• Kurs ishining vazifalari
  • Kurs ishi obyekti
  • Ishning tuzilishi.
  • Adabiy turlar va janrlar




    Download 53,6 Kb.
    bet2/13
    Sana15.05.2024
    Hajmi53,6 Kb.
    #234362
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
    Bog'liq
    Umid Shomurodov kurs ishi 000000

    Kurs ishining maqsadi: Modul bo‘yicha chuqur va atroflicha bilim berish, ularda adabiy turlar va janrlar bo‘yicha yaxlit tasavvur uyg‘otish, modulning barcha tushunchalari va mazmunini tizimli asosda, innovatsion texnologiyalardan foydalanib, didaktika talablarga amal qilgan holda o‘qitish jarayonini loyihalashtirish va o‘quv-uslubiy ta’minotini yaratish.
    Kurs ishining vazifalari:

    • “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashtirish;

    • “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishga doir innovatsion texnologiyalarni tasniflash;

    • “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitish jarayonini loyihalashtirish va rejalashtirish.

    • “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishga doir elektron modulli didaktik ta’minotni ishlab chiqish( ma’ruza matni, modul asosida ma’ruza va amaliy mashg‘ulot texnologik modeli hamda texnologik xaritasi, keys-stadi, amaliy topshiriqlar va ishlanmalar, testlar, nazorat topshiriqlari va mustaqil ta’lim yuzasidan ko‘rsatmalar, taqdimotlar).

    Kurs ishi obyekti – “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish jarayoni.
    Kurs ishining predmeti – “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish mazmuni va amaliy-texnologik jihatlari.
    Ishning tuzilishi.Kurs ishi kirish, 2 bob, 4 paragraf xulosa-tavsiyalar hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.

