|
-bob. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablar
|
bet | 12/21 | Sana | 16.05.2024 | Hajmi | 1,66 Mb. | | #237183 |
Bog'liq Asliddin Xolbo\'tayev davlat kadastri5-bob. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlarga qo‘yiladigan talablar
32. Sohaga oid (tarmoqqa oid, mavzuli) fazoviy ma’lumotlarga FMMI bazaviy fazoviy ma’lumotlaridan foydalanib yaratilgan, ma’lumotlari va metama’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlari talablariga javob beradigan va FMMIga kiritilgan barcha turdagi fazoviy ma’lumotlar kiradi.
33. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlar quyidagi sohalarga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
Davlat kadastrlari yagona tizimi tarkibiga kiruvchi davlat kadastrlari obyektlari haqidagi ma’lumotlar;
statistik ma’lumotlar;
aholining taqsimlanishi — demografiyaga oid ma’lumotlar;
geologiya (zonalashtirish, yer qatlamlari va boshqa ma’lumotlar);
tuproq, tuproq turlarining tarqalishi va degradatsiyasi;
hududlarni rejalashtirish va rivojlantirish, inson salomatligi va xavfsizligiga oid ma’lumotlar;
ta’lim (maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus, oliy) yo‘nalishiga oid ma’lumotlar;
kommunal xo‘jaligi;
atrof muhit monitoringi;
qishloq xo‘jaligi;
meteorologik sharoitning geografik xususiyatlari va iqlim to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
dengizlar, daryolar va ko‘llar mintaqalari;
tabiiy energiya resurslari, ulardan foydalanish, boshqarish va baholash.
Sohaga oid fazoviy ma’lumotlar tarkibiga qo‘shimcha tarzda boshqa ma’lum bir sohaga oid ma’lumotlar kiritilishi mumkin.
34. MGATda shakllanadigan DKYaTga oid fazoviy obyektlar to‘g‘risidagi tematik qatlamlarga qo‘yiladigan umumiy talablar quyidagilar hisoblanadi:
tematik qatlamlarni shakllantirishda bazaviy kartografik asosdan foydalanib, obyekt turlari va axborot turlari (ro‘yxatdan o‘tkazishga oid, hisobga olishga oid, baholashga oid) bo‘yicha shakllantiriladi;
tematik qatlamlar obyektning xususiyatidan va obyektlarning joylashuvini aniqlash usulidan kelib chiqib 1:500, 1:1 000, 1:5 000, 1:10 000, 1:25 000 masshtablarda shakllantiriladi hamda obyektlarning fazoviy joylashuvidagi xatolik mazkur masshtab talablarida belgilangan me’yorlardan oshmagan bo‘lishi vakolatli organlar tomonidan ta’minlanadi;
bazaviy kartografik asosning tematik qatlamlari hamda tegishli geografik axborot tizimlarini yuritish uchun zarur kartografik asoslar maxsus vakolatli organ tomonidan shakllantiriladi hamda vakolatli organlarga MGAT orqali belgilangan tartibda taqdim etiladi;
tematik qatlamlarning matematik asosi bazaviy kartografik asosning matematik asosiga muvofiq bo‘lishi lozim hamda taqdim etilayotgan ma’lumotlar WGS-84 tizimida bo‘lishi zarur;
tematik qatlamlarni shakllantirishda vektorli obyektlarning (nuqtalar, chiziqlar va poligonlarning) o‘zaro bog‘liqligi va yondoshligi ularning fazoviy joylashuvini inobatga olgan holda tasvirlanadi;
tematik qatlamlarning atributiv ma’lumotlari hamda metama’lumotlari davlat tilida lotin alifbosida shakllantiriladi.
Zarur hollarda atributiv ma’lumotlar boshqa tillarda ham bo‘lishi mumkin.
35. Fazoviy ma’lumotlar to‘plamlari davlat boshqaruv organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fazoviy ma’lumotlarning boshqa ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilishi mumkin. Ushbu fazoviy ma’lumotlar tarkibi va ma’lumot almashinuvi tartibi ularni ishlab chiqaruvchilar va Kadastr agentligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi.
