Pedagogik mahoratning tarkibiy qismlari.
Pedagogik mahorat yaxlit tizim sifatida quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi:
pedagog shaxsini insonparvarlik yo‘nalishiga ega bo‘lishi, uning qiziqishlari, qadriyat yo‘nalishalri va ideallarining oliy maqsad-barkamol avlod tarbiyalab yetishtirishga yo‘naltirilganligi;
mutaxassislik fanlari, o‘qitish metodikasi, pedagogika-psixologiyadan mukammal bilimga ega bo‘lish;
pedagogik qobiliyatga ega bo‘lish (muloqotga moyillik, ishchanlik, kelajakni tasavvur qila olish, kasbiy mustaqillik, sensor axborotlarni tezlik bilan anglash (yuzidan o‘qib olish);
pedagogik texnikani egallash, ya’ni o‘z-o‘zini boshqara olish, o‘zaro ta’sir etish va hamkorlikda ishlashni uddalash.
Pedagogik mahorat o‘ziga bolalar haqidagi, ularning psixologiyasi to‘g‘risidagi, maktab haqidagi, ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish va uning mazmuni, metodlari haqidagi keng bilimlarni qamrab oladi. Bu bilimlar umumiy pedagogik madaniyatni tashkil etadi, o‘qituvchi, tarbiyachi bu madaniyatni egallamasa, hech vaqt o‘z ishining chinakam ustasi bo‘la olmaydi, yomon, eski usuldan, bir qolipdagi tayyor andozalarni ishlatishdan nariga o‘tmaydi.
Biroq, zamonaviy o‘qituvchiga birgina umumiy madaniyatning o‘zi kifoya qilmaydi-maxsus bilimlar va malakalar-bolalarni kuzatish, ularning o‘sishdagi muhim narsalarni aniqlay olish, ularni rivojlantirish yo‘llari va usullarini aniqlash, turli o‘zaro ta’sirini chuqur tahlil qilish, pedagogik izlanishlar va yutuqlarni ilmiy jihatdan bir tizimga solish malakalari zarur bo‘ladi.
Shunday qilib, pedagog-muallim o‘z mahoratiga quyidagi bosqichlarda erishishi mumkin:
Pedagogika-psixologiya fanlarini chuqur o‘rganish;
Maxsus fanlar, ularni o‘qitilish metodikasini chuqur bilish;
Pedagogik amaliyotda faol ishtirok etish va uni samarali o‘tkazish;
O‘z faoliyatini doimo tahlil qilib, unga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘lish;
O‘z ustida mustaqil ishlash, malaka oshirish kurslarida o‘qib borish.
|