• Donachali qatlam (Stratum granulosum)
  • Yaltiroq qatlam (Stratum lucidum)
  • G‘uddachali qatlam (stratum papillare)
  • To‘rli qatlam (stratum reticulare)
  • Terini turlari va uning parvarishi.
  • Terining turini aniqlash.
  • Kosmetik vositalari tasnifi
  • Kosmetik dori shakllarining tasnifi 6
  • Kosmetik vositalarga qo‘yilgan talablar.
  • Kosmetik surtmalar tasnifi
  • Kosmetika vositalarining sifat nazorati.
  • Kremlar sifatini baholash.
  • Surtma xolidagi mahsulotlar
  • Mahsulotning hidini aniqlash
  • 5-jadval Kremlarning fizik-kimyoviy xossalarini baholash
  • Z. A. Nazarova, Yo. S. Karieva, G. M. Tureeva, N. S. Fayzullaeva, Sh. F. Iskandarova




    Download 1,18 Mb.
    bet9/19
    Sana31.12.2019
    Hajmi1,18 Mb.
    #6742
    1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   19

    Epidermis (Epidermis) terining eng yuqori ko‘pqatlamli yassi qotib qolgan pardasi bo‘lib, u doimo yangilanib turadi. Epidermis gematoksilin-eozin bilan bo‘yalganida 4 (kaft va tovon terisida - 5) qatlamdan tashkil topganligi ko‘rinadi: shoxli, yaltiroq, donachali, tikansifat, bazal qatlamlardir (4-rasm).

    Katta yoshdagi odam epidermisining umumiy maydoni 1,5-2 m2 ni massasi esa 0,5 kg ga yaqin miqdorni tashkil qiladi. Epidermisning qalinligi tananing turli joylarida bir xil emas. Epidermisning qalinligi 0,15 mmga yaqin. Eng baquvvat epidermis kaftlarda va oyoq tagida (0,5-1,5 mm), tananing yon tomonlari yuzasida u yupqaroq va qovoqlarda (bu erda teri osti qavat bo‘lmaydi) juda yupqa bo‘ladi.



    Epidermisning tashqi yuzasi o‘ziga xos relefni tashkil etuvchi ko‘plab burmalar, ajinlar, egatchalar va valiklarga ega. Epidermis relefi yupqa qatlam (area cutanea) tuzilishiga bog‘liq, ushbu qatlam uchburchak, romb yoki to‘rtburchak shakldagi o‘ziga xos betakror rasm hosil qiladi. Bu rasm hattoki bir tuxumli egizaklarda ham o‘ta individual (o‘ziga xos) bo‘lib, butun umr davomida saqlanadi va daktiloskopiya asosida yotadi.

    4-rasm. Epidermisni tuzilishi.


    Epidermis qatlamlaridan eng pastkisi – bazal qatlamda (Stratum basale) asta-sekin, yuza tomon harakatlanishiga ko‘ra qotib qoluvchi yangi hujayralar paydo bo‘lishining doimiy jarayoni boradi. Bazal qatlamda bir qavatda 1-2 katta bazofil yadroli prizmatik hujayralar joylashgan, ular bo‘linishi natijasida yangi hujayralar paydo bo‘ladi. Teri sirtiga ko‘tarilishida hujayralar yadrolarini yo‘qotadilar va oqsil bilan to‘lishi natijasida qalinlashib boradilar va muguz qatlamida nobut bo‘ladilar. 20-25 yoshli inson terisining hujayralari 21-28 kunda teri sirtiga chiqadi, bu davr hujayrani yashash davri deb yuritiladi. Inson organizmini qarishida ushbu davr 30-40 kungacha uzayadi va epidermisning qarishi kuzatiladi.

    Bazal qatlami hujayralari sitoplazmasida, yadroning ustida teri pigmenti – melanin granulalari joylashgan. Terining rangi uning miqdoriga bog‘liq. Ultrabinafsha nurlantirish melanin paydo bo‘lishini kuchaytiradi (quyoshda qorayish, sepkillar, pigment dog‘lari). Bazal qatlamda, shuningdek faol ravishda oqsillar (keratin), polisaxaridlar va lipidlar sintezi jarayoni bo‘lib o‘tadi. Bazal qatlami boshqa qatlamlar bilan yarimdesmos bilan tutashadi, epidermisning boshqa qatlamlardagi hujayralari desmosomalar – elektron mikroskop orqali ko‘rinadigan hujayralararo ko‘priklar yordamida bir-biriga tutashadi.

    Bazal qatlam ustida joylashgan tikansimon qatlam (Stratum spinosum) 4-12 qator katta yadroli va tikansimon sitoplazmatik o‘simtalari bor poligonal hujayralardan tashkil topgan. Bu qatlamda terining muhim immunologik himoya vazifasini bajaruvchi pankreatik (Langergans) hujayralari mavjud. Langergans hujayralari ko‘chib yurishi mumkin, fagotsitlarning (makrofaglar) qator xossalariga ega bo‘lib, terining immunologik reaksiyalari vaqtida o‘ziga xos «front chizig‘i» bo‘lib xizmat qiladi.

    Donachali qatlam (Stratum granulosum) 2-3 qator kichkina bazofil yadroli romb shakldagi hujayralardan iborat. Bu qatlam hujayralarda gistidin bilan boyitilgan oqsil (filaggrin) va keratolin oqsilidan iborat «keratognalinli» granulalar mavjudligi tufayli shunday nomlangan. Granulalar ultrabinafsha (UB) nurlarni adsorbsiyalaydi.

    Yaltiroq qatlam (Stratum lucidum) asosan kaftlar va tovon terisida bo‘lib, hujayralari yadrosiz yassi shaklda. Bu qatlam o‘z nomini o‘ziga xos oqsil moddasida yorug‘likning kuchli sinishidan olgan.

    Muguz (shox) qatlami (Stratum corneum) – epidermisning eng sirtki qatlami bo‘lib, bir nechta qavat yassi, yadrosiz muguzli hujayralardan tashkil topgan. U 50% gacha keratinni (epidermisning asosiy oqsili) o‘z ichiga oladi. Butun epidermis to‘qimalarini mustahkam birlashtirib turadigan desmosomalar muguz qatlamida diskli desmosomalarga aylanadilar. Bu qatlam mustahkam hujayralararo birikmalarga ega emas va oson sho‘ralaydi. Yoshlarda shoxli qatlam hujayralarining yo‘qolishi bir yilda taxminan 115 gm2 ni, tirnoq va sochlar bilan birga esa 150 gm2 ni tashkil etadi. Hujayralar yo‘qolishi ularning kundalik yangi paydo bo‘lishi bilan tenglashadi va bu o‘rtacha 0,5–1,0 gm2 ni (bosh terisi va peshona uchun 2,1 va 1,7 gm2 ni) tashkil etadi. Yuz terisi va bo‘yin terisi muguzli epidermis bilan kam qoplangan va unda hujayralarini qayta tiklanishi sekin kechadi.

