|
-modda. Davlat kadastrlariga doir axborotni taqdim etish
|
bet | 9/21 | Sana | 16.05.2024 | Hajmi | 1,66 Mb. | | #237183 |
Bog'liq Asliddin Xolbo\'tayev davlat kadastri17-modda. Davlat kadastrlariga doir axborotni taqdim etish
Davlat kadastrlariga doir axborot davlat hokimiyati organlariga bepul, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga esa belgilangan tartibda haq evaziga taqdim etiladi.
Davlat siri hisoblangan davlat kadastrlariga doir axborotdan foydalanish qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
18-modda. Davlat kadastrlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat kadastrlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
atributiv ma’lumot — geografik axborot tizimi obyektlarining tavsiflarini ta’riflovchi jadval va (yoki) matn ko‘rinishidagi ma’lumotlar to‘plami;
vakolatli organlar — zimmasiga ayrim davlat kadastrlarini yuritish funksiyalari yuklatilgan hamda faoliyati davomida fazoviy ma’lumotlarni yaratadigan, ularni qayta ishlaydigan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
maxsus vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
bazaviy fazoviy ma’lumotlar — hamma foydalana oladigan, fazoviy ma’lumotlarga ishlov berish jarayonlari uchun birxillashtirilgan raqamli koordinata — fazoviy asosni tashkil etadigan fazoviy ma’lumotlar;
geoaxborot resurslari — axborot banklari va fazoviy ma’lumotlar bazalari hamda metama’lumotlar, fazoviy ma’lumotlar servislari yig‘indisi;
interoperabellik (o‘zaro birgalikda amal qilish qobiliyati) — fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi fazoviy ma’lumotlarining, metama’lumotlarining, texnik va dasturiy vositalarining axborot va funksional jihatdan o‘zaro birgalikda amal qilish qobiliyati;
metama’lumotlar — fazoviy ma’lumotlarning to‘plamlari, servislari va boshqa xususiyatlarini tavsiflash imkonini beradigan, ularni identifikatsiya qilish, izlash, inventarizatsiyalash va ulardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar;
Milliy geografik axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — MGAT) — fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasining tarkibiy qismi bo‘lib, milliy va boshqa fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasiga kiritilgan bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlardan foydalangan holda umumdavlat va tarmoqqa oid ahamiyatga ega vazifalarni hal qilishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
geoportal — axborot resurslari to‘g‘risidagi metama’lumotlar saqlanadigan va Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy geografik axborot resurslaridan foydalanishni ta’minlaydigan geofazoviy ma’lumotlarning internet-vositalari va servislari majmui;
Davlat kadastrlari yagona tizimi (keyingi o‘rinlarda — DKYaT) — davlat kadastrlarining barcha turlarini birlashtiruvchi ko‘p maqsadli tizim;
tematik qatlam — ma’lum hududdagi obyektlar to‘plami uchun umumiy bo‘lgan koordinatalar tizimida bir mavzuga (o‘simliklarga, avtomobil yo‘llariga va h.k.) tegishli bir tipdagi fazoviy obyektlarni raqamli ifodalash majmui;
fazoviy (geofazoviy) ma’lumot — joydagi obyektlarning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, muayyan shaklda hamda koordinatalar tizimlarida ifodalangan axborot;
WGS-84 (World Geodetic System 1984) — 1984-yilda AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan umumjahon geodeziya koordinatalari tizimi;
sohaga oid fazoviy ma’lumotlar — bazaviy fazoviy ma’lumotlar asosida yaratilgan mavzuga oid (tarmoqqa oid) fazoviy ma’lumotlar;
fazoviy ma’lumotlar — fazoviy obyektlar to‘g‘risidagi, shu jumladan, ularning joylashgan joyi, shakli va muayyan shaklda hamda fazoviy-vaqt koordinatalari tizimlarida taqdim etilgan boshqa xossalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar;
fazoviy ma’lumotlar bazasi — foydalanuvchilarning izlashi va qo‘llashi uchun tizimli tarzda tartibga solingan va ishlov berilgan fazoviy ma’lumotlar yig‘indisi;
fazoviy ma’lumotlarning integratsiyalashuvi — turli manbalardan olingan fazoviy obyektlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtirish;
fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi — geografik axborot resurslaridan foydalanish va ular bilan almashinish uchun bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlar, metama’lumotlar, standartlar va reglamentlar, axborot uzatish tarmoqlari va geoservislar tizimi;
fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchi — davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fazoviy ma’lumotlarni va metama’lumotlarni yaratish va yangilashni amalga oshiradigan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
fazoviy ma’lumotlarga ishlov berish — fazoviy ma’lumotlar va metama’lumotlarni yaratish, yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, yangilash, vizuallashtirish, ulardan foydalanish, ularni taqdim etish, tarqatish va uzatish bo‘yicha bir yoki bir nechta harakatlar yig‘indisini amalga oshirish;
Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi (keyingi o‘rinlarda — FMMI) — tashkiliy tuzilma, ilmiy-texnika siyosati, texnik va dasturiy vositalar, bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlar, metama’lumotlar hamda metama’lumotlar bazalarini, fazoviy ma’lumotlar servislarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni, xalqaro standartlarni, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi mumkin bo‘lgan fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqish, yangilash, ularga ishlov berish, ularni saqlash, berish, integratsiyalash hamda ulardan foydalanish masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlarini o‘z ichiga oladigan tizim;
FMMI administratori — geodeziya va kartografiya faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining idoraviy bo‘ysunuvidagi yuridik shaxs bo‘lib, FMMIni yaratish, faoliyat ko‘rsatishi va rivojlantirish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshiradi, FMMIning texnik va texnologik ta’minoti, sifatini nazorat qilish, ma’lumotlarning saqlanishi va himoyasi uchun javobgar bo‘ladi;
FMMIning geoportali — geoaxborot resurslari to‘g‘risidagi metama’lumotlarni saqlab turadigan va ulardan foydalanishni Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ta’minlaydigan fazoviy ma’lumotlarning internet vositalari va servislarining majmuasi;
fazoviy ma’lumotlar saqlovchisi — davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organi, fazoviy ma’lumotlarni boshqaradigan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradigan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
fazoviy ma’lumotlar servislari — foydalanuvchilarga fazoviy ma’lumotlarga ishlov berish va ularni taqdim etish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga mo‘ljallangan dasturiy-texnik vositalar;
fazoviy ma’lumotlar to‘plami — identifikatsiya qilish mumkin bo‘lgan fazoviy ma’lumotlar jamlanmasi;
fazoviy ma’lumotlardan foydalanuvchi (keyingi o‘rinlarda — foydalanuvchi) — fazoviy ma’lumotlardan foydalanadigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
fazoviy obyektlar — joylashgan joyi belgilangan fazoviy-vaqt koordinatalari tizimida aniqlanishi mumkin bo‘lgan tabiiy va sun’iy obyektlar;
gravimetriya tarmog‘i — yer sathidagi og‘irlik kuchining miqdorlari ma’lum bo‘lgan geodeziya punktlari tizimi;
nivelir tarmog‘i — joyda ishonchli mahkamlangan, balandligi esa hisoblash boshi (noli) deb qabul qilingan boshlang‘ich punktdan bir sistemada aniqlangan geodezik punktlar (reperlar) tizimi;
“Elektron hukumat” — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi.
3. FMMI yaratishdan maqsad:
fazoviy ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va taqdim etish bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish;
jamiyatning foydalanishi cheklanmagan barcha turdagi geografik axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash;
turli sohalarda boshqaruv qarorlarini qo‘llab-quvvatlash tizimlarida fazoviy ma’lumotlar va geoaxborot texnologiyalarini qo‘llash samaradorligini oshirish;
fuqarolar, tashkilotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fazoviy ma’lumotlarning davlat va hududiy resurslaridan erkin foydalanishini ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratish va ulardan samarali foydalanish.
