m2 bo’lmog’i lozim.
O’smirlarning korxonada kasb o’rganishiga ajratilgan vaqt bir haftada 36 soatdan oshmasligi kerak. Nazariy dars vaqti 50 daqiqadan bo’lishi kerak. Kasb-hunar kollejlarida dars jadvali bir yilga tuziladi. Dars jadvalini tuzishda fanlarning talabalar tomonidan qay darajada o’zlashtirilishi hisobga olinishi kerak. Shunga ko’ra barcha fanlar 4 guruhga bo’linadi: birinchi darajali qiyin fanlar - matematika, fizika, chet tili, ikkinchi darajali qiyin fanlar - kimyo, maxsus texnologiya, uchinchi darajadagi fanlar - materialshunoslik, ishlab chiqarish texnologiyasi va uni tashkil qilish, to’rtinchi darajadagi fanlar - jismoniy tarbiya, boshlang’ich harbiy ta’lim.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 27-mayidagi «O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari» to’g’risidagi 271-sonli qaroriga asosan o’quv rejasidagi jismoniy tarbiya fani har bir semestrda 2 soat o’rniga 4 soatdan o’qitiladi. Tanlov fanlar soatlari maxsus fanlar blokiga kiruvchi fanlar sifatida kollej Pedagogik Kengashi qaroriga ko’ra o’zgartirilishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi nazariyasi 20 s, buxgalteriya hisobi -40 soat, mebellar texnologiyasi - 20 s. avtomobillar tuzilishi 40 s, avtomobilsozlik asoslari 20 s va h.k. Uchinchi bosqichdagi ishlab chiqarish amaliyoti oldidan talabaga bitiruv ishi vazifasi beriladi, bu ishlarni talaba ushbu amaliyot jarayonida bajarishi lozim.
15 yoshli o’smirlar uchun korxonada o’tkaziladigan amaliy darslar muddati 4 soat, 16-17 yoshlilarga esa 6 soatdan oshmasligi kerak. Yoshi 18 ga to’lgan o’smirlar uchun bir kunlik ishlash muddati katta yoshdagilarning ish muddatiga tenglashtiriladi.
Birinchi o’quv yilida korxonada kasbga o’rganish va amaliy mashg’ulotlar faqat sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan o’quv ustaxonalarida va bo’lim (sex)larda olib borilishi kerak. Bunda trenajerlar hamda texnik vositalarni qo’llash (TSO) tavsiya etiladi. Ikkinchi va uchinchi o’quv yilida mehnat darslari sanitariya-gigiyena qoidalariga javob beradigan ustaxonalar va o’quv auditoriyalarda o’tkazilishi lozim.
Korxonalarda kasbni o’rganishga bag’ishlangan amaliy darslar davomiyligini sekinlik bilan uzaytirish darkor, bu muddat o’smirlar yoshiga qarab 3 soatdan 6-8 soatgacha uzayishi mumkin. Tanaffuslarning vaqti jismoniy yuklamalarga, talaba gavda holatining tez-tez o’zgarib turishiga, shovqin va ko’zga ta’sir etuvchi ta’sirotchilarning ta’sir darajasiga qarab belgilanadi. Tanaffuslar birinchi o’quv yilida 50 daqiqadan so’ng 10 daqiqali, ikkinchi o’quv yilida 1,5 soatdan, uchinchi o’quv yilida 2 soatdan so’ng o’tkaziladi. Har bir nazariy darsdan so’ng 10 daqiqali tanaffus belgilanadi.
4.5. Maktab yoshidagi bolalarning kun tartibi
Maktab va litsey o’z ishini oila bilan uzviy holda olib boradi.Bu uzviylikning asosiy maqsadi bolalarga ta’lim va tarbiya berishdir.
I.P. Pavlovning oliy asab faoliyati va markaziy asab tizimining koordinatsiyasi hamda boshqarish vazifasi haqidagi ta’limoti kun tartibni shunday tuzishga asos bo’ladiki, unda ish bilan dam olishni, shuningdek, mashg’ulotlarning xilma-xil turlarini ketma-ketligi hisobga olinishi zarur.
O’quvchilarning kun tartibini va o’quv yuklamasini o’rganishda organizmdagi fiziologik muvozanatni har xil faoliyat turlari - dam olish, ovqatlanish, uyqu va boshqalarni birgalikda olib borish natijasida bolalarning ish qobiliyatini tezroq tiklash haqidagi masala dolzarb masalalardan biridir. Tashqi muhitning qulay sharoiti ta’sirida bola va o’smirlar organizmi o’sib, ulg’aya boradi. Kun tartibi to’g’ri tashkil etilganda bola charchamaydi, asab tizimida stereotiplar vujudga keladi, bolalar intizomli va tarbiyali bo’la boradi. Kun tartibiga rioya qilinmaganda esa bola to’liq dam olmasdan toliqib qoladi, uyqusi, ishtahasi yomonlashadi, asabi buziladi, ish qobilyati pasayadi.
O’quvchilarning uzoq, vaqt davomida ish qobiliyati va asab tizimi qo’zg’alishini yuqori darajada saqlashda kun davomida mehnat va dam olish vaqtlarining oqilona taqsimlanishini ta’minlay oladigan kun tartibi katta ahamiyatga ega.