    Muguz qatlami bevosita tashqi muhit bilan tutashadi va muvaffaqiyatli ravishda ko‘plab uning ta’sirlariga qarshilik ko‘rsatadi, terining ostki qatlamlarini noqulay (mexanik, jismoniy va kimyoviy) omillardan asragan holda, himoya funksiyasini bajaradi, suv va elektrolitlar uchun epidermisning o‘tkazmasligini ta’minlaydi. Muguz qatlamiga kosmetolgiyada alohida e’tibor beriladi. Chunki sepkillarni, dog‘larni ketkazishda muguz qatlamini po‘st tashlashi bilan davolaydilar.

    Epidermis va derma chegarasida to‘siq vazifasiga ega bo‘lgan va u orqali qon aylanishiga ega bo‘lmagan epidermis hamda derma o‘rtasidagi almashinuv jarayonlari yuz beruvchi bazal membranasi (membrane basalis) joylashgan. Bazal membrana epidermis va derma o‘rtasida muhim tabiiy filtr vazifani bajaradi, ya’ni yirik molekulalarni dermaga o‘tkazmaydi, shuningdek ushbu qatlam dermadagi turli moddalarning sintez jarayonlarini kechishini tezlashtiradi yoki susaytiradi. Ayrim kosmetik vositalarning ta’siri aynan tarkibida boregulyatorlar moddalarini saqlab, dermo-epidermal ta’sir mexanizmini faollashtirishga qaratilgan. Bazal membrana qatlamida ko‘payadigan hujayralar joylashgan, ular doimo terini yangilanib borishini ta’minlaydilar. Ushbu hujayralar orasida yirik melanotsit va Langenrgans hujayralari mavjud. Melanotsitlar melanin pigmenti donachalarini sintez qiladi. Aynan, shu modda terining rangini belgilaydi: tilla rangdan, to‘q jigarrangacha.

    Epidermisda qon tomirlari mavjud emas, shuning uchun hujayralarning oziqlanishi bazal membrana orqali o‘tadigan limfa yordamida va shaxsan derma diffuziyasi yo‘li bilan amalga oshiriladi.



    Derma (Derma) terining asosiy hajmini egallaydi (5-rasm). Dermaning qalinligi 1–2 mmga yaqin. Unda asab tolalari qon va limfa tomirlari, ter va yog‘ bezlar, soch follikulalari, turli xildagi hujayralar (limfotsitlar, makrofaglar, neytrofillar, fibroblastlar va boshqalar) va turli tolalar (kollagen, qayishqoq, retikulin) va hujayralararo moddalar mavjud. Derma terining to‘qimalarni birlashtiruvchi qismi bo‘lib, ikki g‘uddachali va to‘rli qatlamlardan iborat.

    5-rasm. Dermaning tuzilishi: 1 - epidermis; 2 – derma.



    G‘uddachali qatlam (stratum papillare) o‘z nomini epiteliylarga birikib ketgan ko‘plab g‘uddachalardan olgan bo‘lib, u teri yuzasida o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan suratlarni belgilaydi. G‘uddachali qatlam yupqa kollagen, qayishqoq (elastik) va retikulin tolalardan iborat.

    To‘rli qatlam (stratum reticulare) teriga taranglik, pishiqlik va cho‘ziluvchanlik baxsh etuvchi baquvvat kollagen tutamlar va qayishqoq (elastik) tolalar to‘ridan iborat.

    Dermadagi turli o‘zgarishlar butun terining elastikligi va tarangligini yo‘qolishiga va ajin tushishiga sabab bo‘ladi. Derma to‘qimalari ma’lum yo‘nalishda joylashgan bo‘lib, teriga krem, loson surtishda yoki massaj qilishda terining eng kam cho‘ziladigan (tortiladigan) yo‘nalishda bajarish lozim (6-rasm. Massaj chiziqlari).

    Hujayralararo modda derma hujayralari atrofini va to‘qimalar orasini to‘ldirib turadi. Ushbu modda kollagen makromolekulalari, retikulin, elastin, strukturali glikoproteinlardan tashkil topgan bo‘lib, terining mexanik funksiyasini bajaradi va modda almashinuvi jarayonlarida ishtirok etadi, suvni to‘playdi va yo‘qotadi.

    Hujayralararo moddaning eng muhim va asosiy qismini tashkil etadigan glikozaminoglikanlarni (GAG - qandning makromolekulyar mahsulotlari) o‘z ichiga olgan. Terining eng muhim glikozaminoglikani - gialuron kislotasidir.

    GAGning (gialuron kislotasi) o‘ziga xos xossalaridan biri suvning bog‘lanishi va zich gel paydo bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Gel epidermis orqali o‘tishi mumkin bo‘lgan kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar tarqalishiga to‘sqinlik qiladi.

    Gialuron kislotasi polimerlanadi, bu holatda quyuq hujayralararo modda yanada zichroq bo‘lib qoladi. Yirik molekulalarni polimerlanishdan chiqarishni gialuronidaza fermenti amalga oshiradi, bu, masalan, terining yallig‘lanishi yoki kuyishida kuzatiladi.

    Gialuronidaza yordamida polimerlanishdan chiqarish holati biologik faol moddalarning so‘rilish jarayonlarini faollashtirish uchun qo‘llaniladi. Biroq, shuni esda tutish joizki, gialuronidazani qo‘llash havfsiz emas, zero hujayralararo bog‘lanishning zaiflashuvi natijasida teriga bakteriyalar kirishi mumkin.

    Fibroblastlar – biriktiruvchi to‘qimalarning asosiy yirik (20 mkm yaqin) hujayralaridir, ular yulduz yoki cho‘ziq-oval shaklida bo‘ladi. Fibroblastlarda lipid donachalari, multivezikulyar tanachalar va mineralli tuzilmalar uchraydi. Fibroblastlarning asosiy organellalari – mitoxondriyalar, granulyar endoplazmatik to‘r va plastinkasimon Goldji kompleksi. Fibroblastlar to‘qimada kollagen tolalarni va glikozaminoglikanlarni sitez qiladi.

