|
Epik tur va uning janrlari. Epos-
|
bet | 8/13 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 53,6 Kb. | | #234362 |
Bog'liq Umid Shomurodov kurs ishi 000000Epik tur va uning janrlari. Epos- (yun. epos – rivoya, hikoya) – 1) badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. eposning spetsifik xususiyati – voqeabandlik, epik asarda makon va zamonda kechuvchi voqea-hodisalar tasvirlanadi, so‘z vositasida o‘quvchi tasavvurida reallik kartinalariga monand jonlana oladigan to‘laqonli badiiy voqelik yaratiladi. Tasavvurda reallikdagiga monand, o‘zining tashqi shakli bilan jonlangani uchun ham eposdagi badiiy voqelikni “plastik” tasvirlangan deb aytiladi. eposda plastik elementlar bilan bir qatorda noplastik elementlar (muallif mushohadalari, fikrlari, tasvir predmetiga hissiy munosabati) ham mavjud bo‘lib, bu elementlar muallif obrazini tasavvur qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular plastik unsurlardan farqli o‘laroq, asarni o‘qish davomida o‘quvchi tasavvurida jonlanmaydi. eposda obyektiv va subyektiv ibtidolarning uyg‘un birikishi kuzatiladi: asardagi badiiy voqelik obyektiv ibtidoni, asarning har bir nuqtasiga singdirib yuborilgan muallif shaxsi subyektiv ibtidoni tashkil etadi. Badiiy voqelikni “obyektiv ibtido” deyilishida shartlilik bor, chunki u reallikdan olingan oddiygina nusxa emas, balki voqelikning ijodkor ko‘zi bilan ko‘rilgan, ideal asosida idrok etilgan, baholangan va ijodiy qayta ishlangan aksidir. Shunday ekan, hatto “obyektiv tasvir” yo‘lidan borilib, muallif imkon qadar o‘zini chetga olgan asarlarda ham muallif obrazi mavjud bo‘ladi. Demak, epik asarlarda badiiy voqelik bilan bir qatorda noplastik muallif obrazi ham har vaqt mavjuddir.
Eposda makon va zamonda kechuvchi voqealar roviy (muallif, hikoyachi-personaj) tomonidan hikoya qilinadi. Shunga ko‘ra, eposda rivoya an’anaviy ravishda yetakchi o‘rinni egallaydi, uning vositasida asarga dialog hamda tafsilotlar (peyzaj, portret, narsa-buyumlar va h.) olib kiriladi. Rivoya bu unsurlarning barini yaxlit butunlikka birlashtiradi. Eposning takomili jarayonida rivoya salmog‘ining kamayib borishi kuzatiladi. Rivojlanish jarayonida eposda dialog hamda tafsilotlarning salmog‘i va ahamiyati ortib boradi. Bu badiiy adabiyotning boshqa san’at turlari bilan aloqasi, ularga xos usul va vositalarni o‘ziga singdirishi natijasi sifatida tushunilishi mumkin. Masalan, teatrning rivoji natijasida inson xarakterini yaratishning dramaturgik usullari ishlab chiqildi, sayqallandi; o‘quvchi omma dramaturgik usulda yaratilgan inson xarakterini anglashga, dialoglar vositasida yaratilayotgan badiiy voqelikning mohiyatini tushunishga tayyorlandi, ya’ni, badiiy did rivojlandi. Shu asosda eposga dramatik unsurlar kirib keldi. Ayni paytda, eposdagi dialog dramadagi dialogdan o‘zining hayotiyligi, ma’no ko‘lamining kengligi bilan ajralib turadi. Chunki eposda dialog amalga oshayotgan konkret hayotiy situatsiya, unda qatnashayotgan personajlarning ruhiy holati, xarakter xususiyatlari haqida kengroq tasavvur berish imkoniyatlari mavjud, personaj dialogda aytayotgan har bir gap asar butunligi kontekstida tushunilishi mumkin.