Maktab o’quvchilarining kun tartibini tuzishda asab tizimisining funksional biologik ritmi asos qilib olindi. Ko’pchilik sog’lom yosh bolalarda bosh miya yarim sharlari qo’zg’alishining yuqori ko’rsatkichlari ertalabki va kunduzgi soatlarda, uning pasayishi esa kechki soatlarda kuzatiladi. Kuzatishlarning natijalariga ko’ra, bolalar va o’quvchilarning ish qobiliyatlari ko’rsatkichlarining o’zgarishini, ya’ni kun davomida bu ko’rsatkichning 2 barobar ortishini (birinchisi soat 8 dan 12 gacha, ikkinchisi 16 dan 18 gacha bo’lishi) aniqlandi. Ish qobiliyatining birinchi ko’tarilishi, ikkinchisiga nisbatan yuqori va davomliroq bo’ladi. Lekin hamma bolalarda ham yuqori bioritmik holat shu oraliqda ko’zatilavermaydi. Masalan, kichik maktab yoshidagi bolalarning fiziologik funksiyalarining davriy o’zgarishini maxsus tadqiq qilish ularni turli xarakterdagi bioritm guruhlariga ajratish imkonini beradi. Birinchi guruhni kun mobaynida fiziologik ko’rsatkichlari 2 barobar ortadigan bolalar, ikkinchi guruhni esa funksional ko’rsatkichlari kunning o’rtasida bir barobar ko’tariladigan bolalar tashkil etadi. Uchunchi guruhga yuqori funksional ko’zg’alishga ega bolalar, to’rtinchi guruhga esa yuqoridagi ko’rsatkichlarga ega bo’lmagan bolalar kiradi.
O’quvchilarning kun tartibini organizm fiziologik funksiyalarning tabiiy ortishi va pasayishi davrlariga mos kelgan ravishda tuzish mumkin. U quyidagi tarkibiy qismlarni o’z ichiga oladi:
1. Maktab va uydagi o’quv mashg’ulotlarini;
2. Ko’proq ochiq havoda dam olishni;
3.Muntazam va to’laqonli ovqatlanish va yertalabki badantarbiya bilan shug’ullanishni;
4. Gigiyenik jihatdan to’laqonli uyquni;
5. O’z xohishiga qarab tanlagan mashg’ulotlarga (badiiy kitob o’qish, musiqa bilan shug’ullanish, rasm chizish va boshqalar) ham vaqt ajratishni o’z ichiga oladi. Kun tartibining noto’g’ri bo’lishi, ayniqsa to’yib uxlamaslik bosh miya po’stlog’ining tiklanish jarayonlariga hamda o’quvchilarning ish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
Gigiyenik qoidalarga asoslanib tuzilgan kun tartibi o’quvchining kun bo’yi bajaradigan asosiy faoliyati turlarini me’yorlashga, aqliy va jismoniy mehnatini, dam olishini to’g’ri olib borishiga imkoniyat yaratib beradi. Maktab dasturi o’quvchilarning aqliy faoliyatini jadallashtirishni to’g’ri rejalashtirish imkonini bermas ekan, o’quv jarayoni va bolalar sog’ligini saqlash uchun ko’zlangan maqsadga erishish borasida qilinadigan harakatlar samarasiz bo’ladi.
Kun tartibiga qat’iy rioya qilmaslik o’sib kelayotgan organizmga juda salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’quvchilarning ish qobiliyati pasayib, fanlarni o’zlashtirishi yomonlashadi, vaqt o’tishi bilan sog’lig’ida salbiy o’zgarishlar paydo bo’ladi. Kun tartibi ayrim bandlarining muntazam takrorlanib, turishi organizm hayot faoliyatining ma’lum bir maromga tushib ketishini ta’minlaydi. Bola ma’lum bir vaqtda uyg’onishga o’rganadi, ma’lum soatlarda qorni ochganini, kuch-quvvatga to’lib-toshganini, ma’lum bir vaqtda charchaganini sezadi. O’quvchining kun tartibi organizmning jismoniy va ruhiy imkoniyatlariga mos tarzda tuzilishi hozirgi zamonning eng to’la qonli dolzarb muammosidir.
O’quvchining kuni ertalabki gigiyenik gimnastika mashg’ulotlari bilan boshlanadi (1, 2-jadvallar). Ertalabki badantarbiya va sovuq suvda yuvinish va hullangan sochiq bilan artinish bolalarning uyqusini qochirib, o’quv faoliyatiga tez kirishib ketish imkonini beradi.
2-jadval
O’quvchilarining taxminiy kun tartibi (1-smena)
Kun tartibining tarkibiy qismlari
|
1-4-sinf (vaqti)
|
5-7- sinf (vaqti)
|
8-11-sinf (vaqti)
|
Ertalabki uyqudan turish.