    Elastik tolalari – dermaning tolali moddasi bo‘lib, strukturali glikoproteidlardan hosil bo‘lgan. Ular terining elastikligini va tabiiy tonusini ta’minlaydilar.

    Kollagen tolalari ham dermaning tolali moddasi bo‘lib, tola makromolekulalarini uchta bir-biriga buralgan ipsimon tola hosil qiladi. Kollagen tolalari terining tarangligini belgilaydi.

    Morfologik tuzilishi bo‘yicha juda murakkab a’zo bo‘lgan holda, teri ko‘p turdagi funksiyalarni bajaradi:

    1. Sezuvchan va to‘siqli-himoya qiluvchi (o‘rab turgan muhit bilan aloqa; mexanik, fizik, kimyoviy shikastlardan, patogen mikroorgnizmlarni joriy qilishdan himoya).

    2. Termoregulyasiya (termotseptorlar, ter bezlari, qon tomirlari to‘rining mavjudligi).

    3. Ajratuvchi (suv, modda almashinuv mahsulotlari).

    4. Almashinuvchi (darmondorilar (vitaminlar) almashinuvchida turli gormonlar, zaharlar, kanserogenlarning ishtiroki).

    5. Teri – teri deposi.

    6. Teri nafas olishda ishtirok etadi.

    7. Teri immunologik jarayonlarda ishtirok etadi.

    Teri epitelizatsiya jarayonlari yordamida yuzaga kelgan shikastlarni bartaraf qilish xususiyatiga ega.

    Terini turlari va uning parvarishi. Odamning yoshi ulg‘aygan sari terisi ham o‘zgaradi, qariydi. Qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi: ajin tushadi, terini tarangligi, rangi ham o‘zgaradi, ko‘zlar tagida shish paydo bo‘ladi, agar terini yaxshi parvarish qilmasa bu hollar tez sodir bo‘ladi. Tashqi ta’sirlar, ayniqsa oftob nurlari ta’siri yoki bir xil noo‘rin harakatlar (peshanani burishtirish, oftobda ko‘zlarini qisish, qoshlarni baland uchirish, qattiq kulish, baland yastiqqa yotish) kabi yuz va bo‘yin terilarida o‘z aksini, salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

    Teridagi o‘zgarishlarini sekin sodir bo‘lishi uchun doimiy, muntazam ravishda terini kosmetik parvarishi bo‘lishi zarur. Ushbu tadbirlar – artish, namlash, surtish va ayniqsa tashqi yomon ta’sirlardan himoyalashdan iborat. Terini to‘g‘ri parvarishlash uchun, birinchi navbatda, uning turini aniqlash lozim.

    Terining to‘rt xil turi bo‘ladi:


    • Normal

    • Quruq

    • Yog‘li

    • Aralash.

    Terining turini aniqlash. Uy sharoitlarida teri turini yanoqlar, burun, peshona, iyakka papiros qog‘ozini bosib aniqlash mumkin. Buning uchun yuz terisi yuvish vositasi va iliq suvda yuviladi, so‘ng ikki soatdan keyin papiros yoki filtr qog‘ozi bilan tekkazib, teridan yog‘ ajralib chiqishi aniqlanadi Quruq teri iz qoldirmaydi; normal teri engil iz qoldiradi; yog‘li teri yog‘li izlar qoldiradi (Kobachich usuli).

    Normal teri kam uchraydi. Normal teri – yumshoq, qayishqoq (elastik), tarang, silliq, ko‘rinish tekis va toza bo‘ladi va qul bilan tekkanda quruq ham, yog‘li ham emas. Unda ko‘z bilan ilg‘aydigan kengaygan teshikchalar, qora yoki qizil nuqtalar, qizil dog‘lar, yiringli yaralar bo‘lmaydi. Normal turdagi terini parvarish qilishda yumshoq va iliq suv bilan yuvish, kuniga 2 marta, yaxshilab quritib quyidagi tarkib bilan artish lozim; 1 osh qoshiq jo‘ka guliga 150 ml suv solib, damlama tayyorlanadi. Suzilgandan so‘ng 5 choy qoshiq asal qo‘shiladi. Sovitgichda 2 kun saqlanadi. YUzni mayin va tarang qiladi.

    Quruq teri – tekis, tarang, nozik, mayin, baxmaldek chiroyli bo‘ladi, u sho‘ralamaydi, lekin yaltiramaydi ham (xira bo‘ladi). U tashqi faktorlarga (quyosh, sovuq, shamol) o‘ta ta’sirchan. Juda nozik bo‘lgani uchun erta ajin tushishiga moyil; u doimiy parvarishni talab etadi. Shuning uchun quruq terini yumshatilgan suv (1 l suvga 1 choy qoshiq soda) yoki qaynatilgan suv bilan yuviladi. Loson yoki spirt surib bo‘lmaydi.

    Yog‘li teri – qalin, yaltiroq, ochiq teshikchalari kengaygan, limon po‘stini eslatadi. Yog‘li teri changdan tez ifloslanadi, buning natijasida teshikchalarda qora tiqinlar – komedonlar paydo bo‘ladi; bu turdagi teri ajin paydo bo‘lishiga moyil emas. Lekin bu terini yaxshi tomoni – uzoq vaqt tarang bo‘lib ajinlar kech paydo bo‘ladi. Kuniga ikki marta sovun bilan yuviladi, ayniqsa sovuq suv bilan yaxshi, tuz bilan yuzni artish (sovunlangan gubkaga tuz solinadi) qurigandan so‘ng yuviladi. Teshiklar torayadi, tonus beradi (qon yaxshi aylanadi). Tuz o‘rniga bura bilan soda teng miqdordagi sepmani ishlatish mumkin. Dalachoy, qayin bargi sharbatlari yoki damlamasi bilan artish foydali.

    Loson: 20,0 g tog‘rayxon 200 ml 40% etil spirti bilan aralashtirib, 7 sutka tindiriladi, so‘ng suziladi. Tindirma 1:1 suv bilan suyultirib yog‘li teri artiladi.



    Aralash turi – ko‘p uraydi. Aralash teri – yog‘li, quruq va normal teri uchastkalaridan iborat. U alohida va murakkab parvarishni talab qiladi.