    I BOB. “ADABIY TURLAR VA JANRLAR” MODULINI O‘QITISHNING NAZARIY MASALALARI
    1.1. “Adabiy turlar va janrlar” moduli taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari
    Mustaqilllikdan keyingi yillarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo‘lgani singari milliy adabiyotda ham ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Prezidentimiz I. A. Karimov o‘rinli ta’kidlaganlaridek, “... ma’naviyatni tushunish, anglash uchun, avvalo, insonni tushunish, anglash kerak”2. Millat ma’naviyatini yuksaltiradigan vositalardan biri - badiiy adabiyotdir. Badiiy adabiyotning mohiyatini anglash, uning san’atdagi o‘rnini belgilash, adabiy jarayonni tahlil va talkin qilib borish uchun filolog talabalarda ilmiy-nazariy tushunchalar shakllangan bo‘lishi zarur.
    Adabiyotshunoslik nazariyasi oid ilmiy-nazariy qarashlar umumta’lim maktablarining adabiyot darslarida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining adabiyot darslarida ma’lum darajada o‘tilgan. Xususan, adabiy turlar va janrlar masalasida ham bir qadar tayyorgarliklari bor. Chunki adabiyot darslarida qaysi bir adabiy janrlar mahsuloti bo‘lgan asarlar tahlilidan so‘ng nazariy ma’lumotlar beriladi. Bundan tashqari, akademik litseylarda “Adabiyot qoidalari” fani o‘qitiladi. Universitetlar, pedagogika institutlarining o‘zbek filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bakalavr bosqichi 1-kurs talabalariga “Adabiyotshunoslik nazariyasi” kursi o‘qitiladi. Adabiyotshunoslik nazariyasi fanining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri – adabiy turlar va janrlar muammosidir. Bu borada jahon adabiyotshunosligida fundamental tadqiqotlar amalga oshirilgan3.
    Badiiy adabiyotni turlarga ajratish, ya’ni asar tiplarini belgilash Aflotun davridan boshlangani an’anaviy tarzda epos, lirika va dramadan iborat ekani e’tirof etiladi. Aflotun “Davlat” asarida adabiy turlar farqini shunday tushuntirgan: birinchidan, (muallif) o‘z nomidan to‘g‘ri gapirishi, ikkinchidan o‘z asari qahramonlarining “nutq almashinish” ko‘rinishiga qurishi va bunda shoir so‘zlari aralashmasligi, uchinchidan, o‘z so‘zlari asarda ishtirok etuvchi begonalar so‘zlari orqali aytishi mumkin. Suqrot asarlariga munosabat masalasida aytilgan bu talqin keyinchalik adabiyotni turlarga ajratishda metodologiya vazifasini bajardi. Aflotunning shogirdi Arastu bu fikrlarni yanada izchilroq qilib davom ettirgan: “Bu sohada asarlar yana aks ettirish usullari jihatidan ham bir-bi ridan farq qiladi. Zotan bir xil narsani bir xil vosita bilan tasvirlagan holda yo muallif voqealarga aralashmay hikoya qilishi va o‘zini xuddi Gomerday tutishi mumkin. Yoki butun tasvir davomida muallif o‘zligicha qolishi yoxud barcha aks ettiriluvchilarni harakatdagilar sifatida gavdalantirishi mumkin. XIX asrda Gegel tasnif asosiga obyektivlik va subyektivlik tushunchasini qo‘ygan. O‘zbekistonda adabiyot nazariyasi, asosan, Belinskiy qarashlari asosida shakllangan.
    Adabiy turlarni belgilashda turli tasniflarni uchratish mumkin, lekin deyarli barcha manbalarda uch adabiy tur – epos, lirika, drama tarzida qat’iylashgan.
    «Epos» roman, qissa, hikoya, «lirika» g‘azal, tuyuq, ruboiy, «drama» komediya, tragediya, drama janrlarini umumlashtiradi. YA’ni mazkur adabiy turlar ana shunday qismlardan tarkib topgan bo‘ladi. Epos, lirika, dramani tashkil etuvchi ana shunday uzvlar «janr» deb yuritiladi.
    Adabiy turlar bir-biridan, avvalo, voqelikni gavdalantirish tarziga ko‘ra farqlanadi. Eposga mansub asarlar ko‘pincha bo‘lib o‘tgan voqealarni ko‘rsatayotganday taassurot uyg‘otsa, lirik turga oid asar­lar ayni choqda bo‘lib o‘tgan voqealarni gavdalantirayotganday tasavvur yaratadi. Drama asarlarida esa voqealar xuddi hozir bo‘lib o‘tayotganday bo‘lib ko‘rinadi.