|
7.00
|
7.00
|
7.00
|
Ertalabki badantarbiya, chiniqish muolajalari (artinish,dush) o’rin yig’ish, ,yuvinish
|
7.30 gacha
|
7.30 gacha
|
7.30 gacha
|
Ertalabki nonushta
|
7.50 gacha
|
7.50 gacha
|
7.50 gacha
|
Maktabga yo’l olish
|
8.20 gacha
|
8.20 gacha
|
8.20 gacha
|
Maktabdagi darslar
|
8.30-12. 30
|
8.30-14.00
|
8.30-14.00
|
Maktabdan qaytish yoki sayr qilish
|
13.00 gacha
|
14.30 gacha
|
15 gacha
|
Tushlik
|
13.30
|
14.30
|
15.30
|
Dam olish (7 yoshli bolalar uchun uyqu) ochiq havoda sayr, harakatli o’yinlar
|
14.30 gacha
|
15.00 gacha
|
16.00 gacha
|
Uy vazifalarini tayyorlash
|
16.00 gacha
|
16.00 gacha
|
17.00 gacha
|
Ochiq havodagi sayrlar va o’yinlar
|
17.30 gacha
|
19.00 gacha
|
20.00 gacha
|
Uy vazifalarini tayyorlash
|
19.00 gacha
|
20.00 gacha
|
21.00 gacha
|
Kechki ovqat, erkin mashg’ulotlar( kitob o’qish, uy ishlariga yordam berish, musiqa eshitish)
|
20.00 gacha
|
21.00 gacha
|
21.30 gacha
|
Uyquga tayyorlanish va xonani shamollatish
|
20.30
|
21.30
|
22.00 gacha
|
Tungi uyqu
|
21.00
|
22.00
|
22.30
|
Ertalabki badan-tarbiya asab tizimi tonusini oshirib, ichki organlar, ayniqsa yurak-tomirlar tizimi ishini yaxshilab, bolani tetiklashtiradi va ancha irodali bo’lishiga yordam beradi. Ertalabki badan-tarbiyani uyqudan uyg’ongandan 10-15 daqiqa o’tgach, yaxshi shamollatilgan xonada o’tkazish kerak. Gimnastikaning davomiyligi 10-20 daqiqadan ortmasligi, avval yengil mashqlarni bajarib, asta-sekin yuklamani oshirib borish lozim. Mashg’ulotdan so’ng tomir urishi bir oz tezlashadi, bu fiziologik norma chegarasidagi holat bo’lib, birmuncha vaqtdan so’ng normaga qaytadi. Ertalabki badan-tarbiyada cho’zilish, bukilish, gavdani aylantirish, yurish sakrash, sekinroq yugurish va boshqalardan foydalanish mumkin. Ertalabki badan- tarbiya mashg’ulotlarida 5-8 ta mashq bajariladi, har bir mashq 2-3 martadan 8-10 martagacha takrorlanadi. Nafasni uzoq vaqt to’xatib turadigan mashqlarni qilmaslik kerak. Mashg’ulotlar paytida yengil kiyim kiyib olish lozim, yotib bajariladigan mashg’ulotlar uchun kichik gilamcha bo’ladi.
O’quvchi uyda maxsus jihozlangan joyda qaddini to’g’ri tutib, boshini qiyshaytirmasdan, tirsaqlarini stol ustiga qo’ygan holda o’tirib dars tayyorlashi kerak. Yorug’lik yetarli bo’lmasa, ko’z muskullari tez charchaydi. Shuning uchun yorug’lik normal bo’lishi va chap tomondan tushushi kerak. O’qiyotganda kitobdan ko’zgacha bo’lgan masofa 40 sm bo’lishi shart. To’xtamay uzoq vaqt yozish o’quvchini charchatadi. Shuning uchun, 7-10 yoshli o’quvchi tinimsiz 10 daqiqa, 10-12 yoshda 15 daqiqa, 12-15 yoshda 20 daqiqa, 15-18 yoshda 25-30 daqiqa yozishi mumkin.
3-jadval
O’quvchilarning taxminiy kun tartibi (2-smena)
Kun tartibining tarkibiy qismlari
|
3-4-sinf (vaqti)
|
5-7-sinf (vaqti)
|
8-11-sinf (vaqti)
|
Ertalab o’rindan turish
|
7.30
|
7.30
|
7.30
|
Ertalabki badantarbiya, chiniqtiruvchi muolajalar (artinish, dush) kiyinish, xonani yig’ishtirish
|
7.30-8.00
|
7.30
|
8.00
|
Ertalabki nonushta, uy ishlariga qarashish
|
8.00-9.00
|
8.00
|
9.00
|
Uy vazifani bajarish, ish joyini yigishtirish, kitob- daftarni tartibga solish. Ruzg’or ishlariga qarashish.
|
9.00-11.00
|
9.00-11.30
|
9.00-12.00
|
Erkin mashg’ulotlar, ochiq havoda bo’lish (harakatli ko’ngil ochar o’yinlar)
|
11-13
|
11.30-13.00
|
12.00-13.00
|
Tushlik
|
13.00-13.30
|
13.00
|
13.30
|
Maktabga yo’l olish
|
|
13.30-14.00
|
|
Darslar, darsdan tashqari jamoat ishlari
|
14.00-18.30
|
14.00-20.00
|
14-20
|
Uyga qaytish va sayr.Ochiq havoda bo’lish va sayrlar
|
19.00-19.30
|
20.00-20.30
|
20-20.30
|
Kechki ovqat va erkin mashg’ulotlar (ijodiy ishlar, badiiy adabiyot o’qish, musiqa tinglash),
|
19.30-20.30
|
19.30-20.30
|
19.30-20.30
|
Uyquga tayyorlanish (kiyimlarni tartibga solish, xonani shamollatish, yuz-qo’lni yuvish)
|
20,30-21,30
|
21.00-21.30
|
22.30-22,30
|
Tungi uyqu
|
21.00
|
22.00
|
22.30
|
Bola dars tayyorlashdan oldin va keyin hamda uyqudan oldin bo’sh vaqtlarini ko’proq ochiq havoda o’tkazishlari lozim. Kichik maktab yoshidagi o’quvchilar ochiq havoda 3-3,5 soat, o’rta maktab yoshidagilar 2,5-3 soat va yuqori sinf o’quvchilari 2 soatdan kam bo’lmasligi kerak.
O’quvchi tushlik ovqatini yeb bo’lib, dam olganidan keyin kechi bilan soat 16.00 da uy vazifalarini bajarishga kirishishi lozim. O’quvchilarning nonushta va tushlikdan keyin ochiq havoda bir oz o’ynab kelib, keyin dars tayyorlashi maqsadga muvofiqdir.
