|
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekistonBog'liq uzbekistan-state-of-the-environment-uz5.3.2 Bosim va tahdidlar
Respublikaning quruq va kontinental iqlimi qishloq xo‘jaligining sug‘orishga bo‘lgan to‘liq
qaramligini yuzaga keltiradi. Qishloq xo‘jaligi yer maydonining qariyb 60 foizini egallaydi
(19-jadval). Qishloq xo‘jaligining sug‘orishga bo‘lgan o‘ta qaramligi cho‘llanishga tabiiy
moyillik bilan birgalikda, yerlarning degradatsiyasiga olib keluvchi sharoitlarni yuzaga keltiradi.
Sug‘oriladigan dehqonchilikda sug‘orish texnikasi va tizimlari samaradorligining pastligi,
sug‘oriladigan maydonlarni nooqilona rejalashtirish va o‘ta namlanish holatlari tufayli suvda katta
yo‘qotilish kuzatilmoqda. Suvni tejaydigan zamonaviy sug‘orish texnologiyalari (tomchilatib va
yomg‘irlatib sug‘orish, quyosh va diskret sug‘orish) joriy etilgan maydonlarning ulushi pastligicha
qolib, atigi 23 foizni tashkil etmoqda. Texnik darajasi past bo‘lgan sug‘orish tizimlari ko‘pincha 5
yildan 60 yilgacha ishlatilgan bo‘ladi, kanallarning 77 foizini ta’mirlash, tiklash yoki rekonstruksiya
qilish lozim, tarmoqlardagi yo‘qotishlar ham sezilarli darajada. Natijada, bir kompleks gektar
maydonga to‘g‘ri keladigan suv sarfi miqdori 10 690 kub metrni tashkil qilib, rivojlangan
mamlakatlarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni, 10.07.2020-yildagi PF–6024-son).
Qurg‘oqchil mintaqalardagi yaylovlarda chorva mollarini haddan tashqari o‘tlatish, ushbu
yerlarning cho‘llanishiga asosiy sabab bo‘lmoqda. O‘tlatish ta’sirida siyrak o‘simlik qoplami zarar
ko‘rishi, shuningdek, cho‘l o‘simliklarining past mahsuldorligi osongina yomonlashishi mumkin.
Yaylovlarning past darajada suvlanishi va cho‘llarda juda kam uchraydigan quduqlar tarmog‘i,
mazkur jarayonni yanada keskinlashtirmoqda. Quduqlardan 2-3 km radiusdagi cho‘llarning
mahalliy o‘simliklari chorva mollarini haddan ortiq o‘tlatish natijasida kuchli o‘zgarishlarga duchor
bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda yaylovlardan muvozanatsiz foydalanish, eroziya, haddan ortiq o‘tlatish
va boshqa antropogen ta’sirlar tufayli yaylovlarning 70% degradatsiyaga uchramoqda. Natijada,
yomg‘ir suvi oqimi hajmi, sel va ko‘chkilarning takroriyligi ortmoqda. 2030–2050-yillarga kelib,
sel oqimlari miqdori hozirgi holatga nisbatan 19-24% ga oshishi kutilmoqda.
|
| |