Zamonaviy Dinshunoslik esa bir yarim asrga yaqin davrga borib taqaladi.
G‘arbda, zamonaviy ma’nodagi dinlar tadqiqotlari Maks Myuller (1823-1900)
tomonidan boshlab berilgan. Olim 1856 yilda «Qiyosiy mifologiya» va 1870 yilda
nashrdan chiqqan «Dinlarning asosi va shakllanishiga oid dars baholari» nomli
asarlari bilan boshqa dinlarni tadqiq qilishga yo‘l ochgan va kattagina e’tibor
qozongan. U Angliyadagi mashhur Oksford universitetida dinlar tarixidan
ma’ruzalar o‘qigan. O‘zining «Sharqning muqaddas kitoblari tarjima silsilasi»
asarida u ilk bora «religious studies» (Dinshunoslik) so‘zini qo‘llagan. Myuller va
uning zamondoshlari dinlarni ilmiy tadqiq qilishda filologiyani muhim deb bilishgan
va dinning asl mohiyatiga faqatgina til orqali qilingan izlanishlar bilangina etishish
mumkin, degan fikrni olg‘a surgan.
Biroz keyingi davrlarda Gollandiyada S.R.Tile va Shantepi de la Sosse bu
borada izchil faoliyat olib borganlar. Shunday qilib davrlar o‘tishi bilan Parij,
Bryussel va Rim kabi markazlarda Dinshunoslik universitetlar ta’lim dasturlaridan
joy olgan.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Dinshunoslik sohasida olib borilgan
izlanishlar shakllangan. Bu davrda turli mintaqalarda zikr qilingan soxada bir qancha
mutaxassislar etishib chiqqan. Ulardan R.Pettazoni, M.Eliade, Van der Lyu, R.Otto,
G.Menshing, J.Vax, F.Xeiler, G.Dumezil, E.G.Parrinder, S.G.F.Brandon, Erik
F.Sharp, Ninian Smart, M.Kitagava, R.S.Zeyxner, Ugo Bienchi, V.Kantvell Smit,
Ake V.Strom, Xans J.Shoyps va Mixael Paylar nomini zikr qilishimiz mumkin.