4. FMMI yaratish va yuritishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
fazoviy ma’lumotlar servislari va kadastr xizmatlarini ko‘rsatish, idoralararo elektron hamkorlik uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, geografik obyektlar nomlarini o‘z ichiga olgan raqamli ma’lumotlarni saqlash;
kadastr xizmatlarini ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarni identifikatsiyalash;
kadastr obyektlari va unga taalluqli bo‘lgan axborot tizimlarini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasiga birlashtirish orqali amalga oshirish;
yagona milliy geoaxborot manbai sifatida bazaviy, sohaga oid fazoviy ma’lumotlar, metama’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, shuningdek, FMMIni yaratish, faoliyat ko‘rsatishi va rivojlantirishni tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlarni, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlarni (texnik reglamentlar, standartlar va klassifikatorlarni) ishlab chiqish va qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona koordinatalar tizimini ishlash holatida saqlab turish va foydalanish, shu jumladan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish stansiyalari tarmog‘ini yaratish, yuritish va undan foydalanish hisobiga ta’minlash;
davlat kadastrlari, kartografik va boshqa turdagi monitoringlarni yuritish asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida bazaviy fazoviy ma’lumotlarni yaratish va dolzarblashtirish;
davlat boshqaruv organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tarmoqqa oid (idoraviy) vazifalarni hal qilish uchun zarur sohaga oid fazoviy ma’lumotlarni yaratish, yuritish va dolzarblashtirish;
fazoviy ma’lumotlarning turli to‘plamlaridan foydalanishda ularni o‘zaro taqqoslash va (interoperabelligini) ta’minlash;
FMMIda mavjud fazoviy ma’lumotlar va servislardan foydalanib yangi fazoviy ma’lumotlar va geoaxborot tizimlari to‘plamlarini yaratish imkoniyatini ta’minlash hisobiga fazoviy ma’lumotlar to‘plamlarini yaratishda takrorlanishlarning oldini olish;
FMMIni davlat organlari axborot-texnologik infratuzilmasi bilan integratsiya qilish;
respublika hududida joylashgan kapital qurilish, transport va muhandislik infratuzilmasi obyektlari, sanoat va xo‘jalik obyektlari to‘g‘risida, ma’muriy-hududiy tuzilma, hududning kadastrga oid bo‘linishi, yerdan foydalanish va yer tuzish to‘g‘risidagi fazoviy ma’lumotlarni to‘plash uchun erni masofadan turib zondlash materiallari, geoaxborot tizimlaridan samarali foydalanilishni ta’minlash;
hududiy rejalashtirish, hududlarni masofadan zondlash, yerdan foydalanishni, o‘rmon va suv fondlarini boshqarish, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishda tezkor qarorlarni qabul qilish, harbiylashtirilgan tuzilmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tashkil qilish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish, ekologiya, turizm masalalarini hal qilish uchun kartografik asoslarni yaratish;
Internet jahon axborot tarmog‘ida FMMI geoportalini shakllantirish hisobiga foydalanuvchilar uchun ochiq foydalanishga ruxsat berilgan bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash;
sifatli va kafolatlangan servislar va ma’lumotlarni taqdim etish.
5. FMMI quyidagi prinsiplar asosida yuritiladi:
fazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish, FMMIni yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasidagi davlat boshqaruvi;
FMMIni yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jarayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, atrof va tabiiy muhitni muhofaza qilish, iqtisodiy xavfsizlik, davlat boshqaruvi, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizligi ustuvor vazifalarini hal qilishga bo‘ysundirilganligi;
davlat axborot resurslarini va yangi bazaviy fazoviy ma’lumotlarni yaratishda davlat organlari, shu jumladan, fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchi boshqa shaxslar tomonidan tartibga solingan koordinatalar tizimlaridan hamda mavjud bazaviy fazoviy ma’lumotlardan foydalanish majburiyligi;
fazoviy ma’lumotlarni yaratish, yangilash, ishlov berish, saqlash, taqdim etish, ularni integratsiya qilish va ulardan foydalanishni ta’minlaydigan FMMI administratori, fazoviy ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchilar, saqlovchilar va foydalanuvchilarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
barcha fazoviy obyektlar bo‘yicha fazoviy ma’lumotlar va metama’lumotlarni shakllantirish metodologiyasining birligi;
davlat axborot resurslarini yaratishda fazoviy obyektlarning koordinatalari ko‘rsatilishining majburiyligi;
fazoviy ma’lumotlarni yaratish, ulardan foydalanish va sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini standartlashtirish;
fazoviy ma’lumotlarni yaratish va ulardan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlar, milliy standartlarning tegishli xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi;
fazoviy ma’lumotlarning dolzarbligi, ishonchliligi, to‘liqligi, yaxlitligi va aniqliligi;
bazaviy fazoviy ma’lumotlarning yagona bankidan, tartibga solingan koordinatalar tizimidan, yagona texnik reglamentlardan va standartlardan foydalanish asosida fazoviy ma’lumotlarning mosligi;
bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlarning integratsiyalashuvi;
fazoviy ma’lumotlar servislari va to‘plamlari hamda ularning metama’lumotlarining interoperabelligi;
axborotning ochiqligi va shaffofligi;
bazaviy fazoviy ma’lumotlar hamda metama’lumotlarning barcha manfaatdor subyektlar uchun ochiqligi va ommaviyligi hamda ularni yaratish, yig‘ish, saqlash, taqdim etish va tarqatishning qonuniyligi.
6. FMMIni yuritish bo‘yicha ishlar mas’ul organlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
|
| |