    Biroq eposga xos xususiyatlar ma’lum darajada lirik asarda yoki komediya, drama, tragediyada ham mavjud bo‘ladi. Yoki lirikaga xos xu­susiyatlar roman, qissa, hikoya yoki drama asarlarida namoyon bo‘ladi. Dramaning xos belgilari esa epos, lirikada ham ko‘rinadi. Chunki adabiy turlar bir-biri bilan mustaxkam aloqador, mushtarak hodisa sanaladi. Ularning tasvir obyekti ham, mavzusi ham yagona - insondir. Adabiy turlarga mansub janrlar ana shu obyektni har xil ko‘rinishda gavdalantiradi, xolos.
    Epos (roman, qissa, hikoya) voqeani, lirika insonning ruhiy holat, kechinmasini, drama kishining xarakterini gavdalantiradi, degan qarash keng yoyilgan. Biroq roman, qissa, hikoyada ham insonning ruhiy holat, kechinmalari ko‘rsatiladi. She’riy asarlarda ma’lum voqealar bayon etiladi. Drama asarlarida ham qahramonning kayfiyati, qalbidagi alg‘ov-dalg‘ovlar jarayoni akslanadi.
    Albatta, epos, lirika, drama o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud. Epos so‘zlashuv nutqiga yaqin bir tarzda yozilsa, lirika misra, qofiya, turoq singari unsurlarga asoslangan, drama dialog, monologlardan tarkib topgan bo‘ladi.
    «Janr» fransuzcha so‘z bo‘lib, «tur», «jins» degan ma’noni anglatadi. Bu termin dastlab san’at va adabiyot atamasi sifatida XVI asrda Fransiyada qo‘llana boshlagan. Adabiy janr asarlarning kompozitsion qurilishi, tasvirlash yo‘llari, vositalari, bayon usullari, hodisalarni qamrash ko‘lamiga ko‘ra ko‘rinishidir. Janr o‘zgaruvchan, boyib boradigan hodisadir. Ayni paytda u ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy taraqqiyot jarayonida iste’moldan chiib ketishi mumkin bo‘lgan o‘ziga xosliklar.
    «Epos» deganda hozir nasriy asarlar tushuniladi. Roman, qissa, hikoya, masal, ertak kabi janrlar epik turga mansub asarlar deyiladi. Epos yunoncha epos so‘z bo‘lib, «so‘z», «nutq», «hikoya» degan ma’noni anglatadi. Bu atama keng va tor ma’noda qo‘llanadi. Epos keng ma’noda voqeaband asardir. Bundan ayonki, she’riy yo‘lda yozilgan asar ham epos bo‘lishi mumkin. Voqealarni hikoya qilish ustuvor bo‘lgan eposda hodisalarni bayon etish shakli va usullari davr o‘tishi bilan o‘zgarib, boyib borgan. Qadimgi epik asarlarda voqealar o‘tgan zamon shaklida ifodalangan bo‘lsa, hozirgi roman, qissa, hikoyalarda hozirgi yoki o‘tgan zamonda boshlanib, ayni paytda ham davom etayotganday yoki yana boshqacha tarzda naql qilinadi. Epik asarlar voqealarni aks ettirish jihatidangina emas, balki inson ruhiy olamini chuqur tahlil qilishi bilan ham yangi imkoniyatlarni namoyon etmoqda.
    Epos tor ma’noda xalq ijodiyotiga mansub yirik hajmli asarlardir. O‘zbek xalq dostonlari ham epik asardir. Xalq eposi mavzusi, voqealarni talqin qilishiga ko‘ra bir necha xillarga bo‘linadi. Masalan: qahramonlik eposi, tarixiy epos, romantik epos, jangnoma va boshqalar. Bu asarlar keng syujetli, dramatik voqealarga boy bo‘ladi. Xalq eposida real voqelik badiiy to‘qima, xayoliy tasavvur, mifologik qarashlar bilan qorishiq holda ko‘rinadi.
    Janr taraqqiyoti bevosita millat taraqqiyoti bilan bog‘liqdir. Mumtoz janrlar taraqqiyoti bevosita mumtoz adabiyot bilan bog‘liq bo‘lsa, epik va dramatik janrlarning taraqqiyoti, asosan, XX asrning boshlarida shakllangan jadid adabiyoti bilan bog‘liq. Jadid adabiyotida haqiqiy ma’nodagi realistik proza va realistik dramaturgiya shakllandi. A. Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Cho‘lponning “Kecha” romanlari, Behbudiyning “Padarkush”, A. Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramalari, Hamzaning “Maysaraning ishi” komediyasi, Fitratning “Abulfayzxon” tragadiyasi janrlarning imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. O‘zbek sovet adabiyoti davrida ham epik, lirik, dramatik asarlarning janrlar talablarini kengaytiradigan badiiy jihatdan yuksak asarlar ham yaratildi.