Eposda nasriy (sochma) nutq shakli yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, she’riy yo‘lda yozilgan epik asarlar ham ancha keng tarqalgan. Masalan, B.Boyqobilovning “Kun va tun” she’riy qissasi, H.Sharipovning “Bir savol”, Muhammad Alining “Boqiy dunyo” she’riy romanlari she’riy yo‘lda bitilgan epik asarlardir. Demak, nasriy yo‘lda yozilganining o‘zi asarni eposga mansub etmaydi, “nasriy asar” va “epik asar” tushunchalari bitta ma’noni anglatmaydi. Eposda “o‘tmishda bo‘lib o‘tgan” voqealar qalamga olinadi, zero zamonda kechib bo‘lgan voqealargina hikoya qilinishi mumkin. Hatto olis kelajak qalamga olingan fantastik asarlarda ham muallif bo‘lib o‘tgan voqealarni hikoya qiladi, o‘quvchi go‘yo bo‘lib o‘tgan voqealar bilan tanishadi. Demak, epik asarda yozuvchi bilan u tasvirlayotgan badiiy voqelik, o‘quvchi bilan u tasavvurida qayta tiklayotgan badiiy voqelik orasida hamisha “men – o‘tmish” tarzidagi vaqt hissi mavjuddir. Agar dramatik asarlarda xarakterlararo konflikt, lirik asarlarda ichki konflikt (asardagi aksi jihatidan) yetakchilik qilsa, eposda konfliktning uchala turi qorishiq holda namoyon bo‘la oladi.
Eposni janrlarga ajratish prinsiplari masalasida adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud. Bunda bir qator xususiyatlarni e’tiborga olish zarur bo‘ladi. Avvalo, epik asarlar hayotni badiiy qamrov ko‘lamiga ko‘ra farqlanishidan kelib chiqiladi. Masalan, epik asar qahramon hayotidan birgina epizodni (hikoya), butun bir etapni (qissa) yoxud qahramon hayotining katta bir davrini (roman) qalamga oladi. Shunga ko‘ra, adabiyotshunoslikda katta, o‘rta va kichik epik janrlar ajratiladi. Biroq eposga dramaning kirib kelishi va syujet vaqtining qisqara borishi barobari bu tamoyilning ojizligi ayon bo‘lib qolmoqda. Hozirgi adabiyotda qahramon hayotining katta bir davri emas, atigi bir etapi qalamga olingan romanlar ham yaratilmoqda (mas., “Kecha va kunduz”, “Ulug‘bek hazinasi”). Tabiiyki, bunday holatda epik asarlarni janrlarga ajratishda ularning boshqa jihatlariga ham e’tibor qilish zarur bo‘ladi. Jumladan, asarda qo‘yilgan muammolar ko‘lami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan roman dunyoyu davrni bilish maqsadiga qaratilgan bo‘lsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadi. Ko‘ramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon – vosita, dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning o‘zi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning o‘zi maqsad bo‘lib qoladi. Eposni janrlarga ajratishda hajm ham mezon bo‘lolmaydi. Zero, ayrim hikoya yoki romanlar hajman qissalarga yaqin bo‘lishi va aksincha holatlar kuzatilishi mumkin. Biroq odatan hikoya, qissa va romanlar hajmi sanoqdagi tartibga mos tarzda kattarib borishi ham inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Epos janrlari badiiy shakl xususiyatlari bilan ham farqlanadi. Masalan, syujet nuqtai nazaridan olinsa, roman ko‘p planli murakkab syujetga egaligi, qissa syujeti asosan bosh qahramon tevaragida uyushishi, hikoya syujeti odatda bitta yoki bir-biriga uzviy bog‘liq bir necha voqea asosiga qurilishi kuzatiladi.