36. Vakolatli organlar maxsus vakolatli organga idoralararo elektron hamkorlik orqali real vaqt rejimida quyidagi ma’lumotlarni MGATga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq yagona texnologiya bo‘yicha taqdim etadi:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi — ko‘chmas mulkka nisbatan notarial harakatlar asosida yuzaga keladigan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi ma’lumotlarni;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi — jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi — yuridik va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi — avtomobil yo‘llarining umumiy ko‘rinishi va avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi — tuproq, tuproq turlarining tarqalishi va degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun yaratilgan fazoviy ma’lumotlar hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi — hududlarni rejalashtirish va rivojlantirish hamda shaharsozlik hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi — statistik ma’lumotlar, aholining taqsimlanishi — demografiyaga oid ma’lumotlar hamda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi — geologiya (zonalashtirish, yer qatlamlari va boshqa ma’lumotlar) va foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi — inson salomatligi va xavfsizligiga oid ma’lumotlar va texnogen xavfi yuqori bo‘lgan tegralar davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi — ta’lim (maktabgacha, maktab, o‘rta maxsus, oliy ta’lim) yo‘nalishiga oid ma’lumotlarini;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi — kommunal xo‘jaligiga oid ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi — o‘simlik dunyosi obyektlari, hayvonot dunyosi obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni ko‘mib tashlash va utillashtirish joylari davlat kadastrlari hamda atrof muhit monitoringiga oid ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi — meteorologik sharoitning geografik xususiyatlari, iqlim ma’lumotlari, dengizlar, daryolar va ko‘llar mintaqalari hamda suv kadastri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
DKYaT obyektlari bo‘yicha quyidagilar taqdim etiladi:
davlat yer kadastri bo‘yicha — Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining me’yoriy qiymatini aniqlash, tuproq unumdorligini oshirish, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlar);
foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;
davlat suv kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (er usti suvlari), O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (yer osti suvlari), O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi (suv resurslaridan foydalanish va yerlarning meliorativ holati);
davlat o‘rmon kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi;
binolar va inshootlar davlat kadastri bo‘yicha — Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi;
davlat shaharsozlik kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;
gidrotexnika inshootlari davlat kadastri bo‘yicha — “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi;
moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi;
avtomobil yo‘llari davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari;
temir yo‘llar davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ;
transport quvurlari davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta’minot” AJ;
aloqa obyektlari davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
energetika obyektlari davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “O‘zbekiston MET” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ;
o‘simlik dunyosi obyektlari, hayvonot dunyosi obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni ko‘mib tashlash va utillashtirish joylari davlat kadastrlari ma’lumotlari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan tegralar davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi;
texnogen xavfi yuqori bo‘lgan tegralar davlat kadastri bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti;
kartografiya-geodeziya davlat kadastri bo‘yicha — Kadastr agentligining Davlat kartografiya-geodeziya fondi tomonidan taqdim etiladi.
Fazoviy ma’lumotlar tarkibida davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shuningdek, foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklangan boshqa axborotni tashkil etadigan ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda, belgilagan tartibda ma’lumotlar almashiladi.
37. Har bir davlat kadastri bo‘yicha tematik qatlamlar va ularning atributiv ma’lumotlar jadvali mazkur Nizomga 2 — 21-ilovalarda belgilangan tematik qatlamlarga muvofiq shakllantiriladi.
38. Vakolatli organlar tomonidan yaratiladigan fazoviy ma’lumotlar va ularning to‘plamlari haqidagi metama’lumotlar MGATga kiritiladi.
DKYaTga davlat kadastrlari fazoviy ma’lumotlari va ularning metama’lumotlarini taqdim etish, ko‘rib chiqish va ma’lumotlardagi kamchiliklarni ma’lum qilib borish ushbu Nizomga 22-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
39. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlar to‘plamlari bazaviy fazoviy ma’lumotlar to‘plamlarida bayon qilingan fazoviy obyektlar haqidagi atributiv ma’lumotlarni kengaytirish yoki yangi fazoviy obyektlarning koordinata-atributiv tavsiflarini yaratish yo‘li bilan shakllantiriladi va ular tegishli darajadagi bazaviy fazoviy ma’lumotlar bilan fazoviy-koordinata va topologik mos bo‘lishi lozim.
40. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlarning har bir to‘plami uchun metama’lumotlar, texnik reglamentlar, tarmoqqa oid standartlar ishlab chiqiladi va ularda obyektlar kataloglari va ularning atributlari, fazoviy obyektlar modellarini taqdim etish chizmalari (sxemalari), sifatga bo‘lgan talablar, taqdim etish va foydalanish shartlari belgilanadi.
41. Sohaga oid fazoviy ma’lumotlarga metama’lumotlar, tarmoqqa oid standartlar va texnik reglamentlar FMMI fazoviy ma’lumotlarining davlat standartlari asosida hamda ochiq geoaxborot tizimlarida ma’lumotlarga ishlov berishning xalqaro standartlari va texnik shartlari talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
|
| |