    Adabiy turlarning muayyan davr adabiy jarayonida tutgan o‘rni, mavqei har vaqt ham bir xil emas, taraqqiyotning ma’lum bosqichlarida ularning ayrimlari yetakchilik mavqeini egallaydi. Bu esa turli omillar (ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sharoit, adabiy-madaniy an’analar va hokazo) bilan bog‘liqdir. Masalan, o‘zbek adabiyotida an’ana bilan bog‘liq holda uzoq vaqt lirika yetakchilik qilgan bo‘lsa, XX asr boshlaridan epos yetakchilik mavqeini egallay boshladiki, bu ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sharoit (epik turda badiiy konseptual funksiyani amalga oshirish, dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlarining kengligi va buning XX asr boshlarida dolzarblik kasb etgani) bilan izohlanadi. O‘tgan asrning 60-70-yillari ijtimoiy-siyosiy sharoiti yana she’riyatni yetakchi mavqega olib chiqdiki, bu ijod erkinligi bo‘g‘ilgan sharoitda badiiy proza o‘zining eng muhim funksiyasi – badiiy-konseptual funksiyasini to‘laqonli bajara olmay qolgani bilan izohlanishi mumkin. 80-yillarga kelib esa epos yo‘qotgan mavqeini yana tiklay boshladi: M.M.Do‘st, E.A’zam, A.A’zam, X.Sulton kabi ijodkorlar asarlarida jamiyatni, zamona kishilari ruhiyatini va buning vositasida jamiyatning mavjud holatini chuqur badiiy idrok etishga intilish kuchaydi. Biroq, ta’kidlash zarurki, adabiy turlarning birini ikkinchisidan ustun qo‘yishga intilish nomaqbuldir. Zero, har bir adabiy tur o‘ziga xos ustun jihatlarga ega, bu esa ularning har birida dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlari turlicha ekanligi bilan izohlanadi. Ba’zan “falon shoir o‘zining falon ruboiysida katta romanda ham aytish qiyin bo‘lgan gapni ayta olgan” qabilidagi maqtovlar eshitiladiki, bu xil qarash o‘ta jo‘n va ilmiylikdan butkul yiroq, badiiy adabiyot haqida, badiiy asar haqida bu tarzda fikrlash diletantlikdan boshqa narsa emas. Negaki, badiiy adabiyotda aytishgina emas, qanday aytish ham muhim. Zero, har bir adabiy turga mansub asarning qabul qilinish mexanizmlari, o‘quvchi ruhiyatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari va yo‘llari turlichadir. Bu o‘rinda xalqimizning “o‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa – qilig‘i” qabilidagi naqliga amal qilgan to‘g‘riroq bo‘ladi.
    Istiqlodan keyingi yillarda ham adabiyotimizning barcha tur va janrlari bo‘yicha ko‘plab badiiyat namunalari yaratildi. Birgina roman janrining o‘zida yuzga yaqin turli mavzudagi romanlar yaratildi. To‘g‘ri, ma’lum janrlarda yaratilgan asarlar soni bilan emas, sifati bilan o‘lchanadi. Hozirda adabiyotshunosligimizda XX asr, yuz yillikda yaratilgan kichik janrdagi asarlar sarhisob qilinib, nashrga tayyorlandi. Bunga misol qidib adabiyotshunos olim B. Karim tomonidan tayyorlangan “XX asr o‘zbek she’riyati antalogiyasi”, “XX asr o‘zbek hikoyasi antalogiyasi” kitoblarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
    Adabiy turlar va janrlarning tabiatini, o‘ziga xos xususiyatlarini o‘zlashtirmasdan turib badiiy asarlarni tahlil qilib bo‘lmaydi. Xususan, O‘zbek filologiyasida tahsil olayotgan talabalar uchun bu kabi adabiy-nazariy tushunchalarni o‘rganish suv va havo kabi zarurdir. Shu nuqtai nazardan “Adabiy turlar va janrlar” modulini o‘qitishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagicha belgilandi:

    1. Adabiy turlar va janrlar bo‘yicha Sharq va G‘arb mutafakkirlarining qarashlarini o‘rganish;

    2. Adabiy turlar va janrlar bo‘yicha rus adabiyotshunoslarining ilmiy-nazariy qarashlarini o‘rganish;

    3. Adabiy turlar va janrlar bo‘yicha o‘zbek olimlarining tadqiqotlarini o‘rganish;

    4. Epik tur va uning janrlarini o‘zbek adabiyoti namunalari asosida o‘rganish;

    5. Lirik tur va uning janrlarini milliy adabiyotimiz misolida o‘rganish;

    6. Dramatik tur va uning janrlarini jahon adabiyoti namunalari asosida tadqiq etish;



    Download 53,6 Kb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




    Download 53,6 Kb.