14-17 yoshni fiziologlar va shifokorlar oraliq yosh deb hisoblashadi, chunki shu yoshda o’smir organizmi zo’r berib rivojlanib, balog’atga yetib boradi, markaziy asab tizimi holatida va o’smirning yurish-turishida o’zgarishlar sodir bo’ladi.
14-17 yoshli o’quvchining o’quv dasturi ancha og’ir bo’ladi, chunki o’quvchi va talabalar imtihonlarga ham tayyorgarlik ko’radi, imtihonlarga tayyorlanish va ularni topshirish davrida organizm hammadan ko’p zo’riqadi. Mana shu davrda kun tartibiga puxta amal qilish, tunda yetarlicha qoniqib uxlashi kerak. Ish qobiliyatini kun bo’yi yuksak darajada saqlab qolish uchun o’quvchilarga kunduzi 1,5-2 soat uxlab olib, keyin bir soat ochiq havoda sayr qilish tavsiya etiladi. O’quv mashg’ulotlari paytida har 45 daqiqadan keyin 10-15 daqiqa tanaffus qilib turish lozim.
O’quvchi qanchalik yosh bo’lsa, mehnat qobiliyatini tiklanishi uchun shunchalik ko’p vaqt kerak bo’ladi. O’quvchining yoshiga qarab tungi uyquning fiziologik me’yorlari belgilangan.
Uyqu asab tizimini toliqib qolishdan saqlaydi. Uxlaganda organizmdagi hamma a’zo va to’qimalar, jumladan, bosh miya po’stlog’i ham orom oladi. Nerv hujayralari oziq moddalar zaxirasiga to’lib, quvvat yig’adi, organizm yangi mehnat kuniga tayyorlanadi.
Odam qattiq va miriqib uxlashi uchun malum bir soatda yotishga o’rganishi, uxlashdan 1-1,5 soat oldin hyech qanday aqliy ish bilan shug’ullanmasligi kerak.
Uyquga qoniqmaslik o’quvchilarning ish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Uxlashdan oldin xonani shamollatish, xona harorati 16-170C bo’lganda deraza yoki fortochkani ochib qo’yish kerak.
Maktabdagi mashg’ulotlardan keyin ochiq havoda sayr qilish, serharakat o’yinlar o’ynash kuch-quvvatni tiklashga yaxshi ta’sir ko’rsatadi.
Aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatning, almashinib turishi ish qobiliyatini oshiradi. Yurak-tomirlar tizimi, nafas a’zolari faoliyatini yaxshilaydi, moddalar almashinuvini kuchaytiradi.
Maktabdan va sinfdan tashqari ishlarning (sport mashg’ulotlari, turistik safarlar, to’garak ishi, jamoat ishi, adabiy kechalar, muzeylarga borish va boshqalar) o’quvchilarga zavq bag’ishlab, kuch-quvvatlari va aqliy mehnat qobiliyatlarini oshirishga ijobiy ta’sir qiladi.
Ba’zi to’garaklarga qatnashishga ancha vaqt va kuch sarflanadi, buni unutmaslik kerak (modellar yasash, radio, foto, havaskorlik to’garaklari va boshqalar). Mashg’ulotlar ko’pi bilan haftasiga 1-2 marta, 50-60 daqiqadan o’tkazilgani ma’qul.Sinfdan tashqari ish va jamoat ishlarini tushlikdan so’ng, ochiq havoda dam olib bo’lgandan keyin o’tkazish kerak.
Aqliy mehnat bilan shug’ullangandan keyin albatta dam olish, badantarbiya mashqlari bilan shug’ullanish lozim (kerishish, gavdani pastga egish, o’tirish-turish) va hatto uy ichida aylanib yurish ham charchoqni yozib, ish qobiliyatini tiklaydi. Dam olish kunlari va maktab ta’tillari paytida imkon boricha ko’proq ochiq havoda yurish, sport o’yinlari, ekskursiyalar, sayohatlar uyushtirish organizmni chiniqtiradi va aqlni oydinlashtiradi..
Kuni uzaytirilgan sinflarda bolalar uchun mo’ljallangan kun tartibi o’rta umumta’lim maktabidagidan birmuncha boshqacharoq tuzilishi kerak.
4.6. Kuni uzaytirilgan sinf bolalari uchun taxminiy kun tartibi
8.30-9.00 - Bolalarning yig’ilishi. Ertalabki gimnastika.
9.00-9.35 - Ertalabki birinchi dars.
9.35-9.55 - Birinchi tanaffus (serharakat o’yinlar).
9.55-10.30 - Ikkinchi dars.
10.30-10.50 - Ikkinchi tanaffus, issiq ovqat bilan nonushta.
10.50-11.25 - Uchinchi dars.
11.25-12.25 - Dinamik mashg’ulotlar (uyushgan, serharakat o’yinlar, sayr, kiyimni o’zgartirib olish uchun vaqt).
12.25-13.00 - To’rtinchi dars.
13.00-13.30 - Tushlik.
13.30-15.45 - Uyqu.
15.30-15.45 - O’rinni yig’ishtirish, yuvinish.
15.45-16.20 - Bolalarning qiziqishiga qarab o’tkaziladigan mashg’ulotlar. Osoyishta o’yinlar.
16.20-16.40 - Kechki tushlik.
16.40-18.00 - Toza havoda sayr qilish, serharakat o’yinlar o’ynash.
Shanba kuni o’qilmaydi.
