|
II BOB. “ADABIY TURLAR VA JANRLAR” MODULINING O‘QUV-USLUBIY TA’MINOTI
|
bet | 7/13 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 53,6 Kb. | | #234362 |
Bog'liq Umid Shomurodov kurs ishi 000000II BOB. “ADABIY TURLAR VA JANRLAR” MODULINING O‘QUV-USLUBIY TA’MINOTI
2.1. Ma’ruza matni
Adabiy turlar va janrlar haqida tushuncha – adabiy asarlarning nutqiy tashkillanishi, tasvir predmeti, obyekt va subyekt munosabati kabi jihatlari bilan umumiylik kasb etuvchi yirik guruhi. An’anaviy ravishda badiiy asarlarni uchta katta guruhga – epik, lirik va dramatik turlarga ajratib kelinadi. Adabiy asarlarni turlarga ajratish masalasi qadimdan ishlanib keladi. Antik yunon faylasufi Platon o‘zining “Davlat” asarida shoir o‘z tilidan (lirika), o‘zi aralashmagan holda o‘zgalarning gaplarini muloqot sifatida tasvirlab (drama) yoki bu ikkisini qorishiq (epos) qo‘llagan holda taqlid qilishi mumkinligini aytadi. San’atni tabiatga “taqlid qilish” deb bilgan Aristotel esa tabiatga uch xil yo‘sinda: 1) o‘zidan tashqaridagi narsa to‘g‘risida hikoya qilayotgandek (epos); 2) taqlidchi o‘z holicha qolgan, qiyofasini o‘zgartirmagan holda (lirika) va 3) tasvirlanayotgan kishilarni faol harakatda taqdim etgan holda (drama) taqlid qilish mumkin, deb bilgan. Turlarga ajratishda taqlid usulini asosga qo‘yish an’anasi XVIII asrgacha davom qilib keldi. XVIII asrga kelib nemis faylasufi Gegel badiiy adabiyotni turlarga ajratishda “obyekt” va “subyekt” munosabatini, shuningdek, tasvir predmetini, ya’ni, konkret asarda nima tasvirlanayotganini asos qilib oldi: epos - voqeani, lirika - ruhiy kechinmani, drama harakatni tasvirlaydi. Gegel an’anasini davom ettirgan V.G.Belinskiy obyekt (voqelik) va subyekt (ijodkor) munosabatiga ko‘proq urg‘u berdi: eposda obyektivlik, lirikada subyektivlik, dramada ikkisining qorishiqligi kuzatilishini ta’kidladi. Eposni “obyektiv poeziya” derkan, Belinskiy epik asar muallifi o‘zining ixtiyoridan tashqari “o‘z-o‘zicha amalga oshgan narsaning oddiy hikoyachisi” maqomida turishini, lirikani “subyektiv poeziya” deganida esa “unda ijodkor shaxsiyatining birinchi planda turishi va barcha narsa uning shaxsiyati orqali qabul qilinishi va anglanishi”ni nazarda tutadi. Albatta, obyektivlik va subyektivlik tushunchalarini mutlaqlashtirmaslik zarur. Zero, epos “obyektiv poeziya” deyilsa ham, uning “obyektivligi” o‘quvchi nazdidagi illyuziya xolos, aslida epik asarda ham subyektiv ibtido mavjuddir.
