2.2. Shaharlar rivojlanishi va tabiiy muhit
Umuman shaharlarning joylanishiga ta’sir etuvchi omillarni bir necha guruhga bo‘lish mumkin. Ular: tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillardir. Bular orasida tabiiy omillarning o‘rni o‘ziga xos. Shaharlarni aynan shu yerda o‘rnashuviga uning mikrogeografik holati sababchi bo‘ladi. Agar shaharning tabiiy sharoiti – yer usti tuzilishi (relefi), iqlimi, suv va boshqa elementlari qulay bo‘lsa, u rivojlanishda davom etadi, yoki aksincha noqulay bo‘lsa rivojlanishdan to‘xtaydi. Yurtimizdagi ko‘pgina qadimiy shaharlar noqulay tabiiy sharoitlar ta’sirida rivojlanishdan to‘xtab, ayni paytda xarobalarga aylanib qolgan (Nasaf, Axsi, Afrosiyob, Varaxsha, Poykent, Tuproqqal’a va h.k.). Ularda suv toshqini, zilzila, surilma, yer osti suvi yuqoriligi tufayli cho‘kish kabi noxush hodisalar bo‘lgan.
Landshaftlarni shaharsozlik maqsadlarida baholash ham o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. U yoki bu hududni shaharsozlik borasida o‘zlashtirish uchun dastlab landshaft turlarini aniqlab olish va baholash lozim bo‘ladi.
Sh.S. Zokirov fikricha tabiiy muhit va uning ayrim komponentlari shaharlar tipiga, aholi puktlari va dam olish maskanlarining geografik tarqalishiga kishilarning hayot tarziga (masalan, ish maromiga, kiyim-kechaklar tanlashiga, ovqatlanishiga) ta’sir qiladi. Shuning uchun ham landshaftlarni shaharsozlik maqsadlarida baholashning amaliy ahamiyati kattadir.
Aholi yashashi uchun qulay yoki noqulayligiga qarab 1982 yil V.V. Vladimirov hududlar urboekologik sharoitini tahlil qilib, bir nechta urboekologik mintaqalarni ajratgan va ularni xaritalashtirgan: 1) juda qulay; 2) qulay; 3) cheklangan miqdorda qulay; 4) noqulay; 5) ancha noqulay; 6) juda noqulay; 7) haddan tashqari noqulay. Uning xaritasida O‘zbekistonning Qizilqum va Ustyurt kabi joylari ancha noqulay mintaqaga kiritilgan. Amudaryo va Sirdaryo bo‘ylari, delta maydonlari, tog‘ oldi-tog‘ etagi tekisliklari qulay mintaqaga, tog‘lar esa xaddan tashqari noqulay mintaqaga kiritilgan.
O‘zbekiston hududi tabiiy sharoitini shaharsozlik nuqtai-nazaridan baholash bo‘yicha dastlabki tadqiqotlarni 1990-1993 yillarda A. Soatov olib borgan. U tabiiy sharoiti nisbatan bir xil bo‘lgan joylarni ajratib olib, ularni “hududlar tiplari” deb atagan. Hududlar tiplari faqat shaharsozlik maqsadlarida ahamiyatli bo‘lib, unda shaharsozlik uchun kuchli ta’sir etadigan komponentlar e’tiborga olingan. Bunday komponentlar sirasiga relef, tog‘ jinslari, iqlim, gidrogeologik sharoit kabilar kiradi. Ularning xossa va xususiyatlaridan tashqari, estetik ko‘rinishi, tuproq, o‘simlik qoplami, rekreatsion jihatlari ham hisobga olingandir. A. Soatov tuzgan O‘zbekiston hududlari tiplarini baholash xaritasida 46 hudud turlari aks ettirilgan. Xaritada tasvirlangan har bir hudud turlari shaharsozlikda yaroqlilik darajasiga ko‘ra bir necha guruhlarga yoki sinflarga birlashtirilgan: 1) juda kam yaroqli; 2) kam yaroqli; 3) o‘rtacha yaroqlidan past; 4) o‘rtacha yaroqli; 5) o‘rtacha yaroqlidan yuqori; 6) eng yuqori darajada yaroqli. Ana shunday baholash sinflari ularga kiradigan hududlar turlarining sifatlari haqidagi tasavvurni quyidagi 2-jadvaldan olish mumkin
2-jadval
|