Internat maktablarning quyi sinfida tarbiyalanuvchilar uchun sinfda o’tkaziladigan va mustaqil mashg’ulotlar har kuni uzog’i bilan 4-5 soat, 5-8-sinf o’quvchilarining mashg’ulotlari 5-6 soat, yuqori sinf o’quvchilarining mashg’ulotlari 8 soatdan oshmasligi lozim.
Quyi sinflarda tarbiyalanuvchilar kuniga 3,5-4 soat, yuqori sinf o’quvchilari 2-3 soat ochiq havoda bo’lishlari kerak.
O’quvchilar bo’sh vaqtlarini ko’proq o’z qiziqishlariga qarab o’tkazadilar. Uning davomiyligi kichik maktab yoshidagi o’quvchilari uchun 1,5-2,5 soatni tashkil qiladi (badiiy kitob o’qish, rasm chizish, bichish-tikish, telekursatuvlar va filmlar ko’rish va uy ishlariga yordam berish kerak).
To’garaklarga, sport seksiyalariga qatnashish boshlang’ich sinflarda 45 daqiqadan haftasiga 2 marta, o’rta va yuqori sinflarda 1,5-2 soatdan ko’p bo’lmasligi kerak.
O’z-o’ziga xizmat qilish va ijtimoiy foydali mehnat turlaridan maktabda, internat va boshqa muassasalarida bolalar quyidagilarga: o’rinni yig’ish, oyoq kiyim va ko’ylaklarni ozoda tutish, xonadagi yengil ishlarni bajarishda ishtirok etish (xonani shamollatish, changlarni artish, supurish, gullarga suv quyish), oshxonada navbatchilik qilish, hovli ishlari (xazonlarni yig’ishtirish, gul va daraxtlar ekish va ekinlarni sug’orish, jonli burchakda hayvonlarni parvarishlash va boshqalar).
10-13 yoshdagi bolalar uchun o’z-o’ziga xizmat qilishdan tashqari quydagi mehnat turlari tavsiya etiladi: o’z kiyim boshlarini yuvish, ta’mirlash, tikish-bichish, hovlida ozodalik va tartibni saqlash, sabzovat hosilini yig’ishtirish va h.k.
14-15 yoshli bolalar ijtimoiy-foydali mehnat va o’z-o’ziga xizmat qilish, jumladan, yotoqxonalarni tozalash, tayyor ovqatlarni idishlarga quyish kabi ishlarni ham bajarishi mumkin. Ularni qishloq, xo’jalik tajriba, uchastkasidagi ishlarga ham jalb qilish maqsadga muvofikdir.
Ijtimoiy-foydali mehnat bilan uzluksiz shugullanish salbiy tasirlarni oldini olish uchun uning davomiyligi 1-4-sinf o’quvchilari uchun 30 daqiqa, 5-9-sinf uchun 40 daqiqa, 10-11-sinflar uchun 1,5 soatdan oshmasligi kerak. Barcha ishlarni bajarishga o’quvchilarning salomatliklari va jismoniy imkoniyatlarga qarab ruxsat yetish kerak.Barcha yoshdagi bolalar kun tartibida o’z-o’zini tartibga keltirish, ozodalik va gigiyenik tadbirlarni bajarish uchun yetarli vaqt ajratishi kerak.
Ilmiy tekshirishlar uzaytirilgan guruhar kun tartibi noto’g’ri tuzilgan bolalar uzoq vaqt dars tayyorlab, ochiq havoda kam bo’lishlarini ko’rsatadi. Bu esa organizmning funksional holatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, xususan oksidlanish-qaytarilish jarayonlari yomonlashadi, toliqish belgilari kuchayadi. Ochiq havoda yetarli vaqt mobaynida o’tkazilgan harakatli ko’ngil ochar o’yinlarga vaqt ajratish, uy vazifalarini unumli va tez sur’atlar bilan bajarishga imkon yaratadi.
O’quvchini yoshligidan yotgan joyini ozoda tutishga, yopingan ko’rpasini yig’ishtirishga, kiyim boshini tartibga solishga, kechqurin va yerta bilan yuvinishga o’rgatib borish zarur.
Televizorni boshlang’ich sinf o’quvchilari haftada 3-4 marta kuniga 1-1,5 soatdan, yuqori sinf o’quvchilari 4-5 marta 2-2,5 soatdan undan 2-2,5 m uzoqda o’tirib, qad-qomatni to’g’ri tutgan holda ko’rishlari mumkin. Yotib yoki yonboshlab televizor kurish mumkin yemas.
Boshlang’ich sinf o’quvchilari kechki soat 8 va 9 larda, yuqori sinf o’quvchilari kechki soat 10 da uyquga yotishi kerak.
Har kuni bir vaqtda ovqatlanishi shart, shunda ovqatlanish vaqti yaqinlashganda ishtaha paydo bo’ladi, ovqat tez va yaxshi hazm bo’ladi.Bolaning bir kunlik yeydigan ovqati organizmida sarflangan zahira moddalar o’rnini to’ldirishi lozim.
Pedagoglar o’quvchilarda kun tartibini bajarish ko’nikmasini hosil qilishlari kerak. Har o’quv yilining boshida sinf rahbari ota-onalarni va o’z sinfi o’quvchilarini taxminiy kun tartibi bilan tanishtiradilar. Bu tartib asosida har bir o’quvchi uy sharoitiga qarab o’zining kun tartibini belgilaydi.