    Terining parvarishi quyidagi tadbirlardan iborat:



    Terining parvarish qilishda quyidagilarga alohida e’tibor berish lozim: shaxsiy gigiena – muntazam dush va vanna qabul qilish, artinish; jismoniy va aqliy mehnat me’yori mutanosibligini to‘g‘ri saqlash - to‘laqonli ovqatlanish, jismoniy tarbiya, normal uyqu, faol mehnat va to‘g‘ri dam olish.



    Parvarish turlari:

    • tana parvarishini,

    • qo‘llar parvarishi;

    • bo‘yin parvarishi;

    • sochlar parvarishi;

    • qosh va kipriklar parvarishi;

    • oyoq parvarishi;

    • jinsiy a’zolar parvarishi;

    • xomiladorlik vaqtidagi parvarish;

    • YaTCh terisini parvarishi.

    Kosmetik vositalari tasnifi

    Kosmetik vositalari belgilanishi va tarkibiga ko‘ra uch guruhga bo‘linadi: gigienaga oid, shifobaxsh va pardozlash uchun.

    1. Gigienaga oid yoki kasalliklarni oldini olish kosmetika asosan teri, sochlarni tashqi muhitdan, mikroblardan asrab, ularning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish, har xil nuqsonlarni paydo bo‘lishini oldini olish va teri, soch va tishlarni sog‘lom tarzda saqlash uchun ishlatiladi. gigienaga oid preparatlar ham bir necha guruhlarga bo‘linadi:

    a) teri parvarishi uchun. terini yumshatish, ximoyalash va oziqlantirish uchun ishlatiladigan kosmetik vositalar. shuningdek, terini tozalash va dizenfeksiyalash, kesib olganda qon to‘xtatuvchi (achchiq tosh, antiseptik jele va sirka, tualet sirkasi) – vositalar;

    b) og‘iz bo‘shlig‘ini parvarishi uchun. Tish poroshoklari, eliksir va tish pastalari;

    v) soch va boshning yungli qismlarini parvarishi uchun. Soch yuvish uchun suyuq sovunlar, sovun poroshogi, shampunlar, yunglarni ketkazish uchun: sovun kremlari, tayoqchalar, soqol olish uchun poroshoklar, depilyatorlar. sochni yaltirab turuvchi: briolin, repey moyi, fiksatorlar, jingalak qilish uchun vositalar va h.k.

    g) tirnoq parvarishi uchun.

    2. Shifobaxsh kosmetika kosmetik nuqsonlarni yo‘qotish uchun qo‘llaniladi. 1935 yil shifobaxsh nomi paydo bo‘lgan, lekin keyinchalik maxsus kosmetika deb atala boshlandi. Ularga kiradigan vositalar:

    a) teri parvarishi uchun. Sepkilga, qorayish va dog‘larga qarshi, husnbuzar, seboreya, qizarish va terlash kabi terining nuqsonlarini bartaraf etish uchun ishlatiladi. Shifobaxsh kosmetik vositalari; kosmetik surtmalar, kremlar, gellar, losonlar, niqoblar va hokazo.

    3. Dekorativ kosmetika - asosan odamning tashqi ko‘rinishini grim va bezash yo‘llari bilan o‘zgartirish mumkin. Dekorativ kosmetika har kungi (tashqi ko‘rinishni yaxshilash maqsadida) va teatrga oid guruhlarga bo‘linadi.



    Kosmetik dori shakllarining tasnifi 6



    Kosmetik vositalarga qo‘yilgan talablar. Bugungi kunda samarali kosmetik preparatalarini yaratish va assortimentini kengaytirish uchun yangi kimyoviy birikmalar ishlatilmoqda. Masalan, yangi organik sintez orqali olingan emulgatorlar, pastalar, bo‘yovchi va hid beruvchi modda, xom ashyolarning yangi turlari (smolalar, parda hosil qiluvchilar, mumlar va b.), SFM.

    Zamonaviy kosmetologiyaning eng asosiy yo‘nalishi - kosmetik vositalarida BFM ni ishlatish, ya’ni vitaminlar, biogen stimulyatorlar, o‘simlik ekstraktlari, gormonlar, bakteritsid preparatlar, fermentlar, oqsil gidrolizatlari va ularning komplekslari. Bu yo‘nalish juda istiqbolli bo‘lib kasalliklarni oldini olish va davolashda, ayniqsa kosmetik defektlarni yo‘qotishga imkon beradi.

    Agar kosmetik vositalarni uzoq vaqt va doimiy ishlatilsa, unda kimyoviy moddalar epidermis orqali, soch follikulalari va yog‘ bezlarining chiqarish orqali so‘rilib juda ko‘p terida o‘zgarishlar namoyon bo‘ladi, ayrim paytda butun organizmning o‘ziga ham umumiy toksik ta’siri bo‘ladi. Shuning uchun sanoat miqyosida ishlab chiqarib tibbiyotda qo‘llanishi uchun faqat shunday kosmetik vositalari ishlatish uchun ruxsat beriladiki, qachonki ular tajriba va klinik tadqiqotlardan o‘tgan bo‘lib, ularning bezarar va samaradorligi isbotlangan bo‘lsa, shuningdek MDH lar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lsa.

    Kosmetik vositalarda qo‘llaniladigan komponentlar TST (OST) va DF talablariga to‘g‘ri kelishi va javob berishi kerak.

    Yangi kosmetik vositalari va yangi komponentlar sinalyotganda albatta preparatning zararsizligi aniqlanadi (o‘tkir va surunkali toksik xususiyati), qizartirish, yallig‘lanish, allergiya va o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatmasligi o‘rganiladi. Undan tashqari preparatning kanserogen va teratogen ta’sirlari to‘g‘risida ma’lumot bo‘lishi shart.

    Kosmetik vositalar retsepturasida yangi kimyoviy birikmalar bo‘lsa ular umumiy qabul qilingan usullarda toksikologik baholanishi, ularning zaharliligi, turi va asosiy parametrlari keltirilishi lozim. Ular qatorida butun retsepturaning toksikologiyasi o‘rganilgan bo‘lishi kerak.