Gegel tasnif asoslaridan biri qilib olgan adabiy asarlarni tasvir predmetidan kelib chiqib turlarga ajratish tamoyili hozirda kengroq ommalashgandir. Bunda konkret asarda nima tasvirlangani e’tiborga olinadi: dramatik asarda harakat, lirik asarda kechinmalar, epik asarda voqelik (voqealar) tasvirlanadi. Bunga qo‘shimcha asos sifatida asarda nimaning obrazi yaratilganini olish mumkinki, bu tasvir predmeti asosidagi tasnifni to‘ldiradi: lirikada subyektning noplastik obrazi, buning ziddi o‘laroq dramada obyektning plastik obrazi, eposda esa obyekt va subyektning qorishiq obrazi yaratiladi. Lirik asarning yetakchi obrazi – lirik qahramon, lirik asar o‘qilganda lirik qahramon holati, kayfiyati, kechinmalar qanday holatda yuzaga kelgani, uning his-kechinmalariga turtki bo‘lgan voqelik fragmentlari his etiladi. Biroq lirik qahramonning o‘zi jonli inson (ya’ni, obyektivlashtirilgan tasvir) sifatida namoyon bo‘lmaydi. Dramada esa qahramonlar real, jonli inson sifatida xatti-harakatda bo‘ladilar, unda subyekt obrazi yo‘q. Eposda so‘z vositasida tasvirlangan badiiy voqelikni tasavvurda plastik jonlantirish mumkin, shu bilan birga, unda muallif obrazi ham mavjud. Bundagi muallif obrazi ham lirikadagi kabi noplastik obraz: uning voqea-hodisalarga munosabati, kayfiyati, o‘y-qarashlari har vaqt sezilib turadi, biroq muallif obrazi boshqa personajlar obrazi singari jonli inson sifatida gavdalanmaydi (asarda uning obyektivlashtirilgan tasviri yo‘q).
Mazkur belgilovchi xususiyatlar bilan birga har bir adabiy turga mansub adabiy asarlarga ko‘proq xos (ya’ni, belgilovchi bo‘lmagan) xususiyatlar ham kuzatiladi. Jumladan, ular o‘zlarining nutqiy shakllanishi jihatidan farqlanadi: lirik asarlar asosan she’riy nutq shaklida mavjud, ayni paytda, nasriy nutq shaklida yozilgan lirik asarlar (masalan; Fitrat, Cho‘lpon, Mirtemir, I.G‘afurovlarning nasriy she’rlari; Cho‘lponning “Oktabr qizi”, A.A’zamning “O‘zim bilan o‘zim” lirik dostonlari) ham bor. Epik asarlar asosan nasrda yaratiladi, lekin she’riy yo‘lda yozilganlari ham keng tarqalgan (masalan; B.Boyqobilovning “Kun va tun” she’riy qissasi, H.Sharipovning “Bir savol”, M.Alining “Boqiy dunyo” she’riy romanlari va b.). Turli adabiy turga mansub asarlar o‘zaro badiiy vaqt hissi nuqtai nazaridan ham farqlanadi. Masalan, lirik asar "hozir ko‘ngildan kechayotgan" his-tuyg‘ularni tasvirlaydi, shoir bilan u tasvirlayotgan kechinma, she’rxon bilan u tanishayotgan va o‘ziga yuqtirayotgan kechinma orasida har vaqt “men – hozir” tarzidagi vaqt hissi mavjud bo‘ladi. Aksincha, epik asarda “o‘tmishda bo‘lib o‘tgan” voqealar qalamga olinadi, zero, zamonda kechib bo‘lib bo‘lgan voqealarnigina hikoya qilib berish mumkin. Hatto olis kelajak tasvirlangan fantastik asarda ham bo‘lib o‘tib bo‘lgan voqealar hikoya qilinadi: o‘quvchi go‘yo bo‘lib o‘tib bo‘lgan voqealar bilan tanishadi. YA’ni, epik asarda yozuvchi bilan u tasvirlayotgan badiiy voqelik, o‘quvchi bilan u tasavvurida qayta tiklayotgan badiiy voqelik o‘rtasida hamisha “men – o‘tmish” tarzidagi vaqt hissi mavjuddir. Bu jihatdan dramatik asarlar o‘ziga xos: dramada tasvirlanayotgan voqea, o‘qilishi yoki sahnadan tomosha qilinishidan qat’iy nazar, go‘yo “hozir sodir bo‘layotgan voqea” kabi taassurot qoldiradi. Demak, dramatik asar o‘quvchisi (yoki tomoshabini) bilan unda tasvirlangan voqea orasida ham “men – hozir” tarzidagi vaqt hissi mavjud bo‘ladi. Shuningdek, har bir adabiy turga mansub asarda badiiy konfliktning muayyan bir turi ustuvor: dramada xarakterlararo konflikt, lirikada ichki konflikt (asardagi aksi jihatidan), eposda esa konfliktning har uchala turi qorishiq namoyon bo‘la oladi. Ayrim manbalarda mazkur xususiyat ham turga ajratish asosi, turga mansublikni belgilovchi xususiyat sifatida ko‘rsatiladi. Biroq bu qarash bahsli, chunki har qanday asarda, uning turga mansubligidan qat’iy nazar, konfliktning har uchala navi mavjud bo‘laveradi (faqat aks etishi turlicha, ba’zilari aniq tasvirlansa, boshqalari his etiladi); ular o‘zaro aloqada bo‘lib, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi, biri orqali ikkinchisi ifodalanadi.