Maktab internatlarda kun barcha uchun shart bo’lgan ertalabki badantarbiyadan boshlanadi. So’ngra o’rin va xonalar tartibga solinadi, yuz-qo’l yuviladi, nonushta qilinadi, sayr va o’quv mashg’ulotlari boshlanadi. Tushlik va sayrdan so’ng tarbiyalanuvchilar uy vazifalarini bajaradilar. Shundan keyin to’garak mashg’ulotlari o’tkaziladi, o’z xohishiga qarab sarf qilish uchun bo’sh vaqt ham beriladi. 1-4-sinf o’quvchilari soat 20.30 da, 5-8-sinf o’quvchilari soat 21.00-22.00 da uxlashga yotadilar.
O’quvchilarning imtihonga tayyorlanish vaqtidagi kun tartibi. Imtixon topshirish bilan bog’liq bo’lgan, zo’r berilgan aqliy faoliyat, his-xayajon, uxlash va dam olish tartibining buzilishi, o’quv yili oxirida vujudga kelgan ish qobilyatining pasayishi bola organizmining funksional faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’quvchilar charchog’likdan, yomon uyqu va ishtahadan shikoyat qiladilar, ba’zi o’quvchilarda esa qon bosimining oshib ketishi kuzatiladi.
Imtihonlarga tayyorlanish vaqti ham ertalab o’rindan turish, kechqurin uyquga ketish, ovqatlanish, ochik havoda bo’lish vaqtlari odatdagidek bo’lmog’i lozim. Imtihonlarga tayyorlanish mashg’ulotlari esa organizmni funksional faolligi yuqori bo’lgan ertalabki saotlarda o’tkaziladi. Imtihonlarga tayyorlanish vaqtida esa o’quvchilar boshqa mashg’ulotlardan ozod qilinadalar. Bir kunda bolalar ko’pi bilan 9 soat mashg’ulotlarda qatnashmog’i lozim.
O’quv yili davomida o’quvchi ma’lum kun tartibiga moslashadi. Shuning uchun ham imtihon davrida kun tartibini ilgarigidek qolaverishi lozim, ya’ni o’quvchining dars tayyorlash (aqliy mehnat bajarish)ga sarflanadigan vaqti ko’paymasligi, jismoniy tarbiya bilan shug’ullanishi, uxlashi aslo kamaymasligi kerak.
Har bir imtihonga tayyorlanish uchun kamida 3-4 kun vaqt berilishi kerak. Imtihon vaqtida begona kishilarning ishtirok etishi, savol berishi mumkin emas, chunki o’quvchi hayajonlanib bilgan narsalarini unutib qo’yishi mumkin.
Surunkali kasalliklar bilan og’rib, quvvati ketgan, yuqumli kasalliklardan yendi tuzalib, o’qishga qaytgan o’quvchilar tibbiy xulosa va maktab pedagoglar kengashi qaroriga asosan imtihonlardan ozod qilinadi.
Dam olish va ta’til kunlaridagi kun tartibi. Kun tartibida iloji boricha yetarli uyqu va ochik havoda bo’lishga e’tibor beriladi. Harakatli o’yinlar, sport o’yinlari va mashg’ulotlari va turistik sayohatlarga keng yo’l berilishi lozim. Kitob o’qish uchun, teatr va konsertlarga borish uchun sarf bo’ladigan vaqt bir tekis taqsimlanishi zarur. Har kuni uy yumushlariga yordam berish va ijtimoiy-foydali mehnat bilan shug’ullanish uchun ham vaqt ajratiladi. Dam olish va ta’til kunlari bolalarda yerkin ijod bilan mashg’ul bo’lishga yetarli vaqt bo’lishi kerak. Uxlash va o’z-o’ziga xizmat qilish vaqtlari bolalarning yoshlariga qarab belgilanadi.
Yozgi ta’til kunlari oromgohlarda ommaviy sog’lomlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Oromgohlar (lagerlar) kun tartibida ochiq havoda bo’lish, tabiiy sog’lomlashtirish omillaridan unumli foydalanish, yetarlicha uyqu, jismoniy tarbiya va sifatli ovqatlanishga keng o’rin beriladi.
Uyqu o’quvchi kun tartibining muhim qismlaridan biridir. Uyquga bo’lgan talab bolalar yoshiga bog’liq ravishda o’zgaruvchan bo’ladi.
Bolaning yoshi Uyquning davomiyligi
7-10 11-10 soat
11-14 10 soat
15-18 9 soat
Tez-tez kasallikka chalinuvchan, nimjon, quvvatsiz, sil va bod kabi qator kasalliklar bilan og’rigan bola organizmi uzoqroq vaqt uxlashga muxtojdir. Davolash va sog’lomlashtirish muassasalarida yoshidan qatiy nazar hamma bolalar kunduzi uxlashlari lozim.
So’nggi yillarda o’quvchilarning kun tartibini o’rganish ko’p bolalarda uyquga to’ymaslik hollari tez-tez uchrab turishini ko’rsatdi. Bunga sabab, birinchidan o’qish vaqtli 8.00 da boshlanishi tufayli erta turish bo’lsa, ikkinchidan, uyquga kech yotishdir. Uyquga kech yotish uy vazifalarni uzoq tayyorlash, shu sababli kun tartibining boshqa tarkibiy qismlarning kechga surilishi va teleko’rsatuvlarni uzoq ko’rish bilan bog’liqdir.
To’yib uxlamaslik bolalarning oliy asab faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bunda markaziy asab tizimi izdan chiqadi, shuningdek, ishlash faoliyati keskin pasayadi.Bunday o’zgarishlar kun tartibiga rioya qilganda yaxshilanadi. Uzoq vaqt davomida uyquga to’ymaslik katta toliqishga olib keladi va asab buzilishiga sabab bo’ladi.