    Kosmetik vositalari sinalganda umumiy baholanishidan tashqari yana ularni silliq teriga surtilganda (masalan krem va losonlar):


    • izotop usuli yoki boshqa usullar yordamida teri bar’eri to‘sig‘ining moddalar o‘tkazuvchanligi;

    • gistologik, gistokimyo, gistoradiografiya va elektron mikroskop usullarida teri strukturasiga ta’sirini;

    • biokimyo ko‘rsatkichlarini;

    • terini pH va haroratga reaksiyasini o‘rganish lozim.

    Kosmetik vositasini keng ommaga ishlatilishi haqidagi yo‘riqnomani farmakologiya markazi taqdim etilgan xujjatlar asosida ko‘rib chiqadi. Kosmetik mahsulotlari texnologik reglament asosida ishlab chiqariladi va albatta DST 29189-91 (texnologiyasiga talablar va retsepturasi O‘zR SSV ning tasdiqlangan) SaNPiN 0152-04 qoidalariga rioya qilinishi kerak.

    Kosmetik surtmalar – yumshoq dori turi bo‘lib, sirtga, teri ustiga yaxshi surtilib tekis oqmaydigan parda hosil qiluvchi yuqori qayishqoq massa. Dorilarning dispersologik tasnifi bo‘yicha hamma tomonlama erkin shaklsiz dispers sistemalarga kiradi.

    Suyuq dorilardan farqisurtmalar oqmaydi. Kosmetik surtmalar qadim zamondan ishlatilib kelmoqda. Asosan terini qoplovchi va himoyalovchi sifatida, shuningdek davolovchi (teridagi yara-chaqalar, kuygan sathiga, sovuq olgan va yorilganda) ishlatiladi.

    Undan tashqari sochlarni to‘kilishida yoki soch o‘stirish uchun va h.k.

    Kosmetik surtmalar tasnifi

    I. Teri uchun ishlatishda:

    1. Terini yumshatish

    2. Dog‘larni ketkazish

    3. Sepkilni ketkazish

    4. Terini himoyalash

    5. Terini oziqlantirish

    6. Terini davolash

    II. Soch va bosh terisi uchun ishlatishda:


    • Soch va bosh terisini davolash

    • Sochni to‘kish

    • Sochni o‘stirish

    • Bosh terisiga har xil insektitsid moddalar surtish

    Ko‘pincha, kosmetologik surtmalar quyidagi maqsadda qo‘llaniladi:

    • Terini ko‘chirish

    • Terini tinchlantirish

    • Epitelizatsiya uchun (yunglarni tushirish)

    • YUmshatish

    • Teriga moddalar so‘riltirish

    Kosmetologik surtmalarning ta’sir etish mexanizmi quyidagicha:

    Turli kosmetik surtmalarda albatta asosi bor, ko‘pincha yog‘li asoslar ishlatiladi.

    Kosmetik surtma teriga surtilgandan so‘ng, o‘sha terini issiq chiqazish xossasi kamayadi, teri isiydi va giperemiya paydo bo‘ladi (teri qizaradi). Surtma tagidan suv uchmaydi, epidermisning ustki qatlami bo‘kadi (matseratsiya) va terining ichiga surtmadagi har xil dorivor moddalarning so‘rilishiga yordam beradi.

    Surtmalar – sirtga ishlatish uchun mo‘ljallangan, qovushqoq konsistensiyaga ega yumshoq dori turi. Kosmetik surtmalar yoki “Kremlar” yuz, qo‘l, oyoq va bosh terisini parvarish qilishga mo‘ljallangan yumshoq (mayin) kosistensiyaga ega bo‘lib, tarkibida bir yoki bir nechta dori moddalar va yordamchi modda – asoslardan tashkil topgan.

    Bugungi kunda kosmetika sanoatida ishlab chiqariladigan surtmalar (kremlar)ni quyidagi guruhlarga tasniflash mumkin:

    1. Yog‘li (noemulsion) kremlar. Ushbu kosmetik surtmalarni “krem” holatida bo‘lishi, surtma tarkibiga kiruvchi yog‘ va yog‘simon moddalar (vazelin, parfyumer moylar va h.k.) yoki ularning aralashmasiga bog‘liq.

    2. Emulsion kremlar. Ushbu kosmetik surtmalarni konsistensiyasi tarkibidagi yog‘ va suv miqdoriga bog‘liq bo‘ladi.

    3. Yog‘siz kremlar yoki gellar – kolloidlar (gidrozol, jele), yog‘ kislotalari yoki mumlarni suvdagi yuqa dispersli osilmalari (suspenziyalari) bo‘lib, ular tarkibida yog‘lar juda oz miqdorda bo‘ladi yoki umuman bo‘lmaydi.

    Qo‘llanilishi bo‘yicha kosmetik surtmalarni (kremlar) gigienik (profilaktik: shamol, namlik, quyosh nurlaridan himoyalovchi yoki oziqlantiruvchi hamda teri faoliyatini faollashtiruvchi) va davolovchi (maxsus: xusunbuzar, qorayish, dog‘ hosil bo‘lishi, seboreya, terlashni davolashga mo‘ljallangan)larga tasniflash mumkin.

    XI-DF ko‘rsatmasi bo‘yicha dori moddalar surtmalar tarkibiga ularni fizik-kimyoviy holatiga asoslangan holda kiritiladi.

    Asosda eriydigan dori moddalarni surtma asosida eritish lozim. Yog‘li asosda eriydigan dori moddalarga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin: anestezin, benzoy kislotasi, betanaftol, kamfora, mentol, timol, fenol, fenilsalitsilat (salol), follikulin, xloralgidrat. Shuningdek, suvda yaxshi eriydigan dori moddalar (kaliy yodid, rezorsin, sulfatsil natriy (albutsid), novokain gidroxlorid, efedrin gidroxlorid)ni PEG. MS. Na-KMS va boshqa gidrofil asosolarga suvda erigan holda qo‘shiladi, ularni ham gomogen tipdagi surtmalarga kiritish mumkin.