Adabiy turlar orasida qat’iy chegara, “xitoy devori” yo‘q. YA’ni, turlarga ajratishda ma’lum shartlilik saqlanib qolaveradi, zero, muayyan asarda barcha adabiy turlarga xos xususiyatlar ham zuhur qilaveradi. Ikkinchi tomondan, badiiy adabiyot rivoji davomida adabiy turlar bir-birini boyitadi, ular orasida sintezlashuv jarayonlari kechadi. Masalan, zamonaviy epos o‘ziga dramaga xos elementlarni singdirgani uning tasvir va ifoda imkoniyatlarini kengaytirdi. Hozirgi epik asarlarni ulardagi dialoglar, boshqacha aytsak, “sahna-epizod”larsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yana, hozirgi eposda dramaga xos syujet qurilishi(syujet vaqtining qisqarishi, voqealarning dramatik shiddat bilan rivojlanishi)ning ta’siri tobora kuchayib borayotgani kuzatiladi. Shunga o‘xshash, drama va lirikaning o‘ziga epik unsurlarni singdirishi ularning badiiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Masalan, hozirgi she’riyatda voqeaband she’rlar keng ommalashgani, tavsifiy lirikada epik unsurlar salmoqli o‘rin tutayotgani ham turlararo sintezlashuv natijasidir.
Janr - (fr. genre – jins, tur, xil) – adabiy janr, adabiy asarlarning tarixan shakllanuvchi tipi, muayyan davr milliy yoki jahon adabiyotida umumiy xususiyatlari bilan turli ko‘lamdagi guruhlarni tashkil qiluvchi asarlarni anglatuvchi tushuncha. Janr terminining qo‘llanishida turlichalik kuzatiladi: ayrim manbalarda janr terminining qamrovi kengayib adabiy tur (epos, lirika, drama) ma’nosida ishlatilsa, boshqa birlarida esa ancha tor ma’noda (epos – tur, roman – xil, tarixiy roman – janr) qo‘llanadi. Shunga qaramay, janr terminining bir adabiy tur doirasidagi umumiy xususiyatlari bilan farqlanuvchi asarlar guruhi (masalan; epos – adabiy tur, hikoya, qissa, roman – janr) ma’nosida qo‘llanishi kengroq ommalashgan. Tarixiy kategoriya sifatida adabiy janrlar sistemasi muttasil harakatda yashaydi: yangi janrlar vujudga keladi, takomillashadi, iste’moldan chiqadi; har bir alohida janrda ham muttasil sifat o‘zgarishlari kuzatiladi, badiiy ijod amaliyoti uning shakliy va mazmuniy xususiyatlariga muttasil o‘zgartirishlar kiritib boradi. Ikkinchi tomondan, yangi davr adabiyotida, XVIII asrdan boshlab, badiiy ijodda individ rolining muttasil ortib borishi barobari an’anaviy janr kanonlari ham yemirilib bordi, endilikda muayyan ijodkorning u yoki bu janrda yaratgan asari ham qator o‘ziga xosliklarni, ya’ni konkret asarga xos janr xususiyatlarini namoyon etaveradi. Yana bir jihati, har bir davr adabiyotidagi janrlar tizimi adabiy an’analarning davomi va adabiy aloqalar natijasi o‘laroq yanada rang-barang tus oladi: faol janrlar bilan bir qatorda an’anaviy va xorijiy adabiyotlardan o‘zlashgan janrlar ham iste’molda bo‘ladi. Demak, har bir davr adabiyotining janrlar tizimini sinxroniya / diaxroniya aspektlarida o‘rganish taqozo etiladi. Aytilganlarning bari, albatta, janr nazariyasini ishlab chiqishda qiyinchilik tug‘diradi, hali bu borada umume’tirof etilgan, tugallangan ta’limot yoxud tizimli tarzda amalga oshirilgan janrlar tasnifining mavjud emasligi shundan. Bu tabiiy ham, chunki, birinchidan, modomiki