131
“Zaydinoy” dostonida yaxshilik ham yomonlik bilan ziddiyatda to‘la namoyon bo‘ladi, o‘quvchilarga
ma’naviy-ma’rifiy ozuq beradigan xalqona o‘git-nasihat mavjud:
Yomonning kasodi tegar har joyda,
Yaxshining yordami tegar tang joyda,
Yomonning makoni doim tor bo‘lar,
Yaxshining makoni bordir har joyda.
Ko‘ramizki, ushbu misralar bilan tanishgan har bir o‘quvchi homiylar-chiltonlarning epik
qahramonga, murg‘akkina yosh go‘dak - Go‘ro‘g‘libekka dastlab umumiy tarzda yomon va yaxshi odam
haqida soddagina ma’lumot berilganligiga guvoh bo‘ladi, o‘zi tegishli xulosa chiqaradi. Xalqning nazarida,
yomon odam hamma joyda yon-atrofdagilarga ziyon yetkazadi, zarar keltiradi. Yaxshi odam esa o‘zining
ahvoli og‘ir bo‘lsa ham, qiynalgan, tang ahvolga tushib qolgan kishiga doimo ko‘maklashadi, uni qiyin
vaziyatdan qutqazadi. Shu sababdan yomonlik qilib nafratga yo‘liqqanning makoni tor.
Chunki uning
qilmishlaridan xabardor kishilar hamma vaqt xursandchilik bilan qarshilamaydi: undan yanada
uzoqlashishga, hatto o‘z xonadoniga yaqinlashtirmaslikka intiladi, lekin yaxshilar hamisha izzat-hurmatga
sazovor, yorug‘ yuz bilan kutib olinadi. Odamning fe’li-atvoridagi qaysi xususiyatlar va harakatlar yaxshi-
yu, qay birlari yomon? Inson nima qilsa hayotda obro‘-e’tibor topib yashaydi-yu, qachon yomon degan
isnodga qoladi yoki xalq nafratiga duchor bo‘ladi? «Zaydinoy» dostoni sahifalarida bunday savollarga har
bir o‘quvchi odilona javob topadi: xalqona xulosalar sermazmun bandlarda
izchil bayon etilganligini
ko‘radi, ularning mag‘zini chaqishga harakat qiladi:
Yaxshidan, yomondan birday nom qolar.
Har kim qilganiga haqini olar.
Yomonga la’natdir, yaxshiga rahmat.
Yaxshini bu olam ardoqlab kelar.
Hayotda ezgu amallar juda ko‘p va xilma-xil: ularning ichida eng asosiysi insonni qadrlash, beva-
bechora, yetim-esir, qashshoqlarga yaxshilik qilish, muhtojga yordam berish, katta-kichikning ko‘nglini
qoldirmaslikdan iborat. Ajdodlarimizning farzandlarga qilgan vasiyatida, o‘git-nasihatlarida
muqaddas
dinimiz ta’limotida ham, hadislardagi muborak o‘gitlarda ham eng avvalo dilga yaxshilikni jo qilib, odatga
aylantirib olgan holda musulmonchilik farzlarini bajarish uqtiriladi. Bular tag zamini bilan milliy
pedagogikamizda ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlarning eng sarasi hisoblanadi. Buni
har bir zamondosh, har bir farzand bilishi shart va amalda rioya qilmog‘i farz va burch deb hisoblamog‘i
zarur. “Zaydinoy”da ham ana shu ma’naviy fazilatlar alohida qayd etilganki, ular o‘quvchilarni
yuksak
ma’naviy-ahloqiy fazilatlarni rivojlantirishga bevosita xizmat qila oladi:
Bir yetim boshini silasa ummat,
Tul ayolga qilsa beminnat xizmat.
Miskinning holidan ololsa xabar.
Ro‘za ibodatdan har biri qimmat.
Baxshi-pedagog o‘rinli ta’kidlaganidek, odam bir insonga yaxshilik qilmay, ibodatga o‘tirsa, uning
bu ishi piliksiz chiroqdek foydasiz. Chunki unga elning duo olqishi ham, yaratganning shafqati ham,
Rasulning karami ham bo‘lmaydi.
«Zaydinoy» dostonidagi sermazmun didaktik nasihatlarning har biri garchi umumbashariy bo‘lsa-
da, ijodkor
xalqning milliy qadriyatlari, e’tiqodi, qarashlaridan kelib chiqib aytilgan. Ularning ba’zilari
xalqona xulosalarga to‘la mos keladi. Masalan, “yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan
pichoq qinidan chiqar”, degan maqol bejiz to‘qilmagan va xalq orasida aytilmagan. Insonga til berilgan,
qudratli so‘z berilgan ekan, u so‘zning kuchini, dillarga ochqich bo‘lgan salomning qimmatini anglamog‘i
shart. Yaxshi va yomon tushunchasi avvalo shu so‘zni insonning bilishidan ko‘zga tashlanadi.