    Uchuvchan moddalar surtma tarkibiga oxirgi navbatda kiritiladi. Surtmalar massa bo‘yicha tayyorlanadi. Dori moddani asosda tarqalishi bo‘yicha va hosil bo‘ladigan dispers tizimning turi bo‘yicha gomogen va getrogen surtmalarni farqlash mumkin. Ayrim adabiyotlarda keltirilishi bo‘yicha gomogen kosmetik surtmalarda dori modda asos tarkibida eritma yoki qotishma (molekula yoki mitsella maydalik darajasida) bo‘ladi, ya’ni surtmalarda dori modda va asos alohida-alohida fazalarga bo‘linmaydi deb keltirilgan. Biroq gomogen surtmalar har doim ham bir fazali bo‘lavermaydi, aksariyat hollarda asoslarni o‘zi ham strukturalangan, ya’ni kamida ikki fazadan tashkil topgan bo‘ladi; masalan, vazelin va suvsiz lanolin. Ular mikro yoki ultramikro zarrachalardan tashkil topib, surtmani qovushqoqligini ta’minlaydi. Aksariyat surtma asoslari nonyuton tanalar guruhiga mansub bo‘lib, to‘rsimon tuzilishga egadirlar. Olinishi bo‘yicha gomogen surtmalar

    1) qotishma;

    2) eritma;

    3) ekstraksionga tasniflash mumkin.

    Qotishma tipdagi surtmalar bir nechta o‘zaro eriydigan tarkibiy qismdan tashkil topgan bo‘lib, ular yog‘, mum, uglevodorod, smola, yuqori molekulyar yog‘ kislotalarni bir-biri bilan birikishi orqali hosil bo‘ladi. Ularni ayrimlari qattiq, ayrimlari yumshoq, ayrimlari esa suyuq bo‘lishi mumkin. Ushbu guruhga kiruvchi surtmalarni tayyorlashda avval qiyin, so‘ng o‘rta va oxirida oson eriydigan moddalarni eritish tavsiya etiladi. SHunda oson eruvchan moddalarni ortiqcha qizishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Eritma tipidagi surtmalarda dori modda asosda erishi kuzatiladi. Ularni tayyorlashda oldin asos eritiladi, so‘ng dori modda qo‘shilib, erib ketgunicha aralashtiriladi.

    Shuningdek o‘simlik yoki hayvon xom ashyosida ta’sir etuvchi moddani surtma asos yordamida ajratib olingan ekstraksion surtmalar ham gomogen tipdagi surtmalarga tasniflanadi. Gomogen tipdagi aralashma hosil qilishida ko‘p dori moddalar evtektik aralashma hosil qiladilar, ya’ni ularni erish harorati bir qancha pasayshi kuzatiladi. Bunday kosmetik surtmalarni qovishqoqligini oshirish uchun ular tarkibiga strukturalovchi (lanolin, mum, serezin, parafin) kabi moddalar qo‘shiladi.

    Geterogen kosmetik surtmalar suspenzion (trituratsion yoki osilma tipdagi), emulsion va aralash tipdagiga tasniflanadi.

    Agar dori modda yog‘li (moyli) asosda yoki suvda erimasa, shuningdek suvda yaxshi eriydigan moddalar ko‘p miqdorda berilgan yoki ta’siri bo‘yicha eritish ta’qiqlangan bo‘lsa, ularni maydalab, kukun holida asosga kiritish lozim. Suvda yaxshi erisa ham biroq asosga suspenziya holida kiritiladigan dori moddalarga misol qilib qo‘yidagilarni keltirish mumkin:

    a) rezorsin, rux sulfat, penitsillin (rezorsin va penitsillin suvda yaxshi erishiga qaramasdan surtma tarkibiga suspenziya holida oz miqdorda mineral moyi yordamida maydalab, kiritiladi, aks holda ushbu moddalarni suvli eritmalari teriga toksik ta’sir (qitiqlashi, to‘qima nekrozini chaqirishi) kuzatiladi. Bundan ko‘z uchun tayyorlanadigan surtmalar istisno;

    b) surtma tarkibiga suspenziya holida kiritiladigan, suvda qiyin eriydigan moddalar: borat kislotasi, natriy tetraborat (bura), levomitsetin, metiluratsil, furatsilin, etakridin laktat va h.k.;

    v) suvda va asosda erimaydigan moddalar: vismut subnitrat, dermatol, kalsiy karbonat, salitsil kislotasi, kraxmal, kseroform, tozalangan oltingugurt, sulfanilamid preparatlari (streptotsid, norsulfazol va h.k.), talk, rux oksidi suspenziya tipida kiritiladi.

    Suspenzion (trituratsion) surtma tarkibiga kiruvchi qattiq dori modda miqdori surtmaning massasiga nisbatan 5% dan kam bo‘lsa, dori modda asosga qo‘shilishdan oldin, uning miqdoriga yarim barobar miqdorda surtma asosiga mos bo‘lgan yordamchi suyuqlik bilan maydalanadi. Masalan, surtma asosi uglevodorod tabiatga ega bo‘lsa, maydalash uchun yordamchi suyuqlik sifatida vazelin moyi, yog‘li asoslar uchun o‘simlik moylari (kungaboqar, shaftoli, bodom); gidrofil asoslar uchun – tozalangan suv, glitserin ishlatiladi.

    Agar suspenzion surtma takibiga kiruvchi qattiq dori modda miqdori surtmaning massasiga nisbatan 5% va undan ko‘p bo‘lsa, surtma tarkibiga kiritishdan oldin issiq havonchada (50-600 S) suyultirilgan surtma asosi bilan maydalanadi (qattiq dori modda miqdoriga yarim barobar nisbatda). Bunda maydalash uchun suyuq yordamchi moddani qo‘shilishi maqsadga muvofiq emas, chunki surtmani suyulishi va dori moddani konsentratsiyasi pasayishi, dori modda miqdordan chetlanishi mezoniga to‘g‘ri kelmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

    Tarkibida 25% va undan ko‘p miqdorda qattiq fazali dori moddalar saqlagan surtmalar pasta deb ataladi. Ular quyuq (hamirsimon) konsistensiyaga ega bo‘lib, ular tarkibiga kiruvchi dori moddalarni yuqori dispersligini ta’minlash uchun, ular isitilgan havonchada suyultirilgan asos bilan yaxshilab maydalanadi (qattiq faza miqdoriga yarim barobar miqdorda), so‘ng suyultirilgan asosni qolgan qismi qo‘shiladi va surtma sovigunicha maydalanadi.


    Pasta — tarkibida 25% dan ko’p talqonsimon dori moddalar saqlagan quyuq surtma dori. Pastalar konsistensiyasi buyicha xamirga yakin turadigan sirtga ishlatiladi surtma dorilar

    Emulsion kosmetik surtmalar tarkibida suyuq komponent borligi va u asosda emulsiya tipi bo‘yicha tarqalganligi bilan ifodalanadi. Emulsiya hosil bo‘lishi va ushbu sistemalarni hossalari emulsiyalarni umumiy qonunlariga bo‘ysinadi. Barqaror emulsion sistemalarni hosil qilish uchun tarkibga emulgatorlar kiritiladi. Emulgatorlar ikki faza (moy/suv yoki suv/moy) orasida taqsimlanib, sirtki erkin energiyaning zahirasini pasaytiradi. Hosil bo‘ladigan emulsiyaning tipi asosan asosan emulgator xossasi bilan belgilanadi.

