[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.14.00.00 Intellektual mulk / 03.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Intellektual mulk. Fuqarolik muomalasi qatnashchilarini individuallashtirish vositalari]
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining
Qarori
Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mamlakatda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqaviy brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga o‘z vaqtida chora ko‘rish, mualliflarning va boshqa ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xorijiy kompaniyalarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarda bir qator masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish,
shuningdek, Yangi O‘zbekistonning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-89-son Farmoniga muvofiq, Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlari ularning vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga o‘tkazilgan holda qo‘shib olinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) kiritilgan huquq egalariga tegishli tovar belgilari bo‘yicha qonunchilik talablari buzilishi aniqlanganda, bu to‘g‘risida xabar berish;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘rtasida intellektual mulk huquqlariga rioya etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish;
b) quyidagi davlat organlari intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish hamda intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini nazorat qiladi:
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mahsulotlarni sertifikatlashtirish, muvofiqlik sertifikatlari va belgilarini berish jarayonida;
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2022-yil 1-avgustdan boshlab quyidagi jarayonlardagi tekshirish va o‘rganishlar Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali”dan foydalangan holda amalga oshiriladi:
a) sertifikatsiyalash bilan shug‘ullanuvchi organlar tomonidan respublikada ishlab chiqarilayotgan, realizatsiya qilinayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida ularda qo‘llanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisi, geografik ko‘rsatkich, tovar kelib chiqqan joy nomi va sanoat namunasiga) bo‘lgan huquqlarni o‘rganish
va tekshirish;
b) Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sifat nazorati, standartlashtirish va sertifikatlashtirishni amalga oshiradigan ishchi organi tomonidan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini berish jarayonida intellektual mulk obyektlariga (tovar belgisi va sanoat namunasiga) bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini tekshirish va (yoki) o‘rganish.
Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyungacha sertifikatsiyalash bilan shug‘ullanuvchi barcha organlarni “Sanoat mulki muhofazasi portali”ga bepul ulanishini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali intellektual mulk obyektlarini Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizalarni elektron tarzda yuborish va qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish bosqichlarini onlayn ravishda kuzatib borish hamda qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida ariza yuboruvchilarni xabardor qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi;
b) bojxona organlari tomonidan Reyestrga kiritilgan intellektual mulk obyektlari huquq egalarining qonuniy manfaatlarini quyidagi himoya qilish huquqi beriladi:
tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida intellektual mulk huquqlari buzilganligi alomati mavjud bo‘lgan tovarlar aniqlanganda, bojxona organlari tomonidan huquq egasining “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga ushbu holat to‘g‘risida bir ish kunida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan xabar yuborish;
xabar yuborilgandan boshlab bir ish kuni davomida huquq egalaridan tegishli shakldagi ariza kelib tushgan taqdirda, ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish. Bunda, ushbu muddat ichida huquq egalaridan tegishli shakldagi ariza bojxona organlariga kelib tushmagan taqdirda, tovarlar belgilangan
tartibda chiqarib yuboriladi;
intellektual mulk huquqlari buzilganligi alomati tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvida xavfni boshqarish tizimi natijalari asosida bojxona nazorati shakllarini qo‘llagan holda aniqlash, bundan bojxona organlarining tezkor-qidiruv faoliyati davomida aniqlangan holatlar mustasno;
v) Reyestrga kiritilgan huquq egalari ularning intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risida bojxona organlariga ariza bilan murojaat qilganda, ulardan taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlashda yordam beradigan, shu jumladan ishlab chiqaruvchi, tovar turishi mumkin bo‘lgan joy va uni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish sanasi, tashish xususiyatlari va o‘rovining ko‘rinishi, tovar turgan joy yoki rejalashtirilayotgan yetkazish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga ushbu banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
5. Adliya vazirligi 2023-yil 1-yanvarga qadar intellektual mulk obyektlarining oldi-sotdisiga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun quyidagilar aks ettiriladigan “Intellektual mulk — barcha uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasini ishlab chiqsin va ishga tushirsin:
auksion savdosiga taklif etilayotgan intellektual mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
auksion savdosiga taklif etilayotgan intellektual mulk obyektlarining boshlang‘ich savdo narxi;
tuzilgan litsenziya shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqalar.
6. Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi “Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri” axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — qonunbuzilishlar reyestri) ishlab chiqsin va ishga tushirsin.
