27
qadar koʻproq yorugʻlik tushishiga moʻljallab joylashtiriladi.
Mikroskopda koʻrish ishlari uchun yorugʻlik bir tekisda taqsimlangan
boʻlishi kerak. Toʻgʻri tushayotgan quyosh nurlari koʻzni charchatadi,
koʻrish qobiliyatiga, optik asboblar va mikroorganizmlarga zarar
yetkazadi. Xona devorlari och rangli moyli boʻyoqlar bilan boʻyaladi.
Pol esa linoleum yoki oson yuviladigan plitalar bilan qoplanadi.
Stollarning balandligi 0,7 m dan oshmasligi kerak. Stollarning yuza
qismi yuvish va dezinfeksiya qilish oson boʻlishi uchun plastik yoki
linoleum bilan qoplanishi lozim. Ish jarayonida foydalaniladigan stul va
taburetkalar vintli boʻlishi kerak.
Texnik mikrobiologiya laboratoriyasi xonasi bir kunda ikki marta
nam latta bilan artib chiqiladi. Pol, devorlar
va mebel vaqti-vaqti bilan
changyutkich bilan ishlanadi va 2-3% li soda aralashmasi (natriy
bikarbonat), 3-5% li fenol yoki lizol aralashmasi (yashil sovun
qoʻshilgan fenol preparati), 0,5-3% li xloramin aralashmasi bilan artib
chiqiladi. Bundan tashqari, bir oyda ikki-uch marta, ayniqsa mitselial
zamburugʻlar bilan ishlagandan keyin, laboratoriya xonalarida havodagi
va turli yuzalardagi mikroorganizmlarni yoʻq qilish uchun ultrabinafsha
nurlanishli bakteriosid chiroqlar bilan 30 minutdan bir necha soatgacha
ishlov beriladi. Shuni unutmaslik kerakki, ultrabinafsha nurlar koʻz shox
pardasining oʻtkir yalligʻlanishiga olib kelishi mumkin. Bunda, nur ta’sir
qilgandan soʻng, koʻp oʻtmasdan koʻzdan yosh kelishi va yorugʻlikdan
qoʻrqish kabi belgilar yuzaga keladi. Shu boisdan ham himoya
koʻzoynaklaridan foydalanish lozim. Bakteriosid chiroq yoqilgan kichik
xonalarda oʻtirish mumkin emas.
Mutlaq sterillikni talab etuvchi ba’zi ishlar (toza kulturalarni qayta
ekish, mikroorganizm kulturalarini ajratish, ekish, ilmiy-tadqiqot ishlari)
izolyatsiya qilingan maxsus xonalar – bokslarda amalga oshiriladi. Boks
oldida maxsus dahliz (tambur) boʻlib, tashqaridan havo va u bilan birga
mikroorganizmlar kirmaydigan qilib oynalangan boʻlishi kerak. Boks
devorlari plitalar bilan qoplanishi yoki moyli oq boʻyoq bilan boʻyalishi,
poli esa linoleum bilan qoplanishi kerak. Boksda stol, stullar, gaz
gorelkalari joylashtiriladi, bakteriosid chiroqlar osib qoʻyiladi yoki
qoʻzgʻaluvchan kronshteynga mahkamlanadi. Boks
xonalari vaqti-vaqti
28
bilan yuvib turiladi va dizenfeksiya qilinadi. Xona yigʻishtirilgandan
keyin, ish boshlashdan oldin, poldan 2 m balandlikda joylashtirilgan
bakteriosid chiroqlar bilan nurlantiriladi. Biokimyo laboratoriyasi kimyo
stollari, havosi almashinadigan shkaflar, idish va reaktivlar uchun
shkaflar, shuningdek zaruriy asboblar – fotoelektrokalorimetrlar (FEK),
spektrofotometr, pH-metr, texnik va analitik tarozilar, sovutgichlar,
vakuum nasoslar va shu kabilar bilan jihozlanadi. Preparatlar xonasida
ish stollari,
turli asboblar, idishlar va reaktivlar joylashtiriladigan
shkaflar, sentrifuga va boshqa vibratsiya apparatlari, preparat va toza
toʻplamlarni saqlash uchun sovutgichlar, termostatlar joylashtiriladi.
Sterillash xonasida oziq muhitni va idishlarni sterillash uchun
avtoklavlar, ishlatilgan laboratoriya idishlariga (tirik mikroorganizmlar,
qolgan kolbalar, probirkalar, pipetkalar) issiqlik
bilan ishlov berish
uchun alohida avtoklav, Kox qaynatgichi, quritish shkaflari, asboblar
sterilizatori va stol joylashtirilishi kerak.
Sterillash xonasi sterilizatorni ochgandan keyin chiqadigan bugʻ
qoldiqlarini chiqarib yuborish uchun yaxshi ventilyatsiya moslamasi
bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Sterilizatordan chiqayotgan bugʻ,
bosim koʻtarilmasdan avval rezina naycha bilan tashqariga yoki suvli
chelakka yoʻnaltiriladi. Eshik (oynalanmagan) va deraza tashqariga
ochilishi kerak.
Yuvish xonasi issiq va sovuq suv oʻtkazilgan qulay rakovina yoki
vannalar, idishlarni quritish uchun stellajlar,
gaz yoki elektr plitalari,
oziq muhitlarni qaynatish uchun idishlar, tarozilar, suv distillyatorlari
bilan jihozlanadi. Yuvish xonasida havosi almashiladigan, quritish va
boshqa shkaflar boʻlishi kerak. Havosi almashiladigan shkaf suv bugʻlari
hamda shisha va idishlarni yuvishda ishlatiladigan ba’zi reaktivlarni
chiqarib yuborishda kerak boʻladi. Pol va devorlar plita bilan qoplangan
boʻlishi kerak.
Termostat xonasida kolba va probirkalar uchun stellajlar qoʻyiladi,
maxsus fundamentda rotatsion tebratgichlar oʻrnatiladi. Termostat
xonasidagi harorat 30-45
o
C atrofida boʻlishi kerak.
Oʻquv laboratoriyasida har qaysi talabaga doimiy ish joyi va
asboblar biriktirib qoʻyiladi. Laboratoriya
stolida mikroskop uchun
29
yoritgich, spirt yoki gaz gorelkasi, boʻyoqlar toʻplami, bakteriologik
ilmoq va ignalar, probirkalar uchun shtativ, pipetkalar, shisha shpatellar,
oddiy va chuqurchali buyum shishalar, qopqoq shishalar, shisha
koʻprikcha va preparatlarni boʻyash uchun vannacha, doka salfetka,
shishaga chizadigan qalam, immersion yogʻ,
qum soat, buyum shisha
oʻlchamida kesilgan filtr qogʻoz, gugurt, dezinfeksiya qilish uchun
suyuqlik, paxtali banka boʻlishi kerak. Mikroskop stolga joylashtiriladi
va shisha qalpoq yoki polietilen yopqich bilan berkitib qoʻyiladi. Ish joyi
juda toza holda saqlanishi kerak. Stolning usti lizol, 70% li (hajmi
boʻyicha) etanolli xloramin shimdirilgan paxtali tampon bilan artiladi.