    Emulsion kosmetik kremlarda asosan oleofil tabiatli emulgatorlar qo‘llaniladi, ular suvli eritmalarni yog‘li yoki yog‘simon muhitda emulgirlaydilar. Emulsion kosmetik kremlarda eng ko‘p qo‘llaniladigan emulgatorlardan biri bu sterinlar – xolesterin, izoxolesterin va boshqa yuqori molekulyar spirtlar (setil, stearil) va ularni saqlovchi murakkab tarkibli xom ashyolar (lanolin, mum), ishqoriy metallar tuzlarini saqalagn sovunlar, qo‘rg‘oshin malhami (qo‘rg‘oshin sovuni). Bularga nisbatan kamroq metall rezinatlari (mum kislotalarning tuzlari), yog‘ kislotalarning glitserin yoki poliglitserinlar (T-1 va T-2) bilan hosil qilgan to‘lmagan murakkab efirlari qo‘llaniladi. Chet davlatlarda palmitin va stearin kislotalarning anilidlari (R-CO-NH2), kislotali setil, stearil, lauril (C12H25OH) sulfoefirlarni ishqoriy tuzlari bilan hosil qilgan alkogollari; diglikol-oleat, sorbitol-monolaurat, polioksil-stearat H(OCH2- CH2)n.OCOC17H35, lennet mumlari (yog‘ kislotalari aralashmalarini gidrirlash bilan olinadigan to‘yingan yuqorimolekulyar alkogollarning aralashmalari). Ayrim hollarada emulgator sifatida leysetin ham qo‘llaniladi.

    Kosmetik M/S tipidagi emulsion surtmalarini hosil qilishda asosan gidrofil emulgatorlar – agar-agar, tragakant, jelatina, kazein, gummiarabik kabi moddalar qo‘llaniladi. Keltirilgan emulgatorlar yordamida olingan kosmetik surtmalar deyarli turg‘un emas: tez qatlamga ajraladilar, tez mikroblar ta’sirida bijg‘ib qoladilar va suvni yo‘qotishi sababli tez qurib qoladilar. Kosmetik kremlarni tayyorlashda murakkab tarkibli gidrofillashtirilgan asoslar qo‘llaniladi.




    Krem (fr. krem – qaymoq asosida tayyorlanadigan desert taom) - yumshoq, mayin konsistensiyaga ega kosmetik maqsadda qo’llaniladigan surtma. Ko‘p hollarda kosmetik kremlar emulsion asosda tayyorlanadi, shuningdek ularni tayorlashda lanolin, spermatset, mum, glitserin, bodom, kokos va boshqa o’simlik hamda turli xushbuy efir moylari ishlatiladi. Kremlar mayin bo‘lib, ular qo‘l, bosh va yuz terisini parvarishi uchun keng qo‘llaniladigan kosmetik vosita

    Emulsion kosmetik kremlar teriga surtilganida tez rezorbsiyalanadi va tez faolligini namoish qiladilar. Tarkibida suv saqlaganligi sababli emulgirlangan kremlar yog‘li va yog‘simon moddalarni dispersligini kamaytiradilar. Emulgirlangan kremlar oq rangda, elastik va yumshoq mayin konsistensiyaga ega bo‘ladilar, ularning konsistensiyasi suvsiz kremlardan farqli harorat ta’siriga bog‘liq emas, shuningdek teriga oson surtiladilar va yaxshi estetik ko‘rinishga ega bo‘ladilar. Teriga surtilganida (asosan m/s tipdagi kremlar) muzlatish xossaga ega bo‘ladilar.

    Kosmetik kremlar o‘z tarixini K.Galendan (m.o.165 y) boshlaydi. U birinchi bo‘lib sovutish xossasiga ega krem – Ceratum lenientes* s. refrigerans (bugungi kold-kremlar – “sovuq qaymoq”) tarkibi va texnologiyasini taklif etgan. Zamonaviy kold-kremlar m/s yoki s/m tipidagi emulsiyalar bo‘lib, ularning tarkibida emulgatorlar bo‘lmaydi, konsistensiyasi tarkibdagi mum bilan me’yorlanadi.

    Koldkrem (sovuq qaymoq) – asosan muzlatuvchi xususiyatiga ega kosmetik surtma. Krem tarkibidagi suv bug‘lanib, terida tinchlantiruvchi, muzlatuvchi ta’sirini ko‘rsatadi

    Bugungi kunda kold-kremlar tarkibiga mum, spermatset, moylar, vazelin, setil spirti, suyuq parafin, bura qo‘shiladi. Kold-kremlar emulsiyalardan farqli dag‘al dispers sistemalar yoki quasi-emulsion sistemalarni hosil qiladi, ular turg‘un emas, teriga surtilganida ular tarkibidagi suv ajralib chiqadi va bu suv bug‘lanishi natijasida teri va atrof muhitni sovitadi. Agar surtma asosi sovitilmasdan, tarkibiga kiritiladigan suv issiq bo‘lsa emulsion krem sovitish xossasini yo‘qotadi.

    Emulsion kosmetik surtmalar tarkibiga kiritiladigan dori moddalarni terapevtik faolligini ta’minlash uchun moyda eriydigan moddalar moyda, suvda eriydigan moddalar esa – suvda eritiladi. Masalan suvda yaxshi eriydigan kaliy yodid, sulfatsil-natriy, dikain, dimedrol, kollargol, protargol, natriy tiosulfat, novokain, alkaloid tuzlari, tanin, kumush nitrat va h.k. moddalar suvda eritilib, so‘ng asosga kiritiladi. Bundan rezorsin, rux sulfat, penitsillin kabi moddalar turg‘un bo‘lmaganligi va zaharli ta’sir ko‘rsatishi sababli surtmalarga suspenziya tipida kiritiladi. Quruq va quyuq ekstraktlar asosga kiritilishidan oldin spirt-glitserin-suv (1:3:6) aralashmasida maydalangandan so‘ng kiritiladi. Moyli asosda eriydigan dori moddalar surtma asosida eritilib emulsion kosmetik surtmalar tarkibiga kiritiladi (gomogen surtmalarni qarang).