Sog’lomlashtirish muassasalarida 5 mahal ovqatlantiriladi. Uyqu 2 mahal: tungi va kunduzgi uyqudan iborat bo’ladi. Kun tartibida albatta bolalarni qiziqtirgan ishlariga qarab tanlab olingan erkin ijod bilan shug’ullanish uchun ajratilgan bo’sh vaqt ham nazarda tutilishi lozim. Bu bola shaxsiyatini shakllantirishda, uning ijodiy qobiliyati va ruhiy qiziqishlari rivojlanishida katta ahamiyatga ega.
4.5. Kasb-hunar kollejlari talabalarining kun tartibi
Talabalar kun tartibini belgilashda ular zimmasiga tushadigan umumiy og’irlik, ularning yoshi va bajarish qobiliyatini hisobga olish lozim. Shunda organizmda dinamik stereo tip yuzaga kelib, hosil bo’lgan shartli refleks tufayli ish bajarish qobiliyatini asta-sekin fiziologik sharoitda oshirish mumkin bo’ladi. Dinamik stereotip o’smirlarda o’z-o’zidan shakllanmaydi, bu ish bajarishni takomillashtirish unga o’rganish va ko’nikish natijasida yuzaga keladi.
Kasb-hunar kollej talabalarining o’quv kuni 6 soatni tashkil qilib, agar ishlab chiqarish mashg’ulotlari ma’lum kunlarda o’tkazilsa, dars soat 8 dan boshlanishi kerak. Nazariy va amaliy mashg’ulotlar kun davomida almashib qo’yilishi, ma’lum kunlarda faqat nazariy, ma’lum kunlarda faqat amaliy mashg’ulotlar o’tishga nisbatan fiziologik jihatdan to’g’ri hisoblanadi. Talabalarning ishlab chiqarish ta’limini yo’lga qo’yishda turli yo’nalishdagi kasb-hunar kollejlarning sanitar sharoiti katta rol o’ynaydi. Shovqin, tebranish, havoning ifloslanishi va changi, xona haroratining ko’tarilishi kabi kuchli ta’sirlotchilar e’tiborga olinadi. Talabalarning barchasi ish uslubiga qarab himoya moslamalari (oyoq kiyimlari, xalat, maxsus ko’zoynaklar, qo’lqoplar va h.k.) bilan ta’minlanishi kerak.
Kasb-hunar kollej talabalari o’quv korxonalarida amaliy mashg’ulotlarni boshlashlaridan avval sanitariya va gigiyena hamda texnika xavfsizligidan saboq olishlari kerak. Bunda ishlash jarayonida qanday gigiyenik qoida va tadbirlarga rioya yetish va avariya holati yuz berganda, tibbiyot xodimlari kelguncha o’z-o’ziga yordam berish usullarini o’rganadilar.
Talabalar kuniga uch mahal gigiyenik talablarga ko’ra energetik harajatlarini hisobga olgan holda ovqatlanishlari kerak. Ovqatlanish uchun 40-60 daqiqa ajratiladi.
Kasb-hunar kollejlarida ishlab-chiqarish ta’limi albatta mehnatni himoya qilish qonunlariga tayangan holda ishlab chiqiladi.
Talabalar ish kunining 70-75% da ishlab chiqarishda band bo’lishlari lozim. Kasb-hunar kollej talabalariga korxonalar tartibida qulay sharoit yaratish hamda qobiliyatini oshirish maqsadida mart oyining oxirida yoki aprel oyining boshida bir haftalik ta’til beriladi. Har kuni talaba ikki soat ochiq havoda bo’lishlari, sport bilan muntazam shug’ullanishlari kerak. Bular talabalar kun tartibidagi asosiy sog’lomlatiruvchi omil hisoblanadi.
Talabalar ijodiy ishlarga munosabatlar, turli mavzularda o’tkaziladigan suhbat va kechalarga, konsert, xalq xo’jaligi yutuqlari zallariga ekskursiya va suhbatlarga jalb qilinishlaridan oldin va o’qish davrida takror tibbiy ko’rikdan o’tib turishlari kerak. Sog’ligida biror nuqsoni bo’lgan talabalar tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, sog’ligi bo’yicha guruhlari aniqlanadi va ularga tegishli davo tadbirlari tavsiya qilinadi.
V BOB. OLIY ASAB FAOLIYATI
Bosh miya funksiyalarini o’rganishda I.M.Sechenov va I.P.Pavlov ishlarining ahamiyati.I.P.Pavlov I.M.Sechenovni «Rus fiziologiyasining otasi» deb atadi. Tabiatshunoslik tarixida birinchi marta I.M.Sechenov o’zining 1863 yilda «Bosh miya reflekslari» deb atalgan buyuk asarida odamlarning ruhiy faoliyatini materialistik nuqtai nazardan tushuntirib berdi. Bu asarda birinchi marta miyaning reflektor ish tamoyili haqidagi g’oya-mafkurani shakllantirdi.
I.M.Sechenovning buyuk g’oyasi I.P.Pavlov tomonidan eksperimental yo’llar bilan tasdiqlandi, birgina tasdiqlanmadi, balki I.M.Sechenov va I.P.Pavlovlar insonlar tomonidan uni o’rab turgan organik olamni aks ettiruvchi tamoyilini materialistik nuqtai-nazardan tushuntirib bergan reflektor nazariyaning asoschilar hisoblanadi. I.P.Pavlov reflektor nazariyani rivojlantirdi va oliy asab faoliyati haqidagi ta’limotni yaratdi. Atrof-muhit ta’siriga odam va oliy darajadagi hayvonlar tomonidan ta’minlanuvchi reaksiyaning murakkab shakllarining asab mexanizmini ochishga erishdi. Shartli refleks ana shu kashfiyotning mexanizmi hisoblanadi.