“Zaydinoy”da bu haqda shunday ibratli va xalqona xulosa mavjudki, bu
chilton-homiylarning yosh
Go‘ro‘g‘liga aytgan navbatida o‘giti sanaladi:
Xudoyim beribdi insonga kalom,
Bemavrid ish qilib tortmagin alam.
Yaxshi ham, yomon ham shundan bilinar,
Kim bo‘lsa oldidan o‘tma besalom.
Xalq orasida va kundalik turmushda muqaddas tushunchaga aylangan, o‘zaro insoniy
munosabatlarning, muomilaning, tanishishning asosi bo‘lgan salomlashish qoidalari yaratilgan.
“Zaydinoy” dostonidagi bir o‘rinda
odamning kimligi, aql-idroki, fikr tushunchasi,
xarakter xususiyati
salomda ayon bo‘lishi alohida ta’kidlangan:
Salomning ham salmoqlisi bo‘ladi,
132
Kinoyali, ilmoqlisi bo‘ladi.
Salomni bilganga kelmaydi ofat,
U Allohning bir belgisi bo‘ladi.
Har bir inson bu yorug‘ dunyoda imkoniyati darajasiga ko‘ra yashar ekan, ko‘rgan bilganlarini, dardu
quvonchlarini, bu cheksiz-chegarasiz olamdan olgan taassurotlarini kimgadir aytishni, dilidagini to‘kib
sochishni, sirlashishni istaydi. Bu dunyodagi siru sinoatlarni, ajoyib g‘aroyibatlarni, ulardan tug‘ilgan o‘y-
fikrlarni o‘zga bilan baham ko‘rish, mushkul ishlarni uddalash uchun yordamga ehtiyoj sezish hissi unga
do‘st, yelkadosh o‘rtoq topishni taqozo qiladi. Ko‘ngil-ko‘ngilga mos keladigan sirdosh topish esa g‘oyat
mushkul. Do‘stingman deyish, do‘stlik haqida baland parvoz gaplarni istagancha aytish mumkin. Ammo
do‘stga sodiqlik, do‘stlik udumlariga rioya qilish undan-da og‘ir, har bir insondan katta ma’suliyatni talab
qiladi. Xalqimiz do‘stlikni shuning uchun ham e’zozlaydiki, u Allohning sifatlaridan biri ham. Demak,
do‘stni aldash, yaratgan egamni aldash, do‘stga xiyonat qilish Ollohga xiyonat qilish bilan bab-barovor.
Yigitning mardligi, mard yigitning kuch-qudrati do‘stlarining ko‘pligida,
sirdosh va yelkadosh shu
do‘stlarga sidqidildan xizmat qilishida, ulardan bor narsani ayamaslikda, deb biladi ijodkor xalq. Shuning
uchun ham “Zaydinoy”da yosh go‘dak Go‘ro‘g‘liga shunday nasihat-o‘git berilgan:
Nor tuyalar nori bo‘lsa toyama,
Oq narsani qora qilib bo‘yama,
Mard yigitga mingta do‘st ham kam bo‘lar,
Do‘stdan aslo bor narsangni ayama.
Bilamizki, nor tuya haqiqatdan kuchga to‘lgan, chinakam nor bo‘lsa, qanchalik ustiga og‘ir yuk
ortilgan bilan yo‘lda toymaydi, egasini og‘ir ahvolda qoldirmaydi. Safar chog‘ida, nor tuyalar toymagani
kabi haqiqiy va chinakam iymoni butun inson hech qachon va qanday vaziyatda bo‘lishidan qat’iy nazar
ezgulikni qabohat, sadoqatni xiyonat tarzida baholamaydi, ularni bir-biri hech qachon tenglashtirmaydi.
Sobit turgan mard yigitning hayotdagi do‘stlari ko‘p bo‘lgani holda, shu yelkadosh va sirdosh do‘stlardan
bor narsasini hech bir ayamasligi, o‘rtalikda birgalikda baham ko‘rishi, o‘z saxovatidan chekinmasligi
zarur. Nor tuya yukni ko‘tarib, toymay, munkimay, qoqilmay yo‘l tortgani, o‘z egasiga sidqidildan xizmat
qilgani kabi do‘stining yaxshi-yomon fazilatlarini bilgan haqiqiy mard yigit do‘stning boridan quvonib,
yo‘g‘ida ko‘maklashib yashasa iqboli baland bo‘ladi, el orasida obro‘si yanada kuchayadi: natijada hamma
unga havas qiladi, elu xalq olqishini oladi, ayni paytda, bularni o‘z farzandlar