    Kosmetika vositalarining sifat nazorati. Kosmetika vositalari ishlatilishi, tashqi ko‘rinishi, konsistensiyasi va strukturasi bo‘yicha turli xil bo‘lib, tayyorlanishi ham o‘ziga xosdir. Kosmetik vositalar tarkibiga odatda 10 xil yoki undan ham ortiq turli moddalar turli maqsadlarda qo‘shiladi. Bunda kosmetik vositalar tarkibiga kiruvchi moddalarning bir biriga mos kelishi, miqdorining to‘g‘ri tanlanishi va tayyor mahsulotning har xil haroratda va uzoq vaqt davomida barqaror bo‘lishi talab qilinadi. Kosmetik vositalar asosiga aksariyat hollarda turli tarkibli yog‘li asoslar, SFM, emulgatorlar, solyubilizatorlar, struktura va parda hosil qiluvchi, to‘ldiruvchi, konservant va boshqa moddalar tashkil etadi. Ko‘p kosmetik vositalarga foydali biofaol moddalar (BFM) va xushbo‘ylashtiruvchi moddalarni qo‘shiladi. Bunda kosmetik vositaning sifatiga qo‘yiladigan asosiy talab – uning bezararligidir. SHuning uchun barcha kosmetik vositalar uchun yaratilgan moddalar toksikologik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Kosmetik vositalarni mikrobiologik barqarorligini ta’minlash maqsadida ularning tarkibiga turli konservantlar qo‘shiladi. Har bir kosmetik vosita uchun qo‘shiladigan konservantlarning turi va miqdorini mikrobiologlar belgilaydilar. Kosmetik vositalarni harid qilishda haridorgirligini oshirish va ishlatishda mahsulotni yoqimli bo‘lishini ta’minlash maqsadida mahsulot tarkibiga turli xushbo‘y kompozitsiyalar, tish pastalari va eliksirlari tarkibiga esa ta’m korrigentlari kiritiladi.

    Kremlar sifatini baholash. Kosmetik kremning sifatini baholash GOST 29188.0-91 bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda krem namunalari tanlab olinidi (tasodifiy tanlab olish yo‘li bilan):

    Tashqi ko‘rinishi, hidi va bir xilligini aniqlash. Kosmetika vositalarining tashqi ko‘rinishi, hidi va bir xilligi organoleptik usulda tasdiqlangan tarkib bo‘yicha tayyorlangan etalon namunasi bilan solishtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

    Surtma xolidagi mahsulotlar. Aniqlanadigan mahsulot oq emal bilan qoplangan plastinkaning bir chetiga 1-2 mm qalinlikda surtiladi, shu kabi plastinkaning boshqa chetiga etalon namuna surtiladi. Surtmalarning tashqi ko‘rinishi va rangi solishtiriladi, so‘ng surtmalar barmoq orasida ezilib, dag‘al zarrachalarni yo‘qligi (bir xilligi) va konsistensiyasi tekshiriladi.

    Izoh. 1. Surtmaning rangi teri rangiga mos kelishini solishtirish uchun, surtma va etalon namunalari qo‘l terisiga surtib ko‘riladilar.

    2. Mahsulotning suv ta’siriga barqarorligini aniqlash uchun, namlangan barmoqlar bilan bir necha marta namuna ustidan yurg‘iziladi, bunda barmoqlarda sezilarli iz qolmasligi kerak.

    3. Lakning barqarorligini va qotish vaqtini aniqlash uchun mahsulot va etalon namunalari tirnoqlarga ikki marta surtiladi.



    Mahsulotning hidini aniqlash. Kosmetika mahsulotlarning hidini aniqlash uchun organoleptik usuldan foydalanadilar: tayyor mahsulot tasdiqlangan retseptura bo‘yicha tayyorlangan etalon namuna bilan solishtiriladi.

    Qovishqoqlik har bir mahsulot uchun alohida belgilangan diametrga ega NILKa voronkasidan 100 ml mahsulot namunasining oqib tushish vaqtiga aytiladi. Pastki teshigi berkitilgan, aniq vertikal holatda joylashtirilgan voronkaga chetiga etgunicha yaxshilab aralashtirilgan mahsulot namunasi quyiladi. Voronkaning ichki qavatiga suv yuborilib, namunaning harorati aniq 200 S da ushlab turiladi. Voronka tagiga hajmi 100 ml li silindr qo‘yiladi. Mahsulot namunasining qovishqoqligini aniqlash uchun voronka krani va sekundomer bir vaqtda qo‘yib yuboriladi. Silindra oqib tushgan mahsulotning hajmi 100 ml etishi bilan, sekundomer to‘xtatiladi va oqib tushishga sarflangan vaqt hisoblanadi.

    Izoh. Vazelin, yog‘li asoslar va kremlarning qovushqoqligi viskozimetrik usulda aniqlanadi. Buning uchun Ostvald-Piknevich (o‘lchov birligi - santistoks) yoki Engler viskozimetrida (o‘lchov birligi – Engler gradusida) aniqlanadi.

    Kremlar tashqi ko‘rinishi: hidi va rangi bo‘yicha, bir xilligi bo‘yicha va boshqa fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanish mezonlari 5-jadvalda keltirilgan.

    5-jadval

    Kremlarning fizik-kimyoviy xossalarini baholash

    Ko‘rsatkich nomi


    Kremlar tavsifi va me’yori


    Emulsion kremlar

    Gellar

    Yog‘li

    kremlar


    Suv va uchuvchan moddalarning miqdori, %

    5.0-98.0

    5.0-98.0

    -

    Vodorod ko‘rsatkichi pH

    5.0-9.0

    5.0-9.0

    5.0-9.0

    Tomchi tushish xarorati, S

    -

    -

    39-55

    Kolloid turg‘unligi



    Turg‘un

    turg‘un

    -

    Termoturg‘unligi

    Turg‘un

    turg‘un

    -

    Og‘ir metallar midori, % (mg/kg), ... dan ko‘p emas

    0.0020 (20.0)

    Download 1,18 Mb.
    1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   19




    Download 1,18 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Z. A. Nazarova, Yo. S. Karieva, G. M. Tureeva, N. S. Fayzullaeva, Sh. F. Iskandarova

    Download 1,18 Mb.