Belgilansinki, veb-saytlar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimli ravishda buzilishi belgilangan tartibda isbotlangan taqdirda, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Adliya vazirligining xulosasi asosida mazkur veb-saytlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qonunbuzilishlar reyestriga kiritadi va uning ko‘rsatmasiga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu veb-saytlar faoliyatini mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzuvchi xatti-harakatlar bartaraf etilmaguniga qadar qonunchilikka muvofiq cheklaydi.
Adliya vazirligi hamda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar qonunbuzilishlar reyestrini yuritish tartibini tasdiqlashga doir hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. 2022-yil 1-maydan boshlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlari to‘liq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga o‘tkazilsin.
8. Quyidagilar:
2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Adliya vazirligi 2023-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil qilgan holda, mazkur Strategiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritib borsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab intellektual mulk huquqlarini buzgan
holda ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va tarqatilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va tarqatuvchilarga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda idoralararo axborot almashinuvi Adliya vazirligining “IP-Protection” axborot portali (keyingi o‘rinlarda — Portal) orqali amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi 2022-yil 1-iyunga qadar Portalning elektron shaklda real vaqt rejimida ishlashini hamda unga manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bepul asosda ulanishini ta’minlasin.
10. Portaldan to‘laqonli foydalanish uchun davlat organlari hamkorligining shunday tartibi o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ishlab chiqaruvchisi noma’lum bo‘lgan qalbaki yoki kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashishda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va tayyorlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining so‘rovlariga asosan Portal orqali o‘n ish kunida taqdim etadi;
Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘z vakolatlari doirasida Internet va ijtimoiy tarmoqlarda intellektual mulk huquqlarini buzayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya qilgan holda Portal orqali o‘n ish kunida taqdim etadi;
Davlat bojxona qo‘mitasi Reyestrga kiritilgan intellektual mulk obyektlari va bojxona organlari tomonidan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborish to‘xtatib turilgan holatlar to‘g‘risida har chorakda Adliya vazirligiga Portal orqali umumlashtirilgan ma’lumot taqdim etadi;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi intellektual mulk obyektlaridan foydalangan holda sodir etilgan nohalol raqobat holatlari bo‘yicha ko‘rilgan ishlar va qabul qilingan qarorlar bo‘yicha har chorakda Adliya vazirligiga Portal orqali axborot taqdim etadi.
11. Adliya vazirligi Portalga taqdim qilingan ma’lumotlarni doimiy tahlil qilish va har yarim yilda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
12. Oliy sudga intellektual mulk obyektlarining sud orqali huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida barcha instansiya sudlari tomonidan intellektual mulk sohasiga doir ishlarni bir xil yondashuv asosida ko‘rib chiqish uchun yagona sud amaliyoti bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarorini qabul qilish tavsiya etilsin.
13. Quyidagilar:
Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish bo‘yicha joriy etilayotgan yangi mexanizmlarni mas’ul davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazish grafigi 4-ilovaga muvofiq;
Intellektual mulkni ro‘yxatga olish va uni fuqarolik muomalasiga kiritishni xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlariga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazish grafigi 5-ilovaga muvofiq;
Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining intellektual mulk sohasidagi malakasini oshirish yuzasidan o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari grafigi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘quv mashg‘ulotlari grafiklarga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-aprel,
PQ-221-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son
qaroriga
1-ILOVA
2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish
STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
Intellektual faoliyat natijalarini qo‘llash orqali iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy axborot-innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy qilish O‘zbekiston Respublikasini jadal rivojlantirishning muhim shartlaridan biri sanaladi.
Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda mamlakatimizning jahon bozorida mustahkam o‘rin egallashi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishi yo‘lida dadil qadamlar tashlash uchun islohotlarni zamonaviy innovatsion g‘oyalar, ixtirolar va mashhur mintaqaviy brendlar yaratilishiga asoslangan holda amalga oshirish talab etiladi.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar intellektual faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or intellektual faoliyat natijalarini qo‘llash orqali ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, intellektual mulk obyektlari qo‘llangan mahsulotlar hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda o‘z nomiga (brendiga) ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini ko‘rsatdi. Xususan:
intellektual mulk obyektlarini ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish ko‘rsatkichlari juda past;
aholi va tadbirkorlik subyektlari intellektual mulk sohasi bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga
ega emas;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyatiga intellektual faoliyat natijalarini joriy qilishdan manfaatdor emas;
ixtirochilar va novatorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmagan;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasini ta’minlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan, ilmiy-tadqiqot muassasalari va laboratoriyalarining intellektual mulk sohasi bilan bog‘liq faoliyati yetarli darajada muvofiqlashtirilmagan;
ilmiy ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga kiritish ko‘rsatkichlari past;
“IP Management” (intellektual mulkni boshqarish) sohasida intellektual mulk obyektlarini rivojlantirish va ularning transferi bilan faol shug‘ullanuvchi yuqori malakali mutaxassislar yetishmaydi;
intellektual mulkni huquqiy himoya qilish lozim darajada emas, ushbu sohada, ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlarida malakali mutaxassislar yetishmaydi;
ta’lim tashkilotlarida insonlarning intellektual faoliyat natijalariga hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkazilmaydi;
ta’lim jarayonlarida o‘zgalarning intellektual mulk obyektlaridan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish, ko‘chirmachilikning (plagiat) oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yetarlicha amalga oshirilmagan;
kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi kurashish bilan bog‘liq ishlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqiladigan va uning hududiga olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha intellektual mulkni huquqiy himoya qilish lozim darajada tashkil qilinmagan.
Qayd etilgan kamchiliklar mamlakatimizda intellektual mulk sohasining
jadal rivojlanishiga, jahon bozorlarida O‘zbekiston nomini ifoda qiluvchi mahsulotlar eksporti hajmining ortishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, iqtisodiyotning o‘sishiga hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan 2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari
1. Mamlakatda “Intellektual mulkning samarali huquqiy muhofazasidan — kuchli huquqiy himoyasi sari” tamoyili asosida intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O‘zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish hamda mintaqaviy brendlarni hududlarni har tomonlama rivojlantiruvchi vosita sifatida yuzaga chiqarish Strategiyaning bosh maqsadi hisoblanadi.
2. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
intellektual mulk sohasi bo‘yicha qonunchilikda mavjud bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf qilish, ilg‘or jahon tajribasi asosida uni doimiy takomillashtirib borish;
respublikada amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida intellektual mulk sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatidagi bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalarni bartaraf qilish orqali takomillashtirish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish jarayonlarini zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda muntazam takomillashtirib borish va intellektual mulk obyektlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash;
kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasiga qarshi kurashish bilan bog‘liq ishlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqiladigan va uning hududiga olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni samarali himoya qilish mexanizmlarini yaratish;
intellektual mulk obyektlarining ta’sirchan huquqiy mexanizm bilan himoya qilinishini ta’minlash;
intellektual mulk sohasini byurokratiyadan holi qilish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali to‘liq raqamlashtirish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulkka bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha innovatsion usullarni qo‘llagan holda manzilli targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish;
intellektual mulk sohasi bo‘yicha global integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etish.
3-bob. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari
3.1. Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini
takomillashtirish
1. Intellektual mulk obyektlarini ishonchli huquqiy himoya qilish maqsadida soha bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasidagi idoralararo hamkorlikni yanada takomillashtirish.
2. Intellektual mulk sohasidagi nizolarni sudga qadar hal qilish tartiblarini keng joriy qilish.
3. Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar faoliyati bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish.
3.2. Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish
1. Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni ishonchli huquqiy himoya qilish maqsadida kuchli qonunchilik bazasini shakllantirish.
2. Globallashuv va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Internet makonida intellektual faoliyat natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning o‘ziga xosliklarini aks ettiruvchi jihatlardan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga qaratilgan real choralarni ko‘rish.
3. Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquq egalarining o‘z huquqlarini himoya qilish va tiklash orqali foyda ko‘rishini ta’minlash mexanizmini ishlab chiqish.
4. Intellektual mulk huquqining savdo aspektlari bo‘yicha bitim va O‘zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasiga oid qonunchiligini qiyosiy tahlil qilish.
5. Bojxona qonunchiligiga “ex officio” tartibini kiritish masalasini o‘rganish.
3.3. Intellektual mulk obyektlarini yaratish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish
1. Hududlarda mintaqaviy brendlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash va jahonda “Made in Uzbekistan” brendini butun dunyoda tanitish choralarini ko‘rish.