Hikoya, qissa va roman eposning asosiy janrlari sanaladi. Shu bilan birga, epik turning asosiy bo‘lmagan qator janrlari ham mavjud. Ularni hayotni badiiy qamrash ko‘lami jihatidan quyidagi tartibda tasniflash mumkin: a) kichik epik shakllar: latifa, masal, hikoyat, rivoyat, ertak, afsona, badia, etyud, ocherk, esse; b) o‘rta epik shakllar: qissa (povest); v) xalq eposi, epik doston, roman, epopeya.
Mazkur tasnifga ayrim izohlarni kiritib o‘tish zarur. Masalan, badia, etyud, ocherk kabilar sof badiiy proza namunasi bo‘lmay, badiiy-publitsistik janrlardir. Hozirgi adabiyotda ommalashib borayotgan esse janri, birinchidan, badiiy-publitsistik xarakterga egaligi, ikkinchidan, hajm e’tibori bilan turlicha ko‘rinishlarga (kichik hikoya shaklidan to katta roman shakligacha) egaligi bilan xarakterlanadi. Masalan, X.Davronning “Bibixonim qissasi yoxud tugamagan doston”, B.Ahmedovning “Mirzo Ulug‘bek” asarlari mohiyatan esse, biroq ular hajm e’tibori bilan keskin farqlanadi. Yoki ayrim tadqiqotchilar masalni liro-epik janrga mansub hisoblab, bunda qissadan chiqarilgan hissani lirik ibtido sifatida qabul qiladilar. Holbuki, har qanday masalda voqea (juda qisqa bo‘lsa ham) hikoya qilinishi e’tiborga olinsa, uni epik asar sanash kerak. Aks holda, voqeaband she’rlarni ham, chiqarilayotgan xulosa ochiqroq ifodalangan epik asarlarni ham liro-epik turga mansub etishga to‘g‘ri kelar edi. Shunga o‘xshash holat: “doston” janri lirikaga ham, eposga ham taalluqli bo‘la oladi, shu sabab “lirik doston”, “epik doston”, “liro-epik doston” singari janr atamalari qo‘llaniladi, bunda konkret dostonni u yoki bu turga mansub etish uchun undagi epik va lirik unsurlar salmog‘i asosga olinadi.
2) tor ma’nosida xalq og‘zaki ijodidagi she’riy yoki nasriy yo‘lda yaratilgan voqeaband asar; xalq eposi, qahramonlik eposi terminlari bilan yuritiladi. Garchi qahramonlik eposi va xalq eposi terminlari sinonim sifatida ishlatilsa ham, nazarda tutilayotgan ma’noga xalq eposi termini muvofiqroq. Chunki bu holda xalq eposi termini qahramonlik eposi, romanik epos, tarixiy epos, jangnoma kabi janr ko‘rinishlarini ham qamrab oladi. Xalq eposi tarkibidagi mazkur janr ko‘rinishlarining har biri o‘ziga xos spetsifik belgilarga ega. Xalq eposi uni yaratgan xalqning qahramonona o‘tmishi, yurt taqdiridagi muhim voqealar, qahramonlarning el-yurti uchun fidokorona kurashi haqida hikoya qiladi, xalq (madaniyati, maishiy turmushi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, e’tiqodi, urf-odatlari va hokazo) hayotining muayyan davrdagi yaxlit manzarasini tasvirlaydi. Xalq eposining ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi: “Gilgamesh”, “Iliada” “Odisseya”, “Ramayana”, “Mahobxorat”, “Alpomish”, “Manas” singari eposlarning yoshi mingyilliklar bilan o‘lchanadi. Sanalganlar kabi yirik hajmli asarlar bilan bir qatorda, xalq eposi nisbatan kichik hajmli shakllarda (tarixiy qo‘shiq, balladalar, bilina, doston) ham mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha muayyan turkumga birlashadiki, bu narsa epik ko‘lamdorlikni ta’min etadi. Masalan, “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlari, Ilya Muromets haqidagi bilinalar, Roland haqidagi qo‘shiqlar va hokazolar.
|
| |