janrlar sistemasi muttasil o‘zgarishda ekan, u haqdagi nazariy qarash ham adabiyot taraqqiyotining o‘tib bo‘lingan muayyan bosqichiga nisbatangina tugal bo‘lishi mumkindir. Ikkinchidan, ijod amaliyotida individuallikning roli ortgan sharoitda janr kanonlarini qat’iy belgilab bo‘lmaydi, shu bois ta’rif va tasnifda har bir janrga xos eng umumiy belgilarni asosga olish bilan qanoatlanishga to‘g‘ri keladi. Bunday umumiy belgilar sifatida konkret asarning adabiy turga mansubligi, asosiy estetik belgisi, kompozitsion xususiyatlari, tasvir ko‘lami, badiiy nutq shakli va tabiati kabilar ko‘rsatilishi mumkin. Masalan, asosiy estetik belgisiga ko‘ra dramatik janrlar (komediya, tragediya, drama), hayotni qamrov ko‘lamiga ko‘ra epik janrlar (hikoya, qissa, roman) bir-biridan yaqqol farqlanadi. YA’ni, bu belgilarni dastlabki asos qilib olgach, e’tiborni janrning boshqa belgilariga qaratish mumkin bo‘ladi. Masalan, tragediyaning asosiy estetik belgisi tragiklik bo‘lsa, bu janrga mansub etilishi uchun asarda yana tragik holat, tragik konflikt va tragik qahramon bo‘lishi ham taqozo etiladi. Yoki hikoya, asosan, qahramon hayotidagi bitta voqeani qalamga oladi, bu – janrning asosiy belgisi. Lekin bitta voqea qissa, hatto romanga ham material berishi mumkin. Demak, asarni hikoya janriga mansub etish uchun yana uning hajman kichik bo‘lishi, xarakterning tayyor holda berilishi; syujet asosida “voqealar rivoji” emas, balki “voqeaning ichki rivoji” (ya’ni, voqeadan voqeaga tarzida emas, voqeaning epizodidan epizodga tarzidagi rivojlanish) yotishi talab etiladi. Bundan ko‘rinadiki, janrlar tizimi muttasil o‘zgarishda bo‘lsa yoki konkret asar o‘ziga xos janr xususiyatlarini namoyon etsa-da, har bir adabiy janrda yuqoridagi kabi muayyan darajada turg‘un xususiyatlar ham mavjud ekan. Bu esa janrni poetik matritsa deb hisoblash imkonini beradi. Poetik matritsa badiiy voqelikni tashkillash prinsiplari bo‘lib, asarlarda badiiy voqeliklarning turfaligiga qaramay, o‘zida ularning bari uchun umumiy jihatlarni jamlaydi. Poetik matritsani badiiy yoki kundalik muloqot nutqidagi klishe(qolip, sintaktik konstruksiya)larga qiyosan tushunish qulay. Nutqiy muloqotga kirishayotgan inson til vositalaridan foydalangan holda informatsiya yetkazish, unga munosabatini ifodalash va tinglovchiga muayyan ta’sir ko‘rsatish maqsadlarini ko‘zlaydi. Buning uchun u ongida mavjud tayyor klishelarga til materiali(so‘zlar)ni muayyan aloqa va munosabatda joylashtirishi lozim. Shunisi muhimki, bir tomondan, klishelarning tildan foydalanuvchilarning bari uchun umumiy ekanligi o‘zaro bir-birini tushunishning asosi, ikkinchi tomondan, umumiy klishelardan foydalangani holda har bir so‘zlovchi nutqi individual xususiyatlarini ham namoyon etaveradi. Shunga o‘xshash, poetik matritsalar ham mohiyatan yuqoriroq darajadagi klishelar bo‘lib, ular badiiy xotirada mavjud, ular vositasida ijodkor badiiy voqelikni yaratadi, ya’ni hayot materialini muayyan badiiy informatsiyani yetkazadigan, unga munosabatini ifodalaydigan va o‘quvchiga muayyan ta’sir o‘tkazadigan tarzda joylashtiradi.
|
| |