62
bog‘liq. Shuning uchun ham bilish jarayonida ijod muhim o‘rinni egallaydi. Ijod – insonning fan, texnika,
ishlab chiqarish, madaniyat va boshqa sohalarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yangilik yaratishi bilan
bog‘liq murakkab psixologik jarayondir. Unda inson tafakkuri,
xotirasi, tasavvuri, diqqati, irodasi faol
ishtirok etadi, ijodda bilim, tajriba, iste’dod namoyon bo‘ladi. Ijodkorlik o‘quvchilar egallayotgan
bilimlarning mustahkamligi va mukammalligini ta’minlash, ularda faol va mustaqil fikrlovchi shaxs
xislatlarini shakllantirish, aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bu holat
bo‘lajak mutaxassislarning fan asoslarini o‘zlashtirishida, bu jarayonga bevosita rahbarlikni amalga
oshirishda, kasbiy ijodkorlikka asoslangan yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Turli davrlarda ijod va izlanuvchilik faoliyati tushunchalariga berilgan ta’riflarda bu hodisa haqidagi
o‘zgarib borayotgan tasavvurlar o‘z aksini topgan. Masalan, falsafiy lug‘atda
ijod biror narsani yaratish
bilan bog‘liq ekanligi, ijod qilish qobiliyati oliy darajada ilohga xosligi, inson esa faqat ayrim ijodiy
harakatlarni bajarishi mumkinligi qayd etilgan. Keyinroq ijod mutlaqo yangi mahsulotni yaratish sifatida
tushunila boshlandi va u inson faoliyatining turli jabhalarida namoyon bo‘lishi qayd etildi.
«Ijod» tushunchasi fikrlash tushunchasi bilan uzviy bog‘liq. Aksariyat mualliflar fikrlashning ikki
asosiy turini farqlaydi: reproduktiv fikrlash va ijodiy fikrlash. Izlanuvchilik shaxs mustaqil fikrlash sifatlari
namoyon bo‘lishining eng asosiy va faol shakli hisoblanadi. Unga berilgan tariflar bir-biridan jiddiy farq
qilsa-da, uning ba’zi umumiy jihatlarini ko‘rsatish mumkin, bular: birinchidan, ijodkorlik natijasi sifatida
olinadigan mahsulotning sifat jihatidan yangilikka ega bo‘lishi; ikkinchidan, ushbu jihatlarning ijodkorlik
dastlabki asoslarida mavjud bo‘lmaganligi; uchinchidan, har qanday ijodkorlik faoliyati intellektual
izlanishni taqozo etishi bilan belgilanadi.
Ijodkorlik pedagogikasi dialektik asoslarining tarbiya va o‘z o‘zini tarbiyalash vositasida uyg‘un
ijodiy shaxsni shakllantirish asosidagi pedagogik nazariyasi A.Leontev, F.Talizina, P.Galperinlar
tomonidan ishlab chiqildi. Ular tadqiqotlarida asosiy e’tibor o‘quv faoliyatning maqsadga yo‘naltiruvchi
asoslarini aniqlash, teskari aloqa kabi omillarga qaratildi.
V.V. Davidov izlanuvchanlikning bu turlari o‘rtasida jiddiy farq mavjudligini qayd etadi. Uning
fikricha, «tafakkur, formal mantiq doirasidan chetga chiqmaydigan empirik
bilishning dastlabki
bosqichidir; u predmetning muhim xususiyatlarini, uning ichki aloqalarini qayd etmaydi, hodisalar va
mohiyatni farqlashni ta’minlamaydi. Nazariy fikrlash esa, o‘zining alohida mazmuniga ega bo‘lib, u
empirik fikrlash mazmuniga o‘xshamaydi. Bu amalda o‘zaro bog‘langan, yaxlit tizimni tashkil etadigan
hodisalar sohasi, bu umumiy va ayrimning ob’ektiv aloqasidir».
Ijodiy izlanish natijasida hosil bo‘ladigan bilim mazmuni yangi texnik yechim,
badiiy asar,
matematik formula, nazariya, qonuniyat kabi shakllarda jamiyatga taqdim etiladi. Ulardan jamiyat
bahramand bo‘lishiga erishilgandagina, ijod haqiqiy to‘laqonli namoyon bo‘ladi.
Talabalar ijodkorlik faoliyatini quyidagi belgilariga ko‘ra tasniflash mumkin: ijod turi (texnik,
texnologik, tashkilotchilik, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy, pedagogik, didaktik, aralash); ijod darajasi (mono
ijod, multi ijod, mega ijod); ijod qamrovi (ixtisoslik, mutaxassislik, bilim sohasi, tarmoqlararo, milliy,
mintaqaviy, xalqaro, mintaqalararo); ijodning davomiyligi (qisqa muddatli, o‘rta muddatli, uzoq muddatli);
ijodning murakkablik darajasi (oddiy,
murakkab, juda murakkab); ijodning shakli (innovatsion, ilmiy-
tadqiqotchilik, ta’limiy, investitsion, aralash).