2. Intellektual faoliyat natijalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish.
3. Mamlakatda davlat va jamiyatga yuqori foyda keltiradigan ixtirolar yaratilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
4. Intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini tartibga soluvchi ma’muriy reglamentlarni ishlab chiqish.
3.4. Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish tizimini takomillashtirish
1. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) ko‘magida respublikada mualliflik huquqini Internetda himoya qilish bo‘yicha “WIPO Alert” onlayn platformasidan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish.
2. Intellektual mulk sohasida professional yuridik yordam ko‘rsatuvchi patent vakillari faoliyatini yanada jonlantirish.
3. Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini tahliliy o‘rganish, ularni mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni tom ma’noda himoya qiluvchi tashkilotlarga aylantirish choralarini ko‘rish.
4. Tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda barcha kuch va vositalarni intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishga jalb qilish orqali sohada kuchli huquqiy himoyani ta’minlash.
5. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida litsenziyalangan dasturiy ta’minot vositalaridan foydalanish istiqbollarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tahliliy o‘rganish.
6. Mualliflik huquqlarini himoya qilish, shu jumladan ko‘chirmachilikka (plagiatga) qarshi ayovsiz kurashish maqsadida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3.5. Intellektual mulk bilan bog‘liq munosabatlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish va takomillashtirish
1. Intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan mualliflik haqi miqdorini hisoblab beruvchi kalkulyator modulini ishlab chiqish.
2. Intellektual mulk obyektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan farmakologik faol ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar va dori vositalari reyestrini tuzish.
3. Adliya vazirligining maxsus axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
4. Intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarning har bir bosqichi to‘g‘risida talabnoma beruvchilarni xabardor qilishning yangi mexanizmini joriy etish.
5. Intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini raqamlashtirish orqali talabnoma beruvchilarni ortiqcha byurokratik to‘siqlardan xalos qilish.
3.6. Jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish
1. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida intellektual mulk obyektlaridan keng foydalanishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularning faoliyatida intellektual mulkni qo‘llashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha doimiy fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
2. Umumiy o‘rta ta’lim va kasb-hunar maktablari o‘quvchi-talabalarida intellektual faoliyat natijalarini hurmat qilish hamda ixtirochilik va novatorlik xislatlarini shakllantirish maqsadida intellektual mulk sohasiga oid fan dasturlarini takomillashtirish.
3. Intellektual mulk sohasida yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari
turkumini yaratish, shu jumladan sohaga oid xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish.
4. Intellektual mulk sohasi bo‘yicha qonunchilik hujjatlaridan xorijliklar ham foydalanishini ta’minlash maqsadida ularning ingliz tiliga tarjima qilinishini ta’minlash.
5. Intellektual mulk sohasining dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida soha xodimlari uchun xorijiy amaliyot, seminar va o‘quv kurslarini tashkil etish.
6. Intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, intellektual mulk obyektlari huquq egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilib borish.
7. Ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida oliy ta’lim tashkilotlarining (yengil sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlar) talabalari uchun Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish.
8. Aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun to‘lov-shartnoma asosida o‘z intellektual mulk obyektlarini yuqori daromad keltiruvchi vositaga aylantirishga ko‘maklashuvchi “IP Management” (Intellektual mulkni boshqarish) o‘quv kurslarini tashkil qilish.
9. Keng jamoatchilikka intellektual mulk sohasi bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazuvchi jurnalistlar uchun to‘lov-shartnoma asosida o‘quv kurslarni tashkillashtirish.
3.7. Intellektual mulk sohasidagi xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish
1. O‘zbekiston Respublikasining BIMT tomonidan boshqariladigan intellektual mulk sohasiga oid universal xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi masalasini o‘rganish.
2. Intellektual mulk sohasi bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar muloqot maydonini yaratish maqsadida “XXI asrda intellektual mulk” xalqaro forumini o‘tkazish.
3. O‘zbekiston Respublikasidagi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, boshqa davlatlarning intellektual mulk bo‘yicha idoralari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali xorijiy donorlar bilan aloqalarni faollashtirish.
4. Mahalliy tadbirkorlik subyektlarining BIMT maxsus dasturlarida ishtirok etishini ta’minlash orqali ularda intellektual mulkdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qaroriga
2-ILOVA
2022 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.