Katta yarim sharlar po’stlog’i va unga yaqin bo’lgan po’stloqosti xosilalarining yaxlit organizmni tashqi muhit bilan o’zaro aloqasini ta’minlovchi faoliyatining murakkab shakllarining yig’indisi oliy asab faoliyati deb ataladi.
Asab faoliyati haqidagi ta’limotda tashqi obyektiv olamning odamlarda aks etishining murakkab jarayonlarining fiziologik mexanizmlari ochib berilgan.
I.P.Pavlov qonuniy ravishda jahon fiziologiyasida yangi yo’nalishning tashkilotchisi bo’lib hisoblanadi. U ayrim organlarda yoki organlar tizimlarida kechayotgan, ularning yaxlit organizm bilan uzviy aloqasini ta’minlovchi fiziologik jarayonlarni o’rgandi.
I.P.Pavlov tomonidan fiziologiyaga kiritilgan analitik va sintetik usul o’ta mahsulli bo’lib chiqdi va yaxlit organizmni uni o’rab turuvchi muhit bilan uzviy aloqasini o’rganish imkonini berdi.
Oliy asab faoliyatini o’rganish usullari.
I.P.Pavlov fistula qo’yish usuli yordamida ovqat hazmlovchi bezlar funksiyasini o’rganishda so’lak bezi yo’lidan tashqariga so’lak faqatgina itning og’iz bo’shlig’iga oziqa tushgandagina emas, balki uning ko’rinishi, hidi, xizmatchini oyoq tovushlariga, idishlarni tovushiga ham so’lak ajralishini kuzatdi.
I.P.Pavlov bu hodisani tushuntirib berdi va uni shartli refleks deb atadi.
Shartli reflekslar usuli yordamida I.P.Pavlov bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’i va unga yaqin yotuvchi po’stloq osti tuzilmalari, bosh miya po’stlog’idagi irradiasiya va konsentrasiya hodisalarini, miyaning analitik va sintetik faoliyatlarini o’rgandi. Aynan shartli reflekslar usuli I.P.Pavlovga oliy asab faoliyati haqidagi ta’limotni yaratish imkonini berdi. N.I.Krasnogorskiy bolalarda oliy asab faoliyatini o’rganish uchun ularda qo’ng’iroqchaning tovushiga shartli refleks hosil qildi. Qo’ng’iroqcha tovushi shartli qo’zg’atuvchi vazifasini o’tadi. Mustahkamlovchi bo’lib esa, sut ichirish xizmat qildi. Bu paytdagi so’lakni yig’ib olish uchun metall kapsula-surg’ich ishlab chiqildi. Sulak yig’uvchi kapsula, og’izning shilliq pardasiga shunday yopishtiriladiki, uning markaziga so’lak bezining so’lak chiqaruvchi yo’li to’g’rilab qo’yiladi va u orqali so’lak og’iz bo’shlig’iga tushmay, kapsulaga, undan esa rezina naycha orqali tashqaridagi probirka yoki stakanchaga tushadi.
20-rasm. Elektrodlarni mustaxkamlash uchun shlemlar.
Bu usuldan tashqari bolalarning oliy asab faoliyatini o’rganish uchun oziqlanish reaksiyasining harakat komponentlarini qayd qilish yo’lidan ham foydalaniladi. Buning uchun qalqonsimon tog’ay darajasiga havo bilan to’ldirilgan rezina ballon mahkamlandi. Shartli qo’zg’atuvchi ovqat bilan mustahkamlanishida, bolaning chaynash-yutinish harakatlari ballonchadagi havo bosimini o’zgarishini chaqiradi va u maxsus qayd qiluvchi apparatda yozib olinadi.
Chaqaloqlarning oliy asab faoliyati eksperimentatordan parda bilan ajratilgan va faqat kuzatish teshikchasi mavjud maxsus kameralarda o’rganiladi. Bu paytda bola karovatchada yotadi va ko’rpacha tagiga uning shartli qo’zg’atuvchilar ta’siri ostida yuzaga keladigan harakat faolligini qayd qiluvchi asboblar joylashtiriladi.
Hozirda shartli reflekslar usuli bilan bosh miya faoliyatini o’rganish po’stloq va miyani po’stloq osti tuzilmalaridagi elektr hodisalarni o’rganish bilan birgalikda bajariladi va bu elektroensefalografiya usuli (EEG) deyiladi.
Odamning bosh miyasida hosil bo’ladigan biotoklarni qayd qilish uchun odatda, ikki tiyinlik tanga o’lchamidagi plastinkalar shaklidagi kumush tangachalardan foydalaniladi. Odam boshiga elektrodlar shlemlar yordamida mustahkamlanadi. Odatda shlem uzaytirish-qisqaritirish mumkin bo’lgan rezina tasmalardan tayyorlanadi. Shlem tekshirilayotgan odam boshiga juda zich yotadi va elektrodlarni ishonchli holda ushlab turadi.
Miya biotoklarini yozib olish elektroensefalograf asbobida yozib olinadi, u turli konsturksiyalarga ega bo’lib bir necha biotoklarni kuchlantiruvchi va uning pult boshqaruvlariga egadir.
Hozirgi vaqtda bir yo’la miyaning 2 dan 32 tagacha undan ham ko’p nuqtalarida elektr faollikni qayd qiluvchi elektroensefalograflar ishlab chiqilmoqda. Bosh miyadagi elektr hodisalarni qayd qilish uchun elektron hisoblash mashinalaridan foydalanadi.
|