Yangi sifat – ijodkorlik mahsuli – faqatgina ikki yoki undan ortiq nisbatan avtonom tizimlar bitta
yangi tizimga birikkanida yuzaga keladi.
Aynan ularning yangi tizim doirasida o‘zaro ta’sirlashuvi yangi sifatning yuzaga kelishini belgilab
beradi. Boshqa sohalar bilan tutash bilim sohalari, amaliy hayotda esa odatda o‘tish davrlarida ijodiy
potensiali yuqori hisoblanadi.
Turli-tuman, o‘zaro qarama-qarshi jihatlarni biriktirish izlanuvchilikning eng muhim manbalaridan
biri sanaladi. Buning muhim jihati yangi hosil qilingan jihatning dastlabki mahsulotda mavjud
bo‘lmaganligidir. Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish izlanuvchilikning yana bir manbaidir. Inson
tomonidan turli buyumlardagi umumiylikni ko‘ra olishi abstrakt tafakkur bilan bog‘liq. Agar ikki voqea
qaysidir jihatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa, u sabab-oqibat bog‘liqligida o‘z aksini topadi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish izlanuvchilikning san’at va falsafa bilan bog‘liq turlarida
muhim ahamiyat kasb etadi. Eng umumiy jihatlariga ko‘ra ijodkorlik faoliyati turlarini uch guruhga bo‘lish
mumkin: a) prinsipial jihatdan yangi
yechimlarni ilgari surish; b) ushbu yangilikning amaliy qo‘llanish
imkoniyatlarini aniqlash maqsadida uni detallashtirish, konkretlashtirish, ishlab chiqish; v) yangi g‘oyalarni
hayotga tatbiq etish, u yoki bu moddiy shaklda keltirish bilan bog‘liq faoliyat.
Yaratilgan ijod mahsulini ma’nosi va murakkabligiga ko‘ra uch guruhga ajratish mumkin:
ratsionalizatorlik taklifi – eng oddiy ijodiy ishlanma bo‘lib, mavjud va avvaldan qo‘llanilgan tizim, jarayon
63
va vaziyatlarning ayrim tarkibiy qismlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan yangi fikr; ixtiro – yuqori
darajada texnik ishlanma hisoblanib, mavjud bo‘lganlaridan jiddiy farq qiluvchi texnik yechim; kashfiyot
– moddiy dunyoning ilgari ma’lum bo‘lmagan ob’ektiv mavjud qonuniyat, xossa va hodisalar aniqlanishi.
Zehnlilik, topqirlik, sinchkovlik, qiziquvchanlik, izlanuvchanlik sifatlari,
mustaqil va tanqidiy
fikrlashning tarkib toptirilishi shaxs ijodkorlik faoliyatini tashkil qilishning asosiy omillari hisoblanadi.
Ta’lim jarayonlarining ushbu asosda tashkil etilishi o‘qituvchi va o‘quvchi muloqotini individual va
differensial yondashuvga asoslangan innovatsion texnologiyalarni joriy etishni taqozo etadi. Pedagogikada
innovatsion yondashuvni joriy etishda ijodkorlik faoliyatining ma’naviy, didaktik, texnologik,
tashkilotchilik kabi turlaridan keng foydalanish mumkin.
Ijodiy faoliyatni pedagog va o‘quvchilarning bu jarayonga psixologik jihatdan yetarlicha tayyor
emasliklari murakkablashtiradi. Aniq metod, shakl, vositalarga intilish ularni boshqalarni tan olmasliklariga
olib keladi. Bu psixologik holat sifatida turli shakllarda bo‘lishi mumkin, jumladan: azaldan umuman fikr
va mulohazalarni qabul qilmaslik; umumiy qabul qilingan nuqtai nazardan qat’iy himoyalanish;
yangi
mazmun va vositalarga nisbatan eski metodlarni qo‘llash; yangi metodlarda eski shakllarning saqlanib
qolinishi; umuman yangi masalani an’anaviy yechish usullari kabilar.
Mashg‘ulotlarni tashkil qilishda o‘quvchilar xulq-atvoriga sezilarli ta’sir o‘tkazuvchi maqsadlarni
aniqlash va hisobga olish zarur. Bu borada pedagog ko‘proq yakuniy natijaga qadar bosqichma-bosqich
amalga oshadigan oraliq maqsadlarni izlash va ulardan foydalanishi kerak bo‘ladi. Talabalar xulq-atvorini
muayyan yo‘nalishga solishga qaratilgan maqsad orqali istalgan loyihani barqaror, aniq qilib bajarish
mumkin. Ijodkorlik jarayonida maqsaddan tashqari inson xususiyatlarining psixologik (bilim olish
jarayonining rivojlanish darajasi), ijtimoiy-psixologik (ishonch hosil qilish, munosabat, baho berish, did,
urf-odatlar), pedagogik (ta’lim berish va ta’lim olish, tarbiyalash va tarbiyalanganlik) jihatlarini ham